Putin bilan uchrashgan Tramp vakillari endi Kievda: muzokaralar qay tomonga buriladi?

Vladimir Zelenskiy, Stiv Uitkoff va Jared Kushner

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kievda Jared Kushner va AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoffni kutib olmoqda.
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh rasmiylariga ko‘ra, prezident Donald Trampning maxsus vakillari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan urushni to‘xtatish masalasida Moskvada olib borilgan muzokaralardan so‘ng Ukrainada ham "aynan shunday samaradorlikdagi uchrashuvlar" o‘tkazilishidan umid qilmoqda.

Stiv Uitkoff va Jared Kushner yakshanba kuni Kievga yetib keldi. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, ular bundan bir kun avval Moskvada Putin bilan uchrashib, "keyingi qadamlar borasida aniq rejalarni muhokama qilgan".

Bu rejalar nimalardan iborat ekani hozircha ma’lum emas. Biroq Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlar faollashib borayotgani sababli, bu haqdagi bayonot yaqin haftalarda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Bu Trampning bosh muzokarachilari uchun Ukraina poytaxtiga qilingan ilk tashrif hisoblanadi. Shu bilan birga, Putin va Zelenskiy uch kun davomida poytaxtlar nishonga olinmasligi bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Shanba kuni Kremlda Vladimir Putin, Stiv Uitkoff va Jared Kushner o‘rtasida Ukrainadagi urushni tugatish masalasi muhokama qilindi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuv uch soatdan ortiq davom etgan va "konstruktiv hamda juda ochiq ruhda" o‘tgan.

"Suhbat uch soatdan ziyod, aniqrog‘i 3 soat 10 daqiqa davom etdi", degan jurnalistlarga Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov.

Uning aytishicha, Uitkoff va Kushner uchrashuv chog‘ida Ukrainadagi harbiy harakatlarni tezroq to‘xtatishdan manfaatdor ekanini bildirgan va mojaroni hal etish bo‘yicha o‘z takliflarini bayon qilgan.

"Amerika vakillari bu safarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Ular nafaqat harbiy harakatlarni tezroq to‘xtatishga qiziqish bildirdilar, balki ehtimoliy tinchlik yo‘llari haqida ham qator takliflarni ilgari surdilar", dedi Ushakov.

Jared Kushner va Stiv Uitkoff

Surat manbasi, EPA/Shutterstock

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Putin Tramp vakillariga Rossiya Ukrainada qo‘ygan maqsadlariga erishish niyatida ekanini bildirgan. Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, mojaroni hal qilish uchun "mojaroning asosida yotgan sabablarlar" bartaraf etilishi zarurligi ta’kidlangan. Rossiya rasmiylari front chizig‘idagi vaziyatni qanday baholayotganini amerikaliklarga tushuntirgan.

Ushakovning aytishicha, AQSh vakillari Kievda bo‘lib o‘tadigan keyingi muzokaralarda Putinning baholashi va fikrlarini inobatga olishga va’da bergan. Bu muzokaralardan maqsad urushni uzoq muddatga to‘xtatish imkoniyatlarini izlashdan iborat.

Trampning maxsus vakillari Kremldagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha hozircha izoh bergani yo‘q. Ular shanba kuni kechqurun Moskvadagi "Vnukovo" aeroportini tark etib, Vladimir Zelenskiy bilan uchrashish uchun Ukrainaga yo‘l olgan.

Yakshanbaga o‘tar kechasi jahon axborot agentliklari Oq uy vakilining qisqa bayonotini tarqatdi. Unda aytilishicha, Moskvada Trampning vakillari "keyingi qadamlarga oid aniq rejalarni muhokama qilgan va bu rejalar yaqin haftalarda e’lon qilinadi". Shuningdek, ular Ukrainada ham "shunday samaradorlikdagi uchrashuvlar" o‘tkazilishiga umid bildirgan.

Axios nashrining yozishicha, Uitkoff va Kushner ishtirok etgan muzokaralarda AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar siyosati uchun mas’ul amaldori Jin Lang ham qatnashgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Lang Rossiya prezidentining maxsus vakili va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriev bilan bo‘lgan uchrashuvda ishtirok etgan. Biroq u Putin bilan muzokarada qatnashmagan.

Axios ta’kidlashicha, Langning ishtirok etishi muzokaralarda Rossiyaga qarshi AQSh sanksiyalari masalasi ham ko‘tarilgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Oq uy vakili nashrga bergan izohida Moskvadagi uchrashuvlarda "Milliy xavfsizlik kengashi, Davlat departamenti va Moliya vazirligi mansabdorlari" ham ishtirok etganini aytdi.

"Foydali muloqotlar"

Rossiya matbuoti tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Putin Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuvni quyidagi so‘zlar bilan boshlagan:"Hurmatli hamkasblar, Moskvaga xush kelibsizlar. Vaziyat, albatta, oson emas. Ammo uni muhokama qilishni boshlashdan oldin AQSh prezidenti janob Trampga eng ezgu tilaklarim va minnatdorchilik so‘zlarimni yetkazishingizni so‘ragan bo‘lardim".

Stiv Uitkoff va Vladimir Putin AQSh hamda Rossiya delegatsiyalari vakillari qurshovida qo‘l berib ko‘rishmoqda.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Uitkoff va Kushnerning Moskvaga tashrifi Vashingtonning Yevropada Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon davom etayotgan eng yirik qurolli mojaroni tugatish bo‘yicha tinchlik jarayonini qayta jonlantirishga qaratilgan yana bir urinishi hisoblanadi.

Shu vaqtgacha AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha qilingan sa’y-harakatlar samara bermadi.

Uchrashuv arafasida Donald Tramp kuyovi Jared Kushner va ko‘p yillik biznes hamkori Stiv Uitkoff Moskva hamda Kievga "urushni to‘xtatish bo‘yicha taklif olib borayotganini aytgan edi.

"Ular urushni tugatish taklifi bilan ketishdi. Biz ularni biror natijaga erishish mumkinmi-yo‘qmi, shuni ko‘rish uchun yubordik. Balki muvaffaqiyat qozonish imkoniyatimiz bordir", degan Tramp.

Biroq Vashington ushbu taklifning mazmunini oshkor qilmagan.

Moskvadagi uchrashuv Rossiyaning Ukrainaga qarshi havo hujumlari kuchaygan bir paytda bo‘lib o‘tdi. So‘nggi oylarda bu zarbalar oqibatida o‘nlab tinch aholi halok bo‘lgan.

Juma kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Tramp vakillari tashrifi chog‘ida Kiev Rossiya hududiga havodan zarba bermasligini bildirib, Moskvani ham xuddi shunday qadam tashlashga chaqirgan.

Shanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya axborot agentliklariga Putin 6 sentyabr yarim tundan boshlab Kievga hujumlarni to‘xtatish haqida ko‘rsatma berganini ma’lum qildi.

New York Times nashrining juma kuni yozishicha, Tramp vakillari tashrifidan oldin Vashington Moskva va Kievni o‘zaro zarbalarni vaqtincha to‘xtatishga chaqirgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Kievga ilk tashrif

G‘azo va Eron bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralarida ham ishtirok etgan Uitkoff va Kushner avval ham diplomatik tashabbuslar doirasida Moskvaga bir necha bor tashrif buyurgan. New York Times hisobicha, Uitkoff Putin bilan kamida olti marta uchrashgan.

Ammo bu ikki vakilning Ukrainaga safari Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri amalga oshirilayotgan birinchi tashrifdir.

"Maqsadimiz AQSh tomoni bilan imkoni boricha mazmunli va konstruktiv muzokaralar o‘tkazish. Bu urushni qanday qilib yakunlash mumkinligining haqiqiy yo‘llarini izlash kerak. Stiv va Jared qanday takliflar bilan kelganini, Moskvada ularga nima deyilganini ko‘ramiz", degan edi Zelenskiy juma kuni.

Ukraina havo hududi urush boshlanganidan buyon yopiq. Shu bois mamlakatga kelayotgan jahon yetakchilari va yuqori martabali amaldorlar odatda Polsha orqali poezdda Kievga yo‘l oladi.