Rossiya Qozog‘iston prezidentiga yo‘q dedi, Toqaev hozircha jim

Surat manbasi, Vyacheslav PROKOFYEV / POOL / AFP via Getty Images
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Qozog‘iston Ukraina bilan urushayotgan Rossiyaga chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlatidir.
Ikkovlon o‘rtasidagi quruqlik osha chegara dunyodagi eng uzuni bo‘ladi.
Rossiya Ukrainaga ochgan urushdan bevosita jabr chekayotgan, Ukraina dronlari nishoniga aylangan mintaqa mamlakati.
Nima gap?

Surat manbasi, Francisco Richart/Anadolu via Getty Images
Qozog‘iston prezidenti Putinga Ukraina urushini muzlatishni taklif qildi.
Toqaevning taklifi ikkovlonning Rossiyaning Omskidagi uchrashuv chog‘ida yangradi.
Hozircha qolgan biror bir mintaqa davlati Rossiya prezidentiga bunday taklif bilan chiqmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya Ukrainaga ochgan urushni na-da oshkora qo‘llagan va na-da qoralashgan.
Taraflar har ikki tomon bilan ham aloqada, betaraf mavqe’da.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ammo kattayu kichik minbarlardan Ukraina urushiga tinch yo‘l bilan barham berishga chaqirib kelishadi.
O‘zbekiston rahbari Vashingtonda ekan, o‘tgan yil noyabr oyida ham Ukraina urushiga xosan to‘xtalib o‘tgan.
Shavkat Mirziyoyev o‘shanda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatishiga umid bildirgan.
"Ishonamanki, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni ham faqat siz to‘xtata olasiz. Biz bu borada katta umiddamiz", deb aytgan.
Mirziyoyev O‘zbekistonda "Prezident Trampni tinchlik prezidenti" deb aytishlarini ta’kidlagan.
AQSh yetakchisi jahonning sakkizta mojarosini bartaraf etishda katta ishlar qilganini qayd etgan.
O‘shanda Vashington "S5+1" formatidagi sammitga mezbonlik qilgan.
Mazkur sammitda besh mintaqa davlati liderlari qatorida Qozog‘iston prezidenti ham ishtirok etgandi.
Ukraina urushi o‘zining beshinchi yiliga kirib bormoqda.
Tramp o‘zining saylovoldi va’dasining ustidan chiqa olmagan.
Ukraina urushiga "bir kun"da chek qo‘yishning uddasidan chiqmagan.
Ammo, bir yildan oshiqki, bu masalada barcha manfaatdor tomonlar bilan aloqada.
Putin bilan Ukraina urushiga chek qo‘yish borasidagi muloqotlari hanuz butun dunyo bo‘ylab sarlavhalarga chiquvchi yangiliklardan biri bo‘ladi.
Omskda esa 24-25 iyul kunlari Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning XXII forumi bo‘lib o‘tgan.
Yangi taklif

Surat manbasi, Getty Images
Qasim-Jomart Toqaev fikricha, "butun bu ishni muzlatib qo‘yish imkoniyati bor" – bu xalqaro amaliyotda sinovdan o‘tgan holat va taktikadir.
"Ehtimol, u yerda erishilgan salmoqli natijalarni — tabiiyki, Rossiya hamda boshqa yirik davlatlarning kafolatlari ostida — inobatga olgan holda, ushbu mojaroni muzlatish va 'Istanbul formulasi 2.0'ga qaytish hamda uzoq kutilgan tinchlik sari odimlash vaqti kelgandir", - deb aytgan Qozog‘iston prezidenti.
Istanbuldagi muzokaralar 2022 yilda bo‘lib o‘tgan.
Ammo tayyorlangan niyatlar memorandumi esa faqat qog‘ozda qolib ketgan.
Moskva Kiev G‘arb bosimi ostida "Istanbul formulasi"dan voz kechganini da’vo qiladi.
Ammo Ukraina unda ko‘zda tutilgan hududiy yon berishlarni istisno qiladi.
"Men o‘z kamtarona fikrimni aynan bugun bildirishga qaror qildim, chunki odamlar uchrashuvimizdan xabardor — ular mening Omskda bo‘lishim kerakligini bilishadi — va mendan buni yetkazishni so‘rashdi. Vaziyatni qanday hal qilish mumkin? Buni hech kim bilmaydi, chunki tomonlar o‘z pozitsiyalarida qat’iy turibdi", — deb aytgan Toqaev Putinga.
Ammo Qozog‘iston rahbari "odamlar" deganida kimlarni nazarda tutganini ochiqlamagan.
Shu bilan birga, Toqaev vositachilik qilish niyati yo‘qligini ham ta’kidlagan.
"Mazkur mojaroning tabiati ko‘pchilik qatori o‘zlariga ham noayon ekanligi"ni aytgan.
U, shuningdek, Putin "Alyaskadagi uchrashuvda maksimal darajada diplomatik moslashuvchanlik namoyish etgani" haqidagi fikri bilan ham bo‘lishgan.
Prezidentning so‘nggi bir yarim yil davomidagi vositachilik urinishlari ham harbiy asirlarning keng ko‘lamli almashinuvidan boshqa hech qanday natija bermagan.
Kreml munosabati

Surat manbasi, Getty Images
Xabarlarga ko‘ra, Qozog‘iston prezidentining Omskvadagi uchrashuv chog‘ida yangragani aytilgan bu taklifiga javoban Putin Toqaevga Ukrainadagi "maxsus amaliyotlari" haqida gapirib bergan.
Ammo uchrashuv ortidan bunga Rossiya prezidentining matbuot kotibi oydinlik kiritgan.
Dmitriy Peskov "Kreml Toqaevning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi bilan kelishmasligi"ni aytgan.
Unga ko‘ra, Qozog‘iston prezidenti Ukraina bo‘yicha mavqeini bir necha bor ochiqlagan.
"Ammo bu Rossiya Federatsiyasi bunga rozi ekanligini anglatmaydi".
"Toqaev Ukraina masalasida bir necha bor fikr bildirdi. U izchil pozitsiyaga ega. Bu biz uning fikriga qo‘shilamiz degani emas. Ammo Qozog‘iston — bizning eng yaqin hamkorimiz, eng yaqin ittifoqchimiz", — dedi Peskov "Rossiyskaya Gazeta" nashriga bergan intervyusida.
Rossiya prezidenti matbuot kotibiga ko‘ra, bu "tub sabablarni yetarli darajada tushuntirib bera olmaganliklari"ni anglatadi.
"Hamkorlari ularning pozitsiyasini bilishlari kerak"ligi uchun bu ishni "yanada kuch-g‘ayrat bilan davom ettirishadi".
Avvalroq Kreml vakili "Interfax" agentligining savoliga javob berar ekan, Kievning pozitsiyasini inobatga olgan holda, "mojaroni shunchaki muzlatib qo‘yishning iloji yo‘qligi"ni aytgan.
"O‘zlari uchun muhim shart borligi – bu maqsadlariga erishish ekanligi"ni ta’kidlagan.
Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, urush Qozog‘istonning asosiy daromad manbaiga zarba bergan.
Ularning aytishlaricha, "Ostona Moskva bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor, biroq o‘z eksport daromadlari evaziga o‘zgalarning urushi uchun to‘lov qilishni istamaydi".
"Toqaevning taklifi Moskva bilan munosabatlarga putur yetkazmaydigan darajada yumshoq, shu bilan birga, ham Kiev, ham G‘arb tomonidan aniq eshitiladigan darajada ochiq ifodalangan".
"Toqaev vositachilik xizmatini taklif qilish uchun emas, balki Qozog‘iston sabr-toqatining chegaralarini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida kelgan".
Qozog‘iston va dron hujumlari
Ushbu voqea xalqaro huquq bilan himoyalangan fuqarolik obyektiga nisbatan uchinchi tajovuzkor harakat bo‘ldi.
Qozog‘iston o‘tgan yil oxirida Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsortsiumi terminaliga qilingan hujum yuzasidan Ukrainaga rasman va oshkora o‘zining noroziligini bildirgan.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu xususda bayonot bilan chiqqan.
Vazirlik o‘zining bayonotida bunga o‘xshash hodisalar Qozog‘iston va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishini ham ta’kidlagan.
Rasmiy Ostona, "Ukraina tarafi bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq choralar ko‘rishi"ga umid ham bildirgan.
Rasmiy Kiev esa "Ukraina Qozog‘istonga qarshi hech qanday dushmanona harakatlar qilmayapti", - deya bayonot bergan.
"Ukraina tomonining hech qanday harakati Qozog‘iston yoki boshqa uchinchi bir tomonlarga qaratilgan emasligi"ni ta’kidlagan.
"Ukraina Rossiya hujumlariga javoban zarba berishi, o‘zlarining barcha sa’y-harakatlari BMT Nizomining 51-moddasida kafolatlangan o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqining bir qismi sifatida Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzkorligini qaytarishga qaratilgan"ligini bayon qilgan.
Barcha tomonlarni Rossiyani "o‘z davlatlari va xalqlariga qarshi jinoiy urushini imkon qadar tezroq tugatishga undash" uchun o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishga ham chaqirgan.
Rasmiy Kievning bu javobiga rasmiy Ostonaning munosabati noayon qolgan.
Ammo bularning barchasi ortidan ham mintaqadan Qozog‘istonning Ukraina dron hujumlaridan jabr chekkaniga oid xabarlar kelishda davom etgan.
Qozog‘iston va Ukraina

Surat manbasi, EPA
Markaziy Osiyo davlatlarining hech biri shu paytgacha Rossiya Ukrainaga ochgan urushni na-da oshkora qo‘llagan va na-da qoralagan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainaga oid xalqaro rezolyutsiyalarida ham betarafliklaricha qolishayotir.
Qozog‘iston o‘zining Ukraina urushi borasidagi ilk rasmiy bayonotini 2022 yilning martida, Rossiya o‘zining "maxsus harbiy amaliyoti"ni boshlashidan oy o‘tib bergan.
Prezident Qasim-Jomart Toqaev o‘shanda Rossiya va Ukrainani "muzokaralar orqali til topishish"ga chaqirgan, "yomon tinchlik yaxshi janjaldan afzal" ekanini aytgan.
Rasmiy Ostona orada Ukraina masalasida Qozog‘istonning pozitsiyasi "aniq" ekani, bu "BMT Nizomi asosida barcha davlatlar, shu jumladan, Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilish zaruratidan iborat" ekanini aytgan.
Qozog‘iston Ukraina mojarosining tez orada tugatilishidan chin dildan manfaatdor ekani va zarur bo‘lsa, bunda o‘z rolini o‘ynashga ham tayyor ekanligini ta’kidlagan.
Rasmiy Ostona, "ziddiyatlarni harbiy yo‘l bilan hal qilish qat’iy yechim emasligini aytishdan ham tortinmasligi"ni rasman va oshkora bayon qilgan.
Qozog‘iston "ko‘pqutbli tashqi siyosati tufayli dunyoning hech bir davlati bilan yomon munosabatlarga ega bo‘lmagan tinchliksevar davlat" ekanini aytadi.
Orada G‘arbning Ukraina urushi bois Rossiyaga qo‘llab kelayotgan xalqaro sanksiyalari talablarini bajarishga ham va’da bergan.
Rasman taqiqlangan 2023 yilga qadar qozog‘istonliklar Rossiyaning Ukrainadagi urushiga vaqti-vaqti bilan o‘z noroziliklarini bildirib kelishgan.
Urushga qarshi namoyishlarga chiqishgan, faollar esa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir necha bor tinch mitinglar ham uyushtirishgan.
Bu kabi holat Ukraina urushi manzarasida qolgan aksariyat mintaqa davlatlarida kuzatilmagani bilan ham ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan.
Qozog‘iston urush ichidagi Ukrainaga insonparvarlik yordami ham yuborib keladi.





























