Nihoyat balkonlaridan choy uzatsa bo‘ladigan domlar qurilishi to‘xtaydimi?

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Qariyb 10 yil oldin Prezident Shavkat Mirziyoyev aholisi ko‘payib borayotgan O‘zbekistonning o‘tkir muammolaridan birini hal etishga bel bog‘ladi.
Uzoq yillar davlat e’tiboridan chetda qolib kelgan aholini uy-joyli qilish masalasiga ham hukumat, ham xususiy quruvchilarni jalb qilish qarori olindi.
Ammo Prezident Mirziyoyev boshlagan boshqa qator sohalar islohotida kuzatilganidek, uy-joylarni ko‘paytirish ham yangi mushkulliklarga duch keldi.
Bular - qurilishdagi sifat, shaharsozlik talablariga rioya qilish, mahalliy amaldorlarning ta’magirligi va boshqalar.
Oqibatda ko‘p qavatli uylarning soni ortdi, yangi binolarning O‘zbekistondek seysmoaktiv hududda zilzilaga qanchalar bardoshli ekani savollari paydo bo‘ldi, ilgari ko‘p qavatli uylar atrofida bo‘lishi shart deb talab qilingan yashil maydonchalar kamayib ketdi, Bi-bi-sining tahliliy dasturlaridan birida taniqli jurnalist, yozuvchi Karimberdi To‘ramurod ta’riflaganidek, oltinchi qavatdagi balkondan choy uzatsa bo‘ladigan "dom"lar qurildi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bu domlar qurilishga qurildi, endi kanalizatsiya tizimiga, qatorlashib ketgan domlarga elektr quvvati uzatadigan transformatorlarga bosimlar qanchalar ko‘paydi, bu bosimlarga quvurlar va transformatorlar dosh beroladimi, degan savollarga javob beradigan mard topilmaydigan vaziyat yuzaga keldi.
Xususiy qurilish tashkilotlari odamlarning pullarini olib, sifatsiz uy bergan yoki umuman qurilish qilmagani holatlari aniqlandi.
Nihoyat O‘zbekiston Senati "qurilishlar ustidan nazoratni kuchaytirmasa bo‘lmaydi" degan qarorga keldi, chunki shu kecha-kunduzda ham shaharning yaxshi joyida yuqorida tilga olingan talablarni rad etib dom qurib, mo‘may daromad topishni xohlayotgan ustamonlar topilayapti, odamlar hamon domlari yonida yangi dom qurish rejasiga norozilik bildirib chiqayotganlari xabarlari tarqayapti.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Senat yangi qonunni qabul qildi.
U "Qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun deb nomlanadi.
Qonun muhokamasida senator Kobul Tursunov aytishicha, Senat tomonidan 2017 yildan keyin qurilgan va 2025 yilda qurilishi rejalashtirilgan 11 yarim mingdan ziyod ko‘p qavatli uyning seysmo bardoshliligi o‘rganilgan.
"O‘rganish natijasida 3107 ta uy-joyning loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tmagani, ular o‘rniga xususiy ekspertiza o‘tkazilgani aniqlandi. Shuningdek, 1434 ta ob’ekt Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasida ro‘yxatdan o‘tmagani, 185 ta uyga noqonuniy qo‘shimcha qavatlar qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi», — dedi senator Tursunov.
Shu munosabat bilan ko‘p qavatli uylarni qurilish inspektsiyasi ruxsatisiz qurgan fuqaro va mansabdorlarga jazoni kuchaytirishga qaror qilindi.

Endi O‘zbekistonda qurilish ustidan nazorat kuchaytiriladigan bo‘ldi.
Shu vaqtgacha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tasarrufida bo‘lgan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi deb nomlangan tizim to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradigan qilindi.
Bundan keyin O‘zbekistonda seysmik faol hududlarda qurilishi rejalashtirilgan binolar va inshootlar, shuningdek, ko‘p qavatli turar joylar uchun ularning seysmik zaifligini baholashga zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron texnik pasportlar shakllantiriladi.
O‘zbekistonda yangi yotqizilgan asfalt yo‘l asfalti erib ketayotgani, yangi qurilgan yo‘l o‘tkazgich devori qulab tushishi, yer usti metrosi ko‘p vaqt o‘tmasdan yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qolishi yangilik emas, senatorlar yangi tartiblar qattiqlashtirilishi bilan qurilish sifati yaxshilanishiga umid qilayaptilar.
Qurilishga taalluqli qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar Prezident Mirziyoyev imzolaganidan keyin kuchga kiradi.





























