WhatsApp da "sovchilik": OIV yuqtirgan bolalar onalari farzandlari baxtini izlashmoqda

Surat manbasi, Getty Images
Yigirma yil avval Qirg‘izistonning O‘sh shahri, Novqat va Qorasuv tumanlaridagi shifoxonalarda yuzlab bolalar tibbiy xatolar oqibatida OIV (VICh) infektsiyasini yuqtirib olgan edi. O‘sha paytda ular hali go‘dak yoki bog‘cha yoshidagi bolalar bo‘lgan. Bugun esa ular voyaga yetib, mustaqil hayot boshlamoqda, oila qurmoqda va farzand tarbiyalamoqda.
Bu voqea Qirg‘iziston tibbiyoti tarixidagi eng og‘ir fojialardan biri sifatida esda qolgan.
Fojianing og‘ir oqibatlari
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2006–2007 yillarda O‘sh viloyatidagi shifoxonalarda ommaviy tarzda OIV yuqtirilgan 422 nafar boladan 61 nafari vafot etgan.
Ayni paytda 361 nafar jabrlanuvchi shifokorlar nazoratida bo‘lib, davolanishni davom ettirmoqda.
2007–2008 yillarda yuzlab chaqaloqlarga shifoxonalarda turli muolaja orqali OIV infektsiyasi yuqqani aniqlangan edi.
"Bir martalik ishlatiladigan vositalar yetishmagan"
O‘sh viloyati OIV/OITSga qarshi kurash markazi direktori vazifasini bajaruvchi Sabirjon Toshpo‘latovning aytishicha, 2006–2008 yillarda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy yetishmovchiliklar kuzatilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha davrda tibbiy vositalar tanqisligi sabab ba’zi hollarda bir marta ishlatiladigan ignalar qayta-qayta qo‘llangan.
"O‘sh viloyatida, jumladan O‘sh shahrida ham 2006–2008 yillarda shifoxonalarda deyarli epidemiya bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 378 nafar bolaga OIV yuqqan. Bir martalik tibbiy vositalar yetishmagan, tomirga qo‘yiladigan kateterlar uchun ignalar ham taqchil bo‘lgan. Ignalar bir marta emas, bir necha marta ishlatilgan holatlar bo‘lgan. Ana shu kabi yetishmovchiliklar natijasida infektsiya yuqtirish holatlari yuz bergan", deydi Sabirjon Toshpo‘latov.
Hodisadan keyin qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida bir qator tibbiyot xodimlari javobgarlikka tortilgan va shartli jazosiga hukm qilingan.
Ammo oradan o‘tgan yigirma yil davomida fojia qurbonlari nafaqat tirik qolish, balki jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun ham kurashib kelishdi.
"Qizimning to‘yini qilishni orzu qilardim"
O‘shlik Mehrinisoning qizi ham ana shunday yoshlardan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qizi uch yoshida sariq kasalligi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, u OIV infektsiyasini aynan o‘sha davolanish jarayonida yuqtirib olgan.

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Yillar davomida ona qizining kelajagi haqida xavotir bilan yashagan.
"Qizim katta bo‘lganda uni kim qabul qiladi? U ham baxtli oila qura oladimi?" degan savollar meni uzoq vaqt qiynar edi.
Bugun esa Mehriniso boshqa tashvish bilan — qizining to‘yi bilan yuribdi.
Kuyov tomoni qalin berishga va to‘yni barcha urf-odatlari bilan o‘tkazishga tayyor. Ona esa qizini munosib kuzatish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda.
"To‘y harakatini boshlab yubordik. Xudo xohlasa, qudalarim 200 ming som qalin beramiz, deyishyapti. Qizimga sarpo qilib, odatdagidek to‘y bilan kelin qilishadi. Juda xursandman. Ilgari qizim voyaga yetganda taqdiri nima bo‘larkan, deb ko‘p xavotir olardim. Endi esa to‘y tashvishlari bilan yugurib yuribman. Qudamga: paxtaning pulini ham berasiz, dedim. Kecha o‘zim 150 kilogramm paxta tayyorlab qo‘ydim. Kuyov bola esa: "Hech narsa qildirmang, ona, qiz quruq kelaversin", debdi. Axir qizimni hech narsasiz nikohlab jo‘natib yuboramanmi? Yo‘q. Men ham qo‘limdan kelganicha qizimga berganimni beraman", - deydi u.
Onalar yaratgan «Sovchilar» guruhi
Bu hikoyaning eng qiziq jihatlaridan biri, bu farzandlari OIV bilan yashaydigan onalar tomonidan tashkil etilgan WhatsApp guruhi.
"Sovchilar" deb nomlangan bu guruhda o‘g‘li bor onalar kelin, qizi bor onalar esa kuyov qidiradi.
Guruh bir necha yil avval bolalar ulg‘ayib, oila qurish yoshiga yetganida tashkil qilingan. Onalarning aytishicha, bir xil hayotiy tajribaga ega yoshlar bir-birini yaxshiroq tushunadi. Doimiy davolanish zarurati, virus bilan yashash mas’uliyati va jamiyatdagi munosabatlarni ikki tomon ham birdek his qiladi.
Bugunga kelib guruh orqali o‘nlab yoshlar oila qurgan. Ularning ko‘pchiligi farzandli bo‘lgan va farzandlari sog‘lom tug‘ilgan.
Kamsitishlar hali ham saqlanib qolmoqda
OIV bilan yashovchi insonlar bugun ham turli stereotiplar va kamsitishlarga duch kelmoqda.
Ayrim hollarda qizlar sog‘lom yigitlarga turmushga chiqqan, hatto sog‘lom farzand ko‘rgan. Biroq keyinchalik kelinning OIV maqomi ma’lum bo‘lgach, qarindoshlar bosimi tufayli oilalar parchalangan holatlar ham bo‘lgan.
Shu kabi voqealardan keyin onalar farzandlariga o‘zlari kabi taqdirni boshidan kechirgan yoshlar orasidan juft izlashga harakat qila boshlagan.
Davlat yordami va ota-onalarning talablari

2022 yilda qabul qilingan qonunga muvofiq, ushbu fojiadan jabrlangan shaxslarga bir martalik 100 ming som (taqriban 1150 dollar) miqdorida tovon puli to‘langan.
Bundan tashqari, ular har oy taxminan 6,5 ming som (taqriban 75 dollar) nafaqa oladi.
Biroq ota-onalar bu mablag‘ kundalik ehtiyojlar, davolanish xarajatlari va mustaqil hayot boshlayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli emasligini aytishmoqda.
Ularning aytishicha, ayrim onalar bu muammolarni bevosita prezident Sadir Japarovga ham yetkazgan. Ular davlatdan uy-joy, ish bilan ta’minlash va qo‘shimcha ijtimoiy yordam masalalariga e’tibor qaratishni so‘ramoqda.
Mustaqil hayot orzusi
Bugun bu yoshlarning ko‘pchiligi uchun asosiy masala turmush qurish emas, balki mustaqil hayot qurishdir.
Ko‘plari ish topishda qiynaladi. Ayrimlari sog‘lig‘i yoki mavjud cheklovlar sabab chet elga ishlash uchun bora olmaydi.
Shu bois ularning ota-onalari davlatdan imtiyozli ipoteka va uy-joy masalasida yordam kutishmoqda.
Yigirma yil avval shifoxonalarda yuz bergan xatolar ularning taqdirini butunlay o‘zgartirgan edi. Ammo bugun ular oila qurib, farzand tarbiyalab va kelajak uchun rejalar qilib, OIV hayotni to‘xtatib qo‘ymasligini namoyon etmoqda. "Sovchilar" guruhi esa ana shu umid va hayotga ishonchning ramziga aylangan.
Markaziy Osiyoda bolalarga OIV yuqtirilishi bilan bog‘liq yirik hodisalar
O‘shdagi voqea Markaziy Osiyoda tibbiy muassasalar bilan bog‘liq yagona OIV mojarosi emas.
Namangan voqeasi
2008 yilda O‘zbekistonning Namangan viloyatida ham o‘nlab chaqaloqlarga OIV virusi yuqtirilgani haqida ma’lumotlar tarqalgan.
O‘sha paytda mahalliy manbalar kamida 40 nafar bolada virus aniqlanganini bildirgan. Tekshiruvchilar infektsiya qon quyish orqali o‘tganmi yoki shpritslardan yuqqanmi, degan savollarga javob izlagan.
Rasmiy tekshiruvlarga Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar jalb etilgan.
Chimkent fojiasi
2006 yilda Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘nlab bolalarga OIV yuqtirilgani aniqlangan. Jabrlanganlar chaqaloqlardan tortib 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar edi.
Tekshiruv davomida virus qon quyish jarayonida yoki ifloslangan tibbiy jihozlar orqali yuqqani haqida taxminlar ilgari surilgan. Ayrim mutaxassislar infektsiya manbai OIV bilan kasallangan donorlar qoni bo‘lishi mumkinligini ham aytgan.
Mazkur voqea Qozog‘istonda sog‘liqni saqlash tizimiga nisbatan keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan va yuqori lavozimli amaldorlarning javobgarligi masalasini kun tartibiga olib chiqqan.
Sovet hududidagi ilk holatlardan biri
Bunday fojialar sobiq Sovet ittifoqi hududida avval ham kuzatilgan. 1980-yillar oxirida Rossiyaning Elista shahridagi shifoxonada o‘nlab bolalarga OIV yuqtirilgani ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik bu holat tibbiy xavfsizlik talablarini tubdan qayta ko‘rib chiqishga turtki bergan.
Rossiya va Markaziy Osiyoda ro‘y bergan mazkur hodisalar sog‘liqni saqlash tizimida infektsiya nazorati, donor qoni xavfsizligi va tibbiy jihozlardan foydalanish qoidalariga rioya qilish hayotiy ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon qildi.





























