AQSh texnologik gigantlari sun’iy intellekt rivojini sekinlashtirishga chaqiryapti. Xitoy nima deydi?

Xitoy bayrog‘i aks etgan telefon ekrani SI chipi va unga bog‘liq elektron sxema elementlari tasvirlangan fonda ushlab turilgan.

Surat manbasi, Sopa via Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy SI bo‘yicha katta rejalarga ega.
    • Author, Jek Lau
    • Author, Toni Xan
    • Role, Bi-bi-sining Global China Unit bo‘limi
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Sun’iy intellekt (SI) shiddatli sur’atlarda rivojlanayotgan bir paytda, sohaning eng nufuzli yetakchilaridan ayrimlari u keltirishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy xatarlar haqida jiddiy ogohlantirmoqda.

Anthropic kompaniyasi bosh ijrochi direktori Dario Amodei rivojlanish sur’atlarini sekinlashtirish kerakligini ta’kidlagan. U bilan raqobatchi ikki SI kompaniyasi rahbarlari, OpenAI rahbari Sem Oltman va Ilon Mask ham bu fikrga qo‘shilishini bildirgan. Silikon vodiysidagi boshqa ayrim mutaxassislar esa bu texnologiya bir kun kelib insoniyatning o‘ziga ham tahdid solishi mumkinligini aytmoqda.

Biroq bu xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlar dunyoning sun’iy intellekt sohasidagi ikki yetakchi davlati, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi keskin raqobat sabab murakkablashmoqda.

Strategik raqiblar sifatida ikki davlat ko‘pincha SI sohasidagi yutuqlarga milliy xavfsizlik va iqtisodiy ustunlik nuqtai nazaridan qaraydi. Bu esa tomonlar o‘rtasida mazmunli hamkorlik mumkinmi yoki yo‘qmi, degan savollarni tug‘dirmoqda.

Oslodagi Tinchlikni tadqiq qilish instituti (PRIO) katta tadqiqotchisi Doktor Ilaria Karrozzaning aytishicha, "Agar xalqaro hamjamiyat AQSh va Xitoy o‘rtasidagi muloqot natijasida majburiy kuchga ega kelishuv yuzaga kelishini kutayotgan bo‘lsa, u holda ularning umidi oqlanmaydi".

SI "inson nazorati ostida"

Xitoy SI bo‘yicha katta rejalarga ega. Mamlakat bu texnologiya qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlashdan tortib harbiy sohagacha bo‘lgan jamiyat va iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga joriy etiladigan kelajakni tasavvur qilmoqda.

Biroq hukumat uzoq vaqtdan buyon uning xavflari haqida ham ogohlantirib keladi. Hali 2017 yilning o‘zidayoq SI shaxsiy hayot daxlsizligi, ijtimoiy barqarorlik va xalqaro munosabatlarga tahdid solishi mumkinligini aytgan edi.

Shundan beri Xitoy ijtimoiy tarmoqlarda SI yordamida yaratilgan kontentni belgilashni majburiy qildi, voyaga yetmaganlar uchun SI virtual hamrohlarini taqiqladi hamda dezinformatsiya tarqatish maqsadida dipfeyklardan foydalanishni man etdi.

EPA
Biz SI sohasida Xitoydan oldindamiz... va ochig‘ini aytsam, shu holat saqlanib qolishini istayman, chunki SI bo‘yicha kurashda g‘olib chiqqan tomon yutuqqa ega bo‘ladi.
Donald Tramp
AQSh prezidenti (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Gonkong shahri universiteti professori Zeng Szinxanning aytishicha, Xitoy davlat idoralari va siyosat bo‘yicha maslahatchilari AQShdagi hamkasblariga qaraganda "maqbul rivojlanish shartlarini belgilash bo‘yicha ancha katta vakolatga ega".

SI nazoratdan chiqib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga javoban Xitoy prezidenti Si Szinpin iyul oyida bu texnologiya "doimo inson nazorati ostida qolishi shart" ekanini ta’kidladi. U bu haqda Xitoy tomonidan SI boshqaruvi bo‘yicha xalqaro muloqotni rag‘batlantirish uchun tashkil etilgan Jahon sun’iy intellekt hamkorligi tashkilotidagi chiqishida ma’lum qildi.

Sentyabr oyida e’lon qilingan SI xavfsizligi bo‘yicha so‘nggi hujjatda Xitoyning Kibermakon ma’muriyati SIning "insoniyatning yashab qolishi va rivojlanishi"ga tahdid solishining oldini olish uchun faol siyosat zarurligini bildirdi.

Boshqarib bo‘ladigan texnologiyami?

Xitoy rasmiylari SI inson nazoratidan chiqib ketishi xavfini tan olsa-da, uning insoniyat mavjudligi uchun tahdid solishi mumkinligi haqidagi xavotirlar AQShdagi kabi keng muhokama qilinmaydi.

Pekin bu xavfni davlat siyosati orqali hal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalardan biri sifatida ko‘radi.

Professor Zengning tushuntirishicha, "Xitoyda SIni boshqarish bir vaqtning o‘zida bir nechta maqsadga xizmat qiladi: iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, texnologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish hamda siyosiy hokimiyatni saqlab qolish".

Shenchjen Sun’iy intellekt va robototexnika instituti direktori Doktor Shaoshan Lyu ham bu fikrga qo‘shiladi:

"Xitoydagi muhokamalar ko‘proq SIni nazorat qilish, undan noto‘g‘ri foydalanish va uning ijtimoiy oqibatlariga qaratilgan. AQShdagi muhokamalarda esa inson nazoratining yo‘qolishi yoki insoniyatning yo‘q bo‘lib ketishi kabi nazariy stsenariylar ustunlik qilmoqda".

Ko‘rgazmada odamsimon tanali oq robot oshxona maketi ichida kir yuvish mashinasidan kiyimlarni olmoqda, bo‘yniga beydj taqqan tashrif buyuruvchi esa bu jarayonni kuzatib turibdi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Xitoy SIni jamiyatning barcha sohalariga joriy etib iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishga umid qilmoqda.

Xitoy rasmiylarining SI tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqidagi xavotirlari bu texnologiya iqtisodiy o‘sishning muhim harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishiga ishonch bilan muvozanatlashtirilgan. Ayni paytda Xitoy iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari sekinlashmoqda.

Tencent, Alibaba, Baidu va ByteDance kabi Xitoy texnologik gigantlarining SI modellari jahon bozorida raqobat qilmoqda. Eng ilg‘or modellarning ayrimlari esa 01.AI, DeepSeek, MiniMax, Moonshot AI va Z.ai kabi startaplar tomonidan yaratilmoqda.

Bu kompaniyalar izoh berish haqidagi so‘rovlarga javob qaytarmadi.

Doktor Lyuning aytishicha, Pekin Xitoyning SI sanoatini rivojlantirish va paydo bo‘layotgan xavflarni boshqarish o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qilmoqda.

"Bu texnologiya rivojlanishdan to‘xtashi kerak, degani emas", deydi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"SI bo‘yicha kurashda g‘olib chiqqan tomon yutuqqa ega bo‘ladi"

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Xitoyning ichki ustuvor yo‘nalishlaridan tashqari, yana geosiyosiy omillar ham mavjud.

AQSh prezidenti Donald Tramp SI rivojini Xitoyga qarshi yuqori stavkali musobaqa sifatida ta’riflagan.

"Biz SI sohasida Xitoydan oldindamiz... va ochig‘ini aytsam, shu holat saqlanib qolishini istayman, chunki SI bo‘yicha kurashda g‘olib chiqqan tomon yutuqqa ega bo‘ladi", degan u.

Sentyabr oyida davlatga qarashli jurnalda chop etilgan maqolasida Xitoyning bosh razvedka rasmiysi Chen Isin ham SI rivojini geosiyosiy nuqtai nazardan baholab, uni "yirik davlatlar o‘rtasidagi strategik raqobatning yangi maydoni" deb atagan.

SI rivojini sekinlashtirish chaqiriqlari asosan AQSh hukumatidan emas, balki texnologiya sanoati vakillaridan kelayotgan bo‘lsa-da, geosiyosiy raqobat Pekinni bunday murojaatlarga ehtiyotkorona yondashishga majbur qilmoqda.

Avgust oyida, Amodeining SI xavflari haqidagi ogohlantirishidan sal oldin, Xitoy davlat nashrlari Anthropic asoschilaridan biriga tegishli tanqidiy materiallar chiqarib, uning kompaniyasi AQShning geosiyosiy manfaatlari bilan uyg‘un harakat qilayotganini iddao qildi.

Davlat telekanali CCTVga qarashli Yuyuan Tantian ijtimoiy tarmoq sahifasida shunday deyildi:

"Amodeining qarashlari 'Mening mamlakatim haq' degan nuqtai nazardan 'Hamkorlik qilmagan har qanday tomon bostirilishi kerak' degan qarashgacha o‘zgardi".

Ko‘k fon qarshisida qora dumaloq ko‘zoynak va ko‘k kostyum kiygan Dario Amodeining yon tomondan olingan yaqin plandagi surati.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Amodei AQShning SI sohasidagi yanada kattaroq ustunligi Xitoyni SI rivojini sekinlashtirishni qo‘llab-quvvatlashga undashi mumkin, deb hisoblaydi.

Amodeining yaqinda SI rivojini sekinlashtirish haqidagi chaqirig‘i davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan yana bir bor tanqid qilinishiga sabab bo‘ldi. Ularda Anthropic bosh ijrochi direktori Xitoyning SI sohasidagi taraqqiyotiga to‘sqinlik qilish haqidagi takliflari alohida ta’kidlandi.

Shunga qaramay, o‘zaro ishonchsizlik hukm surayotgan bo‘lsa-da, oy oxirida Vashingtonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Si Szinpin va Donald Tramp uchrashuvi muayyan kelishuvlarga erishish imkonini berishi mumkinligi haqida umidlar bor. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy rasmiylari SIni muzokaralar kun tartibidagi asosiy masalalardan biri deb hisoblamoqda.

PRIO tadqiqotchisi doktor Karrozzaning aytishicha, davlatga tegishli bo‘lmagan sub’ektlar tomonidan SIdan noto‘g‘ri foydalanish yoki SI yordamida infratuzilmaga qarshi kiberhujumlar amalga oshirilishi kabi masalalar ikki tomonlama kelishuv uchun ma’lum imkoniyat yaratishi mumkin. Biroq SI rivojlanishi sur’atlari bo‘yicha ochiq kelishuvga erishish ehtimoli juda past.

"Ehtimol, ikki tomon uchun maqbul bo‘lgan kelishuvlar tijorat sirlarini oshkor qilish yoki maxsus nazoratni talab qilmaydigan sohalarda bo‘lishi mumkin", deydi u.

"Tomonlardan qay biri SI modellarini qanchalik tez ishlab chiqishi mumkinligini cheklaydigan har qanday masala bo‘yicha kelishuvga erishishi ehtimoldan yiroq".