Toqat qilib bo‘lmas jaziramada qanday jon saqlash kerak? Hindiston tajribasi

Tuk-Tuk haydovchisi Muhammad Umar
Surat tagso‘zi, Tuk-Tuk haydovchisi Muhammad Umar biror bir kunni ham ishdan qoldirmaslikka harakat qiladi, ammo issiqqa chidolmaganimdan ko‘chaga chiqolmadim, deydi u.
    • Author, Nikita Yadav
    • Reporting from, Dehli
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Dehli shahrida tushdan keyin havo kuydiradi. Ammo o‘ta gavjum bozorlarda ikki qarama-qarshi dunyoni ko‘rasiz.

Bir tarafda yaltiragan, top-toza, ichiga konditsioner salqin havoni urib turgan do‘konlar.

Do‘konlar ichida o‘zini tashqaridagi jaziramadan asrash maqsadini ham ko‘zlab kirgan mijozlar kiyimlar qatorini sekin aylanib tomosha qiladilar.

Boshqa tomonda esa yonayotgan quyosh tig‘lari ostida ko‘chadagi meva-sabzavot, muzqaymoq sotuvchilari, velosiped riksha - Tuk-tuk haydovchilari havo harorati 40 darajadan ko‘tarilib ketgan bo‘lsa-da, pul ishlab topish uchun ishlarini davom ettirishga majburlar.

Tushdan keyin bozor bo‘ylab yurishning o‘zi ham sillani quritadi. Ammo Dehli shahridagi millionlab norasmiy ishchilar uchun o‘zini quyosh jaziramasidan panohga olish imkonsiz narsa.

Hindistondagi ishlarning qariyb 90%i norasmiy - insonlar hech kim bilan shartnoma imzolamaydi, ish xavfsizligi ta’minlanmagan, kunlik daromad topish uchun ertadan-kechgacha tashqarida bo‘lishlari talab qilinadi.

Ulardan biri 52 yoshli Harish Chandra.

U toki jazirama majburlamaguncha Dehlining tiqilinch ko‘chalarida velosiped rikshasi pedallarini aylantirib kirakashlik qiladi.

Bozor yonidagi soya ostiga borib tin olishdan oldin u ko‘chadagi krandan suv olib yuziga sachratadi.

"Tana dosh berolmayapti", deydi u.

Yupqa, unniqib ketgan paxta kiyim kiygan Chandra aytishicha, Dehlining yoz fasli yil sayin tobora toqat qilib bo‘lmas darajaga yetayotganini his qilmoqda.

"Mening ish kunim ertalab soat to‘qqizlarda boshlanadi, bu paytdagi issiqqa chidash mumkin. Ammo tushga borib qiyinlashadi. Quyosh shunday qattiq qizdiradiki, ba’zan pedal bosayotganimda jonim tanamdan chiqib ketayotgandek tuyuladi", — deydi u.

"Lekin to‘xtasak, pul topolmaymiz", — deydi Chandra. — "Pul topmasak esa, oilamiz och qoladi".

Yaqinda u xotini va uch farzandini Bihar shtatidagi qishlog‘iga yubordi. Uning aytishicha, u yerda ham harorat yuqori, ammo joylar ochiq bo‘lgani va havo yaxshi aylanishi tufayli u yerda jaziramani Dehlining tor mahallalari va tig‘iz ko‘chalariga qaraganda yengilroq o‘tkazishga yordam beradi.

Chandraga o‘xshagan, vaqtini asosan ochiq havoda o‘tkazadigan ishchilar uchun yoz endilikda shunchaki fasl emas, balki tirik qolish uchun yillik kurash davriga aylanib bormoqda.

Hindistonda issiq mavsum odatda apreldan iyul boshigacha davom etadi, shundan so‘ng Musson yomg‘irlari yengillik olib keladi. Ammo iqlimshunos olimlar aytishicha, global isish ta’sirida Janubiy Osiyodagi issiq to‘lqinlari kuchayishi sababli ekstremal issiqlik davomiyligi uzaymoqda, kuchayib borayapti va tobora bashorat qilib bo‘lmas tus olmoqda.

Quyoshning to‘g‘ridan-to‘g‘ri nurlaridan o‘zlarining boshlarini odamlar soyabon va ro‘mollar bilan himoya qiladilar

Surat manbasi, Hindustan Times via Getty Images

Surat tagso‘zi, Quyoshning to‘g‘ridan-to‘g‘ri nurlaridan o‘zlarining boshlarini odamlar soyabon va ro‘mollar bilan himoya qiladilar

Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotining sobiq bosh ilmiy xodimi doktor Saumya Svaminatan yaqinda ANI axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, Hindistonda qayd etilayotgan haroratlar hozirda «inson toqatliligi» chegarasiga yaqinlashayapti va «hayot hamda tirikchilikka tahdid» solayapti.

May oyi o‘rtalaridan beri Dehli va uning atrofida har kungi harorat 40°Sdan oshmoqda, ba’zan tushdan keyin 45°Sdan ham yuqori ko‘tarilmoqda.

Bunday issiq to‘lqinlari Hindiston yozlarining tobora odatiy qismiga aylanib boryapti.

Mutaxassislar aytishicha, Dehli kabi shaharlar ayniqsa «shahar issiqlik oroli effekti» tufayli xavf ostida, ya’ni beton, transport harakati va yashil hududlar kamligi issiqni ushlab qolib, shaharlarni atrof hududlarga qaraganda ancha issiq qiladi.

Ob-havo xizmati va Dehli hukumati ham muntazam ravishda issiqlik bo‘yicha ogohlantirishlar berib kelmoqda.

27 may kuni Bosh vazir Narendra Modi X tarmog‘ida odamlarni ko‘proq suv ichishga, tashqarida suv olib yurishga va ayniqsa bolalar, keksalar hamda ochiq havoda ishlaydiganlar orasida issiqlik charchog‘i alomatlariga e’tibor berishga chaqirdi.

Dehli issiqlikka qarshi harakat rejalariga ega shaharlardan biri hisoblanadi. Unda ranglar orqali belgilangan ogohlantirishlar, tush paytida quyosh ta’siridan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar, suv tarqatish nuqtalari va salqinlash markazlari mavjud.

Biroq amalda bu tavsiyalarga amal qilish ko‘p hollarda qiyin. Harorat ko‘tarilsa ham, ijara pullari to‘lanishi va oziq-ovqat xarid qilinishi kerak.

50 yoshli Muhammad Umar ertalabdan gavjum yo‘l chorrahasi yaqinida Tuk-tuk velosiped-rikshasi ichida o‘tirib, yo‘lovchi kutayapti.

Uning aytishicha, u deyarli hech qachon dam olmaydi, ammo o‘tgan hafta issiq uni uyda qolishga majbur qildi.

«Yuragim tez urdi, tanamda umuman kuch qolmadi. Hushimni saqlash uchun o‘sha kuni kamida besh marta cho‘milgandirman", — deydi u.

Biroq ishga chiqmaslikning ham o‘z narxi bor.

"Bir kun ishlamasam, 500–700 rupiya (taxminan 5–7 dollar) yo‘qotishim mumkin. Pul topmagan bo‘lsam ham ovqat va kundalik ehtiyojlar uchun pul to‘lash kerak. Bu mablag‘ bizning kichik jamg‘armamizdan olinadi", — deydi u.

Xalqaro Mehnat tashkiloti hisobotiga ko‘ra, issiqlik stressi 2030 yilga borib Hindistonda umumiy ish soatlarini 5,8%gacha qisqartirishi mumkin va bu eng ko‘p qishloq xo‘jaligi hamda qurilish sohasida ochiq havoda ishlaydiganlarga ta’sir qiladi.

Lancet Countdown hisobotiga ko‘ra, 2024 yili Hindiston issiqlik tufayli taxminan 247 milliard potentsial mehnat soatini yo‘qotgan va bu 194 milliard AQSh dollariga teng iqtisodiy yo‘qotish deganidir.

Dehli jaziramasida rikshasi ichida o‘tirib dam olayotgan erkak

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Dehli jaziramasida rikshasi ichida o‘tirib dam olayotgan erkak

Shifokorlar aytishicha, ekstremal issiqlik ta’sirida uzoq vaqt qolish organizmga juda katta bosim o‘tkazadi, ayniqsa o‘zini soyaga olish, salqinlash yoki yetarli miqdorda tanasini suvlab turish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, uzoq soatlar davomida ochiq havoda ishlaydiganlar uchun.

Gurgaondagi Fortis shifoxonasi ichki kasalliklar bo‘limi rahbari doktor Satish Kaulning aytishicha, uzoq davom etgan issiq to‘lqinlari paytida kasalxonalar doimiy ravishda suvsizlanish, past qon bosimi, buyrakka ortiqcha yuk tushishi va issiqlik charchog‘i holatlariga uchragan bemorlarni qabul qiladi.

"Odamlar ko‘pincha e’tibor bermaydigan dastlabki ogohlantiruvchi alomatlar qatoriga bosh aylanishi, zaiflik, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va shubhali holatlar kiradi», — deydi u.

«Agar inson terlashdan to‘xtasa, o‘zini yo‘qota boshlasa yoki hushidan ketsa, bu tezda tibbiy favqulodda holatga aylanishi mumkin».

Iqtibos

Biroq kunbay ish haqi bilan kun ko‘radigan ko‘plab ishchilar uchun ish tugagandan keyin ham issiqlikdan qutulish deyarli imkonsiz.

Dehlining norasmiy migrant ishchi kuchini tashkil qiladigan odamlar asosan tiqilinch, elektr ta’minoti ishonchsiz, shamollanishi yomon va konditsionersiz mahallalarda yashaydilar.

Bu yerdagi uylar, asosan, temir tunukalar va plastik materiallardan qurilgan bo‘lib, ular kun davomida issiqni yutib, kechasi uni sekin chiqaradi.

Shifokorlar ogohlantirishicha, tungi paytda ham harorat yuqori bo‘lib qolsa, tananing to‘liq tiklanishiga to‘sqinlik qilib, issiqlik bilan bog‘liq kasalliklar ayniqsa xavfli tus oladi.

«Agar tana uyqu paytida yetarlicha sovimasa, charchoq kun sayin to‘planib boradi», — deb qo‘shimcha qiladi doktor Kaul.

Bu charchoq bunday mahallalardagi kundalik hayotni shakllantiradi, chunki bu yerdagi ko‘plab oilalar jismoniy og‘ir mehnat orqali tirikchilik qiladilar.

Erkaklar ertalab barvaqt ochiq havodagi ishlarga chiqadilar, ko‘plab ayollar esa yaqin atrofda kam haq to‘lanadigan uy xo‘jaligi ishlarini bajaradilar. Uzoq soatlik mehnat bilan birga, ko‘plab ayollar tor uylarda, issiqdan deyarli hech qanday himoyasiz holda, ovqat tayyorlash, bolalarga qarash va uy yumushlarini ham bajaradilar.

2026-yil 11-may kuni Hindistonning Nyu Dehli shahridagi Jome’ Masjid metro bekati yaqinidagi maxsus sovutish zonasida yozgi jaziramadan dam olayotgan sayyoh va yo‘lovchilar.

Surat manbasi, Hindustan Times via Getty Images

Surat tagso‘zi, Hukumat odamlar salqinlanishi uchun joylar tayyorlab qo‘ygan. Biroq kunlik daromadi faqat harakatlanishga bog‘liq bo‘lgan kambag‘al odamlarning bu joylarga kirib hordiq chiqarishga imkonlari yo‘q

Ko‘pchilik salqinlikni saqlash uchun boshini yopish, tuz qo‘shilgan suv ichish yoki eng qattiq tushki quyoshdan qochish uchun ish vaqtlarini o‘zgartirishga harakat qiladilar — ammo bu choralarning samarasi ta’siri qisqa bo‘ladi.

Bolalarini boqish uchun yillar davomida zavodlarda, mayda do‘konlar va xususiy uylarda ishlab kelgan 40 yoshli beva Sanjida, may oyi o‘rtasida oftob urganidan keyin kuchli bosh og‘rig‘i va isitma bilan bir necha kun yotib qolganini aytadi.

"Quyosh ertalabdanoq qattiq qizdira boshlaydi», — deydi u. «Uylarga yetib borib, supurish va pol yuvishni boshlagunimcha, kiyimlarim allaqachon jiqqa ho‘l bo‘ladi. Ayrim kunlari tomlarni ham tozalashimga to‘g‘ri keladi, u yerda marmar pollar go‘yo yonib turganday bo‘ladi".

Uning ish beruvchilari ba’zan suv, limonad yoki ventilyator oldida o‘tirib dam olishni taklif qiladi.

"Lekin harorat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ish baribir bajarilishi kerak", deydi u.