Kofe yetishtirmaydigan O‘zbekiston qanday qilib Qirg‘izistonga eng ko‘p kofe sotdi?

O‘zbekistonda kofe plantatsiyalari yo‘q. Shunga qaramay, Qirg‘izistonning rasmiy statistikasi mamlakatni kofe yetkazib berish bo‘yicha birinchi o‘ringa qo‘ymoqda. Bu qanday sodir bo‘lgani ochiq manbalarda to‘liq aks etmagan. Ammo raqamlar Markaziy Osiyoda kofe savdosi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Qirg‘izistonga uchinchi davlatlar orasida eng ko‘p kofe O‘zbekistondan kelgan
Qirg‘iziston Bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning to‘qqiz oyida mamlakatga YeOIIdan tashqari davlatlardan 199,3 tonna kofe import qilingan.
Solishtirish uchun, 2025 yil davomida 131 tonna, 2024 yilda esa 117,8 tonna kofe import qilingan edi. Demak, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyidagi import hajmi butun 2025 yil ko‘rsatkichidan 52,2 foizga, 2024 yildagidan esa qariyb 70 foizga yuqori bo‘lgan.
E’tiborni tortuvchi jihat shundaki, YeOIIdan tashqari davlatlardan keltirilgan kofening katta qismi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
2026 yilning to‘qqiz oyida Qirg‘izistonga:
- O‘zbekistondan — 94,9 tonna;
- Litvadan — 49,6 tonna;
- Latviyadan — 20 tonna;
- Estoniyadan — 13,2 tonna;
- Italiyadan — 4,9 tonna;
- Turkiyadan — 4,7 tonna;
- Buyuk Britaniyadan — 4,2 tonna kofe keltirilgan.
Boshqacha aytganda, Qirg‘izistonga uchinchi davlatlardan import qilingan kofening qariyb yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ammo O‘zbekistonning o‘zi ham kofeni import qiladi
Agar O‘zbekiston kofe yetishtirmasa, Qirg‘izistonga sotayotgan kofeni qayerdan olyapti?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvarь-fevral oylarida O‘zbekistonga 20 davlatdan 136,2 tonna kofe import qilingan. Importning umumiy qiymati 1,6 million AQSh dollarini tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 65,4 tonnaga yoki 32,4 foizga kam.
O‘zbekistonga kofe yetkazib bergan asosiy davlatlar:
- Italiya — 46,3 tonna;
- Efiopiya — 26,7 tonna;
- Vьetnam — 15 tonna;
- Germaniya — 14,8 tonna;
- Rossiya — 14,2 tonna;
- boshqa davlatlar — 19,2 tonna.
Statistikaga ko‘ra, Qirg‘izistonga 4,9 tonna kofe yetkazib bergan Italiya 2026 yilning yanvarь-fevral oylarida O‘zbekistonning eng yirik kofe yetkazib beruvchisi bo‘lgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Bu raqamlar nimani anglatadi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Mavjud statistika O‘zbekistonga kelgan va keyin Qirg‘izistonga chiqqan kofening qanday savdo zanjiri orqali harakatlanganini tushunish imkonini bermaydi.
Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, xalqaro savdoda bir mamlakatning mahsulotni import qilib, keyin uni boshqa davlatga qayta sotishi oddiy hol hisoblanadi. Bunda mahsulot qayta qadoqlanishi, qayta ishlanishi yoki shunchaki logistika zanjiri orqali boshqa bozorga yo‘naltirilishi mumkin.
Biroq bu holatda aniq xulosa chiqarish uchun ochiq ma’lumotlar yetarli emas.
BBC Uzbek O‘zbekistonning ochiq rasmiy statistika manbalarida kofe eksporti bo‘yicha ma’lumotlarni izladi. Biroq maqola tayyorlanayotgan paytda Milliy statistika qo‘mitasi va boshqa davlat manbalarida kofe eksporti hajmi, yo‘nalishlari yoki reeksport haqida batafsil ma’lumotlar topilmadi.
Shu sababli Qirg‘iziston bojxonasi qayd etgan 94,9 tonna kofe O‘zbekistonda qayta ishlangan mahsulotmi, qayta qadoqlangan tovarmi yoki bevosita reeksport qilingan mahsulotmi, buni ochiq ma’lumotlar asosida mustaqil tasdiqlash imkoni bo‘lmadi.
Kofe Markaziy Osiyoda ommalashyaptimi?

Qirg‘iziston statistikasi kofe importi tez sur’atlarda o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Uchinchi davlatlardan import hajmi ikki yil ichida qariyb 70 foizga oshgan.
Bu raqamlar Markaziy Osiyoda kofe iste’moli kengayib borayotgani haqidagi kuzatuvlar bilan hamohang. So‘nggi yillarda Toshkent, Bishkek va boshqa yirik shaharlarda qahvaxonalar soni ko‘paydi, mahalliy va xalqaro brendlar faollashdi.
Shu bilan birga, mavjud ma’lumotlar mintaqa aholisi an’anaviy ichimliklardan voz kechayotganini anglatmaydi.
Taqqoslash uchun, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2026 yilning birgina yanvarь oyida 2570 tonna choy import qilgan. Bu ikki oyda import qilingan kofe hajmidan bir necha barobar ko‘p. Demak, choy hali ham mamlakatda eng ommabop ichimliklardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, so‘nggi raqamlar kofega qiziqish ham oshib borayotganini ko‘rsatadi. Qirg‘izistonda kofe importi o‘smoqda, O‘zbekiston esa bu savdoda muhim o‘rin tuta boshlagan. Kofe hali choy bilan raqobat qilayotgani yo‘q, ammo u Markaziy Osiyo bozorida tobora ko‘proq o‘rin egallab bormoqda.
































