Koinotda urush bo‘lsa, Rossiya yutadimi? AQSh orbitaga qanday qurol chiqardi?

Ilyustrativ surat

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ilyustrativ surat
    • Author, Robert Grinall
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

AQSh Yer orbitasiga koinotda foydalanish uchun mo‘ljallangan qurol joylashtirganini ma’lum qildi. Bu esa koinotda aslida qanday qurollar borligi va ular buyuk davlatlarning koinotda ustunlik uchun kurashida qanday rol o‘ynashi mumkinligi haqida savollarni paydo qildi.

Vashington o‘z bayonotida bu haqda ko‘p ma’lumot bermadi. AQSh Havo kuchlari vaziri Troy Maynk "orbitada" joylashtirilgan qurol AQSh harbiylarini dushmanning ehtimoliy hujumlaridan himoya qilish uchun zarur bo‘lganini aytdi. Ammo u qurolning imkoniyatlari yoki qachon orbitaga chiqarilgani haqida ma’lumot bermadi.

Xo‘sh, bu qanday qurol bo‘lishi mumkin va koinotda harbiy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha vaziyat qanday? Boshqa davlatlarda ham shunga o‘xshash qurollar bormi?

Koinot erasi boshlanganidan beri u harbiylashtirilgan makon bo‘lib kelgan. 1960 yillarning oxirida Sovet Ittifoqi koinotga qurol joylashtirgan.

"Istrebitel Sputnikov" ("Yo‘ldosh qiruvchi") dasturi boshqa, odatda Amerikaga tegishli yo‘ldoshlar yo‘liga chiqarib, portlatilishi va ularga snaryad parchasi sochishi mumkin bo‘lgan snaryadlarni olib yuradigan yo‘ldoshlardan iborat edi.

Bugungi kunda ilg‘or harbiy salohiyatga ega davlatlar koinotda turli maqsadlarda yo‘ldoshlardan foydalanadi. Ular orasida razvedka, maxfiy aloqa, raketa uchirilishini aniqlash va nishonga olingan zarbalar uchun aniq joylashuv ma’lumotlarini ta’minlash bor.

Urushlar tobora yuqori texnologiyalarga tayanayotgani sababli, tahlilchilar koinotda harbiy texnikalardan foydalanish yanada ko‘payishini kutmoqda.

Ilyustratsiya

Surat manbasi, Getty Images

Qirollik Birlashgan Harbiy-tadqiqotlar instituti (RUSI) harbiy fanlar bo‘yicha ilmiy xodimi va Darem universiteti astrosiyosat bo‘yicha dotsenti doktor Bleddin Bouen AQSh e’lon qilgan qurol haqida faqat taxmin qilish mumkinligini aytadi.

"Menimcha, bu qandaydir elektron urush yoki radioaloqani to‘sish platformasi bo‘lishi mumkin. Ehtimol, bu vayron qilmaydigan turdagi yo‘ldoshlarga qarshi quroldir", — dedi u BBC Radio 4'ning "Today" dasturiga.

Bunday qurollar Yerda allaqachon mavjud va ular yo‘ldosh aloqasini izdan chiqarishi mumkin, dedi u.

"Agar radioaloqa kanallarini ishdan chiqarsangiz, yo‘ldoshingiz juda kam foyda beradigan qurilmaga aylanadi", — dedi Bouen.

U, shuningdek, yanada xavfli va vayronkor qurol turini ham istisno qilmadi. Bunday qurollar koinotda chiqindilar va vayronagarchilik paydo qilishi mumkin.

"Ehtimoli kamroq variant — qandaydir kinetik yo‘q qiluvchi qurilma. Ya’ni yo‘ldoshga urilib, uni yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan snaryadni chiqaradigan qurilma", — dedi u.

"Yaqindan kuzatish va ushlashga mo‘ljallangan yo‘ldosh ham yana bir ehtimoliy variant".

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Rossiya va Xitoy kabi raqib davlatlarda ham shunga o‘xshash qurollar orbitada bor-yo‘qligini aniq aytish qiyin.

"Xitoy va Rossiyaga qaraydigan bo‘lsak, har ikki davlat ham bunday faoliyatni namoyish etgan", — dedi RUSI'ning sobiq ilmiy xodimi, Germaniyaning Xalqaro va xavfsizlik masalalari instituti tadqiqotchisi Juliana Zyuss Bi-bi-siga.

"Masalan, Rossiya bo‘yicha biz birga orbitada harakatlanuvchi qurol sinovi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi faoliyatni kuzatganmiz. Ya’ni ular orbitada snaryadni sinov tariqasida otgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadigan holatni ko‘rdik.

"Bunday qurilmalardan boshqalari ham bor. Ammo Amerika quroli nima ekanini aniq bilmas ekanmiz, ularni bir-biri bilan solishtirish qiyin".

Ammo orbitaga joylashtirilgan qurol g‘ayrioddiy bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, AQSh, shuningdek uning Rossiya va Xitoydagi raqiblari, koinotdagi nishonlarga qarata otish mumkin bo‘lgan qurollarga anchadan beri ega.

Keyinroq Bi-bi-siga bergan intervyusida Bouen Xitoyning AQSh bayonotiga munosabatini tanqid qildi. Xitoy koinotda qurollanish poygasidan ogohlantirgan edi.

Bouen buni "qozon qora degan qumg‘on"ga o‘xshatdi.

"Agar siz bu sohaning mutaxassisi bo‘lsangiz, Rossiya va Xitoy hukumatlaridan kelayotgan bu so‘zlar qanchalik asossiz ekanini bilasiz", — dedi u.

"Qo‘shma Shtatlar, Rossiya, Xitoy va shuningdek Hindiston yo‘ldoshlarga qarshi yoki koinotdagi harbiy harakatlarga mo‘ljallangan turli xil qurollarni ishlab chiqqan. Rossiya va Xitoy esa koinotga katta qurollanish salohiyatiga ega bo‘lgan ko‘plab texnologiyalarni chiqargan", — dedi u.

Aslida, so‘nggi 10 yilda Rossiya va Xitoy koinotda "uchrashuv va yaqinlashish operatsiyalari" (RPO) deb ataladigan manyovrlarni ancha ko‘p amalga oshirmoqda. Ular G‘arb yo‘ldoshlariga yaqinlashib, ularni "ta’qib qilmoqda".

"Nazariy jihatdan, bunday RPO yo‘ldoshlari ular bilan jismonan to‘qnashishi yoki ularni orbitadan chiqarib yuborishi orqali "ovchi-qiruvchi yo‘ldoshlar"ga aylanishi mumkin", — dedi London Kings kolleji Rossiya mudofaa va xavfsizligi bo‘yicha tadqiqotchisi doktor Rod Tornton Bi-bi-siga.

Bouenning aytishicha, xitoyliklar "koinotda tortish qobiliyati"ni ham namoyish etgan.

"Qurilma biror yo‘ldoshga yaqinlashib, uni ushlashi va boshqa orbitaga ko‘chirishi mumkin", — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, bu ijobiy maqsadda ham qo‘llanishi mumkin — masalan, koinot chiqindilarini tozalash uchun. Shu bilan birga, ishlab turgan yo‘ldoshlarni ishdan chiqarish uchun ham foydalanish mumkin.

Biroq koinotdagi ayrim qurol turlari juda katta miqdorda chiqindi paydo qilish xavfiga ega.

Kings kollejida koinot xavfsizligi va uning qurollantirilishi bo‘yicha mutaxassis doktor Mark Hilbornning aytishicha, Xitoy 2007 yilda o‘tkazgan kabi, Yerdan turib yo‘ldoshga qarshi raketa sinovlari orbitada juda ko‘p miqdorda chiqindi qoldiradi va ular uzoq vaqt davomida saqlanib qolishi mumkin.

Syussning aytishicha, o‘sha sinovdan qolgan chiqindilar hali ham orbitada va hanuz xavfli.

"Zarar yetkazish uchun ulkan metall bo‘lagi shart emas. Orbitadagi tezlikni hisobga olsak, juda kichik plastik bo‘lagi ham zarar yetkazishi mumkin", — dedi u.

Yadroviy tahdid

Torntonning aytishicha, Rossiya koinotdagi qurollar va yo‘ldoshlar soni bo‘yicha kamchiliklarini raketa salohiyati bilan qoplaydi.

"Rossiyaliklar... Yerdan uchirilib, quyi Yer orbitasidagi yo‘ldoshlarni nishonga olishi mumkin bo‘lgan raketalarga ega. Shuningdek, ular samolyotdan katta balandlikda uchirilishi mumkin bo‘lgan ASAT — havodan yo‘ldoshga qarshi raketalarga ham ega", — dedi u.

"Rossiya nuqtai nazaridan qaraganda, NATOda Rossiya harbiylari foydalana oladigan yo‘ldoshlarga qaraganda ancha ko‘p va yaxshiroq yo‘ldoshlar bor. Shuning uchun Rossiya ASAT qurollariga katta sarmoya kiritdi. Bu ma’lum ma’noda "jang maydonidagi muvozanatni tenglashtirish" uchun qilinmoqda."

Tornton yanada jiddiy bir fikrni bildirdi:

"Eng so‘nggi chora sifatida Rossiya yadroviy qurollarni ham koinotga chiqarishi mumkin. Yadroviy portlash natijasidagi elektromagnit impuls keng hududdagi himoyalanmagan yo‘ldoshlarni ishdan chiqarishi mumkin."

Xo‘sh, koinotda yadroviy mojaro ehtimoli qanchalik yuqori?

Faqat Yerda ham yadroviy mojaro yuz bersa, shunday extimol bor.

"Koinotda sodir bo‘ladigan voqealarni, aslida, alohida holda tasavvur qilish qiyin", — dedi Bouen.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Koinotda foydalanish uchun mo‘ljallangan qurollar shunchadan beri mavjud ekan, nega AQSh aynan hozir bu haqda e’lon qildi?

Mutaxassislar buni katta texnologik yangilikdan ko‘ra ko‘proq siyosiy signal sifatida baholamoqda.

Bouen bu Xitoydagi harbiy-texnologik rivojlanishlarga javob bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Xitoy so‘nggi 30 yil davomida o‘z harbiy kuchlarini modernizatsiya qildi", — dedi u.

"U koinotga ancha ko‘p harbiy yo‘ldoshlarni chiqardi va Amerika harbiylari uchun nishon sifatida ko‘rib chiqish va zarba berish mumkin bo‘lgan ob’ektlar sonini ko‘paytirdi".

"Hozir Amerika uchun koinotda qurollarga ega bo‘lishga rag‘bat ancha yuqori. Chunki Xitoy ham amerikaliklar kabi koinot infratuzilmasiga qaram va shu sababli uning zaif nuqtalari ko‘p".

Bu holat koinotdagi kuchlar o‘rtasida qiziq bir nomutanosiblikni yuzaga keltirgan ko‘rinadi.

Torntonning aytishicha, koinotda har qanday urush chiqsa ham Rossiya "katta yutuq" holatida bo‘lishi mumkin, chunki uning Xitoy va AQShga qaraganda yo‘ldoshlari juda kam.

Uning ta’kidlashicha, bunday urushda "koinotga otilgan raketalar, yo‘ldoshlarni urib yoki yo‘q qilishga mo‘ljallangan harakatlanuvchi yo‘ldoshlar va Yerda joylashgan lazerlar" ishtirok etishi mumkin.