O‘zbekistonda tantanali kutib olingan aka-uka Teytlar AQSh sudida: Ular Buyuk Britaniyaga ekstraditsiya qilinadimi?

Surat manbasi, DANIEL MIHAILESCU/Getty Images
- Author, Brendon Drenon
- Author, Tom Beytman
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Toshkentga tashrifi bilan O‘zbekistonda ham muhokamalarga sabab bo‘lgan internet inflyuenserlari Endryu va Tristan Teytlarning AQShda sudi boshlandi. Ular Buyuk Britaniya so‘ragan ekstraditsiya jarayoni doirasida qator og‘ir jinoyatlarda ayblanmoqda, ammo aka-ukalar barcha ayblovlarni rad etmoqda.
O‘zbekistonda karnay-surnay va zarbof to‘nlar bilan kutib olingan Endryu Teyt X tarmog‘ida "G‘arb tanazzulga yuz tutayotgan bir paytda, yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda", deb yozgandi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bahsli chiqishlari bilan tanilgan Endryu Teyt va uning ukasi Tristan Teyt AQShning Florida shtatidagi federal sudda Buyuk Britaniyaga ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha ilk sud majlisida ishtirok etdi. Aka-ukalar o‘zlariga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda va ekstraditsiyaga qarshi kurashishini bildirdi.
Florida shtatidagi federal sudda bo‘lib o‘tgan qisqa tinglov Buyuk Britaniyaning ekstraditsiya so‘rovi bo‘yicha dastlabki bosqich bo‘ldi.
Angliya va Uelsdagi jinoiy ishlarni tergov qiluvchi Qirollik prokuratura xizmati (CPS) Endryu va Tristan Teytga nisbatan 38 ta yangi ayblov e’lon qildi. Ular orasida zo‘rlash, odam savdosi va jinsiy ekspluatatsiya bilan bog‘liq jinoyatlar ham bor.
Sud majlisida aka-ukalar och jigarrang mahbus kiyimida, qo‘l va oyoqlariga kishan taqilgan holda olib kelindi. Ular faqat sudьya o‘z huquqlarini tushungan-tushunmaganini so‘raganda, birgalikda: «Ha, muhtaram sudьya», deb javob bergan.
Suddan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatlashgan aka-ukalarning advokati Jo Makbrayd mijozlari hech qanday jinoyat sodir etmaganini ta’kidladi.
"Ular hech qanday noqonuniy ish qilmagan. Ularni sodir etmagan jinoyatlari uchun ekstraditsiya qilmasligi kerak", - dedi u.
"Bu safsata. Oldindan uyushtirilgan ish", — deya qo‘shimcha qildi u.

Surat manbasi, Pool/Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
U aka-ukalarga qo‘yilgan ayblovlarni AQSh prezidenti Donald Trampga qarshi olib borilgan huquqiy jarayonlarga qiyosladi. Tramp bu jarayonlarni "siyosiy ta’qib" deb atagandi. Advokat aka-uka Teytlarni ekstraditsiya qilishga urinishni "siyosiy o‘g‘irlash" deb baholagan.
Ekstraditsiya jarayoni qancha vaqt davom etishi haqida so‘ralganda, Makbrayd sud majlisidan oldin bu jarayon taxminan 60 kun davom etishi mumkinligini aytgan.
AP Newsning ma’lum qilishicha, sudya aka-ukalarning keyingi sud majlisini 27 iyulga belgilagan.
Ekstraditsiya bo‘yicha yakuniy qarorni esa oxir-oqibat Donald Tramp ma’muriyati qabul qilishi kerak bo‘ladi.
Teytlarga nisbatan bildirilgan so‘nggi ayblovlarga 2010 yil iyulidan 2017 yil avgustigacha bo‘lgan davrdagi voqealar asos bo‘lgani aytilmoqda.
Qirollik prokuratura xizmati (CPS) Maxsus jinoyatlar bo‘limi rahbari Malkolm Makhaffining aytishicha, bu ayblovlar "Bedfordshir politsiyasidan qo‘shimcha dalillar to‘plami olinganidan keyin" qo‘yilgan va bu ish bo‘yicha ehtimoliy jabrlanuvchilar soni yettitaga yetgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, aka-ukalar hozir jami 59 ta ayblov bilan yuzlashmoqda. Ular shanba kuni Endryu Teyt qo‘l jangi (bare-knuckle fighting) musobaqasini birga olib borishi rejalashtirilgan tadbir o‘tkaziladigan joy yaqinida hibsga olingan.

Surat manbasi, PA
Ular Ruminiyada ham odam savdosi va ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida uyushgan guruh tuzishda ayblanmoqda. Endryu Teytga nisbatan o‘sha ish doirasida zo‘rlash ayblovi ham qo‘yilgan. Aka-ukalar bu ayblovlarning barchasini rad etmoqda.
Britaniya va AQSh fuqaroligiga ega bo‘lgan ikki aka-uka 2025 yildan beri AQShda yashab kelmoqda. Bu Ruminiya prokuraturasi ularga nisbatan qo‘yilgan safar taqiqini bekor qilganidan keyin sodir bo‘lgan. Biroq ish turli huquqiy bosqichlardan o‘tayotgani sababli, ular hali ham Ruminiya hukumat organlariga muntazam ravishda xabar berib turishi shart.
AQShda ularga nisbatan fuqarolik da’vosi ham ko‘rilmoqda. Unda bir ayol aka-ukalar uni jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlagani va keyinchalik Ruminiya rasmiylariga ko‘rsatma berganidan so‘ng uning obro‘siga putur yetkazganini da’vo qilmoqda.
Endryu Teyt o‘zini "mizoginist" — ya’ni ayollarga nisbatan salbiy va kamsituvchi qarashlarni targ‘ib qiluvchi shaxs, deb atagan. U ijtimoiy tarmoqlarda haddan tashqari boylik namoyishi va "kuchli erkaklik" g‘oyalarini targ‘ib qilishi orqali keng tanilgan.
U ayollar haqidagi bahsli fikrlari, jumladan jinsiy tajovuz qurbonlari ham ma’lum darajada "javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak" degan bayonotlari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda taqiqlangan. Keyinchalik ayrim platformalardagi akkauntlari qayta tiklangan.
O‘zbekistonga bahsli tashrif
Ular hech qanday noqonuniy ish qilmagan. Ularni sodir etmagan jinoyatlari uchun ekstraditsiya qilmasligi kerak. Bu safsata. Oldindan uyushtirilgan ish.
BBC O‘zbek xizmati: 2026 yil aprel oyida Endryu va Tristan Teyt O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Toshkentda zarbof to‘nlar bilan kutib olingan aka-ukalar safar davomida tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan.
"O‘zbekistonning Toshkent shahriga juda iliq kutib olinganimizdan mamnunmiz.
Bu yerda amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan juda muhim ishlar bor. G‘arb tanazzulga yuz tutayotgan bir paytda, yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.
Mamlakat shiorida aytilganidek: Kuch adolatdadir!", deb post qoldirgandi Endryu Teyt.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Tashrifning rasmiy maqsadi ochiqlanmagan. Biroq ularning tashrifi O‘zbekiston va xorijdagi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
Ayrim foydalanuvchilar buni mamlakatning xorijiy sarmoyadorlar va mashhur shaxslarga ochiqligi sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar xalqaro miqyosda og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan shaxslarning tantanali kutib olinganini tanqid qildi.
Aka-uka Teytlar O‘zbekistonga kelgan paytda ham Ruminiyada ularga nisbatan tergov davom etayotgan, Buyuk Britaniyada esa ularga oid jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy jarayonlar olib borilayotgan edi. Endi AQShda boshlangan ekstraditsiya ishi ana shu jarayonlarning navbatdagi bosqichi sifatida ko‘rilmoqda.





























