Putin Qozog‘istonda, YeOII, geosiyosat va migratsiya - dayjest

Putin va Toqaev

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Bu yaqinlik iqtisodiy imkoniyatmi yoki qaramlik xavfi?
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qozog‘istonga tashrifi arafasida mamlakatda Moskva bilan munosabatlar yana muhokama markaziga chiqdi.

Qozog‘istondagi tahlillar pragmatizm, ehtiyotkorlik va strategik hisob-kitob aralashmasini aks ettirmoqda.

Ayrim qozoq tahlilchilari Rossiyaning Ukrainadagi urushi va xalqaro izolyatsiyasi ortidan Moskvaga ortiqcha iqtisodiy bog‘lanish xavflariga e’tibor qaratmoqda.

Iqtisodchi Meruert Maxmutova Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) amalda Rossiyaning sanksiyalar ostidagi iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Uning fikricha, Qozog‘istonning bu ittifoqda ishtiroki mamlakatni "rus inflyatsiyasi, valyuta xatarlari va ehtimoliy ikkilamchi sanksiyalar"ga yaqinlashtirmoqda.

Maxmutova, shuningdek, Ukraina urushi ortidan Rossiya endi mintaqada avvalgidek xavfsizlik kafolatchisi sifatida ko‘rilmayotganini aytdi.

"Ukrainadagi voqealar Rossiyaning o‘zi ham tahdid manbaiga aylanishi mumkinligini ko‘rsatdi", degan u.

Shu bilan birga, hukumatga yaqin ekspertlar Rossiyani Qozog‘istonning asosiy savdo, investitsiya va infratuzilma sherigi sifatida baholamoqda.

Ular ikki davlat munosabatlari energetika, logistika, raqamlashtirish va texnologik kooperatsiya sohalarida yangi bosqichga chiqayotganini ta’kidlamoqda.

Ayrim tahlilchilar fikricha esa, Ostona Rossiyaning xalqaro izolyatsiyasi ortidan paydo bo‘lgan tranzit, logistika va oziq-ovqat bozori imkoniyatlaridan iqtisodiy foyda olishga urinmoqda. Ular Qozog‘iston tashqi siyosatda pragmatik va ko‘p vektorli yondashuvni saqlab qolishi kerakligini aytmoqda.

Qosim-Jomart Toqaev va Putin Ostonada muzokara o‘tkazgan. Muzokaralardan so‘ng davlat rahbarlari Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asoslari haqida qo‘shma bayonotni imzolashgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Yevroosiyo iqtisodiy forumi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ostonada Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev ishtirokidagi kengaytirilgan uchrashuvda qatnashmoqda. Putin 28–29 may kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘lib turibdi.

Surat manbasi, ALEXANDER KAZAKOV/SPUTNIK/KREMLIN POOL/EPA/Shutterstock

Surat tagso‘zi, Ostonadagi muzokaralar: iqtisodmi, geosiyosatmi yoki ikkalasi hammi?

Bu yilgi forumning asosiy mavzusi - "YeOIIning global raqamli raqobatdagi strategiyasi: sun’iy intellekt". Sammitda davlat rahbarlari xalqaro savdo, bojxona qoidalari, texnologik kooperatsiya va sun’iy intellektni iqtisodiyotga joriy etish masalalarini muhokama qilmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, G‘arb sanksiyalari sharoitida Moskva YeOIIni nafaqat iqtisodiy, balki texnologik va logistik integratsiya platformasi sifatida ham kuchaytirishga urinmoqda.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham Ostonaga yetib kelgan. Minsk ma’lumotiga ko‘ra, Lukashenko forumda YeOII doirasida texnologik hamkorlik va sun’iy intellekt bo‘yicha Belarus pozitsiyasini taqdim etadi.

Sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etishi xabar qilingandi. Toshkent YeOIIga to‘liq a’zo emas, ammo 2020 yildan buyon kuzatuvchi maqomida qatnashib keladi.

O‘sha yili O‘zbekiston parlamenti qabul qilgan maxsus qarorda YeOII bilan hamkorlik iqtisodiy o‘sish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishi mumkinligi aytilgan. Biroq hujjatda ehtimoliy xavflar ham ochiq qayd etilgan. Xususan, "O‘zbekistonning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish segmentlari YeOIIning boshqa a’zo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinishi xavfi yuqori" ekani ta’kidlangan.

Shu sababli rasmiy Toshkent hozircha ehtiyotkor va ko‘p vektorli tashqi siyosatni saqlab kelmoqda. O‘zbekiston bir tomondan Rossiya va YeOII davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirsa, ikkinchi tomondan Xitoy, Yevropa, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni ham muvozanatli ravishda rivojlantirishga urinmoqda.

YeOII masalasi O‘zbekistonda yillardan beri bahsli mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayrimlar bu integratsiyani katta bozor va mehnat migratsiyasi uchun imkoniyat deb baholasa, boshqalar Rossiya ta’sirining kuchayishi va iqtisodiy qaramlik xavfidan xavotir bildirib keladi.

Birinchi prezident Islom Karimov ham Rossiya boshchiligidagi ayrim integratsiya loyihalari mamlakat siyosiy mustaqilligiga ta’sir qilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Kuzatuvchilar fikricha, Ukraina urushi va G‘arb sanksiyalari sharoitida Moskva uchun Markaziy Osiyo orqali tranzit, logistika va yangi iqtisodiy yo‘nalishlar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Rossiyada yana mehnat muhojirlari mavzusi

Mehnat muhojiri militsiya qo‘lida

Surat manbasi, Getty Images

Rossiyada migrantlar ustidan nazorat yanada kuchaytirilmoqda. Davlat dumasiga ko‘ra, mamlakatga kirgan xorijliklar endi tibbiy ko‘rikdan 90 kun ichida emas, 30 kun ichida o‘tishi shart bo‘ladi.

Yangi qonunga asosan, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga kelgan barcha migrantlar narkotik va psixotrop moddalar iste’moli hamda yuqumli kasalliklar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tadi.

Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin aytishicha, tibbiyot muassasalari tekshiruv natijalarini 24 soat ichida IIV va Rospotrebnadzorga yuborishi shart bo‘ladi. Agar migrantda xavfli yuqumli kasallik aniqlansa, u tezkor tarzda deportatsiya qilinishi mumkin.

Qonun migrantlarning tibbiy ko‘rikdan bo‘yin tovlashi uchun ham javobgarlik joriy qilmoqda. Bunday holatda 50 ming rublgacha jarima va sud qarori bilan mamlakatdan chiqarib yuborish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, xavfli kasalliklar yo‘qligi haqida soxta hujjat tayyorlash yoki tarqatish uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Endi bu kabi qoidabuzarlik uchun 8 yilgacha qamoq va 3 million rublgacha jarima belgilangan.

Bu orada Rossiyada migratsiya sohasidagi davlat bojlarini oshirish bo‘yicha yana bir qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Rossiyadagi yangi cheklovlar Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim masala hisoblanadi. Chunki mintaqada millionlab mehnat muhojirlari Rossiya iqtisodiyotiga bog‘langan.