Afg‘oniston shimolidagi O‘zbek, Tojik va Turkmanlar nimadan norozi?

Maymanada to‘plangan norozi namoyishchilar

Surat manbasi, AMU.TV

O'qilish vaqti: 4 daq

Shimoliy Afg‘onistonda taniqli Tojik qo‘mondoni Mavlaviy Abdul Qodir Saad Tolibon harakati rahbariyatini harakatni tobora Pashtunlar ustunlik qiladigan, qarindosh-urug‘chilikka asoslanayotgan, mamlakatning nopashtun hududlarini rad etayotgan, ushbu amallar bilan bir zamonlar o‘zlari kurashgan Islomiy g‘oyalarga qarshi borayotgan harakatga aylantirayotganlikda aybladi.

Tojik qo‘mondoni ushbu tanqidlarini qaerda aytgani aniq emas, biroq shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu fikrlarni bildirgan videosi tarqaldi.

Uzoq yillik Tolibon qo‘mondoni kamdan-kam uchraydigan tanqidini masjidlardan birida qilgan ma’ruzasi payti bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, bu shimoliy Afg‘onistondagi Saripul viloyatidagi masjidlardan biridir.

Mavlaviy Abdul Qodir Saad iddaosicha, "cho‘pon" va savodsiz shaxslar yuqori lavozimlarga tayinlanayaptilar, mahalliy aholiga majburan "tiqishtirilayaptilar". U shu tarzda davom etaversa, Tolibon tizimi qulashi mumkinligidan ogohlantirdi.

"Bugun biz o‘z odamlarimiz va o‘z jamoalarimiz o‘rtasida obro‘sizlanib qoldik. Bizning qadr-qimmatimiz o‘zimizdan olib qo‘yildi, jihodimiz iftixori bizdan olib qo‘yildi. Bizda qudrat qolmadi", dedi sobiq qo‘mondon.

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida tug‘ilib o‘sgan Mavlaviy Abdul Qodir Saad Tolibon boshqaruvi ostida qator yuqori lavozimlarga, xususan, Balx viloyati prokurori etib ham tayinlangan.

Uning Tojik Toliboni a’zolari orasida obro‘i baland, bir necha shimoliy viloyatlarda ma’ruzalar bilan chiqish qilgan.

Tolibondan oldingi hukumat zamonida Mavlaviy Abdul Qodir Saad isyonkorlik, odamlarni Afg‘oniston rasmiylari va xorijiy harbiy kuchlarga qarshi gijgijlash ayblovlari bilan qamoqqa tashlangan edi.

Mavlaviy Saad(chapda) Afg‘oniston shimolida taniqli Tojik Tolibon qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq

Surat tagso‘zi, Mavlaviy Saad(chapda) Afg‘oniston shimolida taniqli Tojik Tolibon qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan

Mavlaviy Abdul Qodir Saadning oxirgi tanqidiga o‘xshash bayonotlar yangilik emas.

Ammo Tolibon hokimiyatni qo‘lga olgan 2021 yil avgustidan keyingi davr bilan solishtirganda bunday tanqidlar kuchayayotganga o‘xshaydi.

Asli Panjsherdan bo‘lgan yana bir Tojik Tolibon qo‘mondoni Abdul Hamid Xurosoniy guruh ichida "irqiy noxolislik" mavjudligini bir necha bor tanqid qilgan.

Mavlaviy Saadning videosini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan Badaxshon viloyatilik yana bir Tojik qo‘mondoni Salohiddin Salor tanqidlarga to‘la qo‘shilishini bildirdi.

Bundan oldin bir necha yuqori lavozimli O‘zbek Tolibon qo‘mondonlari ham shunga o‘xshash xavotirlarni bildirgan edilar.

Tanqidchilarga ko‘ra, Tolibon rahbariyati nopashtun bo‘lgan qo‘mondonlarni borgan sayin chetlatib kelayapti.

Qo‘mondonlar o‘zi tug‘ilib o‘sgan shimoliy viloyatlardan janubga ma’muriy lavozimlarga tayinlanayapti, buni ayrimlar ichki surgun sifatida talqin etayapti.

Afg‘oniston shimoli pashtunlashtirilayaptimi?

Iqtibos

AQShda joylashgan Amu TV xabar berishicha, Faryob viloyatining shimolidagi Qaramqo‘l tumanida yashovchi yuzlab odamlar tuman hududida pashtun ko‘chmanchilariga milliy shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar berilayotgani haqidagi ma’lumotlarga qarshi viloyat markazi Maymanada norozilik namoyishi o‘tkazganlar.

Manbalarini oshkor etmay xabar qilinishicha, norozilar hujjat olayotgan shaxslar Milliy statistika va axborot boshqarmasining (NSIA) viloyat bo‘limida ro‘yxatdan o‘tmaganini ta’kidlaganlar.

O‘zbek va Turkman namoyishchilari hujjat olayotgan shaxslar O‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etadigan Faryob viloyatining doimiy yashovchilari emasligidan ham shikoyat qilganlar.

Ularning da’vo qilishicha, Qaramqo‘l tumanidagi NSIA'ning viloyat bo‘limi rahbari ushbu jarayonga qarshilik bildirgani uchun Faryob viloyati Tolibon hokimi tomonidan hibsga olingan.

Shu orada, Oxus TV Qaramqo‘l aholisi tuman hokimi idorasi oldida norozilik bildirib, ular "shubhali va noqonuniy tarzda milliy pasportlar tarqatilishi"ga e’tiroz bildirganini xabar qildi.

Oxus'ga ko‘ra, namoyishchilar milliy shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar kimligi va hudud bilan bog‘liqligi aniq bo‘lmagan shaxslarga berilayotganidan xavotirda ekanini aytganlar, bu jarayon tumanning demografik tarkibi o‘zgarishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirganlar.

Shuningdek, norozilar mazkur jarayonni zudlik bilan to‘xtatish va Tolibon hokimiyati tomonidan ochiq-oshkora tergov o‘tkazilishini talab qilganlar.

Siyosatchilar ham xavotir bildirdilar

Bashir Ahmad Tayanch

Surat manbasi, AMU.TV

Surat tagso‘zi, Bashir Ahmad Tayanch Tolibonni Pokiston ko‘chmanchilarini Afg‘oniston shimoliga joylashtirishda aybladi

Afg‘on siyosiy arboblari shimoliy Afg‘onistonga "ko‘chmanchi nomi ostida" mahalliy bo‘lmagan guruhlarni joylashtirish rejalari borligi haqidagi iddaolardan xavotir bildirib, bu harakat xavfsizlik, demografik va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ogohlantirdilar.

Buyuk Britaniyadagi Afghanistan International nashriga bergan intervyusida O‘zbek yetakchisi Abdul Rashid Do‘stum rahbarlik qiladigan "Islomiy harakat partiyasi" matbuot kotibi Bashir Ahmad Tayanch shunday dedi:

"Ular u yerga ayrim odamlarni ko‘chmanchilar nomi ostida olib kelishni rejalashtiryaptilar. Ular — Pokiston Toliboni, Vaziriston (Pokistonning Vaziriston hududi aholisi) va TTP jinoyatchilari — Afg‘oniston shimoliga ko‘chmanchi degan nom ostida kelib, milliy shaxsni tasdiqlaydigan hujjat olishayapti. Ular hududimizni suiiste’mol qiladi, suvimizdan foydalanadi va imtiyozlarimiz hamda yerlarimizni o‘zlashtiradi…"

AQShda joylashgan Amu TV'ga bergan suhbatida siyosiy tahlilchi Abdul Rahmon Shamol shunday dedi: "Bu masala ortida katta siyosiy va harbiy maqsadlar bor. Ular mahalliy bo‘lmagan aholini bu hududga ko‘chirishga urinar ekan, asosiy maqsad mintaqada mahalliy bo‘lmaganlar sonini ko‘paytirishdir. Bu esa tamoyillar va qonunga zid…"

Tolibon rahbariyatining rejasi

2023 yil iyun oyida Afg‘onistondagi Tolibon ma’muriyati Pokiston chegarasi yaqinida joylashgan pokistonlik qochqinlarni chegaradan uzoqroq hududlarga ko‘chirishga rozi bo‘lganini tasdiqladi.

Bu qaror Islomobod tomonidan ularning Pokiston hududida hech qanday hujumlarda ishtirok etmayotgani haqida kafolat berish talabi bilan bog‘liq ekani aytilgan.

"To‘liq kafolat berish maqsadida Afg‘oniston Islom Amirligi Dyurand chizig‘ining bu tomonidagi to‘qnashuvlar tufayli ko‘chirilgan qochqinlarni — masalan, Xost, Ko‘nar va ayrim boshqa viloyatlardagi aholini — uzoq viloyatlarga ko‘chirishni rejalashtirmoqda. Ular chegaralardan uzoqqa joylashtiriladi, toki Pokistonda hech qanday hujum yoki buzg‘unchi faoliyatlarda ishtirok etmayotgani kafolatlansin va ularning chegaraga kirish imkoni bo‘lmasin", — dedi Tolibonning matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid 2023 yil 4 iyun kuni Tolo News telekanaliga bergan intervyusida.

2023 yil aprel oyida Faryob viloyatining sobiq hokimi bo‘lgan Said Anvar Sodat Afg‘oniston Toliboni uch milliondan ortiq pokistonlikni Afg‘oniston shimoliga joylashtirishni istayotganini aytgan.

"Ular taxminan 3,5 million nafar pokistonlik Pashtunni uzunligi taxminan 285 kilometr bo‘lgan Qo‘shtepa kanali bo‘ylab joylashtirmoqchi. Buning maqsadi shimoldagi aholi tarkibini o‘zgartirishdir", — degan u Independent Persian nashriga bergan intervyusida.

Tolibon rahbariyati Pashtun bo‘lmagan millat va elat vakillariga nisbatan noto‘g‘ri, nosog‘lom munosabat yoki siyosat bo‘layotganini rad etadi, tanqid, ayblov yoki bayonotlarni siyosiy maqsadlar ko‘zlangan bayonot deb ataydi.