Sun’iy intellekt bizni aqliy dangasa qilib qo‘yishi mumkin – ekspertlar nega xavotirda?

Shifoxona karovatida yotgan ayol boshiga bir necha elektrodlar va simlar ulangan.

Surat manbasi, yacobchuk/Getty

Surat tagso‘zi, Massachusets Texnologiya instituti tadqiqotchilari generativ sun’iy idrokdan foydalanadigan insonlar miyasidagi faollikni kuzatish uchun elektroentsefalografiyani ishga soldilar.
    • Author, Jorj Sandeman
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Sun’iy intellekt chatbotidan oxirgi marta nimani so‘raganingizni eslaysizmi?

Ehtimol, murakkab masala yuzasidan yozayotgan inshongiz tuzilishini, katta ma’lumotlar to‘plamini chuqur tahlil qilishni yoki motivatsion xatingiz ish tavsifiga mos kelishini tekshirishni so‘ragandirsiz.

Ba’zi mutaxassislar bunday vazifalarni sun’iy intellektga topshirish miyamizni dangasa qilib qo‘yishi, hatto tanqidiy fikrlash va muammolarni hal qilish ko‘nikmalarimizga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirda.

Shu yil boshida Massachusets Texnologiya instituti (MIT) o‘tkazgan tadqiqot ko‘rsatdiki, ChatGPT yordamida insho yozgan odamlarning kognitiv ko‘nikmalar bilan bog‘liq miya qismlarida faollik pasaygan.

Chatbotlardan foydalangan ishtirokchilar o‘z insholaridan iqtibos keltirishda chatbotdan foydalanmaganlarga qaraganda ko‘proq qiynalgan.

Tadqiqotchilar mazkur natijalar odamlarda "o‘rganish ko‘nikmalari pasayishi ehtimolini tadqiq etish muhimligini ko‘rsatadi" deb ta’kidlashdi.

Tadqiqotda qatnashgan 54 nafar ishtirokchining barchasi MIT va atrofdagi universitetlardan jalb qilingan. Ularning miya faoliyati elektroentsefalografiya (EEG) usuli bilan o‘rganilgan, bunda bosh terisiga elektrodlar joylashtirilgan.

Ishtirokchilar sun’iy intellektdan insho savollarini umumlashtirish, manbalarni topish, grammatika va uslubni yaxshilash kabi maqsadlarda foydalangan.

Shuningdek, g‘oyalarni yaratish va ifodalash uchun ham qo‘llanilgan, ammo ba’zi foydalanuvchilar sun’iy intellektning bu boradagi qobiliyati uncha yuqori emasligini aytishdi.

"Sun’iy intellekt javob topishni haddan tashqari osonlashtiradi"

Boshqa bir tadqiqotda Karnegi Mellon universiteti va Copilot tizimini boshqaradigan Microsoft kompaniyasi odamlar sun’iy intellektga haddan tashqari bog‘lanib qolsa, ularning muammoni hal qilish qobiliyati pasayishi mumkinligini aniqladi.

Ular haftada kamida bir marta ishda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadigan 319 nafar "oq yoqali" xodim o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ularning tanqidiy fikrlash usullarini o‘rganishdi.

Sun’iy intellektga berilgan 900 ta vazifa namunasi tahlil qilindi. Bu vazifalar yangi ma’lumotlar olish uchun tahlil o‘tkazishdan tortib, ish ma’lum talablarga javob berishini tekshirishgacha bo‘lgan turli topshiriqlarni o‘z ichiga olgan.

iqtibos

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellektning vazifani bajara olishiga bo‘lgan ishonch qanchalik yuqori bo‘lsa, tanqidiy fikrlash darajasi shunchalik past bo‘lgan.

"Generativ sun’iy intellekt xodimlar samaradorligini oshirishi mumkin, biroq u ishga tanqidiy yondashuvni susaytirishi va uzoq muddatda vositaga haddan ortiq bog‘lanib qolish hamda muammolarni mustaqil hal qilish ko‘nikmalari pasayishiga olib kelishi mumkin."

Buyuk Britaniyadagi maktab o‘quvchilari orasida o‘tkazilib, Oksford universiteti nashriyoti (OUP) ) tomonidan o‘tgan yil oktyabr oyida nashr etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, har o‘nta o‘quvchidan oltitasi sun’iy intellekt ularning o‘qishdagi ko‘nikmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlashgan. .

Xo‘sh, sun’iy intellektdan foydalanish keng tarqalishi bizning kognitiv ko‘nikmalarimizni pasaytirishi mumkinmi?

Maktab sinfxonasi. Doska oldida o‘qituvchi va savolga javob berish uchun qo‘llarini ko‘tarayotgan o‘quvchilar

Surat manbasi, Klaus Vedfelt/Getty

Surat tagso‘zi, Har o‘n o‘quvchidan oltitasi sun’iy idrok o‘zlarining o‘qishdagi ko‘nikmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatganini his qildi

OUP'ning generativ sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassisi, maktab so‘rovnomasida ishtirok etgan doktor Aleksandra Tomeskuga ko‘ra, bu muqarrar oqibat emas.

"Tadqiqotimiz shuni ko‘rsatadiki, har o‘nta o‘quvchidan to‘qqiztasi sun’iy intellekt ularga maktab ishi bilan bog‘liq kamida bitta ko‘nikmani rivojlantirishga yordam berganini aytadi – bu muammolarni hal qilish, ijodkorlik yoki matnni tuzatish bo‘lishi mumkin.

Ammo shu bilan birga, to‘rtdan bir qismi sun’iy intellekt ularning ishini haddan tashqari osonlashtirib qo‘yganini ta’kidlashadi... Demak, bu juda murakkab manzara."

U ko‘pchilik o‘quvchilar sun’iy intellektdan qanday foydalanish bo‘yicha ko‘proq yo‘l-yo‘riq olishni xohlashini qo‘shimcha qiladi.

Sem Altmanning aytishicha, haftasiga 800 milliondan ortiq faol foydalanuvchiga ega bo‘lgan ChatGPT talabalarga texnologiyadan maksimal darajada foydalanishga yordam berish uchun 100 ta ko‘rsatmadan iborat to‘plam e’lon qildi.

Biroq London Universiteti kollejida (UCL) sun’iy intellekt va ta’lim bo‘yicha tanqidiy tadqiqotlar olib borayotgan professor Ueyn Holmsning fikricha, bu yetarli emas.

U o‘quvchilarga sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishni tavsiya qilishdan oldin, ularning ta’limga ta’siri borasida ko‘proq akademik tadqiqotlar o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlaydi.

U shunday deydi: "Bugungi kunda bu vositalarning ta’limdagi samaradorligi, xavfsizligi yoki hatto ijobiy ta’siri haqida keng ko‘lamli mustaqil dalillar mavjud emas."

Yaxshiroq natijalar, ammo yomonroq ta’lim?

Professor Holms kognitiv atrofiya bo‘yicha tadqiqotlarga e’tibor qaratadi. Bu holatda sun’iy intellektdan foydalangandan so‘ng odamning qobiliyat va ko‘nikmalari yomonlashadi.

Uning aytishicha, bu muammo rentgenologlar orasida kuzatilgan. Ular bemorlarga tashxis qo‘yishdan oldin rentgen tasvirlarini sharhlashda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishgan.

O‘tgan yili Harvard Tibbiyot maktabi chop etgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt yordami ba’zi shifokorlarning ish faoliyatini yaxshilagan, ammo boshqalarga tadqiqotchilar hali to‘liq tushunmagan sabablarga ko‘ra zarar yetkazgan.

Mualliflar sun’iy intellektning miyamizga ta’siri ustida ko‘proq tadqiqot o‘tkazish zarurligini ta’kidlashdi. Bu orqali "inson faoliyatiga zarar yetkazish o‘rniga, uni yaxshilaydigan" sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish usullarini aniqlash mumkin.

Professor Holmsning fikricha, o‘quvchilar maktabda yoki universitetda bo‘lishidan qat’i nazar, sun’iy intellektga haddan tashqari bog‘lanib qolishi, natijada ta’lim orqali shakllantiriladigan asosiy ko‘nikmalar rivojlanmay qolishi xavfi mavjud.

O‘quvchining inshosi sun’iy intellekt yordami bilan yaxshiroq baho olishi, ammo muammo shundaki, o‘quvchi mavzuni yaxshi tushunmay qolishi mumkin.

Professor Holms aytganidek: "Ularning natijalari yaxshiroq, lekin o‘rganishlari yomonlashmoqda."

ChatGPT'ni yaratgan OpenAI kompaniyasida xalqaro ta’lim bo‘limiga rahbarlik qilayotgan va Oksford universiteti bilan kelishuvga erishishga hissa qo‘shgan Jayna Devani kompaniya "hozirgi kundagi bu munozaradan juda yaxshi xabardor" ekanligini ta’kidlaydi.

U Bi-bi-siga shunday deydi: "Biz talabalar o‘z ishlarini bajarish uchun ChatGPT'dan foydalanishlari kerak deb hisoblamaymiz."

Oksforddagi Bodleian kutubxonasi
Surat tagso‘zi, Oksford Universiteti o‘tgan yili sentyabrida talabalar va xodimlarga ShatGPT dan bepul foydalanishlariga yo‘l ochdi

Uning fikricha, ChatGPT'dan shunchaki savollarga javob beruvchi emas, balki repetitor sifatida foydalangan ma’qulroq.

U keltirgan misol – o‘quv rejimi sozlamasidan foydalangan holda talabaning ChatGPT bilan muloqot qilishidir.

Siz javob berishga qiynalayotgan savolni kiritasiz va chatbot uning tarkibiy qismlarini ajratib, tushunishingizga yordam beradi.

U misol tariqasida kechasi talaba o‘zi yaxshi tushunmaydigan mavzu bo‘yicha topshiriq bajarayotganini keltiradi.

"Agar sizda taqdimot bo‘lsa va yarim tun bo‘lsa, universitetdagi o‘qituvchingizdan elektron pochta orqali yordam so‘ray olmaysiz," deydi u.

"Menimcha, ChatGPT'dan maqsadli foydalanilganda o‘rganishni tezlashtirish imkoniyati haqiqatda mavjud."

Biroq professor Holms sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadigan har qanday talaba ular qanday ishlashini va bu xizmatlarni taqdim etuvchi kompaniyalar ma’lumotlarni qanday qayta ishlashini bilishi

kerakligini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, natijalar doim tekshirilishi lozim.

"Bu shunchaki kalkulyatorning so‘nggi versiyasi emas," deydi u sun’iy intellektning keng qamrovli imkoniyatlari va oqibatlarini tasvirlab.

"Men hech qachon talabalarga sun’iy intellektdan foydalanmaslik kerak demayman... Lekin ularga sun’iy intellektning turli jihatlarini tushunishimiz kerakligini aytaman, toki ongli qarorlar qabul qila olishsin."