Yevropa yetakchilari va Zelenskiy Armanistonda bo‘lib o‘tayotgan sammitga tashrif buyurdi. Moskva bunga qanday munosabat bildiradi? - (Video)

    • Author, Rayxon Demitrie
    • Role, Bi-bi-sining Janubiy Kavkaz bo‘yicha muxbiri, Yerevan
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Yevropa yetakchilari uzoq vaqt davomida Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi eng yaqin ittifoqchisi hisoblab kelingan Armanistonga ikki misli ko‘rilmagan sammitda qatnashish uchun yig‘ilmoqda. Shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ilk bor Yerevanga tashrif buyurdi.

Aholisi uch milliondan kam bo‘lgan bu mamlakat uchun ushbu voqeaning ramziy ahamiyatini ortiqcha baholab bo‘lmaydi. Chunki Armaniston Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan tashkil etilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi sanaladi va mamlakat hududida Rossiyaning harbiy bazasi joylashgan.

Dushanba kuni Yerevanda 30 dan ortiq yevropalik yetakchilar hamda Kanada bosh vaziri ishtirokida Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Seshanba kuni esa tarixda ilk bor Yevropa Ittifoqi va Armaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama sammit o‘tkaziladi. Unda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyaen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta qatnashadi.

Volodimir Zelenskiy Yerevanga sammit arafasida yetib kelgan va yakshanba kuni allaqachon Norvegiya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya hamda Chexiya bosh vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Zelenskiyning asosiy vazifalari

Zelenskiy o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarida yakshanba kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda harbiy yordam masalalari hamda Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik muzokaralari atrofidagi vaziyat muhokama qilinganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Britaniyaning PA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Zelenskiy Starmer orqali qirol Charlz III ga AQSh Kongressidagi nutqida Ukrainaga yordam berish zarurligi haqidagi fikrlari uchun minnatdorchilik bildirgan.

Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotlarida Finlyandiya va Norvegiya bosh vazirlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ham harbiy hamkorlik masalalari, shuningdek, ushbu davlatlarning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami — harbiy va energetika sohalaridagi ko‘mak muhokama qilinganini ta’kidladi.

U Finlyandiya bosh vaziriga uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqish va ularni ishlab chiqarish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashni taklif etdi. "Ukraina o‘z tajribasini ulashishga va keng ko‘lamli bosqin boshlangan ilk kundan beri bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan hamkorlarni yanada kuchaytirishga tayyor", — dedi prezident.

Armanistonga tashrifidan avval Ukraina prezidenti bo‘lib o‘tiladigan uchrashuvlar oldiga uchta asosiy vazifani qo‘yganini ham ma’lum qildi: urushni munosib yakunlashni yaqinlashtirish, Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan 90 milliard yevro miqdoridagi yordamni Ukrainaga tezroq yetkazish va mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash.

Rossiya ta’siri doirasidami?

Armaniston energetika resurslari masalasida katta darajada Rossiyaga bog‘liq. Mamlakat Rossiyadan gazni imtiyozli narxlarda sotib oladi. Bu holatni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1 aprel kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Moskvaga tashrif buyurgan paytda alohida ta’kidlab o‘tgan.

Putinning aytishicha, Rossiya Armanistonga ming kub metr gazni 177,5 dollar narxda sotmoqda, holbuki Yevropada gaz narxi 600 dollarga yetgan. "Farq juda katta, sezilarli", — degan Rossiya prezidenti.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, Rossiyaning siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi kuchli ta’sir doirasida bo‘lgan Armaniston qanday qilib ko‘plab yevropalik yetakchilarni qabul qilayotgan mamlakatga aylandi, degan savol tug‘iladi.

Bu boradagi burilish nuqtasi 2023 yilda Armaniston va qo‘shni Ozarbayjon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urush bo‘ldi. O‘shanda Ozarbayjon tezkor harbiy amaliyot o‘tkazib, sobiq Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati va unga tutash, qariyb 30 yil davomida arman kuchlari nazoratida bo‘lgan olti hudud ustidan nazoratni qayta tikladi. Natijada 100 mingdan ortiq etnik arman mintaqani tark etdi.

2020 yildagi 44 kunlik urushdan keyin Qorabog‘da joylashtirilgan Rossiya tinchlikparvar qo‘shinlari bu gal amalda aralashmadi. Ilgari ham Ozarbayjonning Armanistonga qarshi harbiy harakatlariga Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) tomonidan aniq javob bo‘lmagan edi.

"Biz amalda mavjud xavfsizlik tizimi ishlamayotganini anglab yetdik", — dedi Bi-bi-si bilan suhbatda Armaniston Milliy yig‘ilishi tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Sargis Xandanyan.

Bir yil avval Yevropa Ittifoqi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida chegaralarni tan olish bo‘yicha kelishuvga vositachilik qildi va shu doirada fuqarolik kuzatuv missiyasini joylashtirdi.

"Yevropa Ittifoqining bevosita ishtirok etishi fuqarolarimiz qarashlarini o‘zgartirdi", — deydi Xandanyan. Uning aytishiga ko‘ra, jamiyatda YeI bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatishga bo‘lgan talab kuchaygan.

2025 yil mart oyida Armaniston parlamenti mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlashga qaratilgan qonunni qabul qildi.

Shu bilan birga, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayoni ham tezlashdi. Avgust oyida ikki davlat rahbarlari Oq uyda ko‘p yillik nizoni tugatishga qaratilgan tarixiy kelishuvni imzoladi.

Ular, shuningdek, xalqaro tinchlik va farovonlikni rivojlantirishga qaratilgan "Tramp yo‘lagi" nomli yirik transport loyihasi ishga tushirilishini e’lon qildi. Ushbu yirik yo‘lak Armanistonning Eron bilan chegarasi bo‘ylab o‘tib, mintaqani Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi.

Shu bilan birga, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi tinchlik jarayoni hali mustahkam emas. Yevropaning Armaniston bilan yaqinlashuvi esa Yerevan uchun muayyan diplomatik yo‘qotishlarga ham olib kelmoqda.

O‘tgan hafta Ozarbayjon parlamenti Yevropa parlamenti bilan munosabatlarni to‘xtatish uchun ovoz berdi. Bunga sabab — yevroparlamentariylar qabul qilgan rezolyutsiya bo‘lib, unda 2023 yilda Qorabog‘dan qochib ketgan armanlarning qaytish huquqini ta’minlash, shuningdek, Boku tomonidan ushlab turilgan arman mahbuslarini ozod etishga chaqiruv bildirilgan edi.

Ozarbayjon Yevropa parlamenti bilan hamkorlikni to‘xtatmoqda. Biroq Yevropa tomon gaz yetkazib berish reja asosida davom etmoqda.

Bu orada Moskva Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan borgan sari iliqlashayotgan munosabatlarini yashirmasdan, keskin norozilik bilan kuzatmoqda.

Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Vladimir Putin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatdagi erkinliklar bilan faxrlanayotganida kinoya bilan kulgan.

"Armanistonda ijtimoiy tarmoqlar 100 foiz erkin, hech qanday cheklovlar yo‘q", — degan Pashinyan Rossiya prezidentiga. Ayni paytda Rossiyada barcha yirik g‘arb platformalari bloklangan.

Biroq Putin Pashinyanga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik bilan mos kelmasligini eslatdi.

"Bir vaqtning o‘zida ham Yevropa Ittifoqining, ham Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining bojxona ittifoqiga a’zo bo‘lish mumkin emas", — dedi Rossiya prezidenti. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu "ta’rifan ham mutlaqo imkonsiz".

Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitiga atigi bir necha kun qolganida Rossiya Armanistondan mineral suv importiga taqiq joriy qildi.

"Bu gibrid tahdidlar qanday ishlashining odatiy namunasi", — deydi Armanistonning axborot makonini monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi CyberHUB‑AM tashkiloti vakili Artur Papyan.

Uning qayd etishicha, yuqori lavozimli rasmiylarning Yevropa tomon yo‘nalgan bayonotlari yoki Bryusselga qilgan tashriflaridan so‘ng ko‘pincha Gruziya–Rossiya chegarasida arman yuk mashinalarini ushlab qolish haqidagi qarorlar qabul qilingan. Shu bilan birga, hukumat saytlariga kiberhujumlar uyushtirilishi mumkinligi haqida xakerlar tomonidan tahdidlar ham paydo bo‘lgan.

O‘tgan oy Yevropa Ittifoqi Armanistonda kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan yangi fuqarolik missiyasini ma’qulladi. Ushbu missiya Rossiya tomonidan tarqatilayotgan dezinformatsiya, kiberhujumlar va noqonuniy moliyaviy oqimlarga qarshi kurashishga qaratilgan bo‘lib, ayniqsa iyunь oyida bo‘lib o‘tadigan Armaniston parlament saylovlari arafasida muhim ahamiyatga ega.

Mazkur missiya 2025 yilgi saylovlar oldidan Moldovada tashkil etilgan Yevropa Ittifoqining shunga o‘xshash missiyasi asosida yaratilgan. O‘sha saylovlar natijasida Kishinyovda Yevropaparast kuchlar hokimiyatni saqlab qolgan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Men bu holatlarni, ayniqsa Moldovana va Ruminiyadagi, shuningdek Ukrainadagi voqealarni chuqur o‘rgandim", — deydi Artur Papyan. — "Bu yerda umumiy taktikalar va texnologik uslublar yaqqol ko‘zga tashlanadi".

Uning aytishicha, yanvar oyida uning jamoasi WhatsApp tarmog‘iga qarshi keng ko‘lamli hujumni aniqlagan. Taxminlarga ko‘ra, bu hujum oqibatida bir necha yuz mingta akkaunt buzib kirilgan. Papyan ta’kidlashicha, ushbu messenjer vazirlar va davlat amaldorlari orasida juda keng qo‘llaniladi.

Alohida bir amaliyot davomida esa xakerlar Signal ilovasida soxta akkaunt yaratib, o‘zlarini Yevropa Ittifoqining Armanistondagi elchisi Vasilis Maragos deb tanishtirgan. Ular nodavlat tashkilotlar rahbarlarini Armaniston va Yevropa Ittifoqi munosabatlariga bag‘ishlangan soxta konferentsiyaga taklif qilishgan.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun yuborilgan havola juda ishonchli ko‘ringan. Hatto fuqarolik jamiyati tashkilotlarida ishlovchi tajribali mutaxassislar ham bu tuzoqqa tushib qolgan. Keyinchalik hujum manbai aniqlanganida, IP-manzillar Rossiyaning Moskva shimoli-g‘arbida joylashgan Zelenograd shahriga olib borgan.

Yerevanda bo‘lib o‘tadigan sammitlar arafasida Artur Papyan aytishicha, u faqatgina ertalabning o‘zida Telegram tarmog‘ida olti-etti marta faollik keskin oshganini payqagan. Ushbu xabarlar bir xil mazmunga ega bo‘lib, sammitlar Armaniston uchun ortga qaytish yo‘li qolmagan nuqta ekani va Rossiya bu tadbirlar uchun mamlakatni jazolashi haqida da’volar ilgari surilgan.

"Armanistonda demokratik institutlar ishlayapti va muayyan yutuqlarga erishildi, ammo ularga jiddiy bosim o‘tkazilmoqda", — dedi sammitlarda ishtirok etayotgan Yevropa Kengashi bosh kotibi Alen Berse.

Uning ta’kidlashicha, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari arafasidagi asosiy xavflar — tashqi aralashuv, yolg‘on axborot tarqalishi va internetdagi siyosiy qarashlarning keskin qutblashuvidir.

Bersening so‘zlariga ko‘ra, Armanistonda bu kabi tahdidlarga qarshi kurashish uchun ayrim huquqiy mexanizmlar mavjud. Ammo, ko‘plab boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, "hozircha bu choralar tahdidlarning ko‘lami va murakkabligiga to‘liq javob bermaydi".

Yevropalik yetakchilar yaqin ikki yil ichida fuqarolik missiyalarini yo‘lga qo‘yish va viza rejimida yengilliklar yaratish va’dasi bilan Yerevanga kelayotgan bir paytda, Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha aniq muddatlar, mudofaa sohasidagi kafolatlar yoki Rossiya gaziga muqobil manbalarga o‘tish rejalari hali belgilab olinmagan.

Ana shunday aniq va qat’iy majburiyatlar mavjud bo‘lmagan sharoitda, Armanistonning Rossiya va G‘arb o‘rtasida muvozanat saqlashga urinishi hali ham davom etmoqda va yakuniga yetgani yo‘q.