Sanksiya xavfi: Qirg‘iziston 50ta kompaniyani tugatmoqda. O‘zbekiston-chi?

Stop belgisi va tangalarninr rasmi bor illyustrativ tasvir

Surat manbasi, Getty

Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Qirg‘iziston G‘arb davlatlari iltimosiga ko‘ra, sanksiya xavfi yuqori deb baholangan 50ta kompaniyani tugatish jarayonini boshladi. Rasmiy Bishkek bu qadam xalqaro iqtisodiy xavflarni oldini olish va G‘arb bilan ochiq muloqotni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ammo korxonalarning to‘liq ro‘yxati e’lon qilinmagan.

Iqtisodiyot va savdo vaziri Baqit Sidiqov 11 iyunda ma’lum qilishicha, 2023 yildan beri AQSh, Yevropa Ittifoqi va Britaniya bilan sanksiya masalasida muzokaralar davom etmoqda. Sidiqov vazirlik lavozimidan tashqari, sanksiya siyosati bo‘yicha maxsus vakil sifatida ham ishlaydi.

Uning bayonotida qirg‘iz hukumati virtual aktivlar sohasida nazoratni kuchaytirayotgani, xalqaro standartlarni buzgan ishtirokchilardan litsenziyani qaytarib olishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi aytiladi.

G‘arb davlatlari ayni paytda Qirg‘iziston orqali Rossiyaga "ikki yo‘nalishli tovarlar" - tinch va harbiy maqsadda ishlatilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar reeksporti ko‘payganini qayd etmoqda. Yevropa Ittifoqi vakili Devid O'Sallivan joriy yil fevral oyida Bishkekka kelib, radioelektron vositalar, dronlar va raketalar ishlab chiqarishda zarur uskunalar xavfini tilga olgan.

Adliya vazirligi may oyida 50ta korxonaning faoliyatini to‘xtatish haqida buyruq chiqargan. Britaniya esa may oxirida sanksiya ro‘yxatini kengaytirib, Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana uch kompaniyani: "Yevraziya amanat Banki", "Davlat brokerlik kompaniyasi" va "Virtual aktivlar emitenti"ni qo‘shgan. Avvalroq AQSh va Britaniya "Keremet Bank" va "Kapital Bank"ni ham sanksiya ro‘yxatiga kiritgan edi.

Avvalroq qirg‘iz hukumati Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bermaganini ta’kidlab, G‘arbni ikkiyuzlamachilikda ayblagan. Ammo bosh vazir Adilbek Qasimaliev 13 mayda mahalliy matbuotga bergan intervyusida sanksiya choralariga ehtiyotkorlik bilan yondashilayotganini, biroq Rossiya bilan ham munosabatlarni buzib bo‘lmasligini bildirgan.

Ukrainadagi urush boshlangach, Rossiyaga qarshi joriy etilgan G‘arb sanksiyalari doirasida O‘zbekistondagi ayrim kompaniyalar ham cheklovlarga duch keldi. Ular Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksi uchun texnologiyalar, elektronika va ikki xil maqsadda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan uskunalar yetkazib berishda ishtirok etgani, sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalarida qatnashgani aytilmoqda.

2022 yildan beri Uzstanex, The Elite Investment Group, Trade Engine System va boshqa kompaniyalar sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan. G‘arb davlatlari bu choralar davlatning o‘ziga emas, balki muayyan yuridik shaxslarga qaratilganini ta’kidlaydi. Rasmiy Toshkent bu korxonalarga nisbatan qanday choralar ko‘rayotgani haqida ochiq ma’lumot bermagan.

Qozog‘istonda sanksiyaga duch kelgan kompaniyalar orasida DA Group 22, Elem Group va Kazstanex ko‘p tilga olingan. G‘arb davlatlari ularni Rossiyaga texnologiya, elektronika yoki sanoat uskunalarini yetkazib berish orqali cheklovlarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan deb hisoblaydi.

2022 yildan beri AQSh va Yevropa davlatlari rossiyalik o‘nlab shirkatlarni sanksiya ro‘yxatlariga kiritdi. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston, G‘arb sanksiyalariga rasmiy ravishda qo‘shilmagan va tahlilchilar ta’kidlashicha, Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni saqlab qolishga intilamoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

Sanksiyaga duch kelgan kompaniyalar uchun asosiy muammo — xalqaro moliyaviy va savdo tizimidan uzilish, bu esa ularning iqtisodiy barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, davlatlar bu jarayonda o‘z iqtisodiyotini himoya qilish va xalqaro hamkorlikni saqlab qolish uchun turli choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi.