Yangiliklar: Qozog‘iston Isroil bilan nima qilmoqchi, Qirg‘iziston G‘arbga bas kela oladimi va Markaziy Osiyo prezidentlari yana Putinning oldiga boradimi?

Surat manbasi, rasmiy
Mintaqada nima gap?
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq biz suverenitetimizni birinchilardan bo‘lib tan olgan Isroil davlati bilan do‘stona munosabatlarni saqlab kelmoqdamiz.
Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat fonida Isroil prezidenti Qozog‘istonga keldi.
Tashrif AQSh va Isroilning Eron bilan urushi taqdiri hanuz noayon qolgan bir paytda amalga oshdi.
Tomonlar o‘rtasida hozir muvaqqat sulh amalda, ammo Eron portlari ochilmas ekan, ortiq AQSh bilan muzokaraga bormasligini aytib turibdi.
Mintaqa davlatlari poytaxtlari qolib, aksariyati musulmon bo‘lgan aholisi ham bu urushga befarq emas.
Isroil prezidentining Ostonaga tashrifi xuddi shunisi bilan ham e’tiborga molik voqe’liklardan biriga aylangan, e’tibordan chetda qolmagan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Isroil prezidenti poytaxt Ostonada tantanali kutib olingan.
Tomonlar prezidentlar darajasida muloqot qilishgan.
Ostona 1992 yildan buyon Isroil bilan diplomatik aloqalarga ega.
Qasim-Jomart Toqaev aynan Isroil Qozog‘istonning mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlat ekanini ham eslatgan.
Rasmiy xabarda aytilishicha, tomonlar muntazam siyosiy muloqotni davom ettirishga ahd qilishgan.
Barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorliklarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun birgalikda say’-harakat qilishga ham kelishib olishgan.
Qozog‘iston o‘tgan yil noyabrida Isroil va qator arab davlatlari o‘rtasidagi Ibrohim kelishuvlariga ham qo‘shilishini aytgan.
Shu yil boshida Trampning yana G‘azo bilan bog‘liq Tinchlik Kengashiga ham a’zo bo‘lgan.
Aynan so‘nggi oylarda bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yanada jonlangan.
Yanvar oyida Isroil Tashqi ishlar vazirining 16 yil deganda Qozog‘istonga kelishi ham katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
O‘shanda tomonlarning vizasiz rejim haqida memorandum imzolashgani ham xabar berilgan.
Qozog‘iston o‘zining ko‘p qutbli va tinchlikparvar siyosat yuritish ahdida qat’iy ekanini ta’kidlab keladi.
Yaqinda rasmiy Ostona yana bir bor Yaqin Sharqdagi mojaro bo‘yicha tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilish taklifini yana bir bor rasman ilgari surgan.
Xuddi shu manzarada Isroil prezidentining Qozog‘istonga qanday yetib kelgani ham alohida e’tibor topgan mavzulardan biriga aylangan.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, Turkiya havo hududiga kiritmagani bois, Isroil prezidenti tushgan uchoq Qozog‘istongacha Yevropa va Rossiya orqali muqobil yo‘lni bosib o‘tgan.
Aytilishicha, bu parvoz vaqtini naq sakkiz soatga uzaytirgan.
Turli internet nashrlarida bo‘y ko‘rsatayotgan ayni mazmundagi xabarlarga hozircha Turkiyaning rasmiy munosabati ko‘zga tashlanmaydi.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, Isroil prezidenti Ostonadan keyin Panamaga boradi.
Panama Lotin Amerikasidagi Falastinni tan olmagan yagona davlat ekani aytiladi.
Uning o‘tgan yili yana uch postsovet Boltiqbo‘yi davlati – Litva, Latviya va Estoniyaga safar qilgani ham xabar berilgan.
Isroil prezidenti o‘tgan yil London, shu yil fevralida Avstraliyada ham bo‘lib qaytgan.
Qirg‘iziston G‘arbga bas kela oladimi?

Surat manbasi, Getty Images
Qirg‘iziston o‘z shirkatlarini G‘arb sanksiyalari ro‘yxatidan chiqarmoqchi.
Xabarlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Bosh vaziri buning choralarini ko‘rishni buyurgan.
Aytilishicha, u qirg‘iz shirkatlarini G‘arb sanksiyalari ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha kompleks yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan ko‘rsatmalar bergan.
Qirg‘iziston Bosh vaziri, bundan tashqari, sanksiyalarning mamlakat iqtisodiga yanada salbiy ta’sirining oldini olish masalasiga ham o‘zining e’tiborini qaratgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘z topshiriqlarini berishdan avval Qirg‘iziston Bosh vaziri tegishli davlat organlari vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazgan.
Yig‘ilish chog‘ida mavjud vaziyat, iqtisodiy risklar, mavjud cheklovlarning tashqi savdo va kengroq iqtisodiyotga ta’siri muhokama qilingan.
Xabarlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi sanksiyalar bilan bog‘liq risklarni boshqarishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida "xalqaro majburiyatlarga rioya qilish, tashqi iqtisodiy faoliyatning shaffofligini oshirish va eksport-import operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratilayotgani"ni ta’kidlagan.
Rasmiylar, shuningdek, sanksiyalar bilan bog‘liq masalalarda G‘arbdagi hamkorlari bilan muloqotni davom ettirish zarurligini ham qayd etganliklari aytilmoqda.
Yevropa Ittifoqi 22 aprel kuni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ma’qullagan.
Yangi paketda uchinchi davlatlarga ham alohida e’tibor qaratilgani ma’lum bo‘lgan.
Yevropa Ittifoqi birinchi marta Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi maxsus mexanizmni qo‘llagani sarlavhalarga chiqqan yangilikka aylangan.
Ittifoq Qirg‘izistonga qarshi ikkilamchi sanksiyalar joriy etgan.
Mazkur yangilik O‘Zbekistondagi aksariyat yetakchi nashrlarning ham e’tiboridan chetda qolmagan.
Qirg‘iziston Rossiya shamsiyasi ostidagi YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqiga kiradi.
Bu ittifoq Rossiyaning postsovet makonidagi eng yirik geoiqtisodiy loyihasi sifatida ham ko‘riladi.
Qirg‘iziston prezidenti o‘tgan yili sanksiyalar masalasida G‘arb davlatlarini BMT minbaridan turib qattiq tanqid qilgan.
Ularning Qirg‘izistonga nisbatan joriy etgan cheklov va sanksiyalarini "asossiz" va "bir tomonlama", deb atagan.
Japarov asossiz sanksiyalarni mamlakat ichki ishlariga aralashish va endigina shakllanayotgan iqtisodiyotning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi bosim, deb bilishlarini aytgan.
Yevropa Ittifoqi xuddi shunday gumonlar bilan orada Qirg‘izistonning bir necha bankiga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan.
G‘arb Ukraina urushi manzarasida Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiyaga o‘z sanksiyalarini chetlab o‘tishiga imkon bermasliklari, aks holda o‘zlari ham ikkilamchi sanksiyalarga yuz tutishlari bilan ogohlantirib keladi.
Xuddi shu manzarada Yevropa Ittifoqi Rossiya harbiy sanoatiga ko‘maklashishda ayblangan O‘zbekistonning ikki korxonasiga sanksiya joriy etgani ham xabar qilindi.
Ayni mazmundagi xabarlarga rasmiy Toshkentning munosabati hozircha imkonsiz.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
G‘alaba paradi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin matbuot kotibining ma’lum qilishicha, 9 may kuni Moskvada odatdagidek G‘alaba paradi bo‘ladi.
Ammo uning formati hozircha ma’lum emas.
Xabarlarga ko‘ra, press-koll chog‘ida Dmitriy Peskovdan G‘alaba paradining harbiy texnika ishtirokida bo‘lib o‘tishi yoki yo‘qligi haqida so‘ralgan.
Paradning bu yil "harbiy texnika ishtirokisiz bo‘lib o‘tishi" shu kunlarda O‘zbekistondagi ayrim yetakchi nashrlar ham o‘zlarining e’tiborlarini qaratgan mavzuga aylangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Peskov bunga, "Albatta, parad bo‘lib o‘tadi. Biz sizga parad formati haqida o‘z vaqtida xabar beramiz", deya javob bergan.
Shu oyi boshida Telegrem kanallarida 9 may kuni Moskvada G‘alaba paradi bekor qilinishi mumkinligi haqida ham xabarlar paydo bo‘lgan, ammo Kreml buni rad etgandi.
Ukraina urushi manzarasida xavfsizlikka tahdidlar tufayli bu sana Rossiyaning turli mintaqalarda turlicha nishonlanishi kuzatiladi.
Ukrainaning dron hujumlaridan xavotirlar bor.
Peskov bundan avval Moskvadagi G‘alaba paradining xorijlik mehmonlari kimlar bo‘lishi haqida ham vaqti kelganida ma’lum qilishlarini aytgan.
U o‘shanda ham OAV vakillarining bu yil Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradiga 20 ga yaqin xorijlik yetakchi kelishi rostmi yoki yo‘qligi haqidagi savollariga javob bergan.
Peskov bu raqam haqida hech narsa bilmasligini aytgan.
"Ammo G‘alaba bayrami quvonchini qaysi mehmonlar biz bilan baham ko‘rishini albatta vaqti kelib e’lon qilamiz", deya ularni ishontirgan.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Moskvada bo‘lib o‘tadigan bu galgi tantanalarda ham mehmon bo‘ladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Belarus tomoni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda paradda ishtirok etish rejasini tasdiqlagan.
Belarus Ukrainaga qarshi urushida Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisi bo‘ladi.
Ammo bu yil mintaqa davlatlari poytaxtlaridan bunga o‘xshagan xabarlar hozircha olinmagan.
Ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Putin uchun "9 may bayrami muhim".
Ya’ni, u 9 mayni "Rossiya davlatchiligi, SSSR davlatchiligi va Rus sivilizatsiyasi uchun markaziy hodisa, markaziy geosiyosiy yirik g‘alaba sifatida e’tirof etadi".
Ularning fikricha, xuddi shu bois, Rossiya prezidenti doim o‘zining yaqin ittifoqchilarini aynan G‘alaba bayramiga taklif qiladi.
"Kimki o‘sha G‘alaba bayramiga kelmaydigan bo‘lsa, yoki Rossiyaga qarshi, ya’ni Rossiyaning yashirincha yo oshkora dushmani, yoki Rossiyaga xayrixoh bo‘lmagan davlat sifatida ko‘radi".
Shu kunlarda poytaxt Toshkentdan o‘zbekistonliklarning 9 may munosabati bilan 3 kun dam olishlari haqida xabarlar olingan.
9 may O‘zbekistonda "Xotira va qadrlash kuni" sifatida bayram qilinadi.





























