Putin yangi da’vo bilan chiqdi, Moskva haliyam o‘yinchimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 6 daq
Rossiya prezidentining aytishicha, o‘tgan hafta Eron Oliy ruhoniy rahbaridan payg‘om olgan. G‘arb zaiflashayaptimi?
Haliyam o‘yinchimi?
Stiv Rozenberg
BBC muharriri, Rossiya
Rossiya prezidenti o‘tgan hafta Eron Oliy rahbaridan payg‘om olganligini aytdi.
Putinning bu gapi kecha, Sankt-Peterburgda, uning Eron Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi chog‘ida yangradi.
Ammo, shunday derkan, Rossiya prezidenti bundan boshqa tafsilotlarga to‘xtalmadi.
Kreml yetakchisi Eron xalqi "o‘z suvereniteti" uchun kurashayotganligini aytdi.
Putin "tezroq tinchlik o‘rnatilishini ta’minlash uchun (Eron) va mintaqadagi boshqa xalqlar manfaatlariga xizmat qiladigan hamma narsani qilishi"ni ta’kidladi.
Shunday ekan, Kreml aniq nima qila oladi?
Tezroq tinchlik o‘rnatilishini ta’minlash uchun (Eron) va mintaqadagi boshqa xalqlar manfaatlariga xizmat qiladigan hamma narsani qilamiz.
Xabarlar asosida bizga uning Eron bilan josuslik ma’lumotlarini bo‘lishayotgani ma’lum.
Bu ikki davlat ittifoqchilardir.
Ikkovlon o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim amal qiladi.
Ammo ushbu kelishuv Moskvani Tehronga harbiy yordam ko‘rsatishga mas’ullamaydi.
Rossiya, boshqa tomondan, qolgan Fors ko‘rfazi davlatlari, Isroil va Tramp ma’muriyati bilan ham hamkorlik aloqalarini saqlab qolish ilinjida.
Lekin, shunga qaramay, o‘tgan oy Yevropa Josuslik idoralari Moskva Tehronga zamonaviy dron texnologiyasini yetkazib berishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi.
Eron Rossiya ko‘rsata oladigan har qanday harbiy va iqtisodiy yordamni mamnuniyat bilan qabul qiladi.
Sankt-Peterburgdagi muzokaralarda Rossiya harbiy razvedkasi rahbari Igor Kostyukov ham ishtirok etdi.
O‘z navbatida, Moskva haliyam Yaqin Sharqda o‘yinchi ekanligini ko‘rsatishni xohlaydi.
Rossiya yaqinda Yaqin Sharq masalasida yordamchi bo‘lish – vositachilik taklifi bilan chiqqan va Eronning boyitilgan uranini biz saqlashimiz mumkin, degan gapni ham aytgan.
Ammo Vashington bu taklifga ro‘yxushlik bermadi.
Urush sabab dunyoda neftning qimmatlashishi Rossiyaga yo‘q yerdan foyda keltirdi.
Endi u energiya mahsulotlari eksportidan ko‘proq daromad olmoqda, deb yozadi BBC ning Rossiyadagi muharriri Stiv Rozenberg.
Yangi da’vo

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Putinning bayon qilishicha, G‘arb davlatlari o‘zlarining yetakchilik mavqe’larini yo‘qotishmoqda.
Rossiya prezidentiga ko‘ra, ular o‘z o‘rinlarini yangi rivojlanish markazlari – Global Janub davlatlariga bo‘shatib qo‘yishmoqda.
Putinning aytishicha, hozir hech bir davlat yakka o‘zi rivojlana olmaydigan ko‘p qutbli dunyo arxitekturasi shakllanmoqda.
Ammo, Rossiya prezidentiga ko‘ra, global rivojlanishning barqaror va adolatli modeli tenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan, barcha davlatlar manfaatlari hisobga olingan taqdirdagina imkonli bo‘ladi.
Putin bu haqda shu soatlarda "Ochiq muloqot" xalqaro forumi ishtirokchilari va mehmonlariga yo‘llagan videomurojaatida to‘xtalib o‘tgan.
Ko‘p qutbli dunyoni shakllantirish esa Rossiya tashqi siyosati va geosiyosiy strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida ko‘riladi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda eng ko‘p e’tibor qaratayotgan va diqqat tortayotgan mavzu, masalalardan biri bo‘ladi.
Bu g‘oya AQSh va G‘arb davlatlarining global hukmronligi - bir qutbli dunyoga qarshi turishni nazarda tutishi ta’kidlanadi.
Rossiya BRIKS va YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqiga o‘xshash tashkilotlarni o‘zi nazarda tutayotgan ana shu yangicha taribning iqtisodiy va siyosiy markazlari sifatida ko‘rishi aytiladi.
BRIKS guruhiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi, shuningdek, so‘nggi yillarda bu guruhga bir nechta boshqa davlatlar ham qo‘shilgan.
Rossiya yana o‘zaro oldi-berdida AQSh dollaridan voz kechish g‘oyasini ancha yillardan beri ilgari surib keladi.
Bu g‘oya hozirda dunyoning qariyb yarim aholisini tamsil etuvchi BRIKS guruhi tashkil etilishi ortidan xalqaro darajaga chiqqan.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urush ochganiga bugun, 28 aprel kuni roppa-rosa ikki oy bo‘ldi.
Eron Tashqi ishlar vaziri esa Islomobodga safari ortidan Rossiyaga borgan.
Eronliklar Pokiston poytaxtida Amerika tomoni bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazishdan bosh tortishgan.
Tramp kuni-kecha AQSh va Eron o‘rtasidagi ikki haftalik muvaqqat sulhni noma’lum muddatgacha uzaytirgan.
AQSh prezidenti Eron "yagona va aniq" taklif bilan chiqmagunicha, otashkesim amalda bo‘lishini aytgan.
Trampning sulhga qanchalik moyilligi Eron qamal qilib turgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Tehron qo‘lidagi eng kuchli va hatto, "yadro quroli"ga aylanganiga oid tahlillar, baholarga ham sabab bo‘lgan.
Ho‘rmuz dunyodagi eng muhim suv yo‘llaridan biri bo‘ladi.
Ho‘rmuz qamali dunyodagi neft narxlarini ko‘tarib, jahon iqtisodiga jiddiy zarba bera oladi.

Surat manbasi, Dmitry LOVETSKY/ POOL/AFP via Getty Images
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Sankt-Peterburgga tashrif buyurib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bungacha Aroqchi Pokiston va Umonda — AQSh bilan tinchlik muzokaralarida vositachilik qilayotgan davlatlarda bo‘lgan edi. Bu orada OAV Tehron Vashingtonga Hormuz bo‘g‘ozini ochish va urushni tugatish evaziga yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni keyinga qoldirish taklifini bergani haqida xabar tarqatmoqda.
Aroqchi va Putin uchrashuvi
Vazirni "Pulkovo" aeroportida Rossiya rasmiylari va Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaliliy kutib oldi. Jaliliyning so‘zlariga ko‘ra, Aroqchi va Putin Yaqin Sharqdagi mojaro bilan bog‘liq so‘nggi voqealarni muhokama qilishni rejalashtirgan.
"Ko‘rib turganingizdek, bizning Rossiya bilan doimo keng ko‘lamli masalalar, ayniqsa, mintaqaviy masalalar bo‘yicha yaqin maslahatlashuvlarimiz bo‘lgan, doimiy ikki tomonlama muzokaralar olib borilgan", - dedi Aroqchi Peterburgga kelgach (TASS agentligi iqtibosi).
Putin Aroqchini Yeltsin nomidagi Prezident kutubxonasining Petrovskiy zalida qabul qildi. Uchrashuv avvalida u o‘tgan hafta Eronning yangi oliy rahnamosi oyatulloh Mojtaba Xomeyniydan maktub olganini aytdi. Biroq u ushbu maktub mazmunini oshkor qilmadi.
Putin, shuningdek, Eron xalqi yangi rahnamo boshchiligida "ushbu murakkab sinov davridan o‘tishiga" umid bildirdi, Rossiya esa Yaqin Sharqda tezroq tinchlik o‘rnatilishi uchun hamma narsani qilishini aytdi.
"O‘z navbatimizda, sizning manfaatlaringizga va mintaqadagi barcha xalqlar manfaatlariga javob beradigan ushbu tinchlikka imkon qadar tezroq erishish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz", - deya ishontirdi Putin ("RIA Novosti" iqtibosi).
Aroqchi javoban Eron xalqi "o‘z shijoati bilan Amerika hujumlariga qarshi tura olishini" butun dunyoga isbotlaganini aytdi. Shuningdek, u Mujtabo Xomeyniy va Eron prezidenti Masud Pezeshkionning "eng ezgu va issiq tilaklarini" yetkazdi.
"Mendan ushbu safar davomida Eron-Rossiya munosabatlari biz uchun eng yuqori darajadagi strategik sheriklikni anglatishini va biz shu yo‘ldan borishimizni tasdiqlashimni so‘rashdi", - dedi u.
Uchrashuvda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Qurolli Kuchlar Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov ham ishtirok etdi. Eron delegatsiyasi tarkibida Aroqchidan tashqari uning o‘rinbosari Kozim Garib-Abodi va elchi Kozim Jaliliy bor edi.
Sankt-Peterburg — urushni tugatishning diplomatik yo‘lini izlayotgan Aroqchi uchun uchinchi to‘xtash joyi bo‘ldi. Juma kuni u Pokistonga uchgan edi, u yerga amerikalik muzokarachilar — AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ham kelishi kerak edi.
Biroq shanba kuni Tramp o‘z vakillarining Islomobodga safarini bekor qilganini e’lon qildi. Fox News telekanaliga bergan intervyusida Oq uy rahbari: "Hech narsa haqida gaplashib o‘tirish uchun 18 soat uchishning keragi yo‘q", - deb aytdi.
Axios: Tehron Vashingtonga yangi taklif yubordi
Shanba kuni Aroqchi Pokistondan Umonga — Eron va AQSh o‘rtasida vositachilik qilayotgan yana bir davlatga yo‘l oldi. Masqatdan keyin u yana qisqa vaqtga Pokistonga qaytdi va so‘ng Rossiyaga yo‘l oldi.
Axios nashrining manbalariga tayanib yozishicha, Aroqchi Pokiston, Umon, Turkiya va Qatar vositachilariga Eron rahbariyatida AQShning uranni boyitishni 10 yilga to‘xtatish haqidagi talabiga qanday javob berish bo‘yicha yagona pozitsiya yo‘qligini tushuntirgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron vositachilar orqali Vashingtonga yangi taklif yuborgan: Hormuz bo‘g‘ozini ochish, portlar blokadasini bekor qilish va yoki uzoq muddatli sulhga kelishish yoki urushni butunlay tugatish, shundan keyingina Eronning yadroviy dasturi mavzusiga qaytish.
"Bu nozik diplomatik munozaralar va AQSh OAV orqali muzokara olib bormaydi", - dedi Oq uy matbuot kotibi Oliviya Ueyls Eronning pozitsiyasi haqidagi ma’lumotlarga izoh berarkan.
"Telefon degan narsa bor"
"Agar ular gaplashishni istashsa, oldimizga kelishlari yoki bizga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bilasizmi, telefonlar ham bor. Bizda ajoyib himoyalangan aloqa tarmoqlari mavjud", - dedi Tramp yakshanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
"Ular kelishuv zarurligini bilishadi. Hammasi juda oddiy: ularda yadroviy qurol bo‘lishi mumkin emas; boshqa hech qanday holatda uchrashishdan ma’no yo‘q", - deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.
8 apreldan beri AQSh va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda. Dastlab u ikki hafta davom etishi kerak edi, ammo 21 aprelda Tramp uni noma’lum muddatga uzaytirdi. 11 aprel kuni Islomobodda Eron va AQSh o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi (Vashington nomidan vitse-prezident Jey Di Vens qatnashdi), biroq ular sezilarli natija bermadi.
Neft narxi ko‘tarilmoqda
AQSh va Eron vakillarining Islomoboddagi uchrashuvi bekor qilingani fonida neft narxi yana oshdi. Masalan, Brent markali neft qariyb 2 foizga qimmatlab, bir barreli 107,26 dollarni tashkil etdi.
Eron bilan urushda sulh uzaytirilganidan beri Brent nefti jami 10 foizdan ko‘proqqa qimmatladi.
Neft treyderlari yangiliklarga unchalik munosabat bildirmayapti va mojaro tugayotganiga oid "ishonchli" dalillarni kutmoqda, deb tahlil qiladi Singapur Menejment universiteti iqtisodchisi Go Szin Ron. "Menimcha, treyderlarga osongina bekor qilinishi mumkin bo‘lgan zaif kelishuv emas, balki aniq dalillar kerak", - deydi u.
Tinchlik davrida dunyo xom nefti va suyultirilgan tabiiy gazining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozining blokada qilinishi turli mahsulotlar - "chiqindi paketlaridan tortib dori-darmonlargacha" narxi oshishiga olib kelishi mumkin, deb tushuntiradi BNP Paribas strategi Sofi Xoyn.
Uning aytishicha, agar Hormuz bo‘g‘ozi bir necha haftadan ko‘proq yopiq qolsa, ta’minot zanjiri uchun oqibatlar "haqiqatan ham juda uzoqqa boruvchi" bo‘ladi.





























