Qozog‘iston o‘zbekistonlik professorni josuslikda gumonlab hibsga olgan. Nima ma’lum?

Iqboljon Qoraboev qariyb ikki oydirki hibsda saqlanmoqda.

Surat manbasi, Iqboljon Qoraboyev

Surat tagso‘zi, Iqboljon Qoraboev qariyb ikki oydirki hibsda saqlanmoqda.
Published
O'qilish vaqti: 7 daq

Qozog‘istonda o‘zbekistonlik professor, Iqboljon Qoraboev, hibsga olingan. U poytaxt Ostonadagi Maqsut Narikbaev Universitetida xalqaro aloqalar fanidan dars berib kelayotgandi.

Uning yaqinlarining Bi-bi-siga aytishlaricha, asli andijonlik Qoraboev Qozog‘iston Jinoyat kodeksinining 176-moddasi, ya’ni josuslikda ayblanmoqda.

Modda josuslikni davlat sirlarini xorijiy davlatlar yoki tashkilotlar manfaatlari yo‘lida berish, to‘plash, o‘g‘irlash yoki saqlash, shuningdek, xorijliklar tomonidan Qozog‘iston Respublikasining milliy xavfsizligiga qarshi boshqa ma’lumotlar bilan shunga o‘xshash harakatlarni amalga oshirish sifatida belgilaydi.

«3 iyulda fuqarolik kiyimidagi bir necha shaxs uning Ostonadagi uyiga kelgan va josuslikda ayblanayotganini aytib, olib ketishgan», - deydi Qoraboevning Bi-bi-siga anonim tarzda gapirgan yaqini.

46 yoshli professor O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, Ostonada o‘z rafiqasi va voyaga yetmagan uch farzandi bilan yashab kelayotgandi.

Bi-bi-si bir necha hafta davomida Qoraboevning hibsi masalasini o‘rganar ekan, bu mavzu atrofidagi qo‘rquv va maxfiylik manzarasiga guvoh bo‘ldi. U bilan birga ishlagan ba’zi tadqiqotchilar o‘z ismlari ochiqlanmasligi so‘rashdi, boshqalari esa javob bermadi.

Shuningdek, Bi-bi-si O‘zbekiston hukumatining qator rasmiy idoralari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi konsulligiga murojaat qildi, ammo javob ola olmadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Bi-bi-si Maqsut Narikbaev Universiteti va Qoraboev katta ilmiy xodimi sanaluvchi Belgiyadagi BMT Universitetining Qiyosiy mintaqaviy integratsiya tadqiqotlari instituti (UNU-CRIS) ga ham bog‘landi. UNU-CRIS xavotir bildirdi, ammo rasmiy bayonot bermadi. Maqsut Narikbaev Universiteti esa savollarimizni javobsiz qoldirdi.

Qoraboev hamkasbining anonim tarzda bildirishicha, unga Maqsut Narikbaev Universitetida Qoraboev «yozda bo‘shab ketgan»ligi aytilgan. Ammo, universitet saytida u hanuz professorlar safida turganini ko‘rish mumkin.

Maqsut Narikbaev Universiteti saytida Qoraboev u yerdagi o‘qituvchilar tarkibida qolmoqda.

Surat manbasi, mnu.kz

Surat tagso‘zi, Maqsut Narikbaev Universiteti saytida Qoraboev o‘qituvchilar tarkibida qolmoqda.

Professor Qoraboevning nega josuslikda ayblanayotgani, qaysi davlat manfaatiga ishlashda gumonlanayotgani, hamda O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarosining taqdiri bo‘yicha qanday ish olib borayotgani noma’lum qolmoqda.

Qoraboev yaqinining Bi-bi-siga aytishicha, xavfsizlik xodimlari uni o‘z uyidan olib ketayotganlarida uning go‘yoki Ostonadagi O‘zbekiston konsulligi xodimiga ma’lumot yetkazib turishiga ishora qilishgan va Qoraboev buni o‘z xotiniga aytishga ulgurgan.

Bir farazga ko‘ra, u Qozog‘istonda O‘zbekiston foydasiga josuslik qilishda gumonlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Yana bir farazga ko‘ra, uning hibsi u tadqiq qilib kelayotgan muhim minerallar (critical minerals)ga bog‘liq bo‘lishi ehtimoli bor.

Muhim minerallar

Professor Qoraboev Toshkentdagi Jahon Iqtisodi va Diplomatiya Universitetini Xalqaro munosabatlar fani bo‘yicha tamomlab, so‘ngra Frantsiyaning Montpele Universitetida Xalqaro huquq va Yevropa huquqi bo‘yicha ikki magistrlik diplomini olgan. Keyinchalik, u Frantsiyaning Tuluz Universitetida Xalqaro ommaviy huquq yo‘nalishida doktorlik unvoniga ega bo‘lgan va, Qozog‘istonga ko‘chishidan avval, shu bilim yurtida dars bergan.

O‘z LinkedIn profilida Qoraboev Yevrosiyoga asosiy e’tiborni bergan holda, davlatlar o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonlarini qiyosiy o‘rganishini aytadi.

Bi-bi-si professor Qoraboevning joriy yil aprelida yozilgan va hali chop etilmagan oxirgi ilmiy ishini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. U «Qozog‘iston va O‘zbekistonda muhim minerallar atrofidagi qiyosiy huquqiy, siyosiy va strategik narrativlar» deb nomlanadi.

Professor Qoraboev iyunь oyida O‘zbekiston terma jamoasining Jahon kubogidagi o‘yini ortidan O‘zbekiston televideniesiga intervyu bergandi.

Surat manbasi, O'zbekiston24

Surat tagso‘zi, Professor Qoraboev iyunь oyida O‘zbekiston terma jamoasining Jahon kubogidagi o‘yini ortidan O‘zbekiston televideniesiga intervyu bergandi.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ushbu ilmiy ishda Qozog‘istonga oid to‘qqizta, O‘zbekistonga oid sakkizta hamda xalqaro darajadagi uchta hujjatdan iborat jami 17 ta hujjatning tahlili taqdim etilgan. U hali chop etilmaganligi uchun Bi-bi-si tadqiqotning aniq tarkibini hozircha ochiqlay olmaydi.

Qoraboevning hamkasbiga ko‘ra, bu ilmiy ishdagi barcha ma’lumotlar ochiq manbalardan olingan.

Professor Qoraboev 2024 yil oktyabrida ham «Markaziy Osiyoning geoiqtisodiy markaziyligining yangi tayanchi sifatida muhim xomashyo resurslari» nomli tadqiqotini taqdim qilgan.

Unda professor, xususan, Xitoyning yuksalishi, pandemiyalar ta’sirida muhim ahamiyat kasb etgan ta’minot zanjirlari va Ukrainadagi urush manzarasida Markaziy Osiyodagi muhim xomashyo resurslari (CRMs), jumladan, nodir yer elementlarga xalqaro qiziqish ortgani haqida yozgan.

Xitoy va G‘arb o‘rtasidagi raqobatni tahlil qilar ekan, muallif shunday deydi:

«Markaziy Osiyoni G‘arb matbuotida Xitoyga muqobil kuch sifatida va Xitoy gegemonligiga qarshi qaratilgan G‘arb iqtisodiy strategiyalarining bir qismi sifatida tasvirlash real bo‘lmagan kutilmalarga olib kelishi mumkin. Vakulchuk (2021) allaqachon ta’kidlaganidek, Xitoy Markaziy Osiyoda shakllanayotgan muhim xomashyo resurslari ekotizimining allaqachon bir qismiga aylangan. Xitoy Qirg‘iziston va Tojikistonda muhim xomashyo resurslarini ishlab chiqarish sohasida ustunlik qiladi, Qozog‘istonning ushbu resurslar bo‘yicha asosiy savdo hamkori hisoblanadi va O‘zbekistondagi ishtirokini tobora kengaytirmoqda.»

2025 yil 6 noyabrda Prezident Tramp mintaqa tinchligi va muhim mineral zahiralar savdosi masalalarini muhokama qilish uchun Markaziy Osiyo davlat rahbarlarini Oq Uyda qabul qildi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2025 yil 6 noyabrda Prezident Tramp mintaqa tinchligi va muhim mineral zahiralar savdosi masalalarini muhokama qilish uchun Markaziy Osiyo davlat rahbarlarini Oq Uyda qabul qildi.

Professor Qoraboevning josuslikda gumonlanayotgani uning aynan muhim minerallar sohasidagi izlanishlariga bog‘liqliqligi, rasmiy ma’lumotning yo‘qligi manzarasida, shunchaki bir faraz bo‘lib qolmoqda.

Oxirgi yillarda jahonda muhim minerallar uchun kurash sezilarli darajada kuchaydi. Bu oddiy xomashyo uchun raqobat emas — tobora ko‘proq texnologik, iqtisodiy va geosiyosiy raqobatga aylanmoqda.

Litiy, kobalt, nikel, grafit, mis va nodir yer elementlari kabi minerallar elektromobillar, akkumulyatorlar, shamol turbinalari, mikrochiplar, yuqori texnologiyalar, aerokosmik sanoat va mudofaa texnologiyalari uchun zarur.

Eng katta raqobatning sababi shundaki, minerallarning yer ostidagi zaxiralari bir masala, ularni qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirish quvvatlari kimning qo‘lida ekani esa boshqa masala.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotiga ko‘ra, 20 ta muhim strategik mineraldan 19 tasini qayta ishlashda Xitoy yetakchi bo‘lib, uning o‘rtacha ulushi taxminan 70 foizni tashkil etadi. Nodir yer elementlarida bu qaramlik yanada kuchli. Reytersga ko‘ra, Xitoy global nodir yer elementlari ta’minoti zanjirining 90 foizdan ortig‘ini nazorat qiladi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Xitoyga bog‘liqlikni kamaytirish uchun, xususan, Markaziy Osiyodagi loyihalarga kirishmoqda.

AQSh matbuoti Qozog‘istondagi volfram kelishuvidan Prezident Trampning ikki o‘g‘li foyda ko‘rishi haqida yozgan. Oq Uy buni rad etdi va loyihaga davlat g‘aznasidan hali pul ajratilmaganini bildirdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh matbuoti Qozog‘istondagi volfram kelishuvidan Prezident Trampning ikki o‘g‘li foyda ko‘rishi haqida yozgan. Oq Uy buni rad etdi va loyihaga davlat g‘aznasidan hali pul ajratilmaganini bildirdi.

Bu loyihalar, allaqachon, mojarolarga sabab bo‘lib ham ulgurdi. Jumladan, 2025 yil 6 noyabrida imzolangan kelishuv AQShga Qozog‘istondagi Qarag‘anda konchilik hududida joylashgan, hali o‘zlashtirilmagan ulkan volfram konlari — Shimoliy Katpar va Yuqori Qayraqti konlaridan foydalanish imkonini beradi. Volfram muhim mineral bo‘lib, raketalar kallaklari va qiruvchi uchoqlar kabi mudofaa texnologiyalarida qo‘llaniladi.

Tramp ma’muriyati ushbu loyihani moliyalashtirish uchun 1,6 milliard dollargacha bo‘lgan dastlabki federal mablag‘ ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. The New York Times va Financial Times kabi nashrlar o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida prezidentning o‘g‘illari Donald Tramp Junior va Erik Trampga qisman tegishli bo‘lgan Dominari Securities hamda boshqa investitsiya tuzilmalari hukumat muzokaralaridan ko‘p o‘tmay, loyiha bilan bog‘liq kompaniyalarda ulush sotib olgani aniqlangan.

Bu loyihalar Markaziy Osiyodagi konlar yirik qudratlar va tadbirkorlarning diqqat markazida ekanidan darak beradi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev 2023 yilgi nutqida muhim minerallarni «yangi neftь» deb atab, mamlakatni ushbu sohani rivojlantirishga sarmoya kiritishga chaqirgandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Toshkentda 2025 yil iyunida o‘tgan xalqaro forumda O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlanib, O‘zbekiston yer osti boyliklarining salohiyati 3 trillion dollarga baholanayotganini aytgan.

Tokaevning 2025 yil noyabrida Toshkentga qilgan safarida ikki davlat rahbarlari muhim minerallar bo‘yicha birga ishlashga kelishib olishgan.

Surat manbasi, Akorda

Surat tagso‘zi, Tokaevning 2025 yil noyabrida Toshkentga qilgan safarida ikki davlat rahbarlari muhim minerallar bo‘yicha birga ishlashga kelishib olishgan.

Qoraboevning yaqini Bi-bi-si bilan suhbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston orasida bu mavzuda tijoriy sirlar borligini savol ostiga olib, taajjub bildirdi.

Darhaqiqat, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida nodir va nodir yer metallariga bevosita taalluqli ikki tomonlama kelishuv mavjud bo‘lib, 2026 yilda bu yo‘nalishdagi hamkorlik yanada rivojlandi. Prezident Toqaevning 2025 yil noyabrida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat nodir va nodir yer metallarini geologik o‘rganish hamda qazib olish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishdi. Shuningdek, ular konchilik sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kengroq anglashuv memorandumini imzoladilar. 2026 yil aprelida ikki mamlakat ikki tomonlama ishchi guruhning birinchi yig‘ilishini Ostona shahrida o‘tkazdi.

Himoya(siz)

Ayni damda Iqboljon Qoraboevga hech qanday huquqiy yordam ko‘rsatilmayapti.

"Davlat tarafidan tayinlangan advokat bir marta kirib chiqqan va tayinli gap aytmagan. Shundan keyin uning oilasi xususiy advokatni tayinladi. Bir advokat o‘z xizmati 30 ming dollar bo‘lishini aytgach, hozirgisini tanlashdi», - deydi uning yaqini.

Qoraboevning hozirgi advokati esa uning oldiga kira olmayotganini bildirgan. Aytishicha, ushbu ish davlat sirlariga bog‘liq bo‘lgani sabab, Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining ruxsatnomasi zarur, qo‘mita esa har hafta bu ruxsatnomani berishni kechiktirib kelmoqda.

Bi-bi-ci Qoraboevning oilasi Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi raisi, Bosh prokurori, Ichki ishlar vaziri va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga qilgan yozma murojaati bilan tanishdi. Ularda Qoraboevning oldiga advokat kiritilishiga to‘sqinlik qilmaslik so‘ralgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumati va elchixonasi o‘z fuqarosiga qanday huquqiy yordam ko‘rsatayotgani yo ko‘rsatmayotgani noma’lum qolmoqda.

Professor Qoraboevning Bi-bi-si bilan suhbatlashgan Qozog‘istondan tashqaridagi hamkasbi, xalqaro tadqiqotchi uning hibsga olinganidan larzaga kelganini bildirdi. U ham ismi oshkor etilmasligini so‘radi.

Iqboljon Qoraboev O‘zbekistonning Ostonadagi elchixonasi tadbirlarida muntazam qatnashib kelgan.

Surat manbasi, Iqboljon Qoraboyev

Surat tagso‘zi, Iqboljon Qoraboev O‘zbekistonning Ostonadagi elchixonasi tadbirlarida muntazam qatnashib kelgan.

«Uning qo‘lga olingani va u saqlanayotgan sharoitlar haqida, aniqrog‘i, shuncha vaqt davomida undan hech qanday xabar bo‘lmaganini bilganimda, juda qattiq shok holatiga tushdim. Uning hanuzgacha advokati bilan gaplashishiga ruxsat berilmagani esa juda tashvishli holat.»

U quyidagilarni qo‘shimcha qildi:

«Men davlat xavfsizlik xizmatlari qanday ishlashini bilaman — garchi Qozog‘istonda emas, boshqa mamlakatlardagi xavfsizlik xizmatlari faoliyati bilan tanish bo‘lsam-da. Shuning uchun Iqboljon Qoraboev kabi profilga ega olimlar davlat xavfsizlik xizmatlarining e’tiboriga tushishi muqarrar, deb hisoblayman. Aslida, davlat xavfsizlik xizmatlarining Qoraboev singari olimlarning faoliyatini kuzatib borishi odatiy amaliyot hisoblanadi. Bunga sabab — uning keng aloqalar tarmog‘i bo‘lib, bu unga diplomatlar va tashqi siyosat bo‘yicha ekspertlar bilan muloqot qilish imkonini beradi.Mening o‘zim ham o‘z mamlakatimda davlat xavfsizlik xizmatlarining e’tiboriga tushganman, hamkasblarimdan bir nechtasi ham shunday holatga duch kelgan. Shuning uchun menga Qoraboev diplomatlar, siyosatchilar va tashqi siyosat ekspertlari orasidagi keng aloqalari tufayli Qozog‘iston davlat xavfsizlik xizmatlari tomonidan ehtimoliy tahdid sifatida ko‘rilgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin asoslidek tuyuladi. Diplomatlar bilan muntazam aloqalar davlat xavfsizlik xizmatlarida shubha uyg‘otishi mumkin. Diplomatlar bilan uchrashuvlar chog‘ida ko‘pincha rasmiy bayonotlarga kiritilmaydigan, ya’ni «off the record» tarzda muhokama qilinadigan masalalar bo‘ladi va davlat xavfsizlik xizmatlari bunday ma’lumotlarni milliy manfaatlar yoki milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan nozik deb baholashi mumkin."

"Men uni olim sifatida kamida o‘n yildan beri bilaman. U ilmiy faoliyatida yuqori sifatli ishlar nashr etgan, juda hurmatga sazovor olim. U yuksak akademik standartlarga rioya qilishi bilan tanilgan. Hamkorligimiz davomida u har doim yuqori darajada professionallik namoyon qilgan", deydi olim.