You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Rossiya: O‘zbek, Tojik migrantlari o‘rnini Hindlar egallayapti, o‘zbekistonliklar peshqadam Max messenjeri foydalanuvchilari, yer xorijikliklarga berilmaydi
Rossiya statistik idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga qo‘shni va vizasiz mamlakatlardan borgan mehnat migrantlariga berilgan ishlash huquqi soni 2020 yildagi pandemiya davridan keyingi eng past nuqtaga tushgan.
Buning sabablari - Rossiyadagi an’anaviy ishchi kuchi manbalari bo‘lib kelgan O‘zbekiston va Tojikistondan borayotgan migrantlar soni kamaygani, bunga esa Rossiyada aksilmuhojir kayfiyati va siyosati kuchaytirib borilayotgani hamda Rossiya iqtisodining xorijiy ish beruvchilar uchun jozibasini yo‘qotib borayotganidir.
Rossiyadagi mashhur gazeta "Izvestiya"ning davlat statistika idorasiga tayanib xabar berishicha, 2026 yilning birinchi choragida Rossiya 475 000 migrantga ishlash huquqini beradigan "patent" bergan.
Bu degani 2025 yilning birinchi choragiga solishtirganda 22 foiz kam va 2021 yildan buyon eng past ko‘rsatkich deganidir.
Oxirgi yillarda Rossiyada aksilmigrant kayfiyati 2024 yil martida Moskva yaqinidagi Crocus City Hall markaziga halokatli qurolli hujum ortidan kuchaydi, Rossiya rasmiylari ushbu hujumlarda to‘rt Tojikiston fuqarosini ayblab qamadilar.
Shundan so‘ng Rossiya hukumati migratsiya qonunlarini kuchaytirdi, 2025 yili "nazoratdagi shaxs registratsiyasi"ga o‘xshash tartib joriy etdi.
Bu tartib migratsiya qonunlarini buzgan shaxslarni moliyaviy va ijtimoiy xizmatlardan uzib qo‘yishni nazarda tutadi.
Ayni paytda nolegal migrantlar yashaydigan joylarga reydlar hamda noqonuniy migrantlarni mamlakatiga deportatsiya qilish ko‘paydi.
Rossiyaning ayrim hududlari migrantlarning ishlashi mumkin bo‘lmagan sohalarni e’lon qildi.
Misol uchun, Sibirdagi Novosibirsk o‘lkasi migrantlarning savdo, transport, umumiy ovqatlanish va maorif sohalarida ishlashlarini taqiqladi.
Uzoq Sharqdagi Primorskiy o‘lkasi muhojirlarning ishlashi taqiqlangan 88 sohani e’lon qildi.
Ular orasida meditsina, maorif va hatto, aksar migrantlar orasida mashhur taksi haydovchilik kasbi ham bor.
Migrantlar uchun moliyaviy talablar ham kuchaytirildi, ish ruxsatini olishdan oldin soliq to‘lash majburiy qilib qo‘yildi, ruxsat puli ham oshirildi.
Rossiya iqtisodiyoti ahvoli ham og‘irlashayapti.
Ukraina urushi bois mamlakatda inflyatsiya ko‘tarilib ketayapti, Rossiya rublining qadri ham bir pasayib, bir ko‘tarilib turipti.
Bu esa oilasiga pul jo‘natmalari yuboradigan migrantlar daromadi pasayishiga olib keldi.
Hamon Rossiyada 2,3 million xorijiy ishchi bor deb ko‘riladi va ularning aksari o‘zbekistonlik va tojikistonlardir.
Ammo Rossiya rasmiylari ishchi kuchi taqchilligiga duch kelayotganlarini aytadilar.
Bu taqchillikni to‘ldirish maqsadida Hindistondan migrantlarni Rossiyaga ishga jalb etish boshlangan.
2021 yili Rossiyada 5000 hindistonlikka ish ruxsati berilgan bo‘lsa, 2025 yil bu raqam 72000 ga yetgani xabar qilindi.
O‘zining mamlakatiga solishtirganda yuqori maosh olayotganini aytadigan hindlar ko‘p og‘ir ishlarga jalb etilayaptilar.
"O‘zbekistonliklar Max messenjerini o‘rnatishda peshqadam"
Rossiyaning Max messenjeri asoschilariga ko‘ra, audio, video muloqot qilish imkonini beradigan bu ilovani o‘z mobil telefoniga o‘rnatgan xorijliklar orasida O‘zbekiston birinchi o‘rinda.
Max ilovasini hozirgacha 7 million chet ellik o‘z telefoniga o‘rnatib olgani xabar qilinadi.
Ularning 90 foizini MDH respublikalari yashovchilari tashkil qiladi.
Asoschilarga ko‘ra, birinchi o‘rinda o‘zbekistonliklar.
Shu vaqtgacha 2,3 million o‘zbekistonlik Maxni o‘rnatgan.
Ikkinchi o‘rinda Belarus, so‘ng Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston.
Aprel oyi boshida Maxning jami foydalanuvchilari soni 110 millionga yetgani xabar qilingan.
Max ilovasini 2025 yili VK shirkati ishlab chiqqan.
Oxirgi paytda Rossiyada foydalanuvchilarni majburan Maxga o‘tkazish kuzatilayapti.
Rossiyaliklar o‘z telefonlarida Telegram yoki WhatsApp ishlamay qolayotganlaridan shikoyat qildilar, hukumat xorijning muqobil messenjerlariga blok qo‘yilayotganini xavfsizlik ehtiyoji bilan tushuntirdi.
Max messenjerini hali puxta ishlab chiqilmagani, haddan ziyod tajovuzkor reklama joylashtirilishi hamda davlatgaa yaqin bo‘lgani uchun tanqid qilishadi.
O‘zbekiston xorijliklarning yerga huquqini cheklamoqchi
O‘zbekistonda yer islohotini yanada ilgari surishga qaror qilindi.
Mamlakatga yer islohoti zarurligi, "er o‘zining haqiqiy egasini topsa, bundan ham aholiga, ham mamlakatga foyda", degan gap hali 1988 yillardan beri aytib kelinadi.
Biroq Prezident Islom Karimov, "er davlat nazorati ostida qolishi kerak, O‘zbekiston sharoitida yerni xususiy mulk qilib berish oqibati yaxshi bo‘lmaydi", degan mavqe’da bo‘ldi.
Prezident Mirziyoyev qudratga kelganidan keyin ham yer islohotiga juda ehtiyotkorlik bilan yondashilayapti.
Sinov tariqasida eksperimentlar o‘tkazilayapti.
Shu kecha-kunduzda Prezident Shavkat Mirziyoyevga yer islohoti bo‘yicha olib borilayotgan eksperimentlar ilk xulosalari taqdim qilindi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yerdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish huquqini xorijiy investorlarga auktsion orqali taklif etishni to‘xtatish rejalashtirilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, oxirgi besh yilda O‘zbekiston yerlarni taqsimlashda auktsion tizimiga o‘tdi va mahalliy hokimlarning yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqsimlash vakolati bekor qilindi.
Shu davr mobaynida 616 ming gektardan ortiq yer auktsion orqali berildi va davlat byudjetiga 1,4 trillion so‘m (115 940 dollar) tushum tushdi.
Rasmiylarga ko‘ra, islohotlar xususiy yer foydalanuvchilari paydo bo‘lishiga va ishlab chiqarish hajmi oshishiga olib keldi. Bir gektardan olinadigan daromad uch barobarga oshib, 50–60 million so‘mni (4 140–4 970 dollar) tashkil etdi. Auktsion orqali ajratilgan yerlarda hozir yillik qiymati taxminan 539 trillion so‘m (44 635 398 500 dollar) lik mahsulot ishlab chiqarilmoqda hamda 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilayapti.
Shu bilan birga, muammolar mavjudligiga ham e’tibor qaratildi. Qariyb 117 600 gektar yer hali ham ajratilmagan, bunga ijarachilarning yerdan qanday foydalanish bo‘yicha vakolatlari cheklangani sabab bo‘layotgani aytildi.
Buni hal etish maqsadida hukumat yangilangan ijara tizimini joriy etish va joriy yilda qo‘shimcha 100 000 gektar yerni yangi shartlar asosida auktsionga chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi shartlarda yerdan samarali foydalanish uchun kuchliroq iqtisodiy rag‘batlar nazarda tutiladi.
Asosiy o‘zgarishlardan biri xorijiy investorlarga taalluqli bo‘ladi. Taklif etilayotgan qoidalarga ko‘ra, xorijliklar endi O‘zbekistonda yerni auktsion orqali olish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar.
Qishloq xo‘jaligi yerlariga kirish faqat hududiy hokimiyatlar orqali rasmiylashtiriladigan ikkillamchi ijara shartnomalari asosida va kamida 10 million dollar investitsiya kiritiladigan loyihalar uchun ruxsat etiladi. Bu loyihalar ham past samaradorlikka ega bo‘lgan yerlarni, jumladan, yaylovlar va lalmikor maydonlarni o‘zlashtirishga qaratilgan bo‘lishi shart.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘yicha auktsionlarda ishtirok etish huquqi faqat mahalliy fermerlar va tadbirkorlar bilan cheklanadi. Mudofaa, chegara hududlari, o‘rmon fondi va madaniy meros ob’ektlari uchun ajratilgan yerlar faqat O‘zbekiston fuqarolariga beriladi. Barcha toifadagi yerlar uchun yagona ijara muddati sifatida 49 yilgacha bo‘lgan davr taklif etilmoqda.
Taqdimotda Farg‘ona vodiysida, shuningdek Jizzax va Toshkent viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan muvaffaqiyatli pilot loyihalar qayd etildi. U yerlarda tadbirkorlarga ekin turlarini mustaqil tanlashga ruxsat berilgan. 16 ming gektar maydonga yuqori hosilli va eksportga yo‘naltirilgan ekinlar ekilib, 2025 yilda taxminan 150 million dollarlik eksportga hissa qo‘shilgan.
Yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumat bir qator moliyaviy imtiyozlarni taklif etishni rejalashtirmoqda. Bular jumlasiga yetti yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar, imtiyozli davrlar, infratuzilma xarajatlari uchun subsidiyalar hamda qadoqlash xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish kiradi. Shuningdek, yer unumdorligini oshirish uchun zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini keng joriy etish rejalashtirilgan.
Rasmiylar sohada raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligini ham ta’kidlamoqdalar. Aytilishicha, yer toifasini o‘zgartirish va kompensatsiya hisob-kitoblari kabi ko‘plab jarayonlar hali ham qog‘oz shaklida amalga oshirilayapti, bu esa kechikishlarga va investorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Rejalarga kadastr, qishloq xo‘jaligi va huquqiy ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish, shuningdek ijara shartnomalarini uzaytirish bo‘yicha oshkora tartiblarni joriy etish kiritilgani xabar qilindi.