So‘zdan amalga: Ozarbayjon rahbarining tashrifi tahlilchilar nigohida

Aliev va Mirziyoyev

Surat manbasi, Prezident.uz

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev 23-24 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tashrif davomida tomonlar Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar, 2030 yilgacha o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar hamda investitsiyalar, turizm, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid qator bitimlarni imzoladilar.

Alievning tashrifi o‘zbek sharhlovchilari tomonidan ijobiy kutib olindi. Ular asosan siyosiy, iqtisodiy va transport sohalaridagi hamkorlikning chuqurlashayotganiga e’tibor qaratdilar.

"Qog‘ozdagi kelishuvlardan amaliy hamkorlikka o‘tilmoqda"

Iqtisodiy tahlilchi Abduvali Soibnazarovning fikricha, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar siyosiy deklaratsiyalar bosqichidan amaliy hamkorlik darajasiga ko‘tarilmoqda.

"Masalan, avval ham, Islom Karimov davrida ham ikki davlat o‘rtasida aloqalar bo‘lgan. Ammo ular asosan rasmiy tashriflar bilan cheklanib, erishilgan kelishuvlar qog‘ozda qolib ketardi. Bugun esa vaziyat o‘zgargan. Ham O‘zbekiston, ham Ozarbayjonga amaliy ish kerak va biz bugun imzolanayotgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilayotganini ko‘ryapmiz", dedi u 25 avgust kuni Fikrat YouTube kanalidagi muhokama chog‘ida.

Uning ta’kidlashicha, hamkorlik to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, neft-gaz hamda neft-kimyo tarmoqlarida kengayib bormoqda. Tahlilchi ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2025 yilda 350 million dollarga yetganini qayd etdi.

"2025 yil natijalariga qaraydigan bo‘lsak, savdo hajmi 350 million dollarni tashkil etdi. Bu mamlakatlarimiz salohiyati uchun hali kam, biroq avvalgi yillarda hatto 50 million dollarga ham yetmagan davrlar bo‘lgan", dedi u.

Soibnazarovning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar endi savdo hajmini kamida 1 milliard dollarga yetkazish masalasini kun tartibiga qo‘ygan.

Abadiy do‘stlik shartnomasi

Soibnazarov alohida ravishda Aliev va Mirziyoyev imzolagan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma ahamiyatiga to‘xtaldi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

"Xalqaro huquq va diplomatiyada bu ikki yoki undan ortiq mustaqil davlat o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuqori darajasini ifodalovchi hujjat hisoblanadi. Uning asosiy mazmuni va tamoyillariga nazar tashlasak, tomonlar suverenitet va chegaralar daxlsizligi masalasida bir xil pozitsiyaga ega. Endi ular bir-birining mustaqilligi va suverenitetini so‘zsiz tan oladi va hurmat qiladi", dedi u.

Tahlilchi mazkur sheriklikni mintaqaviy hamkorlikning kengayishi bilan ham bog‘ladi va Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvlarida muntazam ishtirok etayotganini eslatdi.

"Bugun Markaziy Osiyoda beshta emas, oltita davlat borligi haqida gapirilmoqda. Chunki Ozarbayjon deyarli barcha mintaqaviy uchrashuvlarda ishtirok etmoqda va o‘zini yagona Markaziy Osiyo makonining bir qismi deb hisoblaydi. Endi O‘zbekiston bilan Abadiy do‘stlik shartnomasi ham imzolandi. Bu oddiy ittifoqchilikdan ham yuqoriroq darajadagi munosabatdir", dedi u.

Yevropaga chiquvchi transport yo‘lagi

Terjiman Telegram kanali 25 avgust kuni e’lon qilgan postida O‘zbekiston va Ozarbayjon Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirayotganini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalish O‘zbekistondan Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga, u yerdan Turkiya va Yevropaga chiqishni nazarda tutadi.

Kanal ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev Kaspiy dengizida yagona operator boshqaruvidagi alohida O‘zbekiston-Ozarbayjon transport koridorini tashkil etishni taklif qilgan. Shuningdek, tomonlar qo‘shma flot tashkil etish ishlarini jadallashtirishni rejalashtirmoqda.

"Toshkent uchun bu strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston dunyo okeanlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu bois Transkaspiy yo‘nalishini rivojlantirish savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish va mamlakatning O‘rta koridordagi o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi", deyiladi postda.

Soibnazarovning aytishicha, Ozarbayjon tomoni O‘zbekistonga o‘z portlari imkoniyatlaridan foydalanishni ham taklif qilgan.

"Ozarbayjon tomoni Alat porti va boshqa portlardan, masalan, ijara asosida foydalanish imkoniyatini ham taklif qildi", dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Bank sektori va savdo

Iqtisodchi Otabek Bakirov 24 avgust kuni o‘zining Telegram kanalida Ozarbayjonning yetakchi moliyaviy muassasalaridan biri bo‘lgan ABB banki O‘zbekiston bozoriga kirayotganini qayd etdi.

"O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev erishilgan natijalar qatorida mamlakatning yetakchi banki O‘zbekiston bozoriga kirganini ham tilga oldi", deb yozdi Bakirov.

Uning ma’lum qilishicha, ABB banki O‘zbekistonning Davr Bank aktsiyalarining 51 foizini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

"Agar bitim avval e’lon qilingan shartlar asosida yakunlansa, bank aktsiyalari nominal qiymatidan bir yoki ikki baravar yuqori baholanadi. Bu esa O‘zbekiston bank bozoridagi kichik va o‘rta banklar uchun muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi", dedi iqtisodchi.

Shu bilan birga, iqtisodchi Yuliy Yusupov ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi keskin oshganini, biroq bunda oltin eksporti hal qiluvchi o‘rin tutganini qayd etdi.

"2025 yilda O‘zbekistonning Ozarbayjonga eksporti 211,6 million dollardan 719 million dollargacha oshdi. Bu juda katta o‘sish. Biroq eksport tarkibi tahlili shuni ko‘rsatdiki, o‘sishning deyarli barchasi avval Ozarbayjonga eksport qilinmagan 508 million dollarlik oltin savdosi hisobiga yuz bergan", deb yozdi u 25 avgust kuni e’lon qilingan postida.

Kremlga yaqin manbaning munosabati

Kremlparast pozitsiyasi bilan tanilgan "Turanskiy ekspress" Telegram kanali 24 avgust kuni e’lon qilgan postida Markaziy Osiyo va Kavkazni "yagona Yevroosiyo makoni" deb atadi hamda mintaqa o‘z taraqqiyotining eng yuqori bosqichiga "Rossiya/Sovet geosiyosiy loyihasi" tarkibida erishganini ta’kidladi.

"Aslida, atrofda ko‘rib turgan deyarli barcha infratuzilma Rossiya yoki SSSR yordamida barpo etilgan", deyiladi postda.

Kanal bugungi mintaqa rahbarlarini Turkiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yevropa va AQSh bilan aloqalarni rivojlantirishga intilayotganlikda tanqid qilar ekan, ular ayni paytda sovet davrida yaratilgan infratuzilma va iqtisodiy asoslardan foydalanishda davom etayotganini ta’kidladi.