Hamas qurolsizlanishga rozi, Isroil hali jim

Surat manbasi, Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azodagi Hamas va boshqa qurolli guruhlarni to‘liq qurolsizlantirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
Hamasning yuqori martabali vakillaridan biri Bi-bi-siga harakat Tinchlik kengashi tomonidan taklif etilgan qurolsizlanish rejasiga rozilik bildirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda rasmiy bayonot tez orada e’lon qilinadi. Isroil esa hozircha mazkur xabarga munosabat bildirmadi.
Tramp tashabbusi bilan tuzilgan Tinchlik kengashi tarqatgan bayonotda qayd etilishicha, kelishuv bir necha oy davom etgan muzokaralar natijasida qo‘lga kiritilgan. Endi asosiy e’tibor uning amalda bajarilishiga qaratilmoqda.
Mazkur kelishuv AQSh vositachiligida ishlab chiqilgan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasining ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Rejada Hamasni qurolsizlantirish, Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqish hamda hududni qayta tiklash nazarda tutilgan.
AQSh prezidentining aytishicha, Isroil "qurolsizlanish jarayoni yakunlanishi bilan" G‘azodan o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi. U mazkur kelishuvni "G‘azo hududi nihoyat yangi Falastin hukumati tomonidan boshqarilishi sari qo‘yilgan muhim qadam" deb atadi.
Tramp "Truth Social" ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida: "Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari yangi Falastin politsiyasi bilan hamkorlikda G‘azoning aholisi va qo‘shnilari uchun xavfsiz hudud bo‘lishiga mas’ul bo‘ladi," deb yozdi.
Trampning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv "Trampning 20 banddan iborat rejasini amalga oshirishdagi muhim bosqich" hisoblanadi. Shuningdek, u muzokaralarda vositachilik qilgan Misr, Qatar va Turkiyaga minnatdorlik bildirdi.
O‘tgan yil sentyabr oyida taqdim etilgan rejada kelishuv ijrosini nazorat qilish va "G‘azoni qayta qurishni moliyalashtirish masalalarini boshqarish" uchun Tinchlik kengashini tashkil etish ko‘zda tutilgan edi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Kengashning ta’sischi a’zolari qatoriga AQShdan tashqari Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari kiradi.
Buyuk Britaniya, Frantsiya va Xitoy esa mazkur tuzilma tashkil etilganidan beri unga qo‘shilish masalasini ortga surib kelmoqda. Ayrim davlatlar bunga xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan bog‘liq xavotirlarni sabab qilib ko‘rsatgan.
Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasi doirasida tuzilgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar fikricha, keyinchalik kengash faoliyati doirasi kengaygan. Tashkilotning rasmiy veb-saytida u umumiyroq vazifalarni bajaruvchi "xalqaro tinchlikparvar tashkilot" sifatida tavsiflangan.
Jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda AQSh rasmiysidan, Hamas qurolsizlantirilganidan keyin Isroilning G‘azodan chiqib ketishiga AQSh qay darajada ishonayotgani so‘ralganda, u shunday javob berdi:
"Biz Isroildan dastlab o‘zi rozilik bildirgan 20 bandli rejaga amal qilishdan boshqa hech narsani talab qilayotganimiz yo‘q. Shuning uchun ular ushbu rejaga amal qilishlariga ishonchimiz komil."
Rasmiyning aytishicha, agar Isroil G‘azodan chiqib ketmaslikka qaror qilsa, Tramp "juda qattiq xafa bo‘ladi". Shu bilan birga, AQSh Isroil yaxshi hamkor bo‘lib qolishiga ishonishini bildirdi.
Rejaga dastlab rozilik bildirganiga qaramay, Isroil hanuzgacha Hamasning haqiqatdan ham qurolsizlanishga tayyor ekaniga katta shubha bilan qaramoqda.
Biz Isroildan dastlab o‘zi rozilik bildirgan 20 bandli rejaga amal qilishdan boshqa hech narsani talab qilayotganimiz yo‘q.
BBC tanishib chiqqan kelishuv hujjatida Hamas tasarrufida qolgan og‘ir qurollarni Falastin tomoni nazorati ostida ro‘yxatga olish va saqlash tartibi ko‘zda tutilgan. Bu esa Tramp qo‘llab-quvvatlayotgan G‘azo tinchlik tashabbusini olg‘a siljitishdagi eng katta to‘siqni bartaraf etishi mumkin.
AQSh rasmiylarining ma’lum qilishicha, avval G‘azodagi kichikroq qurolli guruhlar qurolsizlantiriladi. Shundan keyin Hamas o‘zining davlat tuzilmasiga o‘xshash harbiy infratuzilmasini, jumladan tunnellar, qurol omborlari va qurol ishlab chiqarish ob’ektlarini tugatishni boshlaydi. Rasmiylar bu jarayon ancha uzoq vaqt talab qilishini tan oldi.
Ularning ta’kidlashicha, reja ataylab "nol ishonch" tamoyili asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha bosqichlar tekshiruv mexanizmi bilan ta’minlangan. Hamas ham, Isroil ham qarshi tomon o‘z majburiyatlarini bajarmas ekan, keyingi bosqichga o‘tmaydi.
G‘azoda esa bu bayonot katta qiziqish yoki ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi olinmadi.
Ko‘plab falastinliklar siyosiy kelishuvlarga nisbatan chuqur ishonchsizlikka tushib qolgan. Sababi, avvalgi kelishuvlar bir necha bor amaliy natijalar berishidan oldin barbod bo‘lgan.
G‘azodagi Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil oktyabr oyida Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari oqibatida kamida 1 168 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Shu davr mobaynida G‘azodagi falastinliklar hujumlari natijasida to‘rt nafar isroillik harbiy halok bo‘lgan.
Misr poytaxti Qohirada G‘azodagi sulh bo‘yicha vositachilarning navbatdagi uchrashuvi yaqin kunlarda o‘tkazilishi kutilmoqda. Davlatga yaqin bo‘lgan Al-Qahera News nashrining juma kuni xabar berishicha, uchrashuvda AQSh, Qatar va Turkiya ham qatnashadi.
Kunning avvalgi qismida Reuters agentligiga gapirgan noma’lum manbalar Qohirada vositachilar va Hamas rahbarlari o‘rtasida AQSh vositachiligidagi G‘azo tinchlik rejasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarda kamdan-kam uchraydigan darajada ilgarilash bo‘lganini aytgan. Biroq Isroil rasmiylaridan biri taklif etilgan shartlarni qoniqarli deb hisoblamayotganini bildirgan.
Trampning mazkur bayonotidan so‘ng The Times of Israel nashri noma’lum manbaga tayanib, kelishuv Hamas vakillari, Tinchlik kengashi hamda vositachi davlatlar muzokarachilari o‘rtasida imzolanganini xabar qildi.
Biroq nashrning yozishicha, Isroil rasmiy doiralaridan biri qurolsizlanish bo‘yicha taklif mamlakat talablariga to‘liq javob bermasligini ma’lum qilgan.
Bundan avval ham Isroil ommaviy axborot vositalari hukumat Hamas bilan muhokama qilinayotgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlamayotganini xabar qilgan edi.
Muzokaralar jarayonidan xabardor yuqori lavozimli falastinlik manbaning BBC ga aytishicha, joriy yil aprel oyida Hamas Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik tashabbusi doirasida taklif etilgan qurolsizlanish rejasini rad etgan.
Shu oy boshida Hamas rahbarligiga Xalil al-Hayya saylandi. U 2024 yil oktyabr oyida G‘azoda Isroil harbiy operatsiyasi chog‘ida halok bo‘lgan Yahyo Sinvarning o‘rnini egalladi. Al-Hayya Hamasning bosh muzokarachisi sifatida harakat delegatsiyalariga rahbarlik qilib, Misr va Qatardagi vositachilar bilan muzokaralar olib borib kelgan.
BBC ning yil boshidagi xabariga ko‘ra, Tinchlik kengashi dastlab G‘azodagi urushni tugatish va uni qayta tiklash ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Ammo tashkilot nizomining loyihasida Falastin hududi tilga olinmagan bo‘lib, hujjat ayrim kuzatuvchilarda kengash BMTning ba’zi vazifalarini o‘z zimmasiga olishi mumkin, degan tasavvur uyg‘otgan.
Hamas 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga hujum uyushtirgan edi. Hujum oqibatida 1 200 kishi halok bo‘lgan, yana 251 kishi garovga olingan.
Bunga javoban Isroil G‘azoda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan edi. Hamas nazoratidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shundan beri hududda 73 ming 290 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan, ularning 21 ming 280 nafari bolalardir. BMT mazkur statistikani ishonchli deb baholaydi.
2024 yilda Xalqaro jinoyat sudi ehtimoliy harbiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish doirasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant va Hamasning harbiy qo‘mondoni Muhammad Dayfni hibsga olish orderini chiqargan. Isroil tomonining bildirishicha, Muhammad Dayf havo zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.
Netanyaxu sud qarorini "antisemitik" deb atagan bo‘lsa, Hamas mazkur orderlar xalqaro huquq amaliyotida "muhim tarixiy pretsedent" yaratganini ta’kidlagan.
2025 yil sentyabrda BMTning maxsus tergov komissiyasi Isroilni G‘azodagi falastinliklarga qarshi genotsid sodir etgan, degan xulosaga kelgan. Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa bu hisobotni qat’iy rad etib, uni "noto‘g‘ri va haqiqatga mos kelmaydigan hujjat" deb baholagan.






























