Ajralish, smartfonlar va nazorat: Tolibon hokimiyati ostidagi Afg‘onistondan BBC reportaji

- Author, Kovun Xamush
- Role, BBC Jahon xizmati
- Reporting from, Shibirg‘on, Kobul, Qandahor
- Published
- O'qilish vaqti: 8 daq
Hokim Abdulloh Sarhadiy qo‘li singan bolaning davolanishi uchun pul beradi, mahalliy masjid uchun ham mablag‘ ajratadi. Keyin esa Afg‘oniston shimolidagi o‘z idorasida kutilmagan bir suhbatga guvoh bo‘lamiz.
Yosh ayol oqsoqol tolib qo‘mondonidan eri bilan ajrashishga yordam berishni so‘raydi. U erini bir necha oy davomida zo‘ravonlik qilishda va doimiy ravishda kaltaklashda ayblaydi.
Ayol qaroridan qaytish niyatida emas.
Qizlar o‘rta maktabda o‘qishi taqiqlangan mamlakatda 18 yoshli bu ayol yuzini to‘liq yopib turadigan parda va qora ko‘zoynak ortida turib, o‘z da’vosini xotirjam va ishonch bilan bayon qiladi.
"Birga yashashning oz bo‘lsa-da imkoni bo‘lganida, bu yerga kelmagan bo‘lardim... Men qarorimni qabul qilib bo‘ldim", deydi u.
Hokim dastlab uni ajrashmaslikka ko‘ndirishga harakat qiladi. Keyinchalik esa atrofidagi amaldorlar, qo‘riqchilar va mahalliy oqsoqollar kulgisi ostida ayollarni "aqlsiz" va "idrok jihatidan nuqsonli" deb ataydi.
Bu voqea Tolibon hokimiyati ostidagi kundalik hayot qanday kechayotganiga noyob nazar tashlash imkonini beradi. Harakat mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olganiga besh yil bo‘lgan bo‘lsa-da, mazkur holat uning boshqaruv uslubi haqida ko‘p narsani anglatadi.

Bu vaqt mobaynida ayollar ish joylarining aksariyatidan chetlatildi, universitetlarda o‘qish taqiqlandi, yolg‘iz sayohat qilish yoki bog‘lar hamda dam olish maskanlariga borish huquqidan mahrum etildi.
Ikki yil mobaynida BBC ekstremist islomiy harakatning nufuzli vakillari bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi. Jurnalistlar bir vaqtlar xudkushlik hujumlarini rejalashtirgan yoki yillar davomida yashiringan, hozir esa amaldor va harbiy xizmatchiga aylangan shaxslar bilan suhbatlashdi.
Tolibon hokimiyatga qaytar ekan, o‘zgarganini aytgandi. Ammo uning ko‘plab siyosatlari 1990-yillarda joriy qilingan, shariatning qat’iy talqiniga asoslangan yondashuvlarini eslatadi.
Biz uchratgan tolib amaldorlari o‘zlarini oqilona va mulohazali qilib ko‘rsatishga intilardi. Biroq ular o‘tmishdagi zo‘ravonliklar haqida gapirishni unchalik istamasdi. Shuningdek, boshqaruvchilar va ular boshqarayotgan aholi o‘rtasidagi taranglik ham ayrim holatlarda ko‘zga tashlandi.
Hokim Sarhadiy Tuba (bu uning haqiqiy ismi emas) turmushini saqlab qolishi kerak deb hisoblaydi.
"O‘zingizdan so‘rang: "Ajrashganimdan keyin menga kim uylanadi?", deydi Sarhadiy. "Ko‘p narsaga ko‘nishingizga to‘g‘ri keladi, aks holda qadr-qimmat va or-nomusingizni yo‘qotasiz."
"Hokim janoblari, mening qadr-qimmatim va or-nomusim allaqachon toptalgan", deya javob qaytaradi Tuba.
Shu payt uning eri ham navbati kelishini kutib o‘tiradi.
Shariatga ko‘ra, ayol ajrashish uchun erining roziligini so‘rasa, nikoh vaqtida olingan mahrning bir qismi yoki hammasini qaytarishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Odatda bu holatlarda moliyaviy kelishuvga erishiladi. Ammo Tubaning eri mahr miqdoridan to‘rt baravar ko‘p pul talab qilmoqda. Ayolning oilasi esa bunday talabni qabul qilmaydi.
Hokim ayolga alohida xona ajratilishi kerakligini aytadi. Shuningdek, amaldorlar erni xotinini kaltaklamaslik haqida ogohlantirishini, "aks holda qamalishi mumkinligini" qo‘shimcha qiladi.
Bu qarordan qoniqmagan Tubaning otasi keyinchalik BBC'ga oila ajrashish masalasini sud orqali hal qilishga harakat qilishini aytadi. Biroq Tolibon sud tizimida erning roziligisiz ayol uchun ajrashishga erishish juda mushkul.

Surat manbasi, EPA/REX/Shutterstock
Sarhadiy 1990-yillarda Tolibonning birinchi hokimiyat davrida harbiy qo‘mondon bo‘lgan.
2001 yil oxirida AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Tolibonni hokimiyatdan chetlatganida, taslim bo‘lgan minglab isyonchilar qatorida u ham bor edi.
U bir necha yil AQShning Guantanamo qamoqxonasida saqlangan, keyinchalik ozod qilingan.
Tolibon hokimiyatga qaytgach, u dastlab Bomiyon viloyatiga, keyin esa BBC jurnalistlari u bilan iyun oyi oxirida uchrashganida Javzjon viloyatining markazi Shibirg‘on shahriga hokim etib tayinlangan edi. Yaqinda esa u Qunduz viloyatidagi harbiy korpus qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan.
Qo‘lida kichik ekranli eski rusumdagi telefonni aylantirar ekan, u amaldorlar uchun smartfonlar taqiqlanganidan keyin ishlar sekinlashib qolganini aytadi.
"Oldin tezda xabar yuborish mumkin edi... hujjatlarni jo‘natish va javobni tez olish oson bo‘lardi", deydi u.
Taqiq haqida yana biror narsa desa, "muammo chiqishi mumkinligi"ni ham qo‘shimcha qiladi.
Biroq boshqa masalalarda uning dunyoqarashi 25 yil avvalgi Tolibon qarashlaridan deyarli o‘zgarmagan ko‘rinadi.
O‘sha paytda u Bomiyonda harbiy qo‘mondon bo‘lgan. Aynan shu yerda Tolibon qadimiy ulkan Budda haykallarini portlatib yo‘q qilgan va bu xalqaro miqyosda qattiq norozilik hamda qoralovlarga sabab bo‘lgan edi.
Dastlab u arxeologik yodgorlik haqidagi savollarimizga javob berishdan qochadi. Biroq keyinroq shunday deydi: "Uni o‘z qo‘llarim bilan vayron qilganman. Qilgan ishlarimiz ham, qilayotgan ishlarimiz ham Xudoning amri va qonuniga muvofiq. Biz butlarni sotmaymiz, ularni yo‘q qilamiz. Nega men bundan afsuslanishim kerak? Bu Xudoning irodasi edi."
Poytaxt Kobulda biz Tolibonning yana bir yuqori lavozimli vakili bilan uchrashdik. Uning zo‘ravonliklarga boy o‘tmishi bugun hukmron ma’muriyatdagi lavozim bilan almashgan.
Habibulloh Badr bizni zirhli mashinada shahar ko‘chalari bo‘ylab olib yuradi.
Uning aytishicha, u avval Kobulda "xudkush hujumchilar amaliyotlari uchun mas’ul" bo‘lgan.
"Kobulning barcha yo‘llari va ko‘chalarini juda yaxshi bilaman. Bizda shahar va uning mahallalari haqida zarur barcha ma’lumotlar bor edi", deydi u. "Ayrim amaliyotlarni rejalashtirish uchun esa uzoq vaqt talab qilingan."
Tolibonning xudkushlik hujumlari Afg‘onistonda minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Ular orasida ko‘plab tinch aholi vakillari ham bor.
Biroq Badr o‘z o‘tmishi haqida gapirishda ehtiyotkorlik qiladi. Uning aytishicha, bu mavzular "odamlarni xafa qilishi" va "eski yaralarni yangilashi" mumkin.
Tinch aholi qurbonlari haqidagi savolga javoban u Tolibon AQSh harbiy kolonnalarini nishonga olganini, fuqarolar esa xorijiy harbiy bazalardan uzoqroq turish haqida ogohlantirilganini aytadi.
Ammo men undan aholi yashaydigan hududlarda sodir etilgan muayyan hujumlar haqida so‘raganimda, u savolga aniq javob berishdan qochadi.

Hozirda u davolanish bilan band bo‘lgani uchun rasmiy vazifalaridan vaqtincha chetlashgan. Biroq bundan avval butun mamlakat qamoqxonalari tizimi rahbarining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Qizig‘i shundaki, u avvalgi hukumat davrida o‘lim jazosiga hukm qilingan holda saqlangan aynan o‘sha qamoqxonani keyinchalik boshqargan.
Badr bizni qabila yig‘ilishiga ham taklif qiladi. U yerda xayriya jamg‘armasi rahbari unga medal topshirib, xizmatlarini e’tirof etishi kerak edi. Ammo tadbir kutilmagan tus oladi.
"Janob Badr Afg‘onistonning faxri va buyuk jangchisidir", deydi Sulton Muhammad Taloiy. "Ammo mening bir e’tirozim ham bor. Agar maktablar va ta’lim barcha uchun ochiq bo‘lganida, bu Afg‘oniston uchun katta xizmat bo‘lardi. Umid qilamanki, bu gaplarim sizni xafa qilmaydi."
Uning so‘zlaridan keyin zalda noqulay sukut cho‘kadi. Tinglovchilar qanday munosabat bildirishni bilmay qoladi. Ko‘p o‘tmay Taloiyning mikrofoni olib qo‘yiladi.
Keyinroq u BBC'ga shunday deydi: "Men qizlar maktablari qayta ochilishini so‘radim. Ilm olish Islomda erkaklar ham, ayollar ham uchun farzdir."
U yana qo‘shimcha qiladi: "Aytmoqchi bo‘lgan boshqa gaplarim ham bor edi, ammo gapimni davom ettirishga qo‘yishmadi."
Bunday fikrlarni oshkora aytganlar ko‘pincha ancha og‘ir oqibatlarga duch keladi.
BBC bilan suhbatlashgan ayollar ta’lim sohasidagi cheklovlar tufayli orzulari barbod bo‘lganidan qattiq tushkunlikka tushganini aytdi. Ular norozilik namoyishlarida qatnashgan tanishlari qamoqqa olingani haqida ham so‘zlab berishdi.
Biz suhbatlashgan jurnalistlarning aksariyati Tolibonning "Estixbaraat" deb ataladigan razvedka xizmati tomonidan chaqirtirilgani yoki so‘roq qilinganini ma’lum qildi.
BBC bu xavotirlarning bir qismi yuzasidan Tolibon hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidga murojaat qildi.

U 2021 yildan buyon Tolibon hukumatining asosiy rasmiy vakillaridan biri hisoblanadi. U isyonchilik yillarida foydalangan taxallusidan hanuz foydalanib keladi. Biroq u BBC'ga o‘zining haqiqiy ismi Tohir Shoh Siddiqiy ekanini aytdi va bu nomni ilk bor ommaga oshkor qildi.
Biz undan avvalgi hukumat davrida amerikaliklar mablag‘lari hisobidan qurilgan muhtasham matbuot markazida suhbat oldik. Shu yerda unga Tolibon mamlakat hokimiyatini qo‘lga olganidan ikki kun o‘tib o‘tkazgan ilk matbuot anjumani haqida savol berdik.
O‘shanda u butun dunyoga Tolibon hukumati ayollarga "o‘z doiramiz va qoidalarimiz doirasida" ishlash va ta’lim olish imkonini berishini, ular jamiyatda "juda faol" bo‘lishini aytgan edi. Nega bu va’dalar bajarilmadi?
"Biz shariat doirasida ayollar huquqlari, so‘z erkinligi va boshqa masalalarga sodiqmiz", deya javob beradi u. "Barcha masalalarga shariat nuqtai nazaridan qarashimiz kerak."
Uning aytishicha, o‘z idorasi kabi muassasalarda ayollarning ishlashi "axloqiy buzilishlarga olib kelishi" va "ularning qadr-qimmatiga putur yetkazishi" mumkin.
Shuningdek, u ayollar ta’limi masalasi "hali muhokama qilinayotganini" aytib, bu borada "shariatga asoslangan yechim" topilishi kerakligini ta’kidlaydi.
Tolibonning ommaviy axborot vositalari erkinligiga nisbatan bosimi haqidagi savolga javoban esa shunday deydi:"Afg‘oniston kabi jamiyatda o‘z cheklovlarimiz bor. Biz ommaviy axborot vositalariga istagan targ‘ibotini qilishga ruxsat bera olmaymiz. Ular islomiy qonunlar va qadriyatlarga zid mazmundagi materiallarni efirga uzatmasligi kerak."

Tolibon hukumati Kobulda joylashgan bo‘lsa-da, Mujohid vaqtining katta qismini harakatning asosiy tayanch hududi hisoblangan janubiy Qandahor shahrida o‘tkazadi. Ayrimlar bu shaharni bugun Afg‘onistonning amaldagi poytaxti deb hisoblaydi.
Biz Qandahorda yashaydigan Tolibonning oliy rahbari Hibatulloh Oxunzoda bilan uchrashish imkoni bor-yo‘qligini so‘raymiz. U jamoatchilik oldida juda kam ko‘rinish beradi va hozirgacha biror ommaviy axborot vositasiga intervyu bermagan. Bizga bunday uchrashuv hozircha imkonsiz ekani aytiladi.
Ikki yil avvalgi tashrifimdan buyon Qandahorda cheklovlar yanada kuchaytirilgan.
Endi erkaklar soqol qo‘yishi shart.
Radiostantsiyalarga musiqa qo‘yish yoki ayollar ovozini efirga uzatish taqiqlangan.
Bizga esa shahar ichida tasvirga olishga ruxsat berilmaydi.
Qandahordan ikki soatlik masofada, chang-to‘zonli yo‘llar orqali boriladigan hududda harakatning eng sodiq sobiq jangchilaridan ayrimlari BBC'ga isyonchilar bir vaqtlar foydalangan maxfiy g‘orlar tarmog‘ini ko‘rsatadi.
Sobiq jangchi Obid Lalay hozir Ichki ishlar vazirligiga qarashli xavfsizlik kuchlari tarkibida nazorat-o‘tkazish punktida xizmat qiladi. U bizga o‘q uzgan pozitsiyalarini, Qur’onini saqlaydigan joyni va avtomatlarini osib qo‘yadigan nuqtalarni ko‘rsatib beradi.

Uning kattasi Abdul Samad bizga hech qanday belgi qo‘yilmagan qabristonni ko‘rsatadi. Uning aytishicha, Tolibon safida jang qilib halok bo‘lgan otasi shu yerga dafn etilgan.
Bu hudud Afg‘onistonning eng qashshoq mintaqalaridan biri hisoblanadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining har to‘rt nafaridan uch nafari asosiy ehtiyojlarini o‘z kuchi bilan ta’minlay olmaydi. Samadning aytishicha, mahalliy aholi suv, yo‘llar va tibbiyot muassasalariga qattiq ehtiyoj sezmoqda.
"Amirlik amaldorlari bizni unutgani yo‘q", deydi Samad.
Uning fikricha, rahbarlar hozir boshqa ustuvor masalalar bilan band bo‘lishi mumkin.
"Umid qilamizki, bir kuni bizga ham e’tibor qaratishadi", deydi u.
Tolibonning ikkinchi marta hokimiyatga kelganiga besh yil bo‘lgan bo‘lsa-da, qashshoqlik, ishsizlik va iqtisodiy beqarorlik hamon mamlakatning eng dolzarb muammolari bo‘lib qolmoqda.
BBC suhbatlashgan Tolibon vakillari bu muammolarni hal qilish ustida ishlayotganini aytdi. Ammo biz harakatning o‘zi mamlakatning eng katta muammosi deb hisoblaydigan boshqa odamlar bilan ham uchrashdik.
"Hayot haqida hech qanday tushunchasi bo‘lmagan bir guruhning to‘satdan hokimiyatga kelib qolganini qanday izohlashni bilmayman", deydi Hudo (bu uning haqiqiy ismi emas). U Tolibon hokimiyatga qaytgan paytda ko‘chalarda norozilik aktsiyalarida qatnashgan ayollardan biri.
"Ayollar bu vaziyatni qabul qila olmaydi", deydi u BBC'ga. "Ular cheklovlarni yanada kuchaytirishi mumkin, ammo bu abadiy davom etmaydi."
U yana shunday deydi: "Menimcha, Tolibon bilimli ayollardan qo‘rqadi. Shuning uchun ham ayollarga cheklovlar qo‘ymoqda. Ular savodsiz ayollarni xohlaydi, chunki bunday ayollar aqlli va mustaqil fikrlaydigan avlodni tarbiyalay olmaydi. Chunki bu Tolibon hukmronligiga barham berishi mumkin."
Materialni tayyorlashda Hofizulloh Maruf ham ishtirok etdi.




























