Tramp Rossiya dizelini AQSh bozoriga qaytarmoqchi, Kiev norozi

Surat manbasi, Andrew Harnik/Getty Images
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya dizelini Amerika bozoriga olib kirish haqidagi kelishuvini keskin tanqid qildi.
Zelenskiy bu qarorni Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun "sovg‘a" deb atab, u "tugatilishi kerak bo‘lgan urushni uzaytirishga qaratilgan sarmoya" ekanini aytdi.
Trampning ma’lum qilishicha, Putin darhol 300 ming tonna dizel yoqilg‘isini "Amerika va jahon bozorlari uchun" ajratishga rozilik bergan. Noyabr oyida yana 500 ming tonna, shundan keyin esa qo‘shimcha bir million tonna dizel yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur kelishuv doirasida AQSh Moliya vazirligi Rossiya dizel eksportiga nisbatan qo‘llanadigan sanksiyalarni 7 aprelgacha vaqtincha to‘xtatadi. Biroq Rossiyaning AQSh banklarida muzlatib qo‘yilgan boshqa aktivlari o‘z kuchida qoladi.
Tramp Truth Social tarmog‘idagi postida Rossiyadan yana uch million tonna dizel yoqilg‘isi "qisqa vaqt ichida" yetkazib berilishini aytdi. Ammo bu Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarining ish holatiga bog‘liq bo‘lib, mazkur ob’ektlar so‘nggi vaqtlarda Ukraina hujumlariga uchragan.
Keyinroq Putin Rossiya bu yil boshida dizel eksportiga cheklov joriy qilganiga qaramay, AQSh va boshqa mamlakatlar bozorlarini neft hamda neft mahsulotlari bilan ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi. Biroq u qancha miqdorda yoqilg‘i yetkazib berilishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi.
Zelenskiy esa ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Rossiya bu dizel uchun "yanada ko‘proq terror" bilan javob berishini aytdi.
"Biz Amerikadan hayotni va Ukraina xalqini himoya qilish yo‘lida adolatli qo‘llab-quvvatlashni kutamiz. Shuningdek, AQSh Rossiya bilan shunga munosib darajada qat’iy muloqot olib borishiga umid qilamiz. Bu kuchli muloqot bo‘lishi kerak, zaif emas", deb yozdi u.
Biroq tahlilchilar Rossiya haqiqatdan ham shuncha miqdorda dizel yetkazib berish imkoniyatiga egami va bu AQSh iste’molchilari uchun yoqilg‘i narxlarini qay darajada arzonlashtira oladi, degan savollarni o‘rtaga tashlamoqda.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Quilter Cheviot investitsiya strategiyasi bo‘yicha tahlilchisi Tim Armitaj Tramp tilga olgan hajmlar "nisbatan kichik" ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi partiya taxminan 2,25 million barrel dizelga teng. AQShda esa kunlik dizel iste’moli qariyb 3,8 million barrelni tashkil etadi.
"Shuning uchun bu AQShdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi", dedi u.
Armitajning ta’kidlashicha, keyinroq yana ikki partiya yetkazib berilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bu Trampning Kongressga oraliq saylovlar arafasida inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan biroz shoshilinch harakatiga o‘xshaydi.
"Albatta, keyin yana ikki bosqichli yetkazib berish rejasi bor. Ammo bu Trampning oraliq saylovlar oldidan inflyatsiyani jilovlashga urinayotgan biroz umidsiz qadamiga o‘xshaydi", dedi u.
BBC Oq uydan Rossiya ushbu majburiyat evaziga AQShdan nima olishi haqida izoh so‘radi.
Ayni paytda Buyuk Britaniya hukumati vakili Londonning bu masaladagi pozitsiyasi "bundan ham aniqroq bo‘lishi mumkin emasligi"ni aytdi va mamlakat Ukrainaga yordam berish hamda barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan ishlashda davom etishini bildirdi.
"Biz Rossiyaga nisbatan Buyuk Britaniya tarixidagi eng qattiq sanksiyalar rejimini saqlab qolamiz. Bu Putin agressiyasi uchun to‘lanadigan narxni oshirishga va adolatli hamda uzoq muddatli tinchlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi", dedi hukumat vakili.
Juma kuni e’lon qilingan bu kelishuv Trampning AQShda yoqilg‘i narxlarini pasaytirishga qaratilgan so‘nggi tashabbusi bo‘ldi.
U so‘nggi oylarda fevralda boshlangan Eron bilan urushning siyosiy oqibatlari va uning jahon energetika bozorlariga ta’siri bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan edi.
Bu mojaro so‘nggi oylarda AQShda benzin va ayniqsa dizel narxlarining keskin oshib ketishiga olib keldi. Oqibatda haydovchilar yuqori yoqilg‘i narxlari va ular keltirib chiqargan umumiy inflyatsiya bosimini his qilmoqda, bu esa Trampning jamoatchilik orasidagi nufuziga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
AAA ma’lumotlariga ko‘ra, hozir AQShda dizel yoqilg‘isining o‘rtacha narxi bir gallon uchun 6,28 dollarni tashkil etmoqda. Bu sentyabr oyi oxirida qayd etilgan rekord ko‘rsatkich - 6,53 dollardan past.
Trampning bayonotidan ko‘p o‘tmay, AQSh Moliya vazirligi Rossiya dizelini mamlakat bozoriga kiritishga ruxsat beruvchi vaqtinchalik litsenziyani rasman chiqardi.
Putin juma kuni Tramp bilan jahon energetika bozoridagi vaziyat yuzasidan muloqot qilganini ma’lum qildi.
"Rossiya tomoni AQSh bozori va umuman jahon bozorlarini neft hamda neft mahsulotlari bilan ta’minlashga tayyorligini tasdiqladi", dedi u.
Putinning vakili Kirill Dmitriev esa kelishuvni ijtimoiy tarmoqlarda olqishlab, uning dunyo miqyosida ijobiy natija berishini ta’kidladi.
"Rossiya va AQShning dizel hamda energetika sohasidagi hamkorligi butun dunyo manfaatlariga xizmat qiladi", deb yozdi u.
Buyuk Britaniya hukumati vakili esa Londonning pozitsiyasi o‘zgarmaganini bildirdi.
"Buyuk Britaniyaning pozitsiyasi bundan ham aniqroq bo‘lishi mumkin emas. Ukraina o‘zini himoya qilishi uchun zarur harbiy va moliyaviy yordamni olishiga ko‘maklashish maqsadida xalqaro hamkorlar bilan yaqin ishlashda davom etamiz", dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Britaniya Rossiyaga nisbatan mamlakat tarixida joriy etilgan eng qattiq sanksiyalar rejimi orqali bosimni saqlab qoladi.
"Rossiya bu urushni bugunning o‘zida tugatishi mumkin. Biz qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha muddat Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va hamkorlarimiz bilan birga barqaror hamda uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘lida ishlashga sodiqmiz", dedi hukumat vakili.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Rossiya bu yil mamlakat bo‘ylab ikki marta jiddiy yoqilg‘i tanqisligiga duch keldi. Bunga Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari sabab bo‘lgan.
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, buning oqibatida mamlakatda dizel ishlab chiqarish qariyb 30 foizga qisqargan.
Tramp mazkur hujumlardan noroziligini bir necha bor bildirib, ularni yoqilg‘i narxlarining oshishiga olib kelayotgan omillardan biri sifatida baholagan.
Biroq Zelenskiy juma kuni bu zarbalarni oqlab chiqdi. Uning aytishicha, ular Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga qarshi yillar davomida olib borib kelayotgan hujumlariga javob hisoblanadi.
"Agar Rossiya bizning energetika infratuzilmamizni yo‘q qilmasa, Ukraina ham Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilmaydi", dedi Zelenskiy.
Trampning Truth Social tarmog‘idagi postlari ko‘pincha barcha tafsilotlarni qamrab olmaydi. Shu bois Rossiya ushbu yoqilg‘ini jahon bozoriga aynan qanday tarzda yetkazib berishi va buning evaziga nimalar olishi hozircha noaniqligicha qolmoqda.
Biroq e’lon qilingan kelishuv keskin siyosiy burilish sifatida baholanmoqda. Chunki yaqindagina AQSh Kongressi Rossiya nefti va gazini import qiluvchi mamlakatlarga qarshi yangi sanksiyalar va bojlar joriy etishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilgan, uni prezidentning o‘zi ham imzolagan edi.
Rossiya bilan tuzilgan kelishuv Trampni Yevropadagi ittifoqchilari va AQShdagi Ukraina tarafdori siyosatchilar tanqidiga ham duchor qilishi mumkin. Ular Amerika rahbari endilikda Moskvaning urush mashinasini moliyalashtirishga ko‘maklashayotganini aytishi mumkin.
Bu kelishuv yoqilg‘i narxlariga qay darajada ta’sir qilishi ham hozircha aniq emas. Jahon bozoridagi asosiy etalon hisoblangan Brent nefti narxi hozir barreli uchun 103 dollardan yuqori bo‘lib turibdi. Eron bilan urush boshlanishidan oldin esa bu ko‘rsatkich taxminan 73 dollar atrofida edi.
AQShda Kongressga oraliq saylovlar yaqinlashar ekan, Tramp respublikachilarning siyosiy yo‘qotishlarini yumshatish yo‘llarini izlamoqda. Mazkur saylovlar partiya Kongress ustidan nazoratni saqlab qola oladimi yoki yo‘qmi, shunga aniqlik kiritadi.
Shu hafta boshida u benzinga qo‘yilgan federal soliqni vaqtincha bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Shuningdek, "qizil bo‘yoqli dizel" deb ataladigan yoqilg‘idan AQSh avtomobil yo‘llarida federal soliq to‘lamasdan foydalanishga ruxsat berishini ham ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Tramp ta’minot bilan bog‘liq xavotirlarni yumshatish maqsadida G7 davlatlarini strategik zaxiralaridan 100 million barrel neftь va dizel chiqarishga ko‘ndirishga erishganini aytdi. U ilgariroq AQShdan dizel eksportini taqiqlash chaqiriqlarini ham qo‘llab-quvvatlagan edi.
































