Turkmanistonda go‘sht narxi oshishi norozilikka sabab bo‘ldi

Turkmanistondagi bozorlardan biri

Surat manbasi, YOUTUBE / DOUG BARNARD

Surat tagso‘zi, Bozorda narxlar osmondami?
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Turkmanistonning ikkinchi yirik shahri Turkmanobodda go‘shtning keskin qimmatlashi xaridorlar noroziligiga sabab bo‘ldi.

Mustaqil nashr xabariga ko‘ra, mahalliy bozordagi mojaro qariyb ikki soat davom etgan va xavfsizlik kuchlari bir necha kishini qo‘lga olgan.

Mamlakatda mol go‘shti qimmatlashayotgan bir paytda arzonroq go‘sht ham yetishmayapti.

Turkmen.news xabariga ko‘ra, chorvadorlar pichan va omuxta yem narxi oshganidan qiynalmoqda.

Bozordagi norozilik

25 avgustda e’lon qilingan Turkmen.news xabariga ko‘ra, norozilik 20 yoki 21 avgust kuni Turkmanoboddagi "Yashil bozor"da yuz bergan.

Nashr manbasining aytishicha, go‘sht bo‘limidagi xaridorlar mahsulot qimmatligidan norozi bo‘lib, maoshlari kamligini ovoz chiqarib ayta boshlagan.

Dastlab politsiya xodimlari vaziyatni yumshatishga uringan. Ular xaridorlarni tushunishini, o‘zlari ham tez-tez go‘sht sotib olishga qurbi yetmasligini aytgani xabar qilingan.

Biroq keyinroq voqea joyiga Milliy xavfsizlik vazirligi xodimlari kelib, norozilik bildirganlarni qo‘lga olishni buyurgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik xodimlaridan biri yig‘ilganlarni "noshukur" deb atab, ko‘p gapirishsa, umuman go‘shtsiz qolishlarini aytgan. Bu so‘zlar odamlarni yanada g‘azablantirgan.

Olomon orasidagi ayollar xodimning o‘z farzandlari har kuni go‘sht yeyishini aytib, unga e’tiroz bildirgan. Xodimning bunga kulgani norozilikni yanada kuchaytirgani xabar qilindi.

Turkmen.news ma’lumotiga ko‘ra, mojaro qariyb ikki soat davom etgan. Eng faol norozilik bildirgan erkaklar va yoshlardan ayrimlari qo‘lga olingan. Xavfsizlik xodimlari xaridorlarning voqeani tasvirga olishiga ham yo‘l qo‘ymagan.

Qo‘lga olinganlarning keyingi taqdiri haqida ma’lumot yo‘q.

Go‘sht narxi va maoshlar

Turkmanistondagi do‘konlardan biri
Surat tagso‘zi, Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi va narxlarning o‘sishi yangi muammo emas.

Turkmen.news ma’lumotiga ko‘ra, Turkmanobodda bir kilogramm suyakli mol go‘shti kamida 150 manatdan, qiyma esa 180 manatgacha sotilmoqda.

Nashr manbasining aytishicha, Turkmanobodda maoshlar Ashxoboddagiga nisbatan past bo‘lib, ko‘pchilik oyiga taxminan 1 400 manat oladi.

Manba Turkmanoboddagi tanqislikni Ashxoboddan kelayotgan talab bilan ham izohlagan.

Uning aytishicha, poytaxtdan kelganlar qishloqlardagi chorva mollarini sotib olib, shu yerning o‘zida so‘ydirib, sovitkichli yuk mashinalarida olib ketmoqda.

Ashxobodda ham narxlar oshdi

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Chronicle of Turkmenistan nashri 26 avgustda Ashxobodda go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlaganini xabar qildi.

Nashr buni 14 avgustda o‘tkazilgan xayriya dasturxonlari uchun chorva va go‘shtning ommaviy xarid qilinishi bilan bog‘lagan. Uning yozishicha, davlat tashkilotlari, hududiy korxonalar va xususiy kompaniyalar xayriya taomlari uyushtirgan.

May oyida bir kilogrammi 100 manatdan 135 manatga ko‘tarilgan suyakli mol go‘shti hozir 150–160 manatdan sotilmoqda.

Boshqa mahsulotlar ham qimmatlashgan. Bir kilogramm guruch narxi 12 manatdan 15 manatga, kartoshka 6 manatdan 11 manatga, asal esa 160 manatdan 220 manatga ko‘tarilgan.

Nashrning yozishicha, Ashxoboddagi ko‘plab oilalar bir necha yildan beri faqat davlat savdo tarmog‘ida bir kilogrammi 35 manatdan sotiladigan muzlatilgan tovuq va shu narxdagi muzlatilgan buyvol go‘shtini sotib olishga qurbi yetadi.

Turkmanobodda esa muzlatilgan buyvol go‘shti uchun uzun navbatlar paydo bo‘lgan, ammo uning zaxirasi cheklangan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Ta’minotga nima ta’sir qilmoqda?

Nashr manbasining aytishicha, chorvadorlar pichan va omuxta yem qimmatligidan shikoyat qilmoqda. Bunga qurg‘oqchilik, boshqa tabiiy ofatlar va qishloq xo‘jaligini boshqarishdagi muammolar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Eksportning, jumladan yashirin eksportning ortishi ham ichki bozordagi ta’minotni kamaytirayotgani aytilgan.

Ayrim chorvadorlar narx yana ko‘tarilishini kutib, mollarini sotishga shoshilmayapti. Nashrga ko‘ra, go‘sht qishgacha yana 1,5–2 baravar qimmatlashi mumkin.

Turkmanistondagi savdo markazlaridan biri

Mintaqada ham go‘sht qimmatlagan

Aprel oyidagi xabarlarda chorva kasalliklari haqidagi xavotirlar, savdo cheklovlari va ta’minotdagi uzilishlar fonida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda go‘sht narxi oshgani aytilgan.

Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi va narxlarning o‘sishi yangi muammo emas.

2024 yilda ham mamlakatda go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va boshqa asosiy mahsulotlar yetishmayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

O‘sha yilning sentyabrida Ozodlik radiosining turkman xizmati - Azatlik bir fuqaroning mol go‘shti, kungaboqar yog‘i va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi aksar oilalar uchun og‘ir yukka aylangani haqidagi so‘zlarini keltirgan.

Xabarda tovuq go‘shti va tuxum tanqisligi, Turkmanoboddagi non navbatlari hamda kungaboqar yog‘i narxining oshishi haqida ham aytilgan.