Rossiya prezidenti Putin: "Zelenskiy bilan urushni tugatish bo‘yicha uchrashishdan ma’no yo‘q"

Rossiya prezidenti Vladimir Putin

Surat manbasi, Reuters

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbari urushni tugatish bo‘yicha yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazishni taklif qilishi ortidan Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishning hech qanday ma’nosi yo‘qligini aytdi.

Zelenskiy payshanba kuni Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga chaqiruvchi ochiq xat e’lon qilib, Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishi bilan boshlangan urushning yana bir bor AQShning diqqat markaziga aylanishini "shunchaki kutish noo‘rin" ekanligini aytgandi.

Ukraina prezidenti shuningdek, otashkesim talab qilib, o‘z nutqida shijoat va ba’zan istehzoli ohangda gapirdi.

Putin bu chiqishni "qo‘pollik" deya ta’rifladi va uchrashuv talabini rad etdi. Shu bilan birga har qanday oatshkesimdan oldin tinchlik muzokaralari bo‘lishi kerakligi haqidagi mavqeini yana bir bor ta’kidladi.

Sankt-Peterburgdagi yillik xalqaro Iqtisodiy forumda "Zelenskiyning taklifini qabul qiladimi", deya savol berilgan vaqti janob Putin "Hozircha bu kabi uchrashuvdan hech qanday ma’no ko‘rmayapman", deb javob berdi.

"Bu yuzma-yuz uchrashuv uchun sharoit yaratish usulimi yoki yuzma-yuz uchrashuvni tashkil qilmaslik usulimi? Menimcha, bu chiqish ikkinchisi", deya ilova qildi u.

Putinning javobini eshitgan janob Zelenskiy Rossiya "yana urushni tanlamoqda", deya munosabat bildirdi.

"U shunchaki urushni tugatishni istamaydi. Menimcha, dunyoda ko‘pchilik bu javobdan hafsalasi pir bo‘ldi", deb yozdi u Telegram dagi sahifasida.

Zelenskiyning maktubi haqida gapirar ekan prezident Putin otshkesim faqat Ukrainaga kuchlarini qayta yig‘ishga imkon berib, Moskvaning Kievdan kutayotgan yonbosishlarini javobsiz qoldirishini aytdi.

"Ukrainaning yagona maqsadi qurolli kuchlarimizning oldinga siljishini to‘xtatish. Lekin bizga kelishuvlar kerak - olti oyga emas, uch oyga emas, balki uzoq muddatli kelajak uchun. Mutaxassislar ishga kirishib, ba’zi yechimlarni topsinlar. Shundan so‘ng biz uchrashishimiz mumkin.", dedi u.

Prezident Putin urushni faqat Rossiya maqsadlariga erishilgandan keyingina tugatishini aytdi.

GETTY
Urush biz o‘z maqsadlarimizga erishganimizdan keyin tugaydi"
Vladimir Putin
Rossiya prezidenti (Batafsil: bbc.cm/uzbek)

"Harbiy harakatlar bir kun kelib tugaydi, deb taxmin qilamiz. Shubhasiz, urush biz o‘z maqsadlarimizga erishganimizdan keyin tugaydi."

Rossiyaning hozirda talabi shuki, Ukraina Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporijiya viloyatlaridan chiqib ketishi, shuningdek, NATOga qo‘shilish harakatlaridan voz kechishi kerak.

Ammo Kiev har qanday hududni yon berishdan voz kechmoqda va Moskvaga yon bosish uni kelajakda yana bostirib kirishga undaydi, deb ta’kidlab kelmoqda. Rossiyaning to‘liq ko‘lamli bosqini Qrim yarim orolini anneksiya qilganidan sakkiz yil o‘tib sodir bo‘lganiga ishora qilmoqda.

Zelenskiy o‘z maktubida "26 yillik hokimiyatdan keyin Putinning yoshi o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlaganini" ta’kidlab, yaqinda Ukrainaning Rossiya hududiga, jumladan, payshanba kuni Sankt-Peterburkka hujumlarini u yerga "tashrif buyurish", deya istehzo bilan gapirgan.

Putinning aytishicha, maktubda "ba’zi qo‘pol gaplar" bor.

Zelenskiyning maktubining mazmuni ba’zi doiralarda, jumladan, Oq uyda tinchlikka umid uyg‘otgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp ikki yetakchi uchrashsa, "juda yaxshi bo‘lardi", degan.

GETTY
Rossiya yana urushni tanlamoqda”
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti (BBC.COM/UZBEK)

Ukraina juma, 5- iyun kuni Azov dengizida va Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarning qirg‘oqbo‘yi suvlarida noqonuniy yuk ortilgan beshta kemaga zarba berganini ma’lum qildi.

Ukrainaning dron hujumlari qo‘mondoni Robert Brovdi bu kemalar Ukraina donini "o‘g‘irlash" va yoqilg‘i va harbiy buyumlarni tashishda ishtirok etganini aytdi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Azov dengizidagi ikkita kemaga qilingan hujumlarda besh kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Hujumni kim amalga oshirgani aytilmagan, ammo kemalar Ozarbayjonga tegishli emasligi bildirilgan.

Ukraina tomonidan uchirilgan bitta dron Ruminiyaning Qora dengiz sohilidagi Konstansa portida portladi. Ukraina operatorlari uning Rossiya elektron aralashuvi tufayli yo‘nalishdan adashganini aytishdi.

Ukraina rasmiylari Rossiyaning oxirgi kunlardagi qator hujumlarida kamida 13 kishi halok bo‘lgani va 70 kishi jarohat olganini aytishgan.

Kiev yaqinidagi sut qadoqlash korxonasiga hujumda to‘rt kishi halok bo‘lgani, Xersondagi yoqilg‘i quyish shoxobchasiga dron hujumi natijasida 35 yoshli ayol halok bo‘lgani bildirilgan.