AQSh - Eron so‘ngi yangiliklar: Sulh buzilishimi yoki Trampning yana bir loyihasi?

Bu xarita Eronning davlat OAVlari tomonidan ulashilgan — AQSh esa unda nimalar aks etgani haqidagi da’volarga hali munosabat bildirmadi.

Surat manbasi, Fars

Surat tagso‘zi, Bu xarita Eronning davlat OAVlari tomonidan ulashilgan - AQSh esa unda nimalar aks etgani haqidagi da’volarga hali munosabat bildirmadi
O'qilish vaqti: 1 daq

Yakshanba kuni Donald Tramp AQShning Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan kemalarni "yo‘naltirib chiqarish" rejalarini e’lon qildi. "Project Freedom" (Ozodlik loyihasi) deb nomlangan tashabbus bo‘yicha hozircha ma’lum bo‘lganlar va noma’lum jihatlar quyidagicha.

Tijoriy kemalar

Surat manbasi, Reuters

Bilganlarimiz

  • Yakshanba kuni "Truth" ijtimoiy tarmog‘idagi postida AQSh prezidenti operatsiya "dushanba kuni ertalab, Yaqin Sharq vaqti bilan" boshlanishini aytdi.
  • AQSh Markaziy Qo‘mondonligi (US Central Command) bu harakatni 15 ming harbiy xizmatchi, boshqariladigan raketali esminetslar va 100 dan ortiq samolyotlar bilan qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
  • Tramp operatsiyaga har qanday "aralashuv" bo‘lsa, unga "qat’iy choralar bilan" javob berishini aytib tahdid qildi.
  • Shundan so‘ng Eron AQSh esminetsining bo‘g‘ozga kirishiga yo‘l qo‘ymaganini da’vo qildi. Biroq xabarlarga ko‘ra, AQShning yuqori martabali rasmiysi Eron AQSh kemalaridan biriga zarba bergani haqidagi da’voni rad etgan. Bi-bi-si bu borada aniqlik kiritish uchun AQSh Markaziy Qo‘mondonligi va Pentagon bilan bog‘langan.

Bilmaganlarimiz

  • Operatsiya haqiqatan boshlanganmi-yo‘qmi — hozir Eron vaqti bilan tushdan keyin.
  • Qaysi davlatlar kemalari bo‘g‘ozdan chiqishda AQSh yordamini olishi — Tramp bu operatsiya urushga "hech qanday aloqasi bo‘lmagan hududlardan kelgan kemalarga" yordam berishini aytgan.
  • Kemalarni bo‘g‘ozdan chiqarishning logistikasi — xabarlarga ko‘ra, AQSh tashabbusi tijorat kemalarini AQSh Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishni majburiy tarzda o‘z ichiga olmaydi; aksincha, kemalarga xavfsiz dengiz yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat berish va Eron hujumlarining oldini olish maqsadida yaqin masofada bo‘lish nazarda tutilmoqda.
  • Bu holat AQSh va Eron o‘rtasidagi bir necha haftadan beri davom etayotgan sulh uchun nimani anglatishi — avvalroq Eronning yuqori lavozimli rasmiysi "Amerikaning har qanday aralashuvi" sulhning "buzilishi deb baholanishini" aytgandi, Tramp esa buni "gumanitar jarayon" deb atagan.