"Ukraina Qozog‘iston neft tankeriga hujum qildi", Qozog‘iston Rossiyaga neft eksport qildi

Surat manbasi, Reuters
19 iyul kuni Kaspiy Truboprovod konsortsiumi (KTK) xabar qilishicha, Ukraina harbiylari Qora dengiz sohilida ikki Qozog‘iston neft tankeriga hujum qilgan.
KTK Qozog‘iston o‘zining neftini jahon bozoriga olib chiqadigan asosiy quvur yo‘li hisoblanadi: Qozog‘istondan tortilgan, Rossiya hududidan o‘tib, Qora dengiz sohilidagi Rossiyaning Novorossiysk bandargohigacha borgan quvurdan Qozog‘iston o‘z neftining 80 foizini eksport qiladi.
Eksport hajmi yiliga 55-60 million tonnani tashkil etadi.
KTK o‘zining dengiz terminaliga Ukraina hujumlari uyushtirilgani haqida bundan oldin ham xabar bergan.
So‘nggi xabarda aytilishicha, hujum VPU-1 va VPU-3 tashqi yuklash qurilmalarida neft ortish vaqti sodir etilgan.
Neft Qozog‘istondagi amerikalik Chevron kompaniyasi ishtirokidagi qo‘shma korxona — «Tengizshevroyl» va Qozog‘istonning «QazMunayGaz» kompaniyasiga tegishli.
Chevron KTK aktsiyadorlaridan biri bo‘lib, kompaniya ulushi 15 foizni tashkil etadi.
Konsortsiumning boshqa aktsiyadorlari Rossiya (31 foiz), Qozog‘iston (20,75 foiz) hamda qator xususiy kompaniyalardir.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
KTK xabarida aytilishicha, Liberiya va Marshall orollari bayroqlari ostida suzib yuradigan tankerlarda xalqaro ekipajlar bo‘lgan. Asia tankerida yong‘in chiqqan, ammo u bartaraf etilgan.
Kompaniya ma’lum qilishicha, neft yuklash ishlari to‘xtatilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar va qurbonlar yo‘q, neft to‘kilishiga yo‘l qo‘yilmagan, tankerlar suvda qolish qobiliyatini saqlab qolgan. Ayni paytda yetkazilgan zarar baholanmoqda.
Matbuot bayonotida ta’kidlanishicha, bu xalqaro huquq himoyasida bo‘lgan faqat fuqaroviy maqsadlarda foydalaniladigan KTK ob’ektiga qarshi amalga oshirilgan beshinchi «to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajovuz harakati»dir. Kompaniya o‘ziga qarshi sanksiya joriy etilmaganini ta’kidladi.
2025 yil 29 noyabrida dronlar hujumi oqibatida KTK Novorossiysk yaqinidagi dengiz terminali faoliyatini to‘xtatgan edi. Shu sababli Qozog‘iston o‘z neft eksportining bir qismini boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lgan.
Ukrainaning Vashingtondagi elchisi Olga Stefanishinaga ko‘ra, fevral oyida KTK terminaliga qilingan hujumlardan keyin AQSh Davlat departamenti Kievni bunday nishonlarga zarba berishdan tiyilishga chaqirgan, chunki bu "Amerika va Qozog‘istonning iqtisodiy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatgan".

Ukraina Qurolli kuchlari KTK bayonotiga munosabat bildirgani yo‘q.
Oxirgi oylarda Rossiyaning neft inshootlariga dron hujumlarini kuchaytirgan Ukraina harbiylari diqqatini Rossiyaning neft tashiydigan "soya floti" kemalariga qaratdi.
Ukraina harbiylari 20 iyul kuni Qora va Azov dengizlaridagi Rossiyaga tegishli yetti kemaga zarba berganini xabar qildilar.
Ukraina Qurolli kuchlarining Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Roman Brovdi ("Madyar" taxallusi bilan tanilgan) ma’lum qilishicha, ular orasida uchta tanker va to‘rtta quruq yuk tashuvchi kema bor.
Brovdi Telegram kanalida yozishicha, Ukraina Qurolli kuchlari shu paytgacha «soya floti»ga tegishli jami 183 ta kemaga zarba bergan.
Ulardan 119 tasi Azov dengizida, 64 tasi esa Qora dengizda bo‘lgan.
Yaqinda Ukraina Rossiyadagi Amazon bozori muqobili hisoblanadigan Wildberries shirkatining Moskva va Tambov viloyatlaridagi omborlariga dron hujumlari uyushtirdi.
Ukraina Prezidenti Zelenskiyga ko‘ra, Wildberries Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun zarur buyumlar savdosi bilan shug‘ullangani uchun omborlari nishonga olingan.
Omborlarga hujumlar oqibatida sakkiz inson halok bo‘lgani, o‘nlab kishilar yaralangani xabar qilindi.
So‘nggi hujumlarga javoban Rossiya ballistik raketalar bilan Ukrainaga zarbalarini ko‘paytirgan.
Bir kun oldin Ukraina rasmiylari 41 raketa bilan hujum qilingani, asosan, poytaxt Kiev va Odessa shahridagi port nishonga olingani xabar qilindi.
Qozog‘iston Rossiyaga neft eksport qildi

Surat manbasi, Reuters
Qozog‘istondagi neftni qayta ishlash zavodlaridan biri Rossiyaga benzinning ilk partiyasini eksport qildi, deya xabar berdi 17 iyul kuni Qozog‘istondagi xususiy Ulysmedia.kz veb nashri.
Ulysmediaga ko‘ra, Moskva Ukraina dronlarining hujumlari oqibatida qator neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati izdan chiqqani va Rossiya ichki bozorida yoqilg‘i ta’minoti qisqarganidan keyin qo‘shimcha yoqilg‘i manbalarini izlamoqda.
"Dronlar hujumi oqibatida Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash zavodlarining to‘xtab qolishi benzin ishlab chiqarish hajmini kamaytirdi. Shu bois Moskva Qozog‘iston va Belarusdan yordam so‘radi hamda Hindistondan yoqilg‘i import qilishga kirishdi", deb yozadi Ulysmedia.kz.
Ulysmedia.kz yozishicha, iyul o‘rtalarida G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida joylashgan «Kondensat» neftni qayta ishlash zavodi qo‘shni mamlakatga qariyb ming tonna benzin eksport qilgan.
Xabarda aytilishicha, «Kondensat» iyul oyida eksport qilish rejalashtirilgan barcha hajmlarni Rossiyaga yo‘naltirmoqchi.
Shuningdek, Pavlodar neftni qayta ishlash zavodi ham shu oyda Rossiyaga benzin jo‘natishni boshlashni rejalashtirgan.
Ulysmedia.kz ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari ishidagi uzilishlar va yoqilg‘i tanqisligi Qozog‘istonda arzonroq bo‘lgan benzinning Rossiyaga noqonuniy olib chiqib ketilishi xavfini ham oshirgan.
Nashr yozishicha, chegara hududlarida kontrabandaning ko‘plab holatlari aniqlangan. Ular orasida maxsus o‘zgartirilgan avtomobillarda yoki kanistrlarda tashilgan minglab litr benzin va dizel yoqilg‘isi ham bo‘lgan.
Bundan oldin Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov Rossiya fuqarolari Qozog‘istondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avtomobillarini to‘ldirishi mumkinligini, ammo faqat mashinaga zavodda o‘rnatilgan standart baklardan foydalanishga ruxsat berilishini, qo‘shimcha baklarga yoqilg‘i quyish mumkin emasligini aytgan edi.
Uning bu izohlari Qozog‘istonning chegara hududlaridagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Rossiya avtomobillari soni ko‘paygani haqidagi xabarlar ortidan yangragan.
Qozog‘iston ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari ayrim haydovchilar qo‘shimcha yoqilg‘i baklarini ham to‘ldirayotganidan xavotir bildirgan edilar.
Qozog‘istonda Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi mamlakatning o‘zida ham benzin tanqisligiga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchayib bormoqda.
Mahalliy nashrlar g‘arbiy viloyatlarda yoqilg‘i yetishmovchiligi haqida xabar berib, yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi uzun navbatlar aks etgan videolarni tarqatdilar.
29 iyun kuni Qozog‘iston Energetika vazirligi mamlakatda benzin zaxiralari yetarli ekani va yoqilg‘i tanqisligi xavfi yo‘qligini ma’lum qildi.
Vazirlik vakili Asel Serikpaevaning so‘zlariga ko‘ra, «ta’minot barqaror bo‘lib, amaldagi neftni qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarishi hisobidan muntazam to‘ldirib borilmoqda».
1 iyul kuni Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiyadan rasmiy murojaat kelib tushgan taqdirda yoqilg‘i yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Biroq vazirlik bu faqat tijorat shartlari asosida va ichki bozor ta’minotiga zarar yetkazmagan holda amalga oshirilishini ta’kidlagan.
Xuddi shunday vaziyat Belarusda ham kuzatilayapti.
Rossiyaliklar Belarus hududiga o‘tib avtomobillariga benzin quyib qaytishlari ko‘paydi.
Belarus aholisi orasida ham yoqilg‘i taqchilligi kelib chiqishi, narx ko‘tarilib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham yuzaga chiqdi.
Belarus rasmiylari esa xavotirga o‘rin yo‘qligini, mamlakatda yoqilg‘i savdosi har yili yozgi dam olish mavsumlari payti kuzatiladigan hajmdan oshmayotganini aytdilar.





























