Qirg‘izistonda Tashievga davlat to‘ntarishi uyushtirish ayblovi qo‘yildi

Tashiev ko‘k kostyumda, Qirg‘iziston bayrog‘i fonida stol ortida o‘tiribdi.

Surat manbasi, KYRGYZSTAN STATE COMMITTEE FOR NATIONAL SECURITY

Surat tagso‘zi, Qamchibek Tashiev 30 yanvar kuni Bishkekdagi universitet vasiylik kengashi yig‘ilishida, hali MXDQ rahbari bo‘lib turgan vaqtida...
    • Author, Aysыmbat Tokoeva
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashievga Jinoyat kodeksining ikki moddasi bilan ayblov qo‘yildi. U prezident Sadir Japarovning do‘sti va eng yaqin hamkori edi, ammo oxirgi uch oyda lavozimidan chetlatilib, jinoyat ishi figurantiga aylandi.

Tashievga hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovi qo‘yilgani haqida uning advokati Ikramidin Aytkulov Bi-bi-siga ma’lum qildi.

Siyosatchi hozircha mamlakatdan chiqmaslik haqida tilxat bilan yuribdi. Ishni Ichki ishlar vazirligi tergov qilmoqda.

29 aprel kuni Tashiev ikki marta tergovga chaqirilgan. Ikkinchi so‘roqdan keyin, kechasi, unga rasman ayblov qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

Tashiev o‘zini aybsiz deb hisoblaydi va sud adolatli qaror chiqaradi, deb ishonmoqda. U tarafdorlarini qonun doirasida harakat qilishga chaqirdi.

"Menda bu jinoyat ishida o‘zimni to‘liq himoya qilish imkoniyati bor. Men aybsizman va, xudo xohlasa, oqlanaman. Aybdor jazolanadi, aybsiz esa oqlanadi, chunki davlatimiz rahbari mamlakatimizda adolatli sud tizimini yaratish uchun harakat qildi", - deb yozdi siyosatchi o‘zining Facebook sahifasida.

57 yoshli Qamchibek Tashiev Japarovning o‘n yildan ortiq yaqin hamkori bo‘lgan. 2020 yil oktyabrda Japarov hokimiyatga kelgach, Tashiev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining raisi va bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Avvalgi prezidentlar davrida Tashiev va Japarov muxolifatda bo‘lishgan. 2010-yillarda har ikki siyosatchi davlat hokimiyatini egallashga urinish ishi bo‘yicha tergovga jalb qilingan va sud jarayonlari davomida qamoqda bo‘lishgan.

25 aprel kuni deputat Elvira Surabaldieva jurnalistlarga Tashievning ishdan olinishi davlat to‘ntarishiga urinish bilan bog‘liqligini aytgan.

"Prezident - saxovatli inson. [...] Prezident hozir juda qiyin ahvolda, chunki uning ko‘p yillik va yaqin do‘sti uni lavozimidan chetlatishga urinib ko‘rdi. Balki aynan shu holat Tashievning ishdan bo‘shashining asosiy sababi bo‘lgan", - degan deputat.

Uning so‘zlari jamoatchilikda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim qirg‘izistonliklar prezidentga yaqinlik jinoyat ishidan qutulib qolish imkoniyatini berishi mumkinligiga g‘azablanishdi. Chunki, ayni damda ommaviy tartibsizliklarni tashkil etganlikda ayblanib, o‘nlab fuqarolar - faollar, jurnalistlar va hukumat tanqidchilari qamoqda o‘tiribdi.

Davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lganmi?

Qirg‘iziston Oliy sudi Konstitutsiya palatasi tushuntirishicha, keyingi prezidentlik saylovi 2027 yil yanvarda o‘tkazilishi kerak. Shu vaqtda Japarovning birinchi muddati tugaydi, yangilangan Konstitutsiya unga yana bir marta nomzodini qo‘yish imkonini beradi.

Xalqaro Respublika instituti (IRI) o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, oxirgi yillarda Tashievning reytingi 14%dan 22%gacha o‘sgan, prezident Japarovga ishonch darajasi esa 35–38% atrofida saqlanib qolgan.

Rasman mamlakatda prezidentlik poygasi hali boshlanmagan, ammo bir guruh siyosatchilar muddatidan oldin saylov o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishgan.

9 fevral kuni, Tashiev ishdan bo‘shatilishidan bir kun oldin, Japarov va parlamentning o‘sha paytdagi spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘liga "tez orada yangi prezident saylovini o‘tkazishni boshlash" haqida murojaat kelib tushgan. U qog‘ozni imzolagan 75 kishi orasida sobiq bosh vazirlar, eks-deputatlar va jamoat arboblari bor edi.

Shundan keyin Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish bo‘yicha jinoyat ishini ochgan. Murojaatni imzolagan bir nechta kishi hibsga olindi. Keyinchalik ularning ayrimlariga davlat hokimiyatini zo‘rlik bilan egallashga urinish ayblovi ham qo‘yildi.

Tashievning advokati Ikramidin Aytkulovning aytishicha, mijoziga ushbu murojaat mualliflari bilan aloqasi bor, degan ayblov qo‘yilgan. Shu ish doirasida sobiq xavfsizlik rahbari figurant sifatida tergovga jalb qilingan.

Prezident Japarov esa o‘z navbatida, Tashievning atrofidagi oqsoqollar uni va boshqa yuqori lavozimdagi amaldorlarni adashtirganini, ularni "general tomoniga o‘tishga" chaqirganini aytdgan (Tashiev 2024 yilda Japarov farmoni bilan general-polkovnik unvonini olgan).

"Agar men uni ishdan bo‘shatmaganimda, [...] bu chaqiriqlar davlat tuzilmalari va jamiyatda bo‘linishga, hatto mojarolarga olib kelardi. Shuning uchun men do‘stimni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldim. Davlatdagi barqarorlik men uchun hamma narsadan ustun", - deya tushindirgan prezident.

Sadir Japarov (chapda) MXDQ Harbiy-tibbiy xizmati binosining ochilishida Qamchibek Tashiev bilan qo‘l berib ko‘rishmoqda, 2026 yil yanvar.

Surat manbasi, KYRGYZSTAN STATE COMMITTEE FOR NATIONAL SECURITY

Surat tagso‘zi, Sadir Japarov (chapda) MXDQ Harbiy-tibbiy xizmati binosining ochilishida Qamchibek Tashiev bilan qo‘l berib ko‘rishmoqda, 2026 yil yanvar

Tashiev oilasiga qarshi jinoyat ishi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimida turgan paytda Qamchibek Tashiev xalq orasida korruptsiyaga qarshi kurashchi sifatida tanilgan. Uning boshqaruvi davrida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi o‘nlab korruptsiya ishlarini ochdi va yuqori lavozimdagi amaldorlarni jinoiy javobgarlikka tortdi.

Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi mamlakatda "qusturizatsiya" kampaniyasini o‘tkazdi, ya’ni korruptsiya yoki soliq to‘lamaslik ishlari bo‘yicha davlatga pullarni qaytarish jarayoni. Tashievning aytishicha, besh yil davomida bu kampaniya orqali davlat byudjeti 300 milliard som (34 million dollar)ga to‘ldirilgan.

Biroq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarligidan chetlatilgandan keyin Tashievning oilasi o‘zi korruptsiya mojarosi markaziga aylandi. Soliq xizmati uning qarindoshlarini "Qirg‘izneftegaz" davlat kompaniyasi orqali yoqilg‘i sotishda davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda aybladi.

Mart oyi o‘rtasida siyosatchining jiyani Bayg‘ozi Matisakov korruptsiya ishi bo‘yicha hibsga olindi. U boshqargan kompaniya tergov versiyasiga ko‘ra, "Qirg‘izneftegaz"dan yoqilg‘ini qimmat narxda qayta sotgan.

Davlatga yetkazilgan zarar 4,1 milliard somdan (46 million dollar) ortiq deb baholandi. Matisakov "Qirg‘izneftegaz"ning sobiq top-menejerlari va boshqa kompaniya rahbarlari bilan birga hibsga olindi.

Bir necha haftadan keyin, 1 aprel kuni, Tashievning ukasi, parlamentning eks-deputati Shairbek Tashiev ham ushbu ish bo‘yicha ayblandi. U 16 maygacha qamoqda qoldirildi. Qamalgan siyosatchi, Tashievning boshqa qarindoshlari kabi, qo‘yilgan ayblovlarga rozi emasligini bildirgan.