'Uxlasak, kalamushlar tishlaydi' - G‘azoliklar qanday yashashmoqda?

    • Author, Yolanda Knell
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 4 daq

"Yarim tundan oshgan, soat ikkilarda qizimning qichqirig‘idan uyg‘onib ketdik" - deydi 4 yashar Mayasinning onasi Sama.

"Turmush o‘rtog‘im qo‘lchiroqni yoqdi. Qarasak, lakcha turibdi, u qochib ketdi. Qizimning qo‘lidan qon oqardi".

Urushdan vayron bo‘lgan G‘azoda odamlar bugun har kuni kalamushlar, lakchalar (suvsarsimon yirtqich ariq sichqoni) va kasallik tarqatadigan boshqa kemiruvchilarga qarshi kurashmoqdalar.

Yordam tashkilotlari zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirishmoqda.

Isroilning Kogat idorasi sanitariya holatiga oid ahvolni o‘nglash uchun xalqaro tashkilotlar bilan ishlayotganini aytadi.

G‘azo kasalxonasida Mayasinga qoqsholga qarshi ukol qilishgan, ammo qizaloq bir necha kun davomida isitmalab, qayt qilgan. U hozir oilasi bilan yashaydigan chodirda qolmoqda.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda uysiz qolgan g‘azoliklar yashovchi jamloqlarda kalamushlar yugurib yurgani, kemiruvchilar hujum qilgan chaqaloqlar, kasallar va keksalar ko‘rsatilgandi.

Qand kasalidan aziyat chekadigan bir onaxon uning oyoq barmoqlarini kemiruvchilar tishlab, uzib olishganini aytgan.

BMT olib borgan so‘nggi so‘rov, uysiz oilalar yashayotgan jamloqlarning 80% hududida kemiruvchilar va gazandalar tez-tez ko‘zga tashlanishini aniqlagan. Bu 1.45 million odamga ta’sir qiladigan holat.

Kemiruvchilar odamlarni tishlashi va tirnashi mumkin. Ularning peshobi, najosati va burgalari esa nafas yo‘llari, teri hamda qonga o‘tadigan kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, oziq-ovqatni ham zaharlaydi.

JSST (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) vakili Reynxilde van de Veertga ko‘ra, zararkundalar ko‘payishi - yashash sharoitlari izdan chiqishi oqibati.

AQSh vositachiligidagi otashkesimga ham yarim yildan oshdi, lekin u insonlar hayotini yaxshilab, ahvolni o‘nglaydi, degan umidlar ro‘yobga chiqmadi.

Hamasni nishonga olayotganini aytadigan Isroil hamon muntazam ravishda havo hujumlari qiladi.

2023-yil oktyabrida Isroilga qaqshatqich hujum qilgan va odamlarni garovga olgan Hamas esa qurolsizlanishni istamaydi.

G‘azoda hali hech qanday qayta qurish bo‘lmadi.

Vaqtinchalik boshpana sifatida zarur deyilgan 200 mingta vagon-uy ham kelgani yo‘q.

Odam tirband jamloqlar oralab chiqindi va oqava suvlar oqadi. Bunday joylarda kemiruvchilar tez tarqaladi.

Bahorda kunlar ilishi bilan chodirlar yaqinidagi chiqindixonalarda ham kemiruvchilar soni ortadi.

Ko‘plab ota-onalar bolalarini ulardan himoya qilish uchun tuni bilan uxlamay chiqishlarini aytishadi.

"Uxlay olmaymiz! Uxlasak, ular bolalarni tishlashadi. Kalamush va lakchalar g‘ayritabiiy ravishda juda ko‘p" - deydi to‘rt nafar bolasi bilan jamloqda yashovchi Rizq Abu Layla.

Uning bir farzandi saratondan aziyat chekadi.

"Chidash qiyin. Kalamushlar kiyimlarimizni g‘ajib tashlashdi, unlarimizni yeb qo‘yishdi. Va yana pashsha ko‘p, atrofni yomon hid qoplagan. Xalqaro tashkilotlar yordam berishini so‘raymiz".

BMT idoralari zararkunandalarga qarshi kurash, oqava suvlar va sanitariya holatini yaxshilash yo‘lida ishlashayotganini aytadi.

"G‘azodagi vayrona va chiqindilar muammosini hal qilish uchun juda katta miqyosda ish boshlash kerak" - deydi BMT vakili Etti Higgins.

"Quvurlar vayron bo‘lgan, tozalovchi inshootlar buzilgan va oqava hamda chiqindi suvlar masalasini hal qilish yo‘lida ko‘makni kuchaytirishga urinyapmiz".

Yordam tashkilotlari og‘ir yuk ko‘taruvchi qurilmalar zarurligini aytishadi.

Ular, shuningdek, hozir butunlay Isroil harbiy nazoratida qolayotgan G‘azo sharqiy qismidagi chiqindixonalarga yo‘l ochilishi muhimligini urg‘ulashmoqda.

Buzilgan chiqindi va sanitariya inshootlarini tuzatish yo almashtirish uchun kerakli ehtiyot qismlar, kimyoviy va boshqa moddalarni G‘azoga olib kirish uchun Isroil ruxsati kerak.

Isroil esa xavfsizlikka rahna soladi, ular ayni qismlardan yangi qurollar yasashadi, deya izn bermayapti.

BBC Isroil Kogat guruhidan olgan bayonotda, ular sanitariya va muhim infratuzilmalarga oid holatlar bo‘yicha BMT hamda xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashayotgani aytiladi.

Shuningdek, bu chiqindilarni tozalash, talabga va aniqlangan ehtiyojlarga mos ravishda infratuzilmani ta’mirlash uchun kerakli jihozlar hamda chiqindilarni tashiydigan yuk avtoulovlari va tankerlarini keltirish masalasida ular xalqaro yordam tashkilotlari nomidan ish olib borishayotgani ham bayonotda urg‘ulanadi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

Kogatning aytishicha, ular yaqinda G‘azoga mingga yaqin kalamush qopqoni va qariyb 10 tonna pestitsid olib kirish uchun insonparvarlik guruhlariga ruxsat berishgan.

Ayrim jamloqlarda ko‘payib borayotgan hasharotlarga qarshi dorilash ishlari olib borilgan.

JSST esa joriy yili 111, 500 ta kasallik va zararkunanda bosish holatlari haqida hisobotlar chiqqanini aytadi. Bular orasida qo‘tir kasalligi ham bor.

G‘azodagi oilalarning beshdan to‘rt qismi teri kasalliklari yo toshmalar haqida aytishgan.

Odamlarning qo‘rqishicha, yoz kelishi bilan zararkunanda va gazandalar soni oshib, salomatlikka tahdidlar ham ortadi.

"Tuni bilan bir tarafda chivin chaqqan joylarni qashilab, boshqa tomonda pashsha qo‘rib chiqamiz. Yaqinimizda kalamush va lakchalar yugurib yurishadi" - deydi olti bolaning otasi Hassan.

"Men G‘azoda tinchlik uzoq davom etishiga ko‘zim yetmaydi. Hayot avvalgiga qaraganda qiyinlashib ketdi. Buni hayot, deb bo‘lmaydi".