"Ozod Falastin" shiori britaniyalik guruh uchun Singapur eshiklarini yopdi

Surat manbasi, Getty Images
Britaniyaning Massive Attack guruhi Singapurga qayta kiritilmaydi. Bunga guruh a’zolarining kontsert vaqtida Falastin bayrog‘ini ko‘tarib, "Ozod Falastin" degan shiorlarni aytgani sabab bo‘lgan.
Chorshanba kungi kontsertda tomoshabinlarning ayrimlari ham bu shiorlarga qo‘shilgani aytilmoqda.
Singapur politsiyasi guruh a’zolariga mamlakatga qayta kirishni taqiqladi. Media nazorati organi esa kelajakda ularning kontsert o‘tkazish haqidagi arizalarini ma’qullamasligini bildirdi.
Singapur ommaviy chiqishlar va siyosiy mazmundagi tadbirlarga qat’iy nazorat o‘rnatgan. Rasmiylar buni millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash zarurati bilan izohlaydi.
Joriy yil boshida ham Singapurda Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan ruxsatsiz yurishda qatnashgan bir necha kishi jarimaga tortilgandi.
Politsiya BBC ga bergan bayonotida tergov yakunlari bo‘yicha Massive Attack guruhining ikki a’zosiga qat’iy ogohlantirish berilganini ma’lum qildi.
Ular xorijiy bayroqlarni namoyish etish va siyosiy tadbirlarni tartibga soluvchi qonunlarni buzganlikda gumon qilinmoqda.
Politsiya vakiliga ko‘ra, mamlakat hukumati irqiy va diniy hamjihatlikka zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatga jiddiy qaraydi.
"Turli millat va din vakillari o‘rtasidagi tinchlikni o‘z-o‘zidan mavjud holat deb qabul qilib bo‘lmaydi. Tashqi mojarolar jamiyatimizga ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak", dedi u.
Hozir dunyo bo‘ylab gastrol safarida yurgan Massive Attack uchun Singapurdagi kontsert birinchi chiqish bo‘lgan. Guruhning navbatdagi kontserti Seulda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Trip-hop janrining asoschilaridan sanaladigan guruh G‘azodagi urush va boshqa siyosiy masalalar bo‘yicha ochiq pozitsiyasi bilan tanilgan. Uning asoschilari Robert Del Naja va Grant Marshall hozir ham guruh tarkibida qolmoqda.
Robert Del Naja bu yil Londondagi namoyishda qatnashgani uchun hibsga olingan edi. U Buyuk Britaniyada taqiqlangan Palestine Action harakatini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblangan.
Guruh vakili BBC so‘roviga izoh berishdan bosh tortdi.
Singapur ommaviy chiqishlar va siyosiy mazmundagi tadbirlarga qat’iy nazorat o‘rnatgan. Rasmiylar buni millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash zarurati bilan izohlaydi.
Singapurning pozitsiyasi
Singapur rasmiylari Isroil-G‘azo urushi bilan bog‘liq ommaviy aktsiyalar va ramzlarga nisbatan qat’iy siyosat yuritadi.
2023 yilda Ichki ishlar vazirligi urush bilan bog‘liq ramzlar, jumladan xorijiy bayroqlarni jamoat joylarida namoyish etmaslikni tavsiya qilgan edi.
Politsiya urush bilan bog‘liq qator onlayn va oflayn tadbirlarni ham tekshirgan. Amalda bunday yig‘ilishlarga ruxsat berilmaydi.
Shu bilan birga, Singapur hukumati Isroil va Falastin yonma-yon mavjud bo‘ladigan "ikki davlat yechimi"ni qo‘llab-quvvatlashini bildirib keladi. Mamlakat Falastinning BMTga to‘liq a’zo bo‘lishini ham yoqlaydi.
Politsiya ma’lum qilishicha, kontsert tashkilotchilariga berilgan litsenziya shartlari yuzasidan tekshiruv davom etmoqda. Shartlardan biri tadbir vaqtida biror sabab yoki harakatni qo‘llab-quvvatlovchi bayroqlarni namoyish etmaslikni talab qilgan.
































