O‘zbekiston: Qumqo‘rg‘onda nima bo‘lgandi va qonun bolalarni qanday himoya qiladi?

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқлар/gazeta.uz
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ota voyaga yetmagan qizini mol tezagini yeyishga majburlagani aks etgan video tarqaldi.
Qizini qiynaganlikda gumonlanayotgan otaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning BBC O‘zbek xizmatiga bildirishicha, gumonlanuvchi qamoqqa olingan.
Voqea zo‘ravonlikka uchragan bolalarning keyingi taqdiri, ularni himoya qilish mexanizmlari va bunday holatlarni ertaroq aniqlash tizimi qanday ishlashi haqida savollarni o‘rtaga chiqargan.
Rasmiy idoralar nima dedi?
Bolalar ombudsmani rasmiy Telegram kanalida e’lon qilgan bayonotida qizning onasi kotibiyatga murojaat qilganini bildirdi. Unga ko‘ra, ayol turmush o‘rtog‘i 2025 yil dekabrda 2016 yilda tug‘ilgan qizini jazolash maqsadida kuch ishlatib, mol tezagini yeyishga majburlaganini ma’lum qilgan.
Bolalar ombudsmani holat bo‘yicha IIVga so‘rov kiritgan.
BBC ayni voqea yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga murojaat qildi. U Surxondaryo viloyati IIBning rasmiy Telegram kanalida e’lon qilingan xabarni yo‘lladi.
Xabarda aytilishicha, 25 iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol IIBga ariza bilan murojaat qilib, 1993 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i Ch.B. voyaga yetmagan qizini qiynaganini ma’lum qilgan.
IIBga ko‘ra, voqea aks etgan video 2025 yil 30 dekabrda olingan va keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
27 iyul kuni Ch.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi "a" bandi, ya’ni voyaga yetmagan shaxsni qiynash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
G‘iyosov BBCga jinoyat ishi bolaning onasi bergan ariza asosida qo‘zg‘atilganini va gumonlanuvchi qamoqqa olinganini bildirdi.
Tergov harakatlari davom etmoqda. Ch.B.ning aybi sud hukmi bilan tasdiqlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi.
Video nimani ko‘rsatadi?
Tarqalgan videodagi suhbatdan qizning peshobini ushlay olmaslik holati haqida so‘z ketayotganini ko‘rish mumkin. Erkak mol tezagini yedirishni bu muammoga qarshi "davo" yoki jazo sifatida qo‘llayotgandek ko‘rinadi. Biroq uning aniq maqsadini videodan ishonchli belgilab bo‘lmaydi.
Erkak qizni og‘zidagini yutishga majburlab, chiqarib tashlasa urishini aytib do‘q qiladi. Qiz yig‘lab, otasidan uni qo‘yib yuborishini qayta-qayta so‘raydi, ammo erkak qiynashda davom etadi. Videoning boshqa qismida u qizini qo‘ylar oldiga bog‘lab qo‘yish bilan ham qo‘rqitadi.
Tasvirda ko‘rinmagan ayol qizini o‘zi ishlab pul topib davolatishini aytadi. Suhbat mazmunidan u bolaning onasi bo‘lishi mumkinligi anglashiladi, ammo ovoz kimga tegishli ekanini videoning o‘zidan tasdiqlab bo‘lmaydi.
BBC qizaloqda qanday tibbiy muammo bo‘lgani va u avval shifokor ko‘rigidan o‘tgan-o‘tmaganini mustaqil ravishda aniqlay olmadi.
Videoda yana bir bola ko‘rinadi
Voqea paytida xonada yana bir voyaga yetmagan qiz bo‘lgan. U piyolada bug‘i chiqib turgan suvni olib kelib otasiga beradi. Erkak katta qizning og‘ziga mol tezagini solganidan keyin piyoladagi suvni uning og‘ziga quyadi.
Videoning yana bir qismida kichik qiz yig‘lab, "Allohim, opamga rahming kelsin", "Opamga shifo ber", deb duo qiladi.
Daryo.uz nashriga ko‘ra, jabrlangan qiz 9 yoshda, videodagi ikkinchi qiz esa uning 7 yoshli singlisi. Nashr piyoladagi suv qaynoq bo‘lganini yozgan.
IIVning rasmiy xabarida ikkinchi bola va suv bilan bog‘liq harakatlar tilga olinmagan.
Bolalar hozir xavfsizmi?
Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, bu masalada voyaga yetmaganlar bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmasi shug‘ullanmoqda. U gumonlanuvchi qamoqqa olingani sababli oila uchun xavf bartaraf etilgani va himoya orderiga hozircha ehtiyoj yo‘qligini aytdi.
Gazeta.uz nashri Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tayanib xabar berishicha, Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi bola va uning oila a’zolariga ijtimoiy xizmatlar hamda ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatgan.
Biroq qanday yordam ko‘rsatilgani, bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganmi va ular uchun alohida himoya rejasi ishlab chiqilganmi yo‘qligi bu aniq emas.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Yetti oydan beri hech kim quloq tutmayotgandi"
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, video 2025 yil 30 dekabrda olingan. Bolaning onasi esa 2026 yil 25 iyulda IIBga ariza bergan. Bu ikki sana o‘rtasida qariyb yetti oy bor.
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov Facebook sahifasida qizning onasi unga yig‘lab audio yuborganini yozdi.
Uning keltirishicha, ayol audioda: "Bizni ham eshitadiganlar bor ekan-ku?! Yetti oydan beri hech kim quloq tutmayotgandi", degan.
Ayol shu vaqt davomida qaysi idoralarga, qachon va necha marta murojaat qilgani ham ma’lum emas.
IIV jinoyat ishi ona bergan ariza asosida qo‘zg‘atilganini bildirdi. Biroq ichki ishlar organlari voqea haqida aynan shu ariza orqali birinchi marta xabar topganmi yoki bundan avval ham ma’lumotga ega bo‘lganmi, degan savolga hozircha ochiq.
Bolalar shu yetti oy davomida kim bilan yashagani, ularning ahvoli maktab, mahalla yoki ijtimoiy xizmatlar tomonidan kuzatilganmi yo‘qligi haqida ham ma’lumot yo‘q.
Qonun bo‘yicha bolaga qanday yordam ko‘rsatiladi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qonun bo‘yicha bolaga qanday yordam ko‘rsatiladi?
Vazirlar Mahkamasining 440-son qaroriga ko‘ra, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning vaziyatini bir kun ichida o‘rganib, uning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf darajasini baholashi kerak.
Zarur holda bolaga himoya orderi berilishi, u xavfsiz joyga joylashtirilishi, unga tibbiy, psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi mumkin.
Qumqo‘rg‘ondagi bolalarning ahvoli shu tartibda baholangani haqida ma’lumot berilmadi.
2026-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyada oilasida qolishi xavfli bolalarni professional tutingan oilalarga yoki kichik ijtimoiy ko‘mak markazlariga joylashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Bu xizmatlar Surxondaryoda hozir ishlayotgani haqida ma’lumot yo‘q.
Mustaqil jurnalistlarga ko‘ra, O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonliklar masalasi kun tartibidan tushgani yo‘q. So‘nggi yillar qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritilganiga qaramasdan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar hamon ro‘y berib kelayotgani aytiladi.
Taniqli blogerlardan Aqida xonimning aytishicha, aksariyat holatlarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik oiladan tashqariga chiqarilmaydi. Aynan shuning uchun mamlakatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilindi, deydi u.
Aqida xonimning aytishicha, "oilada zo‘ravonlikdan bolalar ham jabr ko‘radi".
"O‘zbekistonda zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun shelterlar mavjud. Zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun maxsus reabilitatsiya, himoya markazlariga ehtiyoj bor."
Gazeta.uz Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tayanib xabar berishicha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida anonim xabar berish uchun 1246 qisqa raqami ishga tushirilgan. Koll-markaz hozircha test rejimida ishlamoqda. Agentlik murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishini bildirgan.
Gumonlanuvchiga qanday jazo berilishi mumkin?
Ch.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi "a" bandi, ya’ni voyaga yetmagan shaxsni qiynash bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu moddada:
360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari;
ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash;
yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
jazosi nazarda tutilgan.
Bu ish bo‘yicha sud hali o‘tkazilmagan. Gumonlanuvchining aybdor yoki aybsizligini va aybli deb topilsa, unga qaysi jazo tayinlanishini mahkama hal qiladi.
BBC O‘zbek xizmati mavzu yuzasidan IIV, Bolalar ombudsmani va bolalar psixologiga murojaat qildi. IIV savollarga qisman javob berdi. Bolalar ombudsmani savollarni rasmiy elektron manzilga yuborishni so‘radi, ammo avvalroq yuborilgan elektron xatga maqola tayyorlanayotgan vaqtda javob kelmadi. Psixologlardan ham hozircha javob olganimiz yo‘q.





























