O‘zbekiston xalqi Mirziyoyev kelgach mustaqillikni his qildimi?

Surat manbasi, president.uz
- Author, Shodiyor Sayf
- Role, BBC O‘zbek
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
O‘zbekiston davlat mustaqilligi e’lon qilinganiga 35 yil to‘ldi. Ammo tanqidchilar mamlakat aholisi mustaqillikni faqat siyosiy tizim o‘zgarib, davlat va jamiyat o‘rtasida muloqot paydo bo‘lganidan keyingina his qila boshlaganini aytmoqda.
Taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekistonda haqiqiy mustaqillik hissi 2016 yildan keyin, odamlar hokimiyat ularni eshitayotganini va ularning fikriga quloq solayotganini seza boshlaganidan so‘ng paydo bo‘lgan, deb hisoblaydi.
Uning fikricha, 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanib, O‘zbekiston mustaqil davlatga aylangan bo‘lsa-da, bu oddiy fuqarolar uchun avtomatik ravishda erkinlik va mustaqillikni anglatmagan.
"SSSR mavjudligini to‘xtatganidan keyin, nihoyat sodir bo‘lgan O‘zbekiston mustaqilligi, aslida, mamlakatning, O‘zbekiston xalqining haqiqiy mustaqilligini emas, balki Karimovning kimdandir yoki nimadandir, jumladan nafaqat Moskvadan, balki o‘z xalqidan ham mustaqilligini anglatgan", deb yozadi Yusupov.
Uning ta’kidlashicha, Islom Karimov davrida davlat hokimiyati jamiyat ustidan kuchli nazorat o‘rnatgan, fuqarolarning hokimiyatga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari esa cheklangan edi.
"O‘zbekiston aholisi hech qanday mustaqillikka ega bo‘lmadi. Aksincha, ular bir inson va uning atrofidagilarining irodasi va o‘zboshimchaligiga yanada ko‘proq qaram bo‘lib qoldilar", deydi iqtisodchi.
Yusupov haqiqiy mustaqillikni davlatning boshqa bir davlatdan ajralib chiqishi bilan cheklamaydi.
Uning fikricha, mustaqillik, avvalo, odamlarning o‘zini davlatning tobe aholisi emas, balki fuqarosi sifatida his qilishi bilan bog‘liq.
"Haqiqiy Mustaqillik ("mamlakat xo‘jayini"ning sobiq mustamlakachilik hokimiyatidan emas, balki millatning mustaqilligi) faqat mamlakat aholisi o‘zini tobe emas, fuqaro sifatida his qila boshlaganida, qarorlar qabul qilishda ishtirok etayotganini tushuna boshlaganida mumkin bo‘ladi", deb hisoblaydi u.
2016 yildan keyin nima o‘zgardi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Yusupovning ta’rificha, O‘zbekistonda odamlar o‘zini haqiqatan ham mustaqil millat sifatida his qilishiga yaqinlashish jarayoni 2016 yildan keyin boshlangan.
Bu, uning fikricha, hokimiyat va jamiyat o‘rtasida "teskari aloqa kanallari" paydo bo‘la boshlagani bilan bog‘liq.
"Mamlakat o‘zini haqiqatan ham mustaqil, o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan millat sifatida his qilishga faqat 2016 yildan keyin, odamlar hokimiyat ularni eshitayotgani va ularning gapiga quloq solayotganini tushuna boshlagan, garchi juda ingichka bo‘lsa-da, baribir jamiyat bilan hokimiyat o‘rtasida teskari aloqa kanallari paydo bo‘la boshlagan paytdan yaqinlasha boshladi", deydi u.
Yusupov O‘zbekiston hali to‘liq demokratik davlatga aylangani haqida gapirish erta ekanini ham ta’kidlaydi.
"To‘laqonli demokratiyaga hali juda uzoq, ammo odamlarda eshitilayotgani hissi paydo bo‘lgani, muammolari haqida gapirish va javob olish, qarorlar qabul qilinishida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lgani — bu fakt", deydi iqtisodchi.
O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni mamlakat tashqarisidan kuzatgan odam ham sezishi mumkin.
Xususan, mamlakatning xorijliklar uchun ochilishi, turizmning jadal rivojlanishi va chet ellik sarmoyadorlar bilan aloqalarning kengayishi so‘nggi yillardagi eng ko‘zga ko‘ringan o‘zgarishlardan bo‘ldi.
"Turizm portlashi"

Surat manbasi, Rasmiy
Islom Karimov vafotidan keyingi hokimiyat O‘zbekistonni tashqi sarmoyadorlar bilan bir qatorda turistlar uchun ham ochdi.
Londonda O‘zbekistonni tanuvchilar va u yerga borishni istovchilar ko‘payganini oddiy suhbatlarda ham sezish mumkin.
Londondagi asli shri-lankalik qo‘shnim O‘zbekistondan ekanligimni eshitgach, yuzida tabassum bilan u yerdagi taomlar va tarixiy joylarni maqtaydi.
Qayerdan bilasan, desam, Instagram'dan ko‘rganini aytadi.
Yana bir londonlik tanishimiz O‘zbekistonga sayohat qilib kelgach, ko‘rgan-kechirganlarini zavq bilan bo‘lishadi.
Samarqand, Buxoro va hatto men hali shu vaqtgacha bormagan Burchmullalarga borgani, sayyohlar orasida mashhur "Beshqozon"da osh yeganini tinmay maqtaydi.
"Kelganimizga ikki hafta bo‘ldi, lekin haliyam O‘zbekiston taassurotlari bilan yashayapmiz. Sabzini shunchalik mazza qilib yeyish mumkinligini O‘zbekistonda kashf qildim", deydi u sabzi salati haqida gapirar ekan.
Sayyohlar oqimining ko‘payganini Toshkentdan Xiva, Nukus, Buxoro va Samarqandga uchadigan ichki parvozlarda ham ko‘rish mumkin. Yo‘lovchilarning salmoqli qismi chetdan kelgan turistlar.
Mamlakatga chetdan faqat sayyohlar kelmayapti
Bir vaqtlar oilasini boqish uchun chetga ketishga majbur bo‘lgan o‘zbekistonlik migrantlar mamlakatning hal qilinishi kerak bo‘lgan asosiy muammolaridan biri edi.
Hozir chetga ketayotgan o‘zbekistonliklar soni kamaygan bo‘lsa-da, ular hali ham ko‘p. Ammo ularning yo‘nalishlari va kasblari o‘zgardi.
Boz ustiga, iqtisod rivojlanib, O‘zbekistonga chetdan ishlash uchun kelayotganlar ham ko‘zga tashlana boshladi.
Toshkent ko‘chalarida taom yetkazib berayotgan hindistonliklarni yoki taksichilik qilib ro‘zg‘or tebratayotgan pokistonlik, bangladeshlik, afg‘onistonlik va turkiyaliklarni uchratish odatiy holga aylanmoqda.
"Svet o‘chmasa, hammasi zo‘r bo‘ladi"

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekistondagi o‘sish va rivojlanish faqat poytaxt yoki yirik shaharlar bilan cheklanib qolmagan.
Yigirma yildan so‘ng yo‘lim yana Qashqadaryoning Chim qishlog‘iga tushdi.
Avvaliga boshqa joyga kelib qoldim, deb o‘yladim. Chunki men ko‘rgan qishloqdan asar ham qolmagandi.
Harakatni tartibga soluvchi yo‘l chiroqlari va katta yo‘l yoqasida odamlar tomonidan ochilgan bizneslar bu katta qishloqni shaharga aylantirib qo‘yganga o‘xshaydi.
Ko‘chalarga o‘rnatilayotgan uzum loyishlari qishloq ahli oldingidek faqat tirikchilik uchun emas, balki estetik hayot kechirishga ham urg‘u berayotganini anglatadi.
Qashqadaryolik tanishim faqat Chim qishlog‘i emas, viloyatdagi boshqa qishloqlar ham mana shunday rivojlanishni boshidan kechirayotganini aytadi.
"Karimov davrida viloyatga yangi tayinlangan hokim qoloq tumanlarni rivojlantirish uchun nima qilsak bo‘ladi, deb savol tashlaganda, mas’ullardan biri 'biror narsa qilish shart emas, xalqning svetini uzmaylik, o‘zlari rivojlanib oladi', degan ekan.
Qishloqlarda tok uzilmayapti, shuning uchun odamlar kelajakka ishonch bilan sarmoya tikayapti", deydi u.
Bu oddiy misol orqali ham Karimov davridagi asosiy ehtiyojlar bilan bugungi kutilmalar o‘rtasidagi farqni ko‘rish mumkin.
Yo‘l muammosi

Surat manbasi, president.uz
O‘zbekistondagilar iqtisodning gurkirab rivojlanishi bilan bir vaqtda yo‘llardagi notekisliklar hamohang ketmayotganidan shikoyat qilishadi.
Yo‘llar har yili ta’mirlanmoqda, hatto doim tuproq yo‘l bo‘lib kelgan qishloqlar ham "Ochiq byudjet" loyihalari orqali asfaltlanmoqda.
Ammo yuk mashinalarining me’yoridan ortiq yuk tashishi yo‘llarni ko‘p o‘tmay yaroqsiz holga keltirmoqda.
"Biznes rivojlanmoqda, iqtisod o‘smoqda, ammo kattaroq foyda olish yoki tejash maqsadida bu biznes egalari yuk mashinalarida me’yoridan ortiq yuk tashishni afzal bilmoqda. Natijada bunday og‘irliklarga mo‘ljallanmagan yo‘llar bir yilning ichida yaroqsiz holga kelmoqda.
Yo‘llarni ta’mirlashga milliardlab sarflanadi, hukumat foyda va zarar o‘rtasida oltin o‘rtalikni topib, yuk tashishlarni qattiq nazoratga olishi kerak", deydi shu sohadagi mutaxassislardan biri.
Diniy erkinlik

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Mamlakatda siyosiy va diniy qatag‘onlarga barham berilgani ham so‘nggi yillardagi asosiy o‘zgarishlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Diniy ayblovlar bilan qamalganlarning aksari ozod qilindi. Hijob uchun kamsitish deyarli o‘tmishga aylandi.
"1996 yilda tug‘ilgan futbolchilar 16 yoshlilar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lib O‘zbekistonga qaytib kelishadi. Aeroportga hamma chiqadi kutib olishga. Bir oilaning ikkita a’zosi hijobda keladi.
Oldilariga formadagilar kelib, yaxshilikcha ketasizlarmi yoki olib ketaylikmi, deyishadi", deb yozadi futbol sohasi mutaxassisi Ravshan Salimov.
Biroq bu borada hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar borligi aytiladi.
O‘zbekistonda dindor ayollar pasport olish uchun ro‘molini yechishga majbur. 18 yoshga to‘lmaganlarning diniy ta’lim olishi deyarli imkonsiz, qonunan cheklangan.
Masjid deb qurilgan, ammo yillab litsenziya ololmagani uchun foydalanilmay turgan binolar ham bor.
Shu ma’noda, O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yilda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni to‘liq demokratlashuv deb atash qiyin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Ammo jamiyatda davlat bilan munosabat o‘zgargani, odamlarning o‘z muammolari haqida ochiqroq gapirayotgani va hokimiyatdan javob talab qilayotgani seziladi.
Yuliy Yusupov aytganidek, haqiqiy mustaqillik faqat davlatning tashqi kuchdan ajralib chiqishi emas.
U odamlarning o‘zini fuqaro sifatida his qilishi, qarorlar qabul qilinishida ishtirok etishi va hokimiyat ularni eshitayotganini bilishi bilan ham bog‘liq.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi nishonlanayotgan bir paytda ayrim o‘zbekistonliklar esa aynan shu farqni ta’kidlamoqda.
"O‘n yil bo‘ldi, men mustaqillik bayramini xotirjamlik bilan kutib olaman. Xotirjam kutib olaman va xotirjam 'muborak bo‘lsin, ko‘z tegmasin, abadiy bo‘lsin', deya olaman. Bayrog‘imizni ko‘rsam, 'bizning bayroq', deb qo‘yaman...
Ayyomingiz muborak bo‘lsin", deydi Karimov davrida dini uchun ta’qiblarga uchragan Salim Ayyubiy.
Obidjon Latipov esa bu yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan "O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi va xalq mustaqilligining 10 yilligi bilan barcha yurtdoshlarni tabriklayman", deb yozgan.
O‘zbekiston davlat sifatida 1991 yilda mustaqil bo‘lgan bo‘lsa, ayrim fuqarolar uchun mustaqillikning mazmuni — o‘zini erkin fuqaro sifatida his qilish, hokimiyat bilan muloqot qilish va o‘z fikrini ochiq aytish imkoniyati — aynan keyingi o‘n yilda paydo bo‘lganini ta’kidlamoqda.






























