Bi-bi-si Ukrainadagi Rossiya nazoratidagi "qiynoqxonalar" xodimlari va amaldorlarni fosh etdi

Divanda o‘tirgan Lyudmilaning yaqin plandagi portreti. Uning qo‘ng‘ir rang, iyagicha tushgan sochlari va katta ko‘zoynagi bor. Lyudmila biroz pastga qaragan holda o‘ychan ifoda bilan o‘tiribdi va bir qo‘li bilan iyagini ushlab turibdi.
Surat tagso‘zi, "Bunchalik dahshatli qichqiriqlarni avval hech qachon eshitmaganman", - deydi Lyudmila Izolyatsiya qamoq markazida o‘tkazgan ilk kunlarini eslar ekan.
    • Author, By Tania Kharchenko and Samuel Horti
    • Role, BBC Eye Investigations
  • Published
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Ogohlantirish: Maqolada qiynoqlar va jinsiy zo‘ravonlikka oid og‘ir mazmundagi bayonlar keltirilgan.

2019 yil oktyabr oyining bir tongida uyidan chiqib kelayotgan Lyudmila Guseynovani bir guruh erkak mashinadan sakrab tushib, ushlab olishadi.

Hozir 64 yoshda bo‘lgan Lyudmilaning aytishicha, ular uning sumkasini tortib olib, mashinaning orqa o‘rindig‘iga uloqtirishgan. Shu tariqa, uning ta’biri bilan aytganda, Rossiya 2014 yildan buyon bosib olib turgan Ukraina hududlaridagi maxfiy qamoq tizimidagi "daxshatli tush" boshlangan.

"Hayotimning uch yili va 13 kuni davomida ruhim ham, tanam ham mayib qilindi", - deydi u.

Lyudmilaning so‘zlariga ko‘ra, uni ushlaganlar orasida mahalliy yo‘l-patrul xizmati xodimi bo‘lib ishlagan va keyin Rossiya qo‘llab-quvvatlagan separatistlar tomoniga o‘tgan ukrainalik Yuriy Temerbek ham bo‘lgan.

Hozir 56 yoshda bo‘lgan, turmush qurgan, farzand va nevaralari bor Temerbek, Lyudmilaning aytishicha, oradan ikki hafta o‘tib yana paydo bo‘lgan. Bu safar u dahshatli nom chiqargan qamoqxonada ruscha aksentda so‘zlashuvchi bir erkak Lyudmilani jinsiy zo‘rlashini kuzatib turgan.

BBC World Service surishtiruvi Temerbekning shaxsini aniqladi, shuningdek, mahbuslarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlikda ayblanayotgan yana ikki erkak haqida ma’lumotlarni oshkor etdi. Bu esa Ukraina va xalqaro adliya tizimlari deyarli yetib bora olmaydigan qamoq tizimiga oydinlik kiritadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur erkaklar hozirda Rossiya va Ukrainaning bosib olingan hududlarida oilalari bilan oddiy hayot kechirmoqda. Tirik qolgan jabrlanuvchilar esa ularning shaxsini fosh etishni javobgarlikka tortish sari muhim qadam deb hisoblaydi.

Lyudmilaning ta’kidlashicha, agar u zo‘ravonlikda ayblayotgan shaxslar topilib, qamalmagan taqdirda ham, u uchun adolat - ularning farzandlari o‘z otalarining jinoyatchi va qiynoqqa soluvchi kishilar ekanini bilib yashashlaridir.

Temerbek qora rangli politsiya furajkasi, ko‘k rangli politsiya ko‘ylagi va sariq rangli yorug‘lik qaytaruvchi jiletda tasvirlangan. U kameraga qarab yengil tabassum bilan turgan. Uning yonida qizil futbolka kiygan bir kishi bor, ammo uning yuzi xiralashtirilgan.

Surat manbasi, OK.ru

Surat tagso‘zi, Temerbekning 2013 yili ijtimoiy tarmoqlarga joylangan ushbu suratda yo‘l-patrul xizmati xodimi libosida ekani aks etgan.

Ushbu shaxslar boshqarishga ko‘maklashgan qamoqxonalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (OHChR) tomonidan tinch aholini qiynash va ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish "tizimli va keng ko‘lamli" deb baholangan hibsxonalar tarmog‘ining bir qismidir.

Boshqarmaning bildirishicha, sobiq mahbuslar kaltaklanishlar, elektr toki bilan qiynashlar, qatl qilish sahnasini sahnalashtirish va jinsiy zo‘ravonliklarni tasvirlab berishgan; bunda tinch aholi ko‘pincha asossiz ravishda hibsga olingan, ularning oilalariga esa deyarli hech qanday ma’lumot berilmagan.

Kreml OHChRni g‘arazgo‘ylikda aybladi. Shu yilning may oyida BMT Rossiyani mojaroli hududlarda jinsiy zo‘ravonlik sodir etishda gumon qilinayotgan davlatlarning "qora ro‘yxati"ga kiritdi — Rossiya esa bu ayblovlarni "asossiz yolg‘on" deya rad etdi.

Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, 16 000 dan ortiq tinch aholi vakillari asirga olingan yoki bedarak yo‘qolgan. Ushbu holatlarning ba’zilari Rossiyaning 2022-yildagi Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinidan keyin sodir bo‘lgan bo‘lsa, boshqalari 2014-yilga — Rossiya Ukrainaning janubiy yarimoroli bo‘lmish Qrimni anneksiya qilib, Ukraina sharqining bir qismini egallab olgan va bu xalqaro hamjamiyatning keskin qoralanishiga sabab bo‘lgan davrga borib taqaladi.

O‘sha paytda Lyudmila Donetsk viloyatining Rossiya bilan chegara yaqinida joylashgan Novoazovsk shahridagi parrandachilik fabrikasida xavfsizlik texnikasi bo‘yicha muhandis bo‘lib ishlardi.

Rossiya qo‘llab-quvvatlagan qurolli guruhlar shaharni egallab olishdi va u yerda bir necha yillik harbiylashtirilgan nazorat davri boshlandi.

Lyudmilanig aytishicha, bosqin sharoitida u yetim bolalarga g‘amxo‘rlik qilishga yordam bergan va Ukraina kuchlariga oziq-ovqat yetkazib turgan. Askarlar unga minnatdorchilik so‘zlari yozilgan Ukraina bayrog‘ini sovg‘a qilishgan. Uning ishonishicha, o‘zi ishonchli do‘stlari bilan bo‘lishgan o‘sha bayroqning surati Rossiya qo‘llab-quvvatlagan kuchlarning qo‘liga tushib qolgan: "Meni hibsga olishlariga ehtimol aynan shu sabab bo‘lgandir".

Uning so‘zlariga ko‘ra, u josuslikda ayblanib, "Izolyatsiya"ga - Rossiya qo‘llab-quvvatlagan kuchlar tomonidan egallab olingan, ilgari zavod bo‘lgan va keyinchalik zamonaviy san’at galereyasiga aylantirilgan majmuaga olib ketilgan. Keyinchalik, sobiq mahbuslar tomonidan u yerdagi ko‘plab qiynoqlar haqidagi ma’lumotlar fosh etilgach, bu joy hamma uchun mudhish va dahshatli maskan sifatida tanildi.

Ukrainaning janubi-sharqiy qismi yaqinlashtirilgan xaritasi; unda hozirgi front chizig‘i hamda 2022-yildagi keng ko‘lamli bosqindan oldin Rossiya qo‘llab-quvvatlagan ayirmachilar nazoratida bo‘lgan hududlar ko‘rsatilgan. Unda Novoazovsk (janubiy qirg‘oqda, Rossiya chegarasiga yaqin joyda), Xerson (Ukraina nazorati ostida, lekin front chizig‘iga yaqin) hamda Donetsk viloyatidagi hamon Rossiya harbiy nazorati ostida qolayotgan "Izolyatsiya" belgilangan.

U yerga yetib kelganida, uni bir guruh erkaklar — kimligini o‘zi ham bilmaydi - o‘rab olib, tanasini chimchilay boshlashgan. "Bu shaftoli emas," - deya eslaydi ulardan biri aytgan gapni. "Quritilgan o‘rik ham emas. Bu - mayiz".

Uning eslashicha, mahbuslar ertalab soat 06:00 dan kechki 22:00 gacha tinimsiz tik oyoqda turishga majburlangan, kechalari esa yorug‘ chiroqlar yoqib qo‘yilgan. Dastlabki kunlar boshqa xonalardan kelayotgan azobli faryodlar bilan o‘tganini aytadi: "Men ilgari hech qachon bunday dahshatli qichqiriqlarni eshitmagan edim".

Ikki hafta o‘tgach, uni ikkinchi qavatga olib chiqishgan. U yerda qamoqxonada "Koval" deb chaqiriladigan erkak unga "hordiq chiqarish" uchun keladigan yigitlar uchun "juda qarilik" qilishini aytgan.

Temerbek ham o‘sha yerda bo‘lgan va "piching qilib… kulib turgan", deydi u. So‘ngra, Lyudmilaning aytishicha, Koval unga jinsiy tajovuz qilgan.

U Temerbekning ismini bilishini shunday tushuntiradi: u uning ismini bir hujjatda ko‘rib qolgan va uning ilgari Ukraina militsiyasida ishlagani sababli mahalliy aholiga tanish bo‘lganini eslagan.

Ukraina rasmiylari uni Rossiya qo‘llab-quvvatlagan harbiylashtirilgan tuzilmalar tomonidan tuzilgan Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) Davlat xavfsizligi vazirligida (MGB) ishlaganlikda ayblamoqda.

Ukraina prokurorlari uni "terroristik guruh" a’zosi bo‘lganlikda ayblab jinoiy ish qo‘zg‘atgan — ular Rossiya qo‘llab-quvvatlagan kuchlar bilan hamkorlik qilganlikda gumon qilingan shaxslarga nisbatan ko‘pincha ushbu atamani qo‘llashadi.

Devorlari va poli betondan iborat bo‘m-bo‘sh xona. Unda uchta yog‘och stul va bitta kichik yog‘och stol turibdi, polda esa bir nechta plastik suv idishlari yotibdi.

Surat manbasi, Telegram

Surat tagso‘zi, Internetda anonim tarzda joylashtirilgan suratlar "Izolyatsiya"dagi sharoitlar haqida tasavvur uyg‘otadi

Bi-bi-si Temerbek va zo‘ravonliklarda ayblanayotgan boshqa shaxslar haqida ko‘proq ma’lumot to‘plash maqsadida, ukrainalik ikki nafar ochiq manbalar bo‘yicha tergovchi — Bogdan Kosoxatko va Vladislav Chirik bilan hamkorlik qildi. Ular bu borada Ukrainaning "Truth Hounds" (Haqiqat izquvarlari) tergov tashkiloti bilan birga olib borgan ishlariga tayanib harakat qilishdi.

Mahbuslarning ko‘rsatmalari, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, ommaviy axborot vositalarining xabarlari hamda Ukraina prokurorlarining hujjatlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar jamoamizga umumiy manzarani tiklashga imkon berdi.

Iqtibos

Bi-bi-si bilan hamkorlik qilayotgan tergovchilar Temerbekning universitetda ukrain tilini o‘rganganini hamda uning 20 yoshlardan oshgan bir qizi, bir o‘g‘li va bir nabirasi borligini aniqlashdi. Ular Rossiyaning janubi-g‘arbida, Ukraina bilan chegara yaqinidagi Rostov viloyatida yashayotganga o‘xshaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 2014-yildan avval joylashtirilgan fotosuratda u Ukraina militsiyasi formasida aks etgan bo‘lib, uning ko‘krak nishoni yo‘l-patrul xizmati xodimi bo‘lganini ko‘rsatadi. Biz uning hozirda biror joyda ishlayotgan yoki ishlamayotganini aniqlay olmadik.

Lyudmilanig aytishicha, suratdagi o‘sha erkak uni hibsga olganlar orasida bo‘lgan. U Temerbekni oxirgi marta 2021-yilning oxirlarida ko‘rganini, o‘shanda u uni haqoratlab, Sibirga surgun qilish bilan tahdid qilganini eslaydi.

Biz "Koval"ning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lmadik.

Ukraina hududlari nazorati qanday o‘zgarganini ko‘rsatuvchi to‘rtta xarita. 2022-yil fevralidagi bosqindan oldingi xaritada Qrim Rossiya harbiy nazorati ostida, Donetsk va Luganskning bir qismi esa Rossiya qo‘llab-quvvatlagan ayirmachilar qo‘lida bo‘lgani aks etgan. 2022-yil martidagi xaritada Rossiyaning shiddatli ilgarilashi ko‘rsatilgan bo‘lib, unda shimoli-sharqiy chegara bo‘ylab joylashgan hududlar va Kiev shimoli uning harbiy nazorati ostiga o‘tgan. 2022-yil noyabrigacha Ukraina o‘z yerlarini qaytarib olib, Rossiya kuchlarini shimol va shimoli-sharqdan ortga chekintirgan. 2026-yil iyuliga kelib esa Rossiya Ukraina janubi-sharqidagi front chizig‘ining ayrim qismlari bo‘ylab biroz oldinga siljigan.

Uning aytishicha, "Izolyatsiya"dagi "Yermak" laqabli boshqa bir qorovul bir safar uni tuproq va chiqindi aralashgan xom ovqatni yeyishga majbur qilgan.

"Darhol tupurib tashlagan bo‘lsam-da, ta’mi baribir og‘zimda qolib ketdi. Bu mudhish ta’m bir umrga xotiramga muhrlandi", - deydi u. Hozirgi kunda u pishayotgan ovqat hidiga ham toqati yo‘q, me’yorida ovqatlanish u yoqda tursin, hatto tomog‘idan ovqat o‘tishi qiyin.

U Yermakni hech qachon ko‘rmaganini, chunki qorovullar ko‘pincha uning boshiga qop kiygandirib qo‘yishganini, biroq uning ovozini eshitib qolganini aytadi.

Yana bir safar u Lyudmilanig kamerasiga bostirib kirganini eslaydi: "U: "Sen Ukrainani qo‘llab-quvvatlaysanmi?" deb baqirdi. Men esa: "Men adolat tarafdoriman", deb javob berdim. Shundan keyin u meni ayovsiz kaltaklay boshladi".

Oldilarida katta qadahlar turgan va kameraga qarab "bosh barmoq" (a’lo) ishorasini ko‘rsatib turgan ikki erkak. Chap tomondagi Ruslan Yeryomichev bo‘lib, uning soqoli tekislangan, sochi kalta olingan va egnida och rangli gulli (naqshli) futbolka bor. O‘ng tomondagi erkakning yuzi esa xiralashtirilgan.

Surat manbasi, VK

Surat tagso‘zi, Qamoqxonada "Yermak" deb chaqirilgan Yeryomichev 2020-yil ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ushbu suratda do‘sti bilan.

Bi-bi-si bilan hamkorlik qilayotgan tergovchilar ijtimoiy tarmoqlardan Yermakning xotini va qizi bilan tushgan, oilaviy ta’tillarda hamda do‘stlari bilan o‘tirgan suratlarini (ba’zilari hatto 2024-yilga tegishli) topib berishganidagina, Lyudmila uning yuzini birinchi marta ko‘rdi.

Uning shaxsi Ruslan Yeryomichev ekanini ilk bor "Bellingcat" surishtiruv guruhining jurnalistlari hamda o‘zi ham bir paytlar "Izolyatsiya"da asirlikda bo‘lgan ukrainalik jurnalist Stanislav Aseev aniqlashgan edi. Yeryomichev hozirda 46 yoshda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ko‘ra, u Donetsk milliy universitetida huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan.

Ukraina prokurorlari uni ko‘plab jinoyatlarda, jumladan, harbiy asirlar va tinch aholi vakillariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlikda ayblamoqda.

Uning hali ham "Izolyatsiya"da ishlayotgan yoki ishlamayotgani aniq emas, biroq ijtimoiy tarmoqlardagi postlar u hamon o‘sha hududda yashayotganidan dalolat beradi. Tarmoqlardagi suratlarida u rafiqasi, qizi va do‘stlari davrasida, shuningdek, okkupatsiya qilingan Qrimda ta’tilda bo‘lganini ko‘rish mumkin. Temerbek ham, Yeryomichev ham asli Ukraina fuqarolari bo‘lishgan, keyinchalik esa Rossiya pasportini olishgan.

"Ular mana shunday erkin yurishibdi, istagan joylariga borishlari mumkin", - deydi Lyudmila suratlarga g‘amgin tikilarkan. — "Vaholanki, ular qanchadan-qancha insonlarning umrini, hayotidagi eng qadrli yillarini tortib olishdi".

Ukrainaning ko‘k va sariq rangli bayroqlariga burkangan bir nechta ayollar. Orqa fonda ikki ayol bir-birini quchoqlab turibdi, boshqalari esa jilmaymoqda. Lyudmila o‘ng tomoniga qarab turibdi va chap tomonidagi pushti rangli palto kiygan ayolning qo‘lidan tutgan.

Surat manbasi, Dmytro Smolyenko / Ukrinform/Future Publishing via Getty Images

Surat tagso‘zi, "Yig‘lay olmasligimni, ko‘zlarimda yosh qolmaganini his qildim", — deydi Lyudmila (markazda) 2022-yil oktyabr oyida ozod qilingan lahzalarini xotirlarkan.

Lyudmila 2022-yilda asirlarni almashtirish dasturi doirasida ozod qilingan. Uni vatanida do‘stlari kutib olishdi. "Ular yig‘lab turishardi. Men esa yig‘lay olmasligimni, ko‘zlarimda yosh qolmaganini his qildim", - deydi u.

Hatto hozir ham, uning aytishicha: "Bu hislar, tuyg‘ular — ularning barchasi ichimda hanuz muzlab qolgandek… Ba’zan chin dildan yig‘lagim, baqirgim keladi, lekin buni uddalay olmayman".

U turmush o‘rtog‘i bilan qayta topishdi va ular hozirda Ukraina poytaxti Kievda yashashmoqda. U hibsda bo‘lgan boshqa ayollarni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotni boshqaradi va maxfiy tarmoq yordamida oilalar tomonidan hamon asirlikda qolayotgan yaqinlariga jo‘natmalarni yetkazishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, Bi-bi-si axborot manbalari, tergovchilar va inson huquqlari guruhlari hisobotlarini o‘zaro qiyoslagan holda, ushbu hibsxonalar tarmog‘ining ko‘lamini xaritaga tushirdi.

Biz 2023 va 2025-yillar oralig‘ida okkupatsiya qilingan Ukraina hududida tinch aholi va harbiy asirlar saqlangan 93 ta maskanni aniqladik. Ularning qariyb uchdan bir qismi rasmiy bo‘lmagan joylar bo‘lib, ular soliq idoralaridan tortib, mehmonxonalar va garajlargacha bo‘lgan binolarda joylashgan. Shuningdek, Rossiya hududida yana 102 ta shunday joy aniqlandi. Xalqaro tashkilotlarga u yerlarga erkin kirishga ruxsat berilmagan.

Ukraina prokurorlarining bildirishicha, Rossiyaning 2022-yildagi keng ko‘lamli bosqinidan buyon bunday markazlardan 2000 nafar odam o‘tgan.

Ulardan biri, 42 yoshli dengizchi Oleksiy Sivak Bi-bi-siga bergan intervyusida, Rossiya 2022-yilda Ukrainaning janubidagi Xerson shahrini egallab olganidan keyin hibsga olingan yuzlab tinch aholi vakillari orasida bo‘lganini aytdi. Kremlparast ommaviy axborot vositalari buni "terrorchilarga qarshi kurash amaliyoti" deb atagan edi.

Kalta soqol va mo‘ylovli, kameraning chap tomoniga qarab turgan Oleksiy Sivakning portret surati. U qora kurtka ostidan och ko‘k rangli kapyushonli sviter (xudi) kiyib olgan.
Surat tagso‘zi, Oleksiyning aytishicha, u Xersonda saqlangan hibsxonada uning jinsiy a’zolariga elektr toki yordamida qiynoqlar qo‘llanilgan.

Yuk kemalarida ishlagan Oleksiyning aytishicha, bosqinning dastlabki oylarida u keksalar uchun ovqat tayyorlashga ko‘maklashgan, shuningdek, Rossiya mavjudligiga qarshi bannerlar va varaqalar tayyorlagan: "Qo‘limdan kelganini qildim, qanday qila olsam, shunday qarshilik ko‘rsatdim".

Uning so‘zlariga ko‘ra, u hibsga olinib, Xersondagi sobiq militsiya binosiga olib ketilgan. "U yerda turli buyumlar bilan qiynoqlar bo‘lgan", - deydi u. — "Jinsiy a’zoga elektr toki yuborib qiynashardi".

2022-yil noyabr oyida Ukraina armiyasi Xersonni qayta egalladi. Oleksiyning aytishicha, Rossiya kuchlari qochib ketayotganda ba’zi mahbuslarni o‘zlari bilan olib ketishgan, biroq ularning mashinalarida joy yetmaganligi sababli u qutilib qolgan.

Ukraina prokurorlarining bildirishicha, Xersondagi ushbu hibsxonani ilgari Rossiyaning Omsk shahridagi qamoqxona tizimida ishlagan militsioner Andrey Spivak boshqargan.

Unga nisbatan tinch aholiga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va urush qonun-qoidalarini buzish ayblovlarini qo‘yishgan.

Bi-bi-si bilan hamkorlik qilayotgan tergovchilar uning 40 yoshda ekanini va Omsk viloyatida tug‘ilganini aniqlashdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar uning baliq ovlash, ovchilik va sayohat qilishni yaxshi ko‘rishidan dalolat beradi.

So‘nggi yillardagi fotosuratlarda u Omskka qaytib, Rossiya Ichki ishlar vazirligi tadbirlarida qatnashayotgani aks etgan. Bi-bi-si bilan hamkorlik qilayotgan tergovchilar, shuningdek, uning taksi haydovchisi bo‘lib ishlash uchun o‘z mashinasini ro‘yxatdan o‘tkazganini ham aniqlashdi.

Baland o‘tlar orasida malla va qora rangli itni ushlab o‘tirgan Andrey Spivak. U kamuflyaj uslubidagi dala (ov) kiyimini kiygan, sochi kalta olingan va to‘g‘ri kameraga qarab turibdi.

Surat manbasi, OK.ru

Surat tagso‘zi, Spivakning ijtimoiy tarmoqlardagi fotosuratlari, xuddi 2014-yilga tegishli ushbu surat kabi, uning sayohat qilish va tabiat qo‘ynidagi faoliyatni yaxshi ko‘rishidan dalolat beradi

Bi-bi-si ushbu maqoladagi ayblovlar yuzasidan Temerbek, Yeryomichev va Spivak bilan bog‘lanishga urindi, biroq ular javob berishmadi. Ayblovlar haqidagi so‘rovga javoban, Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi Rossiya "izchil ravishda xalqaro huquq va qonun ustuvorligini hurmat qilish tarafdori bo‘lib kelgani"ni hamda Ukraina mojarosi paytidagi jinoyatlar haqidagi da’volar "hujjatlashtirilayotgani va tekshirilayotgani"ni bildirdi.

Ukraina prokurorlari Rossiya boshqaruvidagi qamoqxonalarda ukrainaliklarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlikda ayblanayotgan o‘nlab shaxslarga nisbatan sud jarayonlarini boshlagan. Ularning oz qismiga sirtdan (o‘zlari ishtirok etmagan sudda) hukm o‘qilgan. Bi-bi-siga ma’lum bo‘lgan yagona amaldagi qamoq jazosi — "Izolyatsiya"ning sobiq rahbari bilan bog‘liq bo‘lib, u 2021-yili Kievda hibsga olingan va 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Ukraina Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu maskan hali ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Rossiyaning 2022-yildagi keng ko‘lamli bosqinidan buyon prokuratura tinch aholiga nisbatan urush bilan bog‘liq 400 dan ortiq jinsiy zo‘ravonlik holatlarini hujjatlashtirgan. Hozirgacha 85 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilingan bo‘lib, ulardan 30 nafariga qamoq jazosi berilgan (aksariyati sirtdan hukm qilingan).

Oleksiy ham, Lyudmila ham mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan jinoyatchilarni javobgarlikka tortishda yordam berishga qaror qilishgan.

"Men uchun adolat — bu qasos degani emas", — deydi Lyudmila. Men uchun adolat — bu ushbu odamlar qilgan ishlarini ataylab, ongli ravishda sodir etganliklari rasman tan olinishi demakdir. Men ularning qonun asosida jazolanishini istayman."