Markaziy Osiyo, Tojikiston: Xitoy tili ruschani siqib chiqaradimi?

Tojikiston va Xitoy prezidentlari, talabalar va mintaqa xaritasi kollaji.

Surat manbasi, BBC/prezident.tj (kollaj)

Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Tojikistonda Xitoy tiliga qiziqish ortmoqda. Bugun minglab tojikistonlik yoshlar Xitoyda tahsil olishadi. Tojikistonning o‘zida ham ko‘plab yigit-qizlar Xitoy tilini o‘rganyaptilar.

Xitoy tiliga qiziqish - butun Markaziy Osiyo bo‘ylab kuzatilayotgan voqelik.

Sababi - mintaqada Xitoyning ishtiroki, iqtisodiy va moliyaviy ta’siri hamda o‘rni ortib bormoqda.

Markaziy Osiyo, xususan, Tojikiston yoshlari nega aynan oxirgi yillari Xitoy tilini o‘rganishga kirishganlarini bir necha sabablar bilan izohlashadi.

Hozirgi holat o‘tgan asr mobaynida Rus tili eng ommabop xorijiy til bo‘lib kelgan Markaziy Osiyoda endi chet tillariga qiziqish faqatgina Ingliz tili misolida yuzaga chiqmayotganini ham ko‘rsatadi.

Bu esa Xitoy tili yaqin kelajakda mintaqadagi eng muhim xorijiy tillardan biriga aylanishi mumkinmi, degan savolni o‘rtaga chiqaradi.

Tojikistonlik yigit.
Surat tagso‘zi, Ibrohimjon ish yuzasidan Xitoy tilini o‘rganganini aytadi.

BBC Fors Xizmati muxbiri Suhrob Ziyo Tojikistondagi vaziyatni o‘rganadi:

Tojikistonlik Ibrohimjon hali 14 yil oldin Xitoy tilini o‘rganishni boshlagan.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Shimoliy Tojikistondagi u ishlaydigan tuproqni tadqiq etuvchi laboratoriya Xitoyning yo‘l qurilish shirkati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi ortidan, yosh mutaxassis ham Xitoy tilini o‘rganishga qaror qiladi.

"Til o‘rganish kasbiy zarurat edi, chunki ishlash muhitimiz Xitoy tilini yaxshi bilishni talab qilardi" - deydi Ibrohimjon Do‘stalizoda.

"Til o‘rgangach, bizning yashash sharoitimiz yaxshilandi, chunki bu bizning Xitoy bo‘ylab turli shaharlarga safar qilishimizga hamda dunyoqarashimizni kengaytirishga imkon yaratdi".

"Biz hozir ushbu tajribalarni o‘z hayotimiz va mamlakatimiz taraqqiyotiga tadbiq etishga intilamiz".

Bugun Tojikistonda Xitoy tilini o‘rganish imkonlari ko‘p. Til markazlari ishlaydi, ijtimoiy tarmoqlarda ham til o‘rgatish kontentlari ko‘paymoqda.

Xitoy tili - mamlakatdagi o‘nlab til o‘rgatish markazlarida eng ko‘p o‘rgatilayotgan tillardan.

"Xitoy tilini juda yaxshi ko‘raman. Shu bois uni o‘rganishni Xitoyda davom ettirmoqchiman" - deydi bir yildan beri Xitoy tilini o‘rganayotgan talaba Anais Yusufbekova.

Tojikistonlik yoshlar kelajakda yaxshi ish topish va o‘z kar’erasini yo‘lga qo‘yish uchun ham Xitoy tilini bilish foydali bo‘lishini aytishadi.

"Bu sizga Tojikistonda Xitoy sarmoyasi bilan ishlaydigan shirkatlarda ish topish, Xitoy tili o‘qituvchisi bo‘lish yoki Xitoyga borib ishlash imkonini beradi" - deydi Dushanbedagi Nexus markazi mudiri Zoir Salimov.

"Shuningdek, siz tijoriy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishingiz va logistika sohasida hamkorlik qilishingiz mumkin. Xitoy tilini mukammal o‘zlashtirgan har qanday inson o‘z ish imkoniyatlarini kengaytiradi".

Tojikiston ta’lim mutasaddilariga ko‘ra, ayni paytda 6000 nafar tojikistonlik yosh Xitoyda tahsil olmoqda. Tojikistondagi o‘n uchta universitetda Xitoy tili o‘rgatiladi.

O‘tgan o‘n besh yil davomida Tojikiston Milliy universiteti qoshidagi Konfutsiy institutida taxminan o‘n ming nafar talaba Xitoy tilini o‘rgangan.

Xitoydan kamida 40 nafarga yaqin o‘qituvchi kelib, Tojikiston bo‘ylab turli o‘quv maskanlarida yoshlarga til o‘rgatishmoqda.

O‘quv markazidagi yoshlar.
Surat tagso‘zi, Tojikistonlik yoshlar orasida Xitoy tilini o‘rganish ommalashmoqda.
Zoir Salimov
BBC
Bu sizga Tojikistonda Xitoy sarmoyasi bilan ishlaydigan shirkatlarda ish topish, Xitoy tili o‘qituvchisi bo‘lish yoki Xitoyga borib ishlash imkonini beradi.
Zoir Salimov
Til markazi mudir, Dushanbe

Prezident Rahmon ham o‘zining Xitoyga oxirgi safar davomida tojikistonlik talabalarga xorijiy tillarni o‘rganish ularning kelajagi uchun katta ahmiyatga ega bo‘lishini ta’kidlagan.

Tojikistonlik yoshlar nazdida ham Xitoy tilini bilish yangi istiqbollarni ochadi.

"Xitoy tilini o‘rgangan yoshlar nafaqat Tojikistonda, balki xorijda ham nufuzli shirkatlarda, xususan, biznes sohasida ish topishlari mumkin" - deydi talaba Abdusamad Ilhom.

"Shuningdek, tarjimon sifatida, tibbiyot va texnologiya sohalarida ishlab, turmush darajalarini yaxshilay oladilar".

Nega Xitoy?

Tojikiston va Xitoy prezidentlari.

Surat manbasi, prezident.tj

Surat tagso‘zi, Xitoy - Tojikistonning ham muhim savdo-iqtisodiy hamkori.

Xitoy - Tojikistonning chegaradosh qo‘shnisi.

Ayni paytda, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodi bilan qo‘shni bo‘lish Dushanbe uchun shunchaki umumiy sarhadlarga egalikni anglatmaydi.

Iqtisodiy va moliyaviy jabhada ham Tojikiston uchun Xitoyning o‘rni katta.

2014-2024 yillar davomida Xitoy Tojikiston iqtisodiga qariyb 4 milliard dollar atrofida sarmoya kiritgan.

Hozir bu mamlakatda Xitoy sarmoyasi bilan ishlaydigan 700dan ko‘proq shirkat faoliyat yuritadi.

Umuman, Xitoy bugun mintaqa davlatlarining eng yirik savdo hamkori, kredit beruvchisi va sarmoyadori sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab ulgurdi.

Ayni paytda, Markaziy Osiyo ham Xitoyning qadim Ipak Yo‘lini zamonaviy avtoyo‘l va temiryo‘l sifatida qayta jonlantirish rejalarida muhim tranzit hudud sanaladi.

Shu qatorda mintaqa Xitoy tovarlari uchun yaqin va yirik bozor hamdir.

O‘tgan bir yarim asrga yaqin vaqt davomida Rossiya ta’siri doirasida bo‘lgan Markaziy Osiyo hamon Moskva bilan yaqin aloqada.

Ammo sarmoya va texnologiya masalasiga kelganda, Xitoydan yetadigan manfaat birinchi o‘ringa chiqadi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Xitoy beradigan turli kredit va qarzlar mintaqada Tojikiston va Qirg‘iziston uchun yanada kattaroq ahamiyatga ega.

Rossiya oxirgi chorak asr davomida mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni tutib turish uchun qator yirik bizneslar va energetika sohasiga sarmoyalar kiritgan.

Moskva, shuningdek, AES kabi ulkan loyihalarni oldinga surmoqda.

Biroq, Rossiya texnologiyasi dunyoda raqobatbardosh emas, iqtisodi esa global mezonlar bo‘yicha o‘rtacha va Ukraina urushi bois Rossiyaning o‘zi ham ko‘plab iqtisodiy muammolar qarshisida qolgan.

Mintaqaning G‘arb bilan iqtisodiy aloqalari esa ancha zaif va, ta’bir joiz bo‘lsa, endi tetapoya qilmoqda.

G‘arbning inson huquqlari yoki demokratik o‘zgarishlarga oid shart va talablari ham Markaziy Osiyo bilan aloqalarga ta’sir etmay qolmaydi.

Shunday holatda, Osiyoning yuksalayotgan yangi ulkan iqtisodi va mintaqaning chegaradosh qo‘shnisi - Xitoy o‘rtaga chiqadi.

Markaziy Osiyo va Xitoy aloqalarining hozirgi holati - o‘zaro jips munosabatlarning faqat boshlanishi, deyiladi.

Bu esa Xitoy tili nufuzi hamda mavqei ham yaqin kelajakda mintaqada faqat ortib boradi, degan fikrlarga yo‘l ochishi mumkin.

Markaziy Osiyo Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan o‘tgan asrda Rus tili mintaqaliklar eng ko‘p o‘rganishga majbur bo‘lgan xorijiy til edi. (To‘g‘ri, Sovet Markaziy Osiyosida u xorijiy til sanalmagan).

Ruschaning mavqei va ishlatilishi bugun Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida tushgan.

Mustaqillik yillari yoshlar o‘rtasida Ingliz tilini o‘rganishga qiziqish ortdi.

Shunday holatda ham mintaqadagi yirik tadbirlar Rus tilida olib boriladi va MDH hamda Markaziy Osiyoda asosiy muloqot tili sifatida qolmoqda.

Xitoycha esa mintaqada yaqin yillar ichida o‘rganila boshlangan til. Va uni halicha Markaziy Osiyoda yuz minglab yoki millionlab insonlar qo‘llayotgani yo‘q.

Xitoy tili yaqin kelajakda mintaqada Rus tili o‘rnini egallaydimi yoki ommaboplik bobida Ingliz tili darajasiga chiqadimi - aniq gap aytish qiyin.