Ukraina Rossiya bosqinidan beri "eng og‘ir qish" bilan yuzlashmoqda

Qishga tayyorgarlik uchun Ukrainadagi elektr tarmog‘ini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Qishga tayyorgarlik uchun Ukrainadagi elektr tarmog‘ini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda
    • Author, Jeyms Landeyl
    • Role, BBC News
    • Author, Tobi Mann
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Ukraina 2022 yilda Rossiya keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri "eng og‘ir qish"ni qarshi olish arafasida, dedi BMTning yuqori martabali vakili Bi-bi-siga.

BMT taraqqiyot agentligi rahbari Aleksandr De Krooning aytishicha, Rossiya hujumlari elektr energiyasi va suv ta’minotini uzib qo‘ysa, "gumanitar halokat" xavfi yuzaga kelishi mumkin.

Ukrainada bo‘lgan De Kroo — BMTning uchinchi eng yuqori lavozimdagi rasmiysi — Rossiyani mamlakat energetika infratuzilmasini tizimli ravishda nishonga olishda aybladi. Uning aytishicha, qish kirib, harorat keskin pasayishidan oldin elektr tarmoqlarini ta’mirlash uchun hozir "vaqt bilan poyga" ketmoqda.

So‘nggi oylarda Rossiya va Ukraina havodan hujumlarni kuchaytirdi. Ikki davlat ham fuqarolik infratuzilmasini ataylab nishonga olayotganini rad etmoqda.

Rossiya Ukrainaga, xususan, Kievga so‘nggi paytlarda deyarli uzluksiz uyushtirilayotgan hujumlarda tutib qolish qiyin bo‘lgan, reaktiv dvigatelli tezkor dronlardan foydalana boshladi. Hujumlarning ko‘p qismi Ukraina infratuzilmasi — korxonalar, omborlar, zavodlar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, shuningdek, energetika ob’ektlariga qaratilgan.

Ukraina ham Rossiya hududining chuqur qismlariga dron hujumlarini davom ettirmoqda. Ular asosan gaz, neftь va tovarlarni taqsimlash ob’ektlariga qaratilmoqda. Ikki davlat ham tinch aholini nishonga olayotganini rad etmoqda.

O‘tgan dam olish kunlari AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Kievda muzokaralar o‘tkazish uchun o‘z vakillarini yuborganidan keyin yana qurbonlarga olib keluvchi hujumlar boshlandi.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, payshanba kuni Dnepropetrovsk viloyatidagi Pavlograd shahrida savdo markaziga kunduz kuni Rossiya droni hujum qilishi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 67 kishi jarohatlangan.

Hafta boshida ham Zaporoje va Sumi shaharlaridagi ikkita savdo markazi Rossiya havo hujumlari nishoni bo‘lgan. Bu hujumlarda ikki kishi halok bo‘lib, 28 kishi jarohatlangan.

Rossiya esa chorshanba kechasi kurort shahri Sochiga Ukraina dengiz dronlari hujum qilganini xabar qildi. Rossiya ma’lumotiga ko‘ra, hujumda 28 kishi jarohatlangan. Shuningdek, Ukraina hujumlari oqibatida yana uch kishi halok bo‘lgani aytildi.

Hafta boshida Rossiya dronlari Ukraina bilan Moldova o‘rtasidagi chegara nazorat-o‘tkazish punktiga zarba bergan, natijada ikki kishi halok bo‘lgan. Moldova so‘nggi paytlarda mojaro ta’siriga tobora ko‘proq tortilib bormoqda.

De Krooning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasini "tizimli ravishda" nishonga olishiga hech qanday asos yo‘q.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, De Krooning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasini "tizimli ravishda" nishonga olishiga hech qanday asos yo‘q.

Putin to‘rt yarim yil oldin Ukrainaga bosqin boshlaganidan beri Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush davom etmoqda.

Belgiyaning sobiq bosh vaziri De Kroo Bi-bi-siga: "Bu qish urush boshlanganidan beri eng og‘ir qish bo‘ladi", dedi.

Uning aytishicha, Ukraina qishga "juda zaif holatda" kirib bormoqda. U BMT "bu qish nimaga aylanib ketishi mumkinligidan o‘ta xavotirda" ekanini qo‘shimcha qildi.

De Krooning aytishicha, xavotirlar Rossiyaning fuqarolik va energetika infratuzilmasini "tizimli ravishda" nishonga olayotgani bilan bog‘liq.

"Bu yoqilg‘i quyish shoxobchalari, savdo markazlari, biznes markazlari, ayniqsa energetika infratuzilmasi, elektr uzatish liniyalari va boshqalar. Buning mutlaqo hech qanday asosi yo‘q", dedi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Bu odamlar uylarini isitish uchun zarur energiyadan foydalanishda qiynaladigan, suv ta’minoti va oqova suv tizimlari ishlamay qoladigan "eng yomon stsenariy"ga olib kelishi mumkin.

"Bu yerda harorat minus 20 darajagacha tushishi mumkin. Bunday sharoitda vaziyat haqiqatan ham gumanitar halokatga juda yaqinlashishi mumkin", dedi De Kroo.

Agar elektr ta’minoti va muhim infratuzilma jiddiy zarar ko‘rsa, bu "juda katta insoniy talofat"ga olib kelishi mumkin, dedi u.

Ukrainani qishga tayyorlash ishlari doirasida BMT Taraqqiyot dasturi o‘tgan qishda zarar ko‘rgan energetika tizimining ayrim qismlarini qayta tiklashga yordam bermoqda. Shuningdek, hujumlarga chidamli bo‘lgan, barqarorroq va markazlashtirilmagan energiya ishlab chiqarish ob’ektlari tashkil etilmoqda.

De Krooning aytishicha, bu murakkab va xavfli ishlarni yakunlash "deyarli imkonsiz vazifa".

"Ular bu ob’ektlarni tinmay yangraydigan havo hujumi signallari ostida qayta tiklashmoqda. Ular nishonga olingan ob’ektda ishlayotganini bilishadi", dedi u.

"Shuning uchun siz ob’ektni qayta tiklashga harakat qilasiz, ammo kunning bir qismida ishlay olmaysiz, chunki bu shunchaki juda xavfli".