Bayram arafasida Isroil hujumlaridan Livanda o‘nlab odam halok bo‘ldi

Qutqaruvchilar Mashg‘arada Isroil zarbalari natijasida vayron bo‘lgan uylar vayronalari orasidan qidiruv ishlarini olib bordi.
Surat tagso‘zi, Qutqaruvchilar Mashg‘arada Isroil zarbalari natijasida vayron bo‘lgan uylar vayronalari orasidan qidiruv ishlarini olib bordi
    • Author, Samanta Granvil
    • Author, Jon Sudvord
    • Role, BBC News, Livan
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu "Hizbulloh"ga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga va’da berganidan so‘ng, seshanba kuni Livanning janubi va sharqidagi hujumlarda o‘nlab odam halok bo‘ldi.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi hujumlarda kamida 31 kishi halok bo‘lgan, ular orasida bir nechta bola ham bor.

Isroil armiyasining ma’lum qilishicha, u "Hizbulloh"ning 100 dan ortiq infratuzilma ob’ektlari va jangarilarini nishonga olgan. Bu aprel o‘rtalarida AQSh vositachiligida e’lon qilingan otashkesim kelishuvidan beri eng kuchli bombardimon kechalaridan biri bo‘ldi.

Bu Netanyahuning shu hafta "Xizbullohga yanada qattiroq bosim o‘tkazish" haqida ko‘rsatma berganini aytganidan keyin yuz berdi.

Chorshanba tongida Isroil shimolida Livandan otilgan snaryad sabab havo hujumi sirenalari yangradi. Isroil harbiylari bayonotiga ko‘ra, snaryad ochiq hududga tushgan va jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

Seshanba kuni xavfsizlik kabineti yig‘ilishida so‘zlagan Netanyahu Isroil "Livandagi operatsiyasini kuchaytirayotgani"ni aytdi.

"Isroil mudofaa kuchlari quruqlikda katta kuchlar bilan harakat qilmoqda va strategik hududlarni egallamoqda", dedi u. Shuningdek, u shimoliy Isroildagi aholini "Hizbulloh" hujumlaridan himoya qilish uchun "xavfsizlik hududi mustahkamlanayotgani"ni qo‘shimcha qildi.

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi har ikki tomon tomonidan bir necha bor buzilgani aytilmoqda. Bu AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha davom etayotgan murakkab muzokaralarga xavf tug‘dirmoqda.

Isroilning havo va artilleriya zarbalari, ayniqsa Livan janubida, har kuni davom etmoqda. "Hizbulloh" esa shimoliy Isroildagi aholi punktlari va Livan janubidagi Isroil qo‘shinlariga qarshi raketa va dron hujumlarini amalga oshirmoqda.

Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, havo hujumlari Bekaa vodiysidagi Mashg‘ara qishlog‘i va janubiy Livandagi Burj ash-Shamali hududini nishonga olgan.

Ayrim hujumlar UNESCO tomonidan mintaqadagi "eng yaxshi saqlangan o‘rta asr qal’alaridan biri" deb tan olingan qariyb 900 yillik Bofort qal’asi yaqiniga ham zarba bergan.

Reuters
Jarohatlanganlar orasida bolakay Muhammad ham bor. Videolarda qutqaruvchilar yarim tunda vayronalar orasini kovlab, uning qo‘llarini chiqarib olishga urinayotgani ko‘rinadi.
Jon Sudvord
BBC, Livan (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Dushanba kuni e’lon qilingan videomurojaatda Netanyahu Isroil "Hizbulloh"ning, jumladan Isroil mudofaa tizimlarini chetlab o‘ta oladigan optik tolali dronlar bilan amalga oshirgan hujumlariga javoban, zarbalar soni va kuchini oshirishini aytgan.

"Biz ularga qattiq zarba beramiz", dedi u.

Bu bayonotdan keyin "Hizbulloh" tayanch hududlaridan biri Bayrut janubiy chekkalarida vahima kuzatildi. Aholi hududni tark eta boshladi, ko‘chalarda xavfsiz joy izlagan oilalarning minglab mashinalari to‘plandi.

Hujumlar poytaxtni chetlab o‘tgan bo‘lsa-da, Isroil harbiy samolyotlari tundan seshanba tongiga qadar Livan bo‘ylab ketma-ket zarbalar berdi. BBC qariyb 50 ta joyda o‘nlab hujumlarni sanagan.

Livan milliy axborot agentligi NNA ma’lumotiga ko‘ra, dushanba kechqurun janubiy Arab Salim shahridagi uyga qilingan zarbada er-xotin halok bo‘lgan. Kautariyat al-Rez qishlog‘ida esa yana ikki kishi nobud bo‘lgan.

Tunda Mashg‘aradagi bir nechta uy Isroil zarbalari oqibatida vayron bo‘lgan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, vayronalar orasidan 11 kishining jasadi olib chiqilgan, ular orasida bir ayol va ikki bola bor. Yana 15 kishi jarohatlangan.

Jarohatlanganlar orasida Muhammad ismli yosh bola ham bo‘lgan. Videolarda qutqaruvchilar yarim tun payti vayronalar orasini shoshilinch kovlab, kichik bolaning qo‘llarini chiqarib olishga urinayotgani ko‘rinadi. Chang va tuproqqa belangan yetti yoshli bola oxir-oqibat qutqarib olingan.

"Ko‘zimni ochganimda harakat qila olmayotgandek his qildim, atrofim esa faqat zulmat edi", dedi Muhammad BBC'ga shifoxona yotog‘ida yotgan holda.

"Meni qutqargan odamlarning ovozini eshitdim. Ular meni chiqarish uchun uzoq vaqt harakat qildi".

Uning boshi bint bilan o‘ralgan, qo‘l va oyoqlarida ham jarohat izlari bor edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Muhammad uyiga raketa tushgan paytda uxlab yotgan bo‘lgan. Hujumda uning otasi va ikki opasi halok bo‘ldi.

Mashg‘ara deyarli "arvohlar shahri"ga aylangan. Yo‘lda bir necha mashina kimligimizni bilish uchun o‘tib-qaytadi. Ammo hayot to‘xtagan.

Munitsipalitet vakili Ahmad BBC jurnalistlarini tungi hujumlardan biri sodir bo‘lgan joyga olib bordi.

"Men 'Hizbulloh' a’zosi emasman, ammo qishloqdagi hamma qarshilikni qo‘llab-quvvatlaydi va dushman [Isroil] hech kimni ayamayapti", deydi u.

Ahmadning gapini reaktiv samolyotlar ovozi bo‘ladi. Kuchli portlash va biz hududni tark etishga majbur bo‘ldik.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda BBC tasvirga olayotgan joy yaqinida katta portlash sodir bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi.

Isroil armiyasi Mashg‘aradan olingan havodan tasvirlarni e’lon qilib, ularda "terrorchilar faoliyati aniqlangan 'Hizbulloh' infratuzilma ob’ektlari"ga zarbalar berilganini bildirdi. Bayonotda "zarbalar natijasida terroristlar yo‘q qilin"gani ham aytilgan.

Isroil zarbalari dushanba kuni Livanning janubidagi Nabatiya shahriga berildi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil zarbalari dushanba kuni Livanning janubidagi Nabatiya shahriga berildi

Harbiylar, shuningdek, Livan janubidagi 90 dan ortiq qurol omborlari, qo‘mondonlik markazlari va kuzatuv nuqtalari nishonga olinganini ma’lum qildi.

Seshanba tongida Isroil armiyasi Livan bo‘ylab yangi evakuatsiya buyruqlarini e’lon qildi. Armiya "Hizbulloh"ni 17 aprelda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishda aybladi.

Isroil armiyasining arab tilida so‘zlovchi vakili polkovnik Avixay Adrai "Hizbulloh"ning takroriy qoidabuzarliklari Isroil kuchlarini harakat qilishga majbur qilganini aytdi.

"Hizbulloh" esa Isroil tomonidan otashkesim kelishuvi buzilganiga javoban shimoliy Isroildagi uchta kazarma va bir harbiy postni nishonga olganini bildirdi.

Netanyahuning zarbalarni kuchaytirish haqidagi buyrug‘i Isroil armiyasi janubiy Livanda yakshanba kuni bir askar halok bo‘lganini ma’lum qilganidan keyin berildi.

Shu tariqa, 2 martdan beri "Hizbulloh" hujumlari natijasida Livanda halok bo‘lgan Isroil harbiylari soni 23 nafarga yetdi. Yana bir fuqarolik pudratchisi ham halok bo‘lgan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shu davr ichida Isroil zarbalari oqibatida kamida 3 185 kishi halok bo‘lgan.