AQShda oraliq saylovlar: Tramp respublikachilar hokimiyatini saqlab qola oladimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Greys Eliza Gudvin
- Role, BBC, AQSh
- Author, Ayon Uells
- Role, Prezident Tramp bilan safarda bo‘lgan Shimoliy Amerika muxbiri
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
AQShdagi siyosiy kuchlar nisbatini belgilab berishi mumkin bo‘lgan oraliq saylovlar arafasida prezident Donald Tramp Kongressdagi respublikachilar nazoratini saqlab qolish maqsadida saylovchilarga so‘nggi murojaatlarini qilmoqda.
Tramp Florida, Ayova va Kanzas shtatlarida saylovoldi mitinglari o‘tkazdi. Bu shtatlarning barchasida u avvalgi saylovlarda g‘alaba qozongan. Prezidentning aynan shu hududlarga tashrifi seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan ovoz berish arafasida respublikachilar ko‘proq himoyalanish pozitsiyasida ekanini ko‘rsatadi.
Narxlar oshib borayotganidan saylovchilarning noroziligi kuchaygan bir paytda Tramp bu xavotirlarni kamaytirishga va e’tiborni demokratlarga qarshi qaratishga urindi. U demokratlar hokimiyatga kelsa, oilalarni "xonavayron qilishi" haqida aytdi.
So‘rovlar demokratlarning Kongressdagi kamida bir palatani nazorat qilish imkoniyati yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Bu esa Tramp vakolatlarini cheklashi va prezidentlik muddatining so‘nggi ikki yilidagi siyosiy vaziyatni o‘zgartirishi mumkin.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Tramp saylovlar oldidan mamlakat bo‘ylab tinimsiz targ‘ibot olib bordi. Hatto ilgari respublikachilarning ishonchli tayanchi deb hisoblangan hududlarda ham saylovchilar bilan uchrashdi.
Dam olish kunlari davomida u Kanzas, Florida va Ayovada mitinglar o‘tkazib, o‘z partiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Shuningdek, Michigan, Ogayo va Pensilvaniya kabi shtatlardagi nomzodlar uchun masofadan turib saylovoldi tadbirlarida qatnashdi.
Avvalgi yillarda Tramp Florida, Ayova va Kanzasda osonlik bilan g‘alaba qozongan. Bu shtatlar uzoq vaqt respublikachilarning ishonchli hududlari hisoblangan. Biroq prezidentning saylovoldi kampaniyasining so‘nggi kunlarida aynan shu shtatlarga tashrif buyurishi Kongress ustidan nazorat uchun kurash naqadar keskinlashganini ko‘rsatadi.
Tramp tarafdorlariga murojaatida mamlakatni tubdan o‘zgartirganini ta’kidladi. Uning aytishicha, demokratlar AQShni "qorong‘u davr"ga olib kirgan, ammo uning rahbarligida mamlakat "tez orada Amerikaning oltin davriga" qadam qo‘ygan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Tramp turmush qiymatining oshib borayotgani uchun tanqidlarga uchramoqda. Erondagi urush boshlanganidan sakkiz oydan ortiq vaqt o‘tib, ayniqsa yoqilg‘i, oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy xizmatlar narxi ko‘tarildi.
Mitinglarda Trampning ikki asosiy maqsadi bordek ko‘rindi: saylovchilar e’tiborini kundalik hayotdagi iqtisodiy muammolardan chalg‘itish va qo‘rquv uyg‘otish orqali respublikachilarga ovoz berishga undash.
Florida va Ayovadagi mitinglarda u savdo va immigratsiya siyosatidagi yutuqlarini ta’kidladi. Demokratlar hokimiyatga kelsa, "chegaralarni ochishi", "oilalarni bankrot qilishi", "qurollaringizni tortib olishi" va "farzandlaringizning jinsini o‘zgartirishi"ni aytdi.
U shuningdek, demokratlarning AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE)ni tanqid qilishi hamda transgenderlar huquqlarini qo‘llab-quvvatlashini aks ettiruvchi videolarni namoyish etdi.
Miting zallarida Tramp tarafdorlari uni olqishlagan bo‘lsa-da, respublikachilar orasida prezidentning siyosiy qarashlari nisbatan mo‘’tadil saylovchilarni jalb qila olishi borasida xavotirlar ham mavjud.
Demokratik partiyaning Vakillar palatasidagi yetakchisi Hokim Jefris dam olish kunlari partiyasi palata ustidan nazoratni qo‘lga kiritishiga "juda ishonchi komil" ekanini bildirdi. Sobiq prezident Barak Obama kabi partiyaning yetakchi namoyandalari ham saylovchilarga so‘nggi murojaatlarini yo‘llashdi.
Garvard universitetining bir nechta so‘rovnoma va tarixiy ma’lumotlarni tahlil qiluvchi prognozlash tizimi demokratlarning Vakillar palatasini qo‘lga kiritish ehtimolini 96 foiz, Senatda g‘alaba qozonish imkoniyatini esa 76 foiz deb baholamoqda.
Shu dam olish kunlari e’lon qilingan NBC News milliy so‘rovnomasiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar Kongressda demokratlar nazoratini 7 foizlik farq bilan afzal ko‘rmoqda. So‘rovda demokratlarni 52 foiz, respublikachilarni esa 45 foiz ishtirokchi qo‘llab-quvvatlagan.
Biroq saylovoldi kampaniyasining so‘nggi tadbirlari bilan bir qatorda, bu dam olish kunlari Michigan shtatidagi Senat saylovida ham kutilmagan o‘zgarish yuz berdi. Bu yerdagi o‘rin uchun kurash juda keskin kechmoqda va hozirda uni demokratlar egallab turibdi.
Demokratik partiyadan Senatga nomzod bo‘lish uchun o‘tkazilgan ichki saylovda Abdul Al-Sayidga yutqazgan amaldagi kongress a’zosi Heyli Stivens yakshanba kuni respublikachilar nomzodi Mayk Rojersni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.
Bu qaror demokratlar orasida keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Respublikachilar, jumladan, Tramp esa uni olqishladi. Prezident Stivensni "juda jasur" deb atadi.
Senat uchun muhim kurash kechayotgan yana bir shtat — Alyaskada esa yakshanba kuni sudya Tramp ma’muriyatining saylov natijalarini rasman tasdiqlashni kechiktirishga urinishini rad etdi.
Ma’muriyat respublikachilardan bo‘lgan amaldagi senator nomzodi mag‘lub bo‘lgan taqdirda, byulletenda ismlari bir xil bo‘lgan ikki nomzod ishtirok etganini bahona qilib, natijalar tasdig‘ini kechiktirmoqchi edi.
Saylovoldi davrida Tramp va uning ma’muriyati ovoz berish jarayonining ishonchliligi va xavfsizligiga bir necha bor shubha bildirgan. Buning uchun jiddiy asoslar bo‘lmasa-da, AQShda saylov natijalarini soxtalashtirish holatlari juda kam uchraydi.
Adliya vazirligi bir necha shtatda saylov jarayoni bo‘yicha tekshiruvlar boshladi yoki ayrim ovozlarni hisobga olmaslikni talab qildi.
Tramp uchun bu saylovlardagi natijalar juda muhim. Chunki oraliq saylovlar amerikaliklarning prezident faoliyatidan qanchalik mamnun ekanini ko‘rsatuvchi siyosiy mezon sifatida qaraladi.
Odatda oraliq saylovlarda Oq uyni nazorat qilayotgan partiya Kongressdagi o‘rinlarining bir qismini muxolifatga boy beradi. Bu esa Trampning Respublikachilar partiyasi uchun yo‘qotish xavfi yuqori ekanini anglatadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Hozirda respublikachilar Vakillar palatasi va Senatda ozgina ustunlikka ega. Ular Kongressdagi ko‘pchilik maqomini boy berishni istamaydi. Chunki hatto bir necha o‘rinni yo‘qotish ham qonunlar qabul qilish va davlat siyosatini belgilash imkoniyatlarini cheklaydi.
Demokratlar esa respublikachilardan nazoratni tortib olishga intilmoqda. Kongressda ko‘pchilikka ega bo‘lish ularga Tramp kun tartibiga qarshi turish, ma’muriyati faoliyatini tekshirish vakolatlarini qo‘lga kiritish va 2028 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan AQSh kelajagi haqidagi o‘z qarashlarini namoyish etish imkonini beradi.
Siyosatchilar uchun bu kurash hokimiyatni qo‘lga kiritish yoki uni saqlab qolish masalasidir. Ammo ular qabul qiladigan qarorlarning oqibatini oddiy amerikaliklar his qiladi.
Shahar, shtat va federal darajada kimning saylanishi saylovchilarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bunga yoqilg‘i narxi, inflyatsiya va oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi, tibbiy xizmatlar va abort imkoniyatlaridan foydalanish, daromad va mol-mulk soliqlari, shuningdek, immigratsiya siyosati kiradi.






























