Madrid yaqinidagi yong‘inlarni jilovlab bo‘lmayapti — Frantsiya va Ispaniyada 270 ming kishi evakuatsiya qilindi

Surat manbasi, Alberto Ortega/Europa Press via Getty Images
Ispaniya rasmiylari Madrid yaqinidagi o‘rmon yong‘inlarini jilovlash "o‘t o‘chiruvchilar imkoniyatidan tashqarida" ekanini ma’lum qildi. Avvalroq Ispaniya hukumati mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilgan, Madrid hokimi Izabel Dias Ayuso esa yong‘inni "mintaqa tarixidagi eng dahshatlisi" deb atadi.
Ayni paytda Frantsiya va Ispaniyada evakuatsiya qilinganlar soni qariyb 270 ming kishiga yetgan.
Ispaniya
Juma kuni mintaqaviy favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbari Karlos Novilo Madrid yaqinida davom etayotgan yong‘in "eng avj nuqtasi"ga chiqqani va uni o‘chirish o‘t o‘chiruvchilar imkoniyatidan tashqarida ekanligini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, olov Madridning g‘arbiy chekkasidan bir necha o‘n kilometr uzoqlikda joylashgan Robledo-de-Chavela va Fresnedilyas-de-la-Oliva munitsipalitetlari tomon siljimoqda.
"Bu hududda yong‘inga qarshi kurashishning iloji yo‘q, shu sababli himoya choralarini ko‘ryapmiz", — dedi Novilo jurnalistlarga.

Surat manbasi, Alberto Ortega/Europa Press via Getty Images
Ispaniya Ichki ishlar vazirligining BBC'ga ma’lum qilishicha, shanba tongiga qadar Madrid mintaqasi va Avila provintsiyasidan 60 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.
AFP va mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab evakuatsiya qilinganlar soni 70 mingdan oshgan.
Yong‘inlar sabab NASA'ning kosmik apparatlar bilan aloqa qilishga xizmat qiluvchi uchta antenna tizimidan biri bo‘lgan Madridning uzoq kosmik aloqa majmuasi faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilgan.

Surat manbasi, Gabri Solera/Europa Press via Getty Images
Madrid mintaqasi hokimiyati aholini tutun ta’siridan saqlanish uchun uylarini tark etmaslikka chaqirmoqda. O‘rmon yong‘inlari shahar atrofidagi hududlarda havo sifatini keskin yomonlashtirgan.

Surat manbasi, Cesar MANSO / AFP via Getty Images
Comunidad de Madrid saytida e’lon qilingan ogohlantirishda bolalar, keksalar, homilador ayollar hamda nafas yo‘llari yoki yurak-qon tomir kasalliklariga chalinganlar o‘ta ehtiyot bo‘lishi kerakligi aytilgan.
Rasmiylar uylarning eshik, deraza va barcha shamollatish teshiklarini yopishni, tutun kirishining oldini olishni hamda mutlaqo zarurat bo‘lmasa tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.

Surat manbasi, By Rafael Bastante/Europa Press via Getty Images
Frantsiya
Shu bilan birga, Frantsiya hukumati mamlakatning janubi-g‘arbiy sohilidagi Kap-Ferre yarim orlida odamlarni to‘liq evakuatsiya qilishga buyruq berdi.
Jironda mintaqasida ulkan hududni qamrab olgan o‘rmon yong‘inlari o‘n minglab mahalliy aholi va sayyohlarni olov qurshovida qolish xavfi ostida qoldirmoqda.

Surat manbasi, Thibaud MORITZ / AFP via Getty Images
BBC'ning Parijdagi muxbiri Xyu Skofildning yozishicha, Frantsiyada o‘rmon yong‘inlari tarqalishi ehtimollari umidlarni so‘ndirmoqda. Bir necha oydan beri davom etayotgan jazirama va qurg‘oqchilik nihoyatda xavfli sharoitni yuzaga keltirgan. Yaqin kunlarda yomg‘ir kutilmayapti, kelasi haftada esa harorat yanada ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Mahalliy vaqt bilan tungi soat uchlar atrofida rasmiylar Bordo yaqinidagi yetti shaharni (qariyb 60 ming kishi) evakuatsiya qilishni buyurdi. Bunga shamol yo‘nalishi sabab yong‘inlarning shahar tomon tarqalish xavfi asos qilib ko‘rsatilgan.
Frantsiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda evakuatsiya qilinganlar soni 200 ming kishiga yaqin.
Umuman olganda, Frantsiya va Ispaniyada o‘rmon yong‘inlari sabab 270 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan.





























