O‘lganimizdan keyin bizni eslashlarini nega istaymiz?

Misrdagi Giza ehromi va Katta Sfinks — odam boshli va arslon tanali afsonaviy maxluq bo‘lgan, ohaktoshdan yo‘nilgan va cho‘zilib yotgan sfinks haykali.

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Molli Gorman
    • Role, BBC Future
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Elizabet Hanterning otasiga Altsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgach, u otasidan kelgusi yillarda qayta tinglay olishi uchun suhbatlarini yozib olishga ruxsat so‘radi.

Otasi rozi bo‘lmadi. Hanterning aytishicha, u munosabatlar haqida samimiy, dil-dildan suhbatlashadigan odam emas edi – na o‘ziga qo‘yilgan tashxisni tan olgan va na o‘lim haqida gapirgan. Buning o‘rniga u urush xotiralarini yozishni o‘yladi. Buni kimnidir yollab, mashinkada yozdirishdan oldin o‘z qo‘li bilan bajardi.

Vaqti oz qolayotganini his etayotgan keksalar uchun o‘zidan nima qoldirayotgani haqida o‘ylash dolzarbroq tuyulsa-da, ba’zi olimlar fikricha, o‘zidan biror iz qoldirishga intilish hayotning ilk bosqichlaridayoq boshlanishi mumkin, balki shunday bo‘lishi ham kerak.

Tadqiqotlar tobora ko‘proq ko‘rsatishicha, o‘limimizdan so‘ng kelajak avlodlarga nimadir qoldirish istagimiz mohiyatini chuqurroq anglash ruhiy salomatlikni yaxshilashning yangi usullarini ochib berishi mumkin.

"Aksariyat odamlar bu haqda o‘ylamaydi ham", deydi AQShning Ohayo shtatidagi Bouling-Grin universiteti dotsenti va saraton kasalligidan omon qolganlar hayotida meros masalasi bo‘yicha mutaxassis Hanter.

Ammo meros turli yo‘llar bilan namoyon bo‘lishi va hatto anglanmagan harakat bo‘lishi ham mumkin. "Har kim o‘zidan meros qoldiradi, buni bilsa-bilmasa", deydi Hanter.

Bu shunchaki boylik yoki mulkni vasiyat qilish yoxud musiqa yoki adabiyot kabi boqiy san’at asarlarini yaratish emas. Aksincha, ba’zi tadqiqotchilar merosni bir-biriga bog‘liq uchta asosiy toifaga ajratishgan: tanamiz va genlarimiz orqali qoldiradigan biologik meros; boyligimiz va mol-mulkimiz bilan ifodalanadigan moddiy meros; e’tiqod, madaniyat va urf-odatlar kabi qadriyatlarimiz.

Biologik meros

Ko‘pchilik uchun biologik merosning yaqqol ko‘rinishi biologik farzandlar orqali gen uzatishdir. Ammo genlar orqali bog‘langan ajdodlar shajarasi bo‘lmish genetik nasl va o‘limdan keyingi uzoq muddatli ta’sirimiz ikki xil meros bo‘lishi mumkin.

Biologik meros biz yashayotgan "qobiq"ni, ya’ni o‘z tanamizni qoldirish ham bo‘lishi mumkin. Taxminan 170 million amerikalik organ donori sifatida ro‘yxatga olingan, biroq har 1000 kishidan atigi uchtasi organlarini muvaffaqiyatli topshirish imkonini beradigan sharoitlarda vafot etadi.

Ba’zilar hatto butun tanasini ilm-fanga bag‘ishlashni istaydi. Bu ularning tanasi tibbiyot talabalarini o‘qitish yoki yangi klinik muolajalar ustidagi tadqiqotlar uchun foydalanilishini anglatadi. 2021 yilda AQShda 26 mingdan ortiq tana donorlik uchun qabul qilingan.

Laboratoriyadagi ayol olim

Surat manbasi, Getty Images

Yaqinda Belgiyada tana donorligi uchun ro‘yxatdan o‘tgan 100 dan ortiq odam o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotda 57 foiz holatda ilm-fanga hissa qo‘shish istagi asosiy rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib chiqdi. Boshqa sabablar orasida altruizm va tibbiy yordam uchun minnatdorlik bor edi. Qizig‘i shundaki, 16 foizi o‘z niyatini o‘limiga ma’no berish istagi bilan izohlagan.

Bu genetik kasalliklar yoki sog‘liq bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan odamlarga ham tegishli. Saraton, qandli diabet va artrit kabi turli kasalliklar va surunkali sog‘liq muammolaridan aziyat chekkan faol Syuzan Potter yoshlarga yaxshiroq shifokor bo‘lishda yordam berish uchun o‘z tanasini AQShning Kolorado shtatidagi "Visible Human Project" loyihasiga vasiyat qildi.

Uning holati o‘ziga xos, chunki u tanasini 27 000 bo‘lakka bo‘lishdan oldin -9,4°C haroratda muzlatishga rozi bo‘lgan. Har bir bo‘lak suratga olinib, qatlamlarga ajratilgan va talabalarga tanani virtual tarzda yorib ko‘rish imkonini beradigan 3D qurilma – "virtual mayit"ga aylantirilgan.

Hanterning saratondan omon qolgan ayollar haqida o‘tkazgan tadqiqotlaridan birida ishtirokchilar o‘zlaridan qoladigan meros oila a’zolarini sog‘lom turmush tarziga va saraton skriningidan o‘tishga undashiga umid bildirgan. "O‘zidan qandaydir iz qoldirish, – deydi Hanter, – saraton tashxisidan so‘ng o‘lim ehtimoliga duch kelgan ayollar uchun muhim edi."

Hanterning fikricha, merosning ahamiyati klinik tadqiqotlarga ham kengroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki bu ko‘proq bemorlarni klinik sinovlarda qatnashishga ilhomlantirishi ehtimoli bor.

Meros haqida o‘ylash o‘limi yaqin odamlarga taskin berishi mumkin. Palliativ parvarishda bo‘lganlar uchun ba’zi shifoxona va xospislar bemorlarga o‘z hayotlarini o‘zlari va oilalari uchun mazmunli yakunlashga yordam berish maqsadida "meros qoldirish mashg‘ulotlari"ni tashkil etadi.

Bu kundalik yoki albom, yaqin kishiga atalgan tabriknoma, san’at loyihasi yoki odamlarga o‘z fikrlari, qadriyatlari va maslahatlarini yozib qoldirish imkonini beruvchi, yuridik kuchga ega bo‘lmagan hujjat – "ma’naviy vasiyatnoma" bo‘lishi mumkin.

Tuzalmas kasallikka chalingan kattalar va bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu kabi meros qoldirish mashg‘ulotlari tushkunlik va bezovtalikni kamaytirishga yordam berishi, hayotning so‘nggi oylarida g‘am-anduhni yengillashtirishi mumkin.

Qadriyatlar merosi

Xayriya qilish, merosni vasiyat qilish yoki qimmatbaho buyumlarni avlodlarga qoldirish – bularning barchasi moddiy meros qoldirishdir. Fotosuratlar va kundaliklar kabi yodgorliklar ham qimmatli oilaviy tarixni keyingi avlodlarga yetkazish vositasi sifatida qadrlanishi mumkin. Masalan, o‘z nomingiz bilan ataladigan binoni xayriya qilish ham jamiyatda iz qoldiradi.

Biroq tadqiqotlar ko‘rsatishicha, odamlar o‘zidan qoldirishni eng ko‘p istaydigan narsalar – ezgulik, boshqalarga qilingan yaxshilik kabi qadriyatlar va e’tiqodlardir.

Turli yosh va salomatlikdagi 38 nafar ayolning hayot yo‘lini o‘rgangan bir tadqiqotda ishtirokchilar o‘z tajribalari va qadriyatlarini kelajak avlodga yetkazishni juda istashlari aniqlangan.

Odatda, ular bunga o‘z xulq-atvori, dini yoki ruhoniyati orqali axloqiy namuna bo‘lish, shuningdek, o‘z hayotiy hikoyalari, oilaviy kechmishi yoki muhim voqealarni memuar shaklida yozib yoki ovozini yozdirib qoldirish kabi yo‘llar orqali erishishga intilgan.

Qadriyatlarni meros qoldirishning ko‘plab afzalliklari borga o‘xshaydi. Amerikalik bir guruh tadqiqotchilar qadriyatlar merosi hujjatini yaratgan 65 va undan katta yoshdagi kishilar bilan suhbatlashganda, ishtirokchilar ruhiy xotirjamlik topgani, o‘tmishini qabul qila olgani, o‘zlari uchun eng muhim narsalarni ifodalay olgani va bu ularni yashashda davom etishga ilhomlantirganini aniqladilar.

Bir ishtirokchi aytishicha, bu jarayon "nimalarni boshdan kechirganingiz, qanday to‘siqlarga duch kelganingiz, ularni qanday yengganingiz va bunda sizga qaysi falsafalar yordam berganini yodingizga soladi".

Getty Images
Odamlar o‘zlaridan nima qolishi haqida o‘ylaganda, kelajak avlodlar uchun foydali bo‘ladigan ishlarni qilishga ko‘proq moyil bo‘lishini muntazam kuzatib kelamiz.
Kimberli Ueyd-Benzoni
BBC.COM/UZBEKda batafsil

O‘lim qo‘rquvi bilan kurash

Insonlar o‘zidan nimadir qoldirish haqida ming yillardan beri o‘ylab kelayotgan bo‘lsa-da, olimlar bu tushunchani atigi 75 yildan buyon tadqiq qilmoqda. 1950 yilda nemis psixoanalitigi Erik Erikson "generativlik" atamasini qo‘llab, uni insonning boshqalar farovonligiga, xususan, kelajak avlodlarga foyda keltirishga qanchalik qiziqishi darajasi deb izohlagan.

U generativlikni o‘zining sakkiz bosqichli psixosotsial rivojlanish nazariyasining yettinchisi sifatida kiritgan va bu o‘rta yoshdagi odamlar uchun asosiy vazifa ekanligini ta’kidlagan.

Eriksonning fikricha, agar inson generativlikka erisha olmasa, bu uning keyingi hayot yo‘liga ta’sir qilishi va hatto sog‘lig‘ini yomonlashtirishi mumkin. O‘shandan beri boshqa olimlar bu nazariyani kengaytirdi. Ba’zilari generativlikka erishish nafaqat o‘rta yoshdagi kattalar uchun sinov, balki bir umrlik jarayon sifatida qaralishi kerakligini ham aytishgan.

Albatta, insonlarni meros qoldirishga undaydigan yana bir turtki bor – bu o‘lim qo‘rquvidir.

"Bu odamlarni "agar oxir-oqibat hammamiz o‘lsak, yashashdan nima ma’no?" degan savol ustida o‘ylashga majbur qiladi", deydi Shimoliy Karolinadagi Dyuk universiteti qoshidagi Fuqua biznes maktabi boshqaruv va tashkilotlar bo‘yicha professori Kimberli Ueyd-Benzoni.

"O‘lim, aslida, o‘zidan nimadir qoldirishga bo‘lgan mayl markazida turadi. O‘lim haqida eslaganimizda, biz o‘lishni emas, yashashni xohlayotganimizni anglaymiz".

Meros haqida o‘ylash odamlarga "o‘lim tashvishi" holatidan "o‘lim tafakkuri" holatiga o‘tishga yordam berishi mumkin, deb ta’kidlaydi u.

Buvi quyoshli bog‘da nabirasiga kitob o‘qib bermoqda, ular birgalikda maroqli vaqt o‘tkazib, bilim ulashmoqdalar.

Surat manbasi, Getty Images

Boshqa nazariyotchilar qayd etishicha, bunday qo‘rquv bilan bir vaqtda insonda o‘z hayotini ma’noli bir hikoya sifatida his etish istagi paydo bo‘ladi.

"Meros qoldirishga intilishni izchil hikoya yaratishga bo‘lgan ehtiyojimizning bir qismi sifatida ko‘rish mumkin", deydi Yangi Zelandiyadagi Otago universiteti psixologiya professori Jessi Bering.

"Biz o‘zimizni qahramonlik sayohatidagi bosh qahramon sifatida tasavvur qilamiz... va hikoyadan olinadigan saboq yoki xulosa, ya’ni yakuniy mohiyat "tinglovchi"ga – keyingi avlodga uzatiladi".

Eng muhimi, meros qoldirishga bo‘lgan ishtiyoqimiz insonlarning boshqalar fikriga e’tibor berishga moyilligini ko‘rsatadi, deydi Bering. "Hatto o‘limda ham bu tashvishdan qutula olmaymiz".

Insonlar umr davomida boshqalar bilan aloqaga muhtoj – bu salomatligimizni yaxshilaydi va baxtning muhim manbaidir. Shu sababli, meros qoldirish insonning sevimli bo‘lishga ehtiyojining "sun’iy davomi" ham bo‘lishi mumkin.

"Merosiy maqsadlaringizni" yozing

Tadqiqotlar ko‘payib borayotganiga qaramay, nima uchun vafotimizdan keyin yaxshi nom bilan eslashlarini xohlashimiz hamon jumboqligicha qolmoqda. "Axir... agar siz ongning davom etishi uchun miya zarur deb hisoblasangiz, biz psixologik jihatdan o‘limdan keyin o‘z obro‘yimizni bila olmaymiz yoki bilib undan zavqlana olmaymiz", deydi Bering.

Butun umrimiz davomida o‘limimizdan keyin bizni qanday qabul qilishlari haqida o‘ylash "shu yerda va hozirning asl mohiyatini qadrlash va undan zavqlanishdan mahrum qilishi mumkin", deb ta’kidlaydi Bering. "Menimcha, agar bizni "qanday eslasharkan" degan yashirin qo‘rquv tufayli muayyan axloqiy pozitsiyani egallashda ikkilansak, bu bizni muhim qarorlarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi ham mumkin", deydi u.

Bu haqiqat, sizni qanday eslashlarini nazorat qila olmaysiz, deydi Ueyd-Benzoni. "Uni qolganlar boshqaradi va talqin qiladi". Ammo bu holat meros haqida o‘ylashning inson hayoti davomida o‘zi va atrofidagilar uchun keltiradigan foydali ta’sirini yo‘qqa chiqarmaydi.

Ueyd-Benzoni va uning hamkasblari biz ortimizdan qoldirmoqchi bo‘lgan meros haqida iloji boricha ertaroq o‘ylashimiz va hatto hayotimiz davomida "merosga oid maqsadlarimizni" yozib borishimiz kerakligini ta’kidlaydi.

"Odamlar o‘zlaridan nima qolishi haqida o‘ylaganda, kelajak avlodlar uchun foydali bo‘ladigan ishlarni qilishga ko‘proq moyil bo‘lishini muntazam kuzatib kelamiz", deydi Ueyd-Benzoni.

O‘zidan nima qoldirish haqida o‘ylash insonni ortidan qoldirmoqchi bo‘lgan ma’noga mos qarorlar qabul qilishga undaydi. Bu esa, o‘z navbatida, odamlarni ekologik faollik yoki xayriya va tibbiy tadqiqotlarga ko‘proq mablag‘ ajratish kabi ijtimoiy-foydali harakatlarga undaydi.

Tadbirkorlar esa foyda olishdan tashqari, jamiyatga ijobiy hissa qo‘shadigan bizneslarni qurish haqida o‘ylashlari mumkin, deydi Ueyd-Benzoni.

Tadqiqotchilar fikricha, buning foydasi ikki karra: u bizga hayotligimizda rag‘bat va mazmun tuyg‘usini bersa, vafot etganimizda "ramziy o‘lmaslik" imkonini beradi, ya’ni jismonan bo‘lmasa-da, borlig‘imizni kelajak sari uzaytiradi.