BRICS dedollarizatsiyani boshladimi?

Surat manbasi, Reuters
BRIKS tashkilotiga a’zo mamlakatlar AQSh dollaridan voz kechib, o‘zaro hisob-kitoblarida milliy valyutalarida oldi-berdini tobora ko‘paytirayapti, degan xabarlar ko‘paydi Rossiya ommaviy axborot vositalarida.
«Jiddiy dedollarizatsiya allaqachon yuz berdi. Rossiya birinchi bo‘ldi: gaz uchun hisob-kitoblarni rublga o‘tkazdi, keyin esa tashqi savdoning deyarli barchasini rubl va do‘st mamlakatlarning valyutalariga, jumladan yuanga o‘tkazdi. Dollarning ulushi kamayib bormoqda va bu jarayonning ortga qaytishi yo‘q. AQSh va uning ittifoqchilari joriy etgan sanksiyalar bu jarayonni faqat tezlashtirdi. BRIKSning deyarli barcha ishtirokchilari allaqachon raqamli valyutalarga ega: bizda raqamli rubl bor, Xitoyning esa o‘z raqamli valyutasi mavjud. Kelajak raqamli valyutalardagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob-kitoblarda», dedi Rossiyalik senator Aleksandr Shenderyuk-Jidkov.
Rossiya Federatsiya Kengashining byudjet va moliya bozorlari qo‘mitasi rahbari Shenderyuk-Jidkov, BRIKS tashkilotining nimalarga qodirligini ko‘rsatish uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni misol qilib keltirdi.
Shenderyuk-Jidkov aytishicha, Ho‘rmuz yopilishi oqibatida neft yetkazib berishning to‘sib qo‘yilgani aksar davlatlarga ta’sir ko‘rsatdi, ammo aynan BRICS yechim topdi: Rossiya sherik mamlakatlarni neft va gaz bilan ta’minladi.
"Xuddi shu holat Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin ham kuzatildi. BRIKS davlatlari va Global Janub mamlakatlari bizning tashqi savdomizni saqlab qoldilar va hatto uni kengaytirdilar. Barqaror savdo ortidan siyosiy aloqalar ham rivojlanadi. Bugun BRIKS maydonida dunyoga yangicha qarash shakllanmoqda. Bir qutbli dunyo davri tugadi», dedi rossiyalik senator.
Rossiya matbuoti yozishicha, "BRIKS davlatlari G‘arbning zaharli to‘lov tizimlarini chetlab o‘tishga va o‘z tizimi — BRICS Pay'ni yaratishga muvaffaq bo‘ldilar".
"Moliyaviy himoya mexanizmi yaratildi, dedollarizatsiya jarayoni boshlandi, ammo bu tez kechadigan jarayon emas", deyishadi iqtsodiy tahlilchilar.
Hindistondagi sammitda nimalar haqida gap ketdi?
Oxirgi BRIKS sammiti (18-sammit) 12–13 sentyabr kunlari Hindistonning Nyu-Deli shahrida bo‘lib o‘tdi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Sammit ishtirokchilari G‘arb davlatlari bundan keyin ustunlik qilmaydigan yangi jahon tartibini shakllantirishga intilayotganini aytdilar.
Biroq, Bi-bi-si muxbirlariga ko‘ra, blok a’zolari, jumladan Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya, Si Szinpin rahbarligidagi Xitoy va Narendra Modi boshqaruvidagi Hindistonning manfaatlari hamda G‘arbning eng yirik davlati bo‘lgan AQSh bilan munosabatlari turlicha. Ular qanday jahon tartibini barpo etmoqchi ekanlari borasida kelishib olish imkoniga egamilar?
Bosh vazir Modi so‘zlariga ko‘ra, u bilan bir davrada o‘tirgan rahbarlar endi boshqalar belgilab bergan qoidalarga bo‘ysunadiganlar sifatida emas, balki aynan shu qoidalarni shakllantiradigan kuch sifatida tobora ko‘proq maydonga chiqishlari kerak.
Uchrashuv ishtirokchilari orasida BRICS mamlakatlari yetakchilari, jumladan Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon, Abu-Dabi valiahdi Shayx Xolid bin Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa bor edi.
Yevropada xavfsizlikka asosiy tahdidlardan biri sifatida qaraladigan Rossiya BRICS doirasida o‘zini AQSh boshchiligidagi Fors ko‘rfazidagi urush tufayli yetkazib berishdagi uzilishlardan xavotirlanayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarga neft, o‘g‘itlar va metallar yetkazib berishga qodir sherik sifatida namoyon etdi.
Bu sammit Putin uchun Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyin Rossiya hududidan tashqarida o‘tgan va u shaxsan ishtirok etgan ilk BRICS yig‘ilishi bo‘ldi.
Putin 2024 yil oktyabridagi Qozon BRIKS sammitiga mezbonlik qilgan edi.
Kremlda bu sammitni Rossiya Ukrainadagi urush sababli xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilmaganining yana bir isboti sifatida baholashlari mumkin.
Shu bilan birga, Bi-bi-si muxbirlariga ko‘ra, BRICSning eng yirik davlatlari Rossiyaning agressiyasiga bevosita yoki bilvosita ko‘mak bermoqda: Xitoy Moskvaga ikki xil maqsadda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan turli tovarlarni yetkazib berishda davom etayapti, Eron dronlar texnologiyalarini taqdim etmoqda, Hindiston esa Rossiya neftining asosiy xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Biroq bu davlatlarning barchasini tabiiy ittifoqchilar deb atash qiyin. Ularning munosabatlari tarixida hududiy nizolar va hatto qurolli to‘qnashuvlar ham bo‘lgan.
2020 yilda Hindiston va Xitoy o‘rtasida bahsli chegara hududida yuz bergan mojaro inson qurbonlariga olib kelgan edi. Eron va BAA esa Yaqin Sharqdagi hozirgi urushda turli tomonlarda qoldi: Tehron o‘zining BRIKSdagi hamkoriga qarshi raketa zarbalari berdi va dronlar bilan hujum qildi, nizoning oqibatlari esa butun jahon iqtisodiyotida sezildi.
Tramp yakkalandi: G‘arb bahslarga ko‘milgan, Sharq do‘stlashayapti
Britaniyaning Financial Times nashri yozishicha, uchrashuv chog‘ida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ta’sir markazini Janub va Sharqqa siljitish orqali yangi jahon tartibini shakllantirish chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatladi.
U, shuningdek, «o‘zgarib borayotgan voqelik bilan murosa qilishni istamaydigan va o‘sib kelayotgan raqobatchilarni jilovlash uchun barcha mumkin bo‘lgan usullarni qo‘llashga urinayotganlar»ni tanqid qildi.

Surat manbasi, Reuters
Si Szinpin sun’iy intellekt sohasida yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xitoyning davlat axborot agentligi «Sinьxua» xabar berishicha, ular «umumiy farovonlik sari yo‘lni yoritishi» kerak.
Bu tashabbus Pekinning rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘zining sun’iy idrok modellarini yanada faol targ‘ib qilishga qaratilgan kengroq strategiyasiga mos keladi.
Bi-bi-sining mintaqaviy muxbiri yozishicha, Hindiston shunchalik turli davlatlar rahbarlarini bir stol atrofiga jamlay olganining o‘ziyoq katta diplomatik yutuq va uning xalqaro ta’siri ortib borayotganining dalili sifatida baholanishi mumkin.
FT nashri fikricha, sammit ishtirokchilari Si Szinpin, Narendra Modi va Vladimir Putinning keng tabassum bilan qo‘l ushlashib turgan umumiy surati alohida ramziy ahamiyatga ega.
Bu manzara G‘arbdagi vaziyat bilan keskin farq qilardi. U yerda Tramp yakkalanib qolgan, Yevropa esa davlat qarzining o‘sishi va migratsiya atrofidagi bahslar kabi ichki muammolar bilan band.
Biroq rahbarlarni bir joyga yig‘ish yangi jahon tartibi qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi kerakligi borasida kelishib olishdan, ayniqsa aniq amaliy natijalarga erishishdan ancha oson bo‘lib chiqdi.
Aynan shu qarama-qarshilik Dehlidagi sammitning asosiy mavzularidan biriga aylandi.
G‘arb ta’siriga qarshi muqobil kuch

Xitoy, Rossiya va Eron kabi davlatlar uchun BRICS AQSh hamda G‘arbiy Yevropaning jahon siyosatiga ta’sirini susaytirish imkonini beradigan vosita hisoblanishini ko‘plab tahlilchilar aytadilar.
Biroq Hindiston BRIKSni ochiqdan-ochiq G‘arbga qarshi blokka aylantirishga intilmayapti. Sammitda Narendra Modi alohida ta’kidlaganidek, mazkur birlashma «kimgadir qarshi qaratilgan emas».
Bu Dehli uchun printsipial ahamiyatga ega. Hindiston o‘zaro qarama-qarshilikda bo‘lgan davlatlar bilan ham munosabatlarni saqlab qolishga harakat qiladi.
«Birlashma tarkibida uni G‘arbga qarshi blokka aylantirishni istaydigan mamlakatlar bor, ammo BRICS bunday birlashma emas», dedi Bi-bi-siga tajribali hind diplomati va sobiq elchi Anil Trigunayat.
Uning fikricha, Hindiston boshqa bir maqsadga erishdi: urushlar davrida «strategik mustaqillik» g‘oyasini ilgari surish bilan birga, BRIKS ishtirokchilari o‘rtasida yanada yaqin hamkorlik qilish mexanizmlarini yaratishga ko‘maklashdi.
Qo‘shma deklaratsiyada Eron urushi bor, Ukraina urushi esa yo‘q
Sammit qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi bilan yakunlandi. BRIKS ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lib turgan bir paytda buning o‘ziyoq sezilarli yutuq hisoblanadi.
Joriy yil boshidan beri birlashmaga a’zo davlatlar vazirlarining ikki marta o‘tgan uchrashuvi qo‘shma bayonotsiz yakunlangan edi. Bu safar murosa topishga muvaffaq bo‘lindi, biroq bunga ko‘p jihatdan ishtirokchilar eng bahsli masalalarni chetlab o‘tish va aniq yechimlar taklif qilmaslikni ma’qul ko‘rgani sabab bo‘ldi.
«Dehli deklaratsiyasi» sammitning birinchi kuniyoq qabul qilindi. Biroq diqqatga sazovor jihat nafaqat unga nimalar kiritilganida, balki hujjatda qaysi masalalar haqida lom-mim deyilmaganida ham namoyon bo‘ldi.
Yaqin Sharqdagi urush haqida so‘z borar ekan, BRIKS ishtirokchilari tomonlarni «imkon qadar vazminlik» ko‘rsatishga chaqirdilar.
Deklaratsiyada, shuningdek, «fuqarolik infratuzilmasi va tinch maqsadlardagi yadroviy ob’ektlarga hujumlar» qoralandi, ammo bu hujumlar uchun mas’uliyat hech bir tomon zimmasiga yuklatilmaydi.
BRICS Falastin-Isroil mojarosini ikki davlat tamoyili asosida hal qilishni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi hamda falastinliklarni majburiy ko‘chirishga va «okkupatsiyani qonuniylashtirishi yoki uzaytirishi mumkin bo‘lgan» harakatlarga qarshi chiqdi. Biroq bu bayonotlardagi ifodalar BMTning mavjud rezolyutsiyalariga ehtiyotkorlik bilan bog‘langan.
Deklaratsiyada Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi umuman tilga olinmadi. Bu avvalgi BRIKS yakuniy hujjatlaridan farq qiladi, chunki o‘shanda sammit ishtirokchilari mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan edilar.
Savdo masalalarida ham xuddi shunday ehtiyotkor ifodalar tanlandi. Hujjatda «tariflarni tanlab emas, ommaviy tarzda oshirish»dan xavotir bildirildi. Shuningdek, bir tomonlama sanksiyalar qoralandi, ammo AQSh to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmadi. Balki bu Vashingtonning qo‘shimcha noroziligiga sabab bo‘lmaslik uchun qilingandir.
BRICSning ko‘plab ishtirokchilari AQSh Prezidenti Donald Tramp g‘azabini qo‘zg‘ashni istamagani yaqqol ko‘rindi. U avvalroq blokning ba’zi tashabbuslarini, jumladan transchegaraviy hisob-kitoblar uchun markaziy banklarning raqamli valyutalarini ehtimoliy birlashtirish g‘oyasini «Amerikaga qarshi» deb atagan edi.
«Yaqin Sharqdagi mojaro qoralangan bo‘lsa-da, biror davlatning nomi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagani Hindiston yondashuvining yaqqol izini ko‘rsatadi», deb hisoblaydi International Crisis Group tashkilotining katta tahlilchisi Pravin Donti.
Shu bilan birga, uni savdo bojlari haqidagi nisbatan qat’iy ifoda hayratga solgan.
«Tariflar haqida bu qadar aniq va ikki ma’noli bo‘lmagan tarzda so‘z yuritilganidan mamnun bo‘ldim, chunki Hindiston ehtimol yanada ehtiyotkor yondashuvni tanlashi mumkin edi. Ammo ehtimol, bu uning o‘z noroziligini ifoda etish imkoniyati bo‘lgandir», dedi ekspert.
Sammit doiraida kutilmagan muzokaralar
Prezident Trampning yangi savdo cheklovlarini joriy etish haqidagi tahdidlari va Yaqin Sharqdagi urush keltirib chiqargan larzalardan so‘ng, amaldagi jahon tartibini o‘zgartirish BRICSning ko‘plab iqtisodiyotlari uchun siyosiy g‘oyadan dolzarb zaruratga aylanib bormoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Ayni paytda sammitning eng e’tiborli natijalaridan biri sifatida bir necha oy avval tasavvur qilish qiyin bo‘lgan uchrashuvlarni ko‘rsatish mumkin.
Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon va Abu-Dabi valiahdi o‘zaro muzokaralar o‘tkazdilar. Bu urush boshlanganidan buyon Eron va BAA vakillari o‘rtasidagi eng yuqori darajadagi uchrashuv bo‘ldi.
Tehron uchun sammit AQSh va Isroilning harbiy zarbalari hamda iqtisodiy bosim kuchayib borayotgan sharoitda Eron xalqaro maydonda yakkalanib qolmaganini namoyish etish imkoniyati bo‘ldi.
AQSh sanksiyalariga, Vashington olib borayotgan «Iqtisodiy yakkalab qo‘yish» (Operation Economic Outcast) operatsiyasiga va Eron portlarining dengiz qamaliga qarshi turishga intilayotgan Pezeshkiyon BRIKS davlatlari, jumladan Malayziya, Hindiston va Efiopiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.
Xitoy uchun ham sammit alohida ahamiyatga ega bo‘ldi: Si Szinpin Dehliga yetti yil ichida birinchi marta tashrif buyurdi.
2020 yilgi chegara to‘qnashuvidan keyin Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar chuqur o‘zaro ishonchsizlik bilan og‘irlashgan edi, garchi keyingi vaqtlarda keskinlik bir qadar pasaygan bo‘lsa ham. Savdodagi jiddiy nomutanosiblik ham saqlanib qolayapti: Hindiston Xitoy bilan savdoda katta manfiy saldoga ega.
Si va Modi uchrashuvda do‘stona qo‘l siqishib ko‘rishdilar, ammo Hindiston bosh vazirining o‘ziga xos quchoqlashishi kuzatilmadi. Xitoy rahbari mamlakatda bir sutkadan ham kam vaqt bo‘ldi va Modi shanba oqshomida uyushtirgan tantanali ziyofatda ishtirok etmadi.
Shunga qaramay, bu sammit munosabatlari murakkab tarixga ega bo‘lgan ikki davlat uchun muhim voqea bo‘ldi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, rahbarlar ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, transport bog‘liqligini rivojlantirish va o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kelishib olganlar.
Ekspert Anil Trigunayat bu holatni keyingi yillarda ko‘zga tashlana boshlagan Hindiston va Xitoy munosabatlarining asta-sekin iliqlashayotganining nishonasi deb baholaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik qilish istagi har ikki tomonda ham mavjud. Ammo bu amaliy jihatdan qanchalik salmoqli natijalarga olib kelishi hozircha noma’lum.
«Men har doim shunday deyman: ishon, ammo avval tekshir», deydi diplomat xulosa qilib.
Bundan keyin nima bo‘ladi?
Sammit BRICS raqobatlashuvchi davlatlar G‘arb an’anaviy ravishda ustunlik qilib kelgan institutlar doirasidan tashqarida muloqot olib borishi va manyovr qilish imkoniyatlarini izlashi mumkin bo‘lgan maydonni yarata olishini ko‘rsatdi.
Biroq shundan keyin nima bo‘lishi haqidagi savolga javob berish ancha mushkul.
Aniqki, BRIKS davlatlari bugun amaldagi jahon tartibini o‘zgartirish zarurati borasida har qachongidan ham ko‘proq mushtarak fikrga kelmoqdalar.
Biroq uning o‘rniga aynan qanday tizim kelishi kerakligi va bunga qanday yo‘l bilan erishish mumkinligi haqida kelishib olish ancha qiyin vazifa bo‘lib qolayapti.
BRIKS 2006 yilda Rossiya, Xitoy, Hindiston va Braziliya tomonidan tashkil etilgan birlashma.
Tashkilotga asoschi mamlakatlar bosh harflaridan nom qo‘yilgan.
2011 yil BRICSga Janubiy Afrika Respublikasi qo‘shildi.
2024 yilda tashkilotga Misr, Efiopiya, Eron va BAA kirgan bo‘lsa, 2025 yilda Indoneziya a’zo bo‘ldi.
Shuningdek, sherik mamlakatlar ro‘yxatiga Belarus, Boliviya, Vetnam, Qozog‘iston, Kuba, Malayziya, Nigeriya, Tailand, Uganda va O‘zbekiston ham kiradi.






























