Erkak kishining jinsiy a’zosi uning sog‘lig‘i qandayligini ko‘rsatadimi?

Illyustrativ rasm

Surat manbasi, Serenity Strull/ BBC

    • Author, Devid Robson
    • Role, BBC
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Erektil disfunktsiya yurak xuruji, insult, qandli diabet va dementsiyaning ilk ogohlantiruvchi belgisi bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilar fikricha, endi bu holatga ham bemorlar, ham shifokorlar jiddiy e’tibor qaratishi vaqti keldi.

Erektil disfunktsiyani (erektsiyaga erishish yoki uni saqlab turishdagi qiyinchilik) «jim epidemiya» deb atash mumkin. Turli so‘rovlar natijalariga ko‘ra, u 40 yoshdan oshgan erkaklarning yarmidan ko‘prog‘iga ta’sir qiladi. Biroq ularning juda kam qismi bu muammo haqida o‘zining yaqinlari bilan ochiq gaplasha oladi.

Bu mavzu suhbatlarda tilga olingan taqdirda ham, ko‘pincha hazil-mutoyiba mavzusi sifatida qabul qilinadi. Aslida esa, so‘nggi yillardagi ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, jinsiy a’zo ko‘pincha erkakning umumiy sog‘lig‘i holatining o‘ziga xos barometri hisoblanadi. Erektil disfunktsiya esa qandli diabet, yurak xuruji, insult va dementsiya kabi qator og‘ir kasalliklarning ilk darakchisi bo‘lishi mumkin.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Rimdagi Tor Vergata universiteti seksologi Emmanuel Jannini bu holatni «ko‘mir konidagi kanareyka»ga qiyoslaydi. U yaqinda mazkur mavzuga oid ilmiy dalillarni jamlagan kitob muharriri ham bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, erektil disfunktsiyani yaxshiroq aniqlash orqali shifokorlar erkaklar salomatligiga tahdid soluvchi ko‘plab jiddiy kasalliklarni ular hali og‘irlashib ketmasidan avval tashxislashi mumkin.

Biroq ko‘plab erkaklarning jinsiy salomatligi haqida gapirishdan uyalishi yoki qochishi ularni ana shu muhim imkoniyatdan mahrum qilmoqda.

Quyida bu juda keng tarqalgan muammo haqida bilishingiz lozim bo‘lgan asosiy ma’lumotlar va nima uchun u shifokor uchun jiddiy ogohlantiruvchi belgi bo‘lishi mumkinligi haqida so‘z yuritamiz.

Qon aylanishidagi muammo

Ko‘plab tibbiy holatlarda bo‘lgani kabi, erektil disfunktsiyaning aniq qay darajada keng tarqalgani uni qanday ta’riflash va qanday usulda o‘lchashga bog‘liq. Shuning uchun turli tadqiqotlarda katta yoshli erkaklar orasida uning tarqalish darajasi 3 foizdan 76,5 foizgacha deb keltiriladi. Bu juda katta farqdir. Biroq eng yirik va batafsil tadqiqotlardan biri taxminan 1200 nafar ishtirokchini maxsus so‘rovnomalar orqali o‘rganib chiqqan va unda 40 yoshli erkaklarning 39 foizi muntazam ravishda ma’lum darajada erektsiya bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi, 70 yoshga kelib esa bu ko‘rsatkich 67 foizga yetishi aniqlangan.

Ko‘p jihatdan qaraganda, erektil disfunktsiya qon aylanishi bilan bog‘liq muammodir.

Olat bo‘ylab corpora cavernosa (kavernoz tanachalar) deb ataluvchi ikkita g‘ovaksimon tuzilma joylashgan bo‘ladi. Odatda ular bo‘sh holatda turadi. Erkak jinsiy qo‘zg‘alganida, miya jinsiy a’zodagi arteriyalar atrofidagi mushaklarni bo‘shatish uchun signal yuboradi. Natijada qon ushbu ikkala kavernoz tanachaga jadal oqib kiradi. Ular kengayishi bilan bir vaqtda tashqi tomonga qon olib chiquvchi venalarni siqib qo‘yadi va shu tariqa qon jinsiy a’zo ichida ushlanib qoladi.

Havo bilan to‘ldirilayotgan shar kabi, jinsiy a’zo ham kattalashib, qattiqlashadi. Agar jinsiy a’zodagi «quvurlar» orqali qon oqimi kamaysa, erkakda erektsiyaga erishish yoki uni saqlab turish qobiliyati susayadi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ko‘p hollarda muammo psixologik omillar bilan bog‘liq bo‘ladi. Adrenalin va kortizol kabi stress gormonlari ishlab chiqarilishi qon tomirlarining torayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa kavernoz tanachalarning qonga to‘lib qattiqlashishiga to‘sqinlik qiladi. Yuqori darajadagi stress testosteron ishlab chiqarilishini ham izdan chiqarishi mumkin. Bu esa jinsiy xohishning pasayishi va jinsiy qo‘zg‘alishning susayishiga sabab bo‘ladi. (Shu bilan birga, gipogonadizm kabi bezlar faoliyati bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan odamlarda ham testosteron ishlab chiqarilishi kamayadi va bu ham erektil disfunktsiyaga ta’sir qilishi mumkin.)

Bundan tashqari, stress insonning diqqatini chalg‘itadi, bu esa jinsiy yaqinlikka to‘liq e’tibor qaratishni qiyinlashtiradi.

Buning evolyutsiyamiz davomida shakllangan muhim sababi bo‘lgan: agar stress jinsiy qo‘zg‘alishni to‘xtatsa, bu xavfli vaziyatlarda organizm omon qolish uchun o‘z resurslarini tejab qolishini ta’minlaydi.

"Agar atrof-muhit xavfli bo‘lsa, ko‘payish haqida emas, tirik qolish haqida o‘ylash muhim", deydi Jannini.

Biroq zamonaviy dunyoda stress har doim ham hayot uchun xavfli vaziyatlar tufayli yuzaga kelmaydi. Shu sababli organizmning bu himoya mexanizmi keragidan ortiq holatlarda ham ishga tushishi mumkin.

Yurak va miya bilan bog‘liq muammolar

Ko‘p hollarda erektil disfunktsiya organizmdagi ancha jiddiy va keng ko‘lamli salomatlik muammolarining belgisi bo‘lishi mumkin. Masalan, u ateroskleroz — qon tomirlari devorlarining qattiqlashib, torayishi bilan kechadigan kasallik natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bu holat yurak-qon tomir kasalliklari xavfini keskin oshiradi. Jinsiy a’zodagi arteriyalar organizmdagi eng ingichka qon tomirlaridan bo‘lgani uchun, ular odatda birinchi bo‘lib zararlanadi. Shu bois erektil disfunktsiya ko‘pincha yurak-qon tomir tizimidagi jiddiy muammolarning ilk ogohlantiruvchi belgisi bo‘lishi mumkin.

154 794 nafar inson haqidagi ma’lumotlar tahlil qilingan so‘nggi tadqiqotlardan biriga ko‘ra, erektil disfunktsiyaga ega erkaklarda yurakning koronar kasalligi rivojlanish ehtimoli 59 foizga, insultga chalinish xavfi esa 34 foizga yuqori bo‘lgan.

Buyuk Britaniyadagi Manchester metropolitan universiteti reproduktiv fanlar bo‘yicha mutaxassis, shuningdek, shu yozda nashr etilishi rejalashtirilgan «Your Nuts: The Science of How They Work and What It Means For Your Fertility» ("Moyaklar: ular qanday ishlaydi va farzand ko‘rish qobiliyatiga qanday ta’sir qiladi") kitobining muallifi Maykl Karroll bu haqda shunday deydi:

"Qon tomirlari sog‘lom ekanini ko‘rsatuvchi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri – yaxshi erektsiyadir".

Illyustrativ rasm

Surat manbasi, Serenity Strull/ BBC/ Getty Images

Surat tagso‘zi, Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, erektil disfunktsiyasi bo‘lgan erkaklarda koronar yurak kasalligiga chalinish ehtimoli qariyb 60 foizga, insultga uchrash xavfi esa 30 foizdan ortiqroq bo‘ladi.

Hatto jinsiy a’zo salomatligi yomonlashishi aqliy qobiliyatlarning pasayishi boshlanayotganining ilk belgisi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi dastlabki dalillar ham mavjud. Masalan, Tayvanda o‘tkazilgan bir tadqiqotda erektil disfunktsiya tashxisi qo‘yilgan erkaklarda yetti yillik kuzatuv davomida dementsiya rivojlanish ehtimoli boshqalarga nisbatan 68 foizga yuqori ekani aniqlangan.

Buning sababi shundaki, jinsiy a’zo kabi, miya ham o‘z vazifasini to‘g‘ri bajarishi uchun yaxshi qon aylanishiga muhtoj. Qon miyaga zarur ozuqa va kislorodni yetkazib beradi, shuningdek, zararli chiqindilarni organizmdan chiqarishga yordam beradi. Agar qon aylanishi buzilsa, bu nafaqat erektsiyaga, balki miya faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qandli diabet bilan bog‘liqlik

Erektil disfunktsiyani kuzatib borish ayniqsa qandli diabet rivojlanishi xavfi yuqori bo‘lgan odamlar uchun muhim hisoblanadi. Chunki diabet turli mexanizmlar orqali qon aylanish va asab tizimlariga zarar yetkazishi mumkin. Masalan, kasallik yaxshi nazorat qilinmaganda qondagi shakar miqdorining keskin oshib ketishi qon tomirlari devorlaridagi oqsillarga ortiqcha glyukoza yopishib qolishiga olib keladi. Bu jarayon glikatsiya deb ataladi va qon tomirlarining elastikligini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi. Aterosklerozda bo‘lgani kabi, bu ham organizmning turli qismlariga qon yetib borishini qiyinlashtiradi. Jinsiy a’zodagi nozik qon tomirlari esa, odatda, birinchi bo‘lib zararlanadi.

Ispaniyaning Barselona shahridagi Sant Pau tadqiqot instituti tadqiqotchisi Bogdan Vlaxoning aytishicha:

"Qandli diabet va erektil disfunktsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik juda kuchli. 2-tur qandli diabeti bor erkaklarda erektil disfunktsiya rivojlanish ehtimoli diabeti bo‘lmagan erkaklarga qaraganda taxminan uch baravar yuqori".

Serenity Strull/ BBC
Qon tomirlari sog‘lom ekanini ko‘rsatuvchi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri – yaxshi ereksiya.
Maykl Karroll
reproduktiv fanlar bo‘yicha mutaxassis (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

Vlaxo yaqinda o‘tkazgan ilmiy tahlilga ko‘ra, ham qandli diabet, ham erektil disfunktsiyaga ega bemorlarda diabetning o‘zi bo‘lganlarga nisbatan periferik neyropatiya – qo‘l va oyoqlardagi asablarning shikastlanishi – ancha ko‘p uchraydi. Shuningdek, ularda ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan diabetik retinopatiya va yaralarning sekin bitishi xavfi ham yuqori bo‘ladi. Ayrim hollarda bu hatto oyoq-qo‘llarni kesib tashlashga (amputatsiyaga) ham olib kelishi mumkin.

Shunga qaramay, qandli diabetga chalingan bemorlarda erektil disfunktsiyani aniqlash uchun muntazam skrining o‘tkazish odatiy amaliyot emas.

"Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tibbiyot xodimlari bu masalada bemorlar bilan yetarlicha suhbatlashmaydi", deydi Ispaniyadagi Barselona universiteti endokrinologi, mazkur tadqiqotlar sharhi mualliflaridan biri Santyago Martines.

Illyustrativ rasm

Surat manbasi, Serenity Strull / BBC / Getty Images

Surat tagso‘zi, Tadqiqotlarga ko‘ra, erektil disfunktsiya dunyo bo‘ylab erkaklarning 3 foizidan 76,5 foizigacha bo‘lgan qismini qamrab oladi.

Davolash imkoniyatlari

Buyuk Britaniyadagi Urologiya jamg‘armasi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, erektil disfunktsiyaga chalingan erkaklarning yarmidan ko‘prog‘i uyalish va xavotir tufayli shifokorga murojaat qilmaydi. Ishtirokchilarning 20 foizi esa hatto bu muammo bo‘yicha mutaxassisga ko‘rinishdan ko‘ra bir oy davomida pivo ichmaslikni afzal ko‘rishini aytgan.

Biroq Maykl Karrollning ta’kidlashicha, erektil disfunktsiyaga duch kelgan har bir erkak albatta shifokorga murojaat qilishi kerak. Bu nafaqat insonga ruhiy azob va stress keltiruvchi muammoni hal qilishga yordam beradi, balki umumiy salomatlik haqida juda muhim suhbatni boshlash imkonini ham yaratadi. Ayrim hollarda bu hayotni saqlab qolishi ham mumkin.

"Muammoni erta bosqichda aniqlash va davolash hal qiluvchi ahamiyatga ega", deydi u.

Axir erektil disfunktsiya davosiz kasallik emas.

Masalan, Viagra (sildenafil) kabi dori vositalari jinsiy a’zodagi qon tomirlarini kengaytiradi. Ayrim kuzatuvlarga ko‘ra, bu dorini jinsiy hayotini yaxshilash maqsadida qabul qilgan bemorlarda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq natijalar ham yaxshilangan, jumladan, yurak yetishmovchiligi xavfi kamaygan. Biroq bu hozircha klinik tadqiqotlarda to‘liq isbotlangan emas. Qizig‘i shundaki, Viagra dastlab yuqori qon bosimi bilan og‘rigan bemorlarni davolash uchun yurak-qon tomir dori vositasi sifatida ishlab chiqilgan. Keyinchalik tadqiqotchilar uning mashhur bo‘lib ketgan nojo‘ya ta’sirini – erektsiyani yaxshilash xususiyatini aniqlashgan.

885 mingdan ortiq bemor haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilgan yana bir tadqiqotga ko‘ra, bu turdagi dorilar Altsgeymer kasalligi rivojlanish xavfini taxminan ikki baravar kamaytirishi mumkin.

Kamida, agar siz erektil disfunktsiya haqida shifokorga aytsangiz, u sizda yurak kasalliklarining keng tarqalgan xavf omillari – masalan, yuqori qon bosimi yoki ateroskleroz bor-yo‘qligini tekshirishi mumkin. Shuningdek, yurak-qon tomir salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ortiqcha vazn kabi omillar bo‘yicha ham tavsiyalar beradi. Ayrim hollarda ovqatlanish tartibini o‘zgartirish va jismoniy faollikni oshirishning o‘ziyoq foyda keltirishi mumkin. Qandli diabetga chalinganlar uchun esa qondagi shakar miqdorini nazorat qilish juda muhim hisoblanadi.

Biroq Santyago Martines va Bogdan Vlaxo ta’kidlashicha, bu davolash usullari erektil disfunktsiyadan tashqari boshqa asoratlar xavfini ham kamaytira olish-olmasligi haqidagi tadqiqotlar hali dastlabki bosqichda.

Bundan tashqari, erektil disfunktsiyaning aniq sababini topish hamisha ham oson emas. Chunki bu muammo faqat jismoniy kasalliklar emas, balki pornografiyaga qaramlik, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar yoki jinsiy xohishga ta’sir qiluvchi psixologik omillar natijasida ham kelib chiqishi mumkin.

"Agar erkakda qandli diabet yoki yurak-qon tomir kasalligi bo‘lsa, uning sababini aniqlash va davolash, odatda, osonroq bo‘ladi. Ammo spirtli ichimliklar iste’moli, chekish yoki pornografiyadan haddan tashqari foydalanish kabi turmush tarzi omillari psixologik va xulq-atvor bilan bog‘liq omillar bilan birga kelsa, muammoni hal qilish ancha qiyinlashadi. Ko‘pincha bunday erkaklar o‘z odatlari haqida ochiq gapirishni istamaydilar", deydi Karroll.

Yo‘qolgan suyak

Bu kashfiyotlar bugungi tibbiyot uchun muhim ahamiyatga ega ekanidan tashqari, Emmanuel Jannini jinsiy a’zoning inson salomatligining o‘ziga xos «barometri» ekani evolyutsiya nuqtai nazaridan qanday ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligi haqida ham o‘ylab ko‘rgan.

Insonlar bu jihatdan boshqa ko‘plab turlardan ancha farq qiladi. Chunki odamlarda erektsiya asosan qon oqimi hisobiga yuzaga keladi. Aksariyat boshqa primatlarda, jumladan, bizning eng yaqin qarindoshlarimiz bo‘lgan shimpanzelarda esa bakulyum deb ataluvchi tortilib turadigan jinsiy a’zo suyagi mavjud. Jinsiy qo‘zg‘alish vaqtida bu suyak oldinga siljib, erektsiyani ushlab turishga yordam beradi. Shu sababli ularning jinsiy qobiliyati insonlarniki kabi umumiy salomatlik holatiga bunchalik kuchli bog‘liq emas.

Unda nega inson evolyutsiya jarayonida bakulyumdan voz kechib, uning o‘rniga erektsiyaning qon aylanishiga bog‘liq mexanizmini rivojlantirdi? Bu evolyutsion biologlarni uzoq yillardan beri qiziqtirib kelayotgan savollardan biri.

Janninining taxminicha, inson erkaklari jinsiy a’zo suyagini yo‘qotishi ayollarga eng sog‘lom juftni tanlashda yordam bergan bo‘lishi mumkin. Ya’ni erektil funktsiya erkakning umumiy sog‘lig‘i haqida ishonchli ma’lumot bergan va shu orqali yaxshi genlarni keyingi avlodga o‘tkazish ehtimoli yuqori bo‘lgan juftlarni ajratish imkonini yaratgan.

"Ko‘payish uchun eng muhim suyakni yo‘qotganimiz juda g‘alati, chunki erektsiyaga ta’sir qiluvchi omillar juda ko‘p va uning qanday kechishi har doim ham oldindan aytib bo‘lmaydi. Ammo aynan shu xususiyat uni surunkali kasalliklarni aniqlash uchun mukammal biomarkerga aylantiradi", deydi Jannini.