O‘zbek-Qirg‘iz chegarasidagi hayot: Karimov va Mirziyoyev davrida

Mirziyoyev va Karimov suratlari va mintaqa xaritasi kollaji.
    • Author, Davron Hotam
    • Role,
    • Reporting from, O‘sh
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Markaziy Osiyo xalqlarini eng qiyin davrlarda ham birlashtirib turgan omillardan biri chegaralar osha kechadigan savdo-sotiq va insonlar o‘rtasidagi aloqalar edi.

O‘zbekiston va butun mintaqa uchun bu aloqalarning qayta tiklanishi yana ochiqlik va erkin muloqotga umid uyg‘otmoqda.

Markaziy Osiyodagi uzoq yillik cheklovlar va o‘zaro ishonchsizlik davri ortda qolmoqdami?

Bugun tarixiy bordi-keldi munosabatlari yana jonlanmoqda. Mintaqa ham ichki, ham tashqi o‘zgarishlar bosqichini boshdan kechirmoqda. Bu o‘zgarishlar, avvalo, chegara hududlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bir necha yil avval simto‘rlar va yopiq postlar bilan ajratilgan hududlar bugun yana savdo-sotiq, bordi-keldi va qarindoshlik aloqalari bilan birlashmoqda. Sarhadlardan o‘tishdagi to‘siqlar kamaygan.

Bu o‘zgarishlar iqtisodiyotni va har ikki tomonda yashovchi odamlar hayotini qanday o‘zgartirmoqda?

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"15 daqiqada qarindoshlarimnikiga yetib boraman"

Chegara ochilishining ta’siri ayniqsa chegaraoldi hududlarida sezilmoqda.

Vodiyning mashhur Qorasuv bozoridan chiqib, ming qadam tashlasangiz, O‘sh viloyati va Andijon viloyatini bog‘lovchi "Qorasuv" nazorat-o‘tkazish punktiga yetasiz.

Qorasuv chegarasi
Surat tagso‘zi, Qorasuv nazorat o‘tkazish posti.

2024 yilda qayta ochilgan ushbu chegara maskani har ikki tomon aholisi uchun yo‘lni ancha yaqinlashtirdi.

Qorasuvlik Solijon Xurboev BBC bilan suhbatda shunday deydi:

"13 yil bu chegara yopiq bo‘lib turdi. Bu yillar ichida O‘zbekistondagi qarindoshlarni ko‘rmay qoldik. O‘lim bo‘lsa ham, to‘y bo‘lsa ham borolmadik. Hozir uydan chiqsam, o‘n besh daqiqada qarindoshlarimnikiga yetib boraman".

Qorasuvlik Solijon Xurboev
Surat tagso‘zi, Qorasuvlik Solijon Xurboev.

Chegaralar deyarli sezilmaydigan yillar

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

O‘sh va Andijonni bog‘lovchi "Do‘stlik" posti ham bu o‘zgarishlarning o‘ziga xos ramziga aylangan.

Bugun u Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi eng serqatnov o‘tish nuqtalaridan biri hisoblanadi. Bu yerdan har kuni minglab odamlar o‘tadi.

Biroq hamisha ham shunday bo‘lmagan.

Farg‘ona vodiysidagi ushbu chegara maskani Qirg‘izistonni nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqaning boshqa mamlakatlari bilan ham bog‘lab turgan muhim darvozalardan biri sanaladi.

Sovet davrida chegaralar amalda sezilmasdi. Odamlar bir respublikadan ikkinchisiga bemalol qatnar, hatto qaerda bir hudud tugab, boshqasi boshlanganini ham ko‘pchilik payqamasdi.

O‘shlik Ravshanbek Tursunov bu davrni yaxshi eslaydi.

"Har yigirma minutda O‘shdan Andijonga avtobus qatnardi. Ular doim odamlar bilan liq to‘la bo‘lardi. Xo‘jaoboddan bu tomonga ko‘proq meva-chevalar olib kelinib sotilardi. Chunki O‘sh bozorida O‘zbekistondan chiqqan mahsulotlarga talab yuqori edi. Keyin ular bizdan o‘zlarida kam bo‘lgan mahsulotlarni olib ketishardi. Shunday qilib, tovar almashinuvi ham, iqtisodiy munosabatlar ham yaxshi rivojlangan edi".

Mustaqillikning dastlabki yillarida ham qatnov nisbatan erkin bo‘lib qoldi.

Ammo 1990-yillar oxiridan boshlab chegara nazorati kuchaytirildi. Ayrim o‘tish maskanlari yopildi. Bordi-keldi qiyinlashdi.

O‘zbekiston chegaralarni mustahkamlab, ayrim hududlarda simto‘siqlar va minalashtirilgan zonalarni barpo qildi. Chegaradan o‘tish tartibi ham ancha qat’iylashdi.

Buning ta’siri esa, birinchi navbatda, chegara bo‘yida yashovchi oddiy odamlar hayotida sezildi.

"Janozalarga ham borolmaganlar bo‘ldi"

Suhbatdoshimiz Ravshanbek Tursunov davlatlar o‘rtasidagi erkin aloqalar ahamiyati haqida gapirib, shunday deydi:

"Yon qo‘shni, jon qo‘shni degan gap bor. Bitta kichik mahallada ham qo‘shnisiz hayot bo‘lmaydi. Bu yerda esa ikkita katta davlat haqida gap ketyapti. Qo‘shni bilan aloqaning yo‘qolishi ko‘pchilikka salbiy ta’sir qildi. Yaqinlarimizning to‘ylariga borish qiyin bo‘ldi, azalariga borish qiyin bo‘ldi. Hatto janozalarga ham borolmaganlar bo‘ldi. Ruxsatnoma va turli hujjatlar talab qilinardi. Qog‘ozbozlik ko‘payib ketganidan ko‘p odamlar borolmay qoldi".

Bu muammoni o‘z boshidan kechirganlardan biri Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilorom Soipova bo‘lgan.

Dilorom Soipova
bbc.com/uzbek
Chegara sabab otamning dafn marosimiga ham bora olmaganmiz. Biz shu hujjatlar bilan ovora bo‘lib yurganda, otamning dafn marosimi o‘tib bo‘lgan ekan.
Dilorom Soipova
Qirg‘izistonda xizmatda ko‘rsatgan artist

O‘zbekistonda tug‘ilgan xonanda O‘shga kelin bo‘lgan. Qo‘shiqlari chegara bilmagan san’atkorning o‘zi esa uzoq vaqt tug‘ilgan yurtiga bora olmay qolgan.

"Oldin chegara degan muammo yo‘q edi. Bu ahvol bir kuni o‘zgarib ketishini hech kim o‘ylamagan. Chegaralar yopilib qolgan paytda otam vafot etdi. Dafn marosimiga ham yetib bora olmadik. Hujjat tayyorlab bo‘lgunimizcha marosim o‘tib ketgan edi. Biz ertasi kuni yetib bordik. Juda og‘ir bo‘lgan".

Yopiq chegaralar iqtisodiyotga qanday ta’sir qildi?

Yopiq chegaralar nafaqat insonlar munosabatlariga, balki iqtisodiyotga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod bunga quyidagicha baho beradi:

"O‘zbek qirg‘izni ko‘rmasdan, qozoq o‘zbekni ko‘rmasdan, tojik o‘zbekni ko‘rmasdan yashagan davrlar bo‘ldi. Iqtisod ham shunga yarasha rivojlanmadi. Daromad oz, xarajatlar ko‘p edi. Odamlar Rossiyaga va boshqa davlatlarga ketishga majbur bo‘ldi. Xalq mehnat muhojirlari yuborgan pullar hisobiga yashab turdi".

O‘zbekistonlik yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod
Surat tagso‘zi, O‘zbekistonlik yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod.

Uning fikricha, yopiq chegaralar mintaqa iqtisodiyotini sun’iy ravishda bo‘lib tashlagan.

Biroq keyingi yillarda vaziyat o‘zgara boshladi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar sovuqchilikdan hamkorlikka aylandi. Qator chegara maskanlari qayta ochildi.

Qorasuv bozori: vodiy iqtisodiyotining yuragi

Qorasuv bozori darvozasi
Surat tagso‘zi, Qorasuv bozorining kirish qismi.

Chegaralarning ochilishi iqtisodiyotga ko‘rsatayotgan ta’sir ayniqsa chegaraoldi savdo hududlarida yaqqol ko‘rinmoqda.

Qirg‘izistonning Qorasuv shahridagi mashhur bozor shunday joylardan biri.

Bu yer faqat savdo-sotiq markazi emas. U chegara hududlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida ham muhim o‘rin tutadi.

Qorasuv bozorining mintaqa hayotidagi o‘rni haqida jurnalist Elmurod Yusuf fikr bildirdi.

Uning aytishicha, Qorasuv bozori 1990-yillarda nafaqat Qirg‘iziston, balki butun Farg‘ona vodiysi uchun muhim iqtisodiy tayanch vazifasini bajargan.

Sovet Ittifoqi parchalanib, ko‘plab korxonalar yopilgan va ishsizlik kuchaygan bir paytda bozor minglab odamlarni ish bilan ta’minladi. Bozor atrofida logistika, yuk tashish va chegaraoldi savdosi rivojlandi.

Elmurod Yusufning ta’kidlashicha, Qorasuv bozori odamlarni bozor iqtisodiyotiga moslashtirgan, xususiy tadbirkorlik va savdo ko‘nikmalarining shakllanishiga turtki bergan.

Shu bilan birga, u O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istondan kelgan savdogarlar hamda xaridorlarni birlashtirgan yirik transchegaraviy savdo maydoni vazifasini ham bajargan.

"Narxlar keskin oshib ketgan o‘sha yillarda Qorasuv eng arzon tovarlar sotiladigan joylardan biri edi. Kun sayin minglab odamlar O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istondan kelib, bu yerdan mahsulot olib ketardi", deydi u.

Jurnalistning fikricha, Qorasuv bozorining O‘zbekiston uchun ahamiyati hozir avvalgidek emas. Chunki mamlakatning o‘zida ham yirik savdo markazlari shakllangan.

Biroq bozor hamon Farg‘ona vodiysi aholisi uchun qulay va nisbatan arzon savdo nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistondan kuniga 25 mingdan ortiq xaridor kelgan

Qorasuv bozori.
Surat tagso‘zi, Qorasuv bozori minglab odamlarning savdo-sotiq va tadbirkorlik tajribasini shakllantirgan muhim iqtisodiy markaz bo‘lgan.

Qorasuv bozori ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, chegaralar ochiq bo‘lgan yillarda bu yerga O‘zbekistondan har kuni o‘n minglab xaridor kelgan.

Bozor ma’muriyati rahbari Nurbek Qurbonaliev BBC'ga shunday degan:

"Men 2022 yilning 20 yanvarida ishga keldim. Rostini aytsam, og‘ir ahvolda ekan. Eski xodimlar va chegarachilardan so‘rasam, avval bir sutkada 25-26 ming odam O‘zbekistondan o‘tib kelib, savdo qilib qayta ketgan ekan. Keyin chegaralar yopilganidan bozorning harakati ham ancha pasaygan".

Nurbek Qurbonaliev Qorasuv bozori ma’muri.
Surat tagso‘zi, Nurbek Qurbonaliev - Qorasuv bozori ma’muri.

Uning aytishicha, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishi Qorasuv uchun ham yangi imkoniyatlar ochgan.

"O‘zbekiston bilan Qirg‘izistonning aloqalari hozir juda yaxshi. Ilgari Qorasuvdan kuniga yuzlab yuk avtobuslari chiqqan. Turkmanistondan ham, Tojikistondan ham, Qozog‘istondan ham savdogarlar kelgan. Bu yo‘llarni yana faollashtirish mumkin".

Qurbonalievning bildirishicha, hozir Qorasuv bozorida sotilayotgan mahsulotlarning taxminan 40 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan.

Bu esa bozor o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun nafaqat import, balki eksport nuqtai nazaridan ham ahamiyatli bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.

Yangi imkoniyatlar va yangi bozorlar

2026 yil iyulida O‘sh shahrida o‘tgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston tadbirkorlari forumida suhbatlashilgan biznes vakillari ham qirg‘iz bozori ular uchun qiziq ekanini aytgan.

O‘shda o‘tgan biznes forumda o‘zbek ishbilarmonlar.
Surat tagso‘zi, O‘shda o‘tgan bir kunlik biznes forumda o‘zbek ishbilarmonlari 40 million dollarlik shartnomalar imzolagan.

Forum tashkilotchilaridan bo‘lgan o‘zbekistonlik tadbirkor Muzaffarxon Musaevning fikricha, Qirg‘iziston madaniy va geografik yaqinligi bilan eksportni boshlayotgan tadbirkorlar uchun qulay bozor hisoblanadi.

"Qirg‘iziston bozorini juda katta deb bo‘lmaydi. Lekin bu mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligini hisobga olsak, u boshqa bozorlarga chiqish imkonini ham beradi".

Savdo bilan birga turizm ham o‘smoqda

Chegaralarning ochilishi nafaqat savdo, balki turizm va insonlar o‘rtasidagi aloqalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonning O‘sh shahridagi bosh konsuli Zafarbek Axmedovning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Konsulning fikricha, bu natijalar ortida faqat ochilgan yo‘llar emas, balki muloqot va o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi ham turibdi.

Markaziy Osiyo yanada birlashishi mumkinmi?

Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishini O‘zbekistonda ham qiziqish bilan kuzatishmoqda. Ayniqsa, aholi zich joylashgan Farg‘ona vodiysida.

Rishtonlik suhbatdoshimiz shunday deydi:

"Shukrki, katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Rishton-Vodil chegara punkti xalqaro maqom oldi. Savdo-sotiq rivojlanadi. Oddiy xalq uchun qulaylik yaratiladi. Bu o‘zgarishlar odamlarning turmushini yaxshilaydi".

Uning orzusi esa bundan ham kattaroq.

Rishtonlik bloger Dima Qayum.
Surat tagso‘zi, Rishtonlik bloger Dima Qayum.

"Men orzu qilardimki, Markaziy Osiyo yanada birlashsa. Bitta viza bo‘lsa. Sayyohlar butun mintaqani erkin aylanib chiqsa. Kelajakda hatto yevro kabi umumiy pul birligi ham yaratilsa. Shunda Markaziy Osiyo dunyodagi kuchli mintaqalardan biriga aylanishi mumkin".

Biroq bunday g‘oyalarni amalga oshirish oson emasligini aytganlar ham bor.

Qirg‘izistonlik tahlilchi Ruslanbek Aqmatbek fikricha, mintaqa aholisi o‘rtasida yaqinlik tuyg‘usi kuchli bo‘lsa-da, chuqur integratsiya uchun siyosiy iroda, huquqiy asos va o‘zaro ishonch zarur.

"Yevropa Ittifoqi tajribasini ko‘p eslaymiz. Ammo bunday darajadagi ochiq chegaralarga birdaniga erishib bo‘lmaydi".

Uning aytishicha, xavfsizlik, tranzit va huquqiy masalalar bo‘yicha yechimlar topilgandagina hamkorlik yanada chuqurlashishi mumkin.

Chegaradan ham qadimiy aloqalar

Shunga qaramay, Farg‘ona vodiysi aholisi uchun eng muhim haqiqat o‘zgarmay qolmoqda.

Bu yerda o‘zbeklar, qirg‘izlar va tojiklar asrlar davomida yonma-yon yashagan, savdo qilgan, quda-anda bo‘lgan va doimiy muloqotda bo‘lib kelgan.

Qorasuv bozorida ham, Do‘stlik postida ham, Rishton yoki O‘sh ko‘chalarida ham odamlar bir xil narsani aytadi: chegaraning narigi tomonida qarindoshi, do‘sti yoki hamkori bor.

Shuning uchun ham bu yerlarda chegaralar davlatlarni ajratishi mumkin. Ammo asrlar davomida shakllangan insonlar o‘rtasidagi aloqalarni butunlay uzib qo‘yishi qiyin.

Siyosat va qonun-qoidalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, odamlar oddiy narsalarni istaydi: chegaraning narigi tomonidagi yaqinlarini ko‘rishni, savdo-sotiq qilishni, mehnat qilishni va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashashni.