Hindiston: Opasining o‘limini jasadi bilan tasdiqladi

Surat manbasi, BBC Hindi
- Author, Rakhi Ghosh and Nikita Yadav
- Role, BBC Hindi va BBC News
- O'qilish vaqti: 4 daq
Ogohlantirish: Maqolada tasvirlangan ayrim tafsilotlar ba’zi o‘quvchilarning dilini xira qilishi mumkin.
Hindiston sharqida yashaydigan erkakning aytishicha, opasi bankda saqlagan omonat pullarini ololmaganidan keyin opasi vafot etganini isbotlash uchun jasadini qabrdan qazib chiqarib ko‘tarib bankka olib kelishga majbur bo‘lgan.
Odisha shtatida yashaydigan 52 yashar Jitu Munda jasadni ko‘tarib bankka borgani videosi shu hafta ijtimoiy tarmoqlarda rosa tarqalib ketdi, juda ko‘pchilikni g‘azablantirdi. Jitu Munda so‘zlariga ko‘ra, opasining olamdan o‘tganini rasman tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etolmagani, shuning uchun ham opasining bank hisobidagi pulini ololmaganidan umidsizlikka tushib shunday choraga qo‘l urgan.
Politsiyaga ko‘ra, u ayol jasadni qabrdan qazib chiqarib bankka olib borgan.
Bank undan buni so‘raganini rad etadi, faqat qonuniy hujjat talab qilganini bildirdi. Bankka ko‘ra, ushbu hodisa erkakning pul olish jarayonlaridan bexabarligi tufayli ro‘y bergan, pul marhumaning qonuniy vorislari qo‘liga berilgan.
Bank Munda da’vosining boshqa bir qismini bahsga tutadi.
27 aprel kuni Odisha shtatining Keonjhar tumanida yuz bergan hodisa butun Hindiston diqqat-e’tiboriga tushdi, ko‘pchilik mahalliy rasmiylar va bankni erkakka yordam qo‘lini cho‘zmaganlikda aybladilar.
Odisha shtati Daromad vaziri Suresh Pujarining aytishicha, ushbu ish tergov ostida va idoraning mahalliy bo‘limi rahbari o‘z vazifasini ado etmagani uchun unga nisbatan chora ko‘riladi.
Keonjhar tumani ma’muriyati ham o‘zining "chuqur tashvishi"ni izhor etdi, insonlarning huquqi va qadr-qimmatini muhofaza qilish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
Jitu Mundaning Bi-bi-siga aytishicha, mushkullik shu yil boshida 56 yashar opasi Kalara vafot etganidan keyin boshlangan. Opasi kunlik yollanma ishchi yoki mardikor sifatida ishlab kun kechirgan. Eri va o‘g‘li vafot etganidan keyin o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona uyi, ya’ni Jituning uyiga qaytib kelgan.
O‘limidan bir necha oy oldin o‘ziga tegishli buyumlarni sotgan va 19,300 Hindiston rupiysi ($203)ni bank hisobiga omonatga qo‘ygan.

Surat manbasi, Hindustan Times via Getty Images
Mundaning so‘zlariga ko‘ra, opasining o‘limidan keyin bankka bir necha marotaba borgan.
"Bank menejeri gapimga quloq solishni istamagani va isbot talab qilaverganidan keyin jahlim chiqdi. Opam o‘lganini ko‘rsatish uchun jasadini olib keldim", dedi Jitu Munda.
Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib ketgan videoda bir erkak matoga o‘ralgan jasadni ko‘tarib borayotgani va bank binosi ostonasiga qo‘ygani ko‘rinadi. Bu videoni kim tasvirga olgani noma’lum.
Hodisa juda ko‘pchilikni g‘azablantirganidan keyin insonlar o‘limidan keyin birovning nomida bo‘lgan mol-mulkni agar u o‘limidan oldin merosxo‘rni aniq yozib ko‘rsatib ketmagan bo‘lsa, qog‘ozbozlik to‘siqlari ko‘pligi haqida yozdilar. Yana boshqalar ayniqsa qishloq yashovchilari bank tizimi bilan muomalada yanada ko‘proq mushkulliklarga duch kelishlarini bildirdilar.
Hindistonda agar vorisi nomini ko‘rsatmagan bank hisobi egasi olamdan o‘tsa, oilasi a’zolari uning o‘limini tasdiqlaydigan hujjat va qonuniy merosxo‘rligini tasdiqlaydigan qog‘ozlarni taqdim etganlaridan keyin bankdagi mablag‘ni ololadilar. Biroq aksar qishloq joylarida bunday hujjatlashtirish jarayonlari cheklangan.
Ushbu hodisadan keyin Odisha Grameen Bankini yuritadigan Indian Overseas Bank bayonot e’lon qildi. Unda aytilishicha, bank xodimlari vafot etgan inson jismonan hozir bo‘lishini talab qilganlar degan xabar "noto‘g‘ridir".

Bankka ko‘ra, Mundaga nima ish qilishi kerakligi aytilgan, biroq u qonuniy jarayon talabiga rioya etmagan. Shuningdek, bank da’vo qilishicha, Jitu birinchi marta "mast holatda" kelgan va to‘polon qilgan. So‘ng jasad bilan kelgan, vaziyatni bank "ranjitadigan" deb ta’riflagan.
Bank bo‘limi rahbari Sushant Kumar Sethining BBC Hindi xizmatiga aytishicha, Munda boshida, "opam falaj bo‘lib qolgan, shuning uchun bankka kelolmaydi", degan. Bank xodimlari, "unda uyiga borib ko‘ramiz", deganlar. Sushant Kumar Sethi so‘zlariga ko‘ra, keyinroq Munda "opam o‘ldi" deb aytgan.
Sethi Munda hikoyasining boshqa qismini ham bahsga tutadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi ikki oyda Munda bankka kelmagan. Boshqa qonuniy merosxo‘rlar ham bank hisobidagi pulni chiqarib olish talabi bilan kelganlar. Bu esa rasmiylarning qonundagi o‘lim holatini tasdiqlaydigan hujjatlarni talab qilishlariga turtki bergan.
Politsiya va mahalliy rasmiylar Mundani opasining jasadini qaytib qabrga olib borib ko‘mishga ko‘ndirdilar, bank hisobidagi pulni olib berishga va’da berdilar. Unga yordam sifatida 30,000 rupiy ham beriladigan bo‘ldi.
29 aprel kuni rasmiylar o‘lim sertifikati va qonuniy merosga taalluqli hujjatlar qarindoshlariga berilganini, bank esa hisobdagi mablag‘ ayol oilasi a’zolari qo‘liga topshirilganini xabar qildilar.






























