AQSh vitse-prezidenti "oxirzamon uzoq emas" dedi

JD Vens, AQSh Vitse-Prezidenti

Surat manbasi, Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Yaqinda AQSh Vitse-Prezidenti Jey Di Vensning Antixrist va "oxirzamon" haqida aytgan gaplari "juda keng tarqalgan e’tiqod" deya uni himoya qildi do‘stlaridan biri.

Vens yaqinda xristianlar podkastida savolga javob berar ekan, diniy qarashlari haqida fikr bildirdi.

U "Antixrist oramizda yurib yurgan bo‘lsa, bundan hayratlanmasligini" aytdi va dunyoning oxiri yaqinlashgan-yaqinlashmagani haqida mulohaza qildi.

Uning do‘sti, konservativ yozuvchi Rod Dreer bu fikrlar vitse-prezidentga zarar yetkazishi mumkinligi haqidagi qarashlarni rad etdi.

Rod Dreer Bi-bi-sining Today dasturiga shunday dedi: "Respublikachilarga ovoz berishga moyil amerikaliklarning aksariyati bu kabi qarashlarga allaqachon ishonadi."

Podkastdagi so‘zlarida Vens bu kabi fikrlar uni doimiy ravishda o‘ylantirib yurmasligini ham ta’kidladi.

Nasroniylar e’tiqodida "oxirzamon" atamasi dunyoning oxirida nima sodir bo‘lishi haqidagi nazariyalarni anglatadi.

Ko‘plab cherkovlar Xudoning barcha narsalarning yakuniga oid ilohiy rejasi bor deb hisoblaydi.

Antixrist esa Xudoning dushmani sifatida tasavvur qilinadi. E’tiqodga ko‘ra, u dunyo mavjudligining so‘nggi bosqichida paydo bo‘lib, uni o‘z nazoratiga oladi.

Musulmonlar ham oxirzamonga ishonadilar.

Islom ulamolari qiyomat yaqinlashganining kichik va katta alomatlari ko‘rinishini aytadilar.

Sunniy musulmonlar etiqodiga ko‘ra, Mahdiy chiqishi, Dajjol paydo bo‘lishi, Iso Alayhissalomning yerga tushishi va Ya’juj-Ma’juj chiqishi katta alomatlar sifatida tilga olinadi.

Iqtibos
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Katoliklikni voyaga yetgach qabul qilgan Jey Di Vens oxirzamon mavzusida AQShlik xristian podkasteri Brays Krouford bilan bo‘lgan suhbatda fikr yuritdi.

"Biz oxirzamonda yashayapmizmi? Bilmayman", dedi u Kroufordning bu mavzudagi savoliga javoban. "Menimcha, bu haqda haddan tashqari ko‘p o‘ylash ruhiy jihatdan men uchun yaxshi emas. Chunki bajarishim kerak bo‘lgan ishlarim bor.

Men xotinimga yaxshi munosabatda bo‘lishim kerak. Bolalarimga yaxshi ota bo‘lishim kerak. Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun qo‘limdan kelgancha yaxshi rahbar bo‘lishim lozim."

Vitse-prezident so‘zida davom etib dedi:

"Atrofimizda shunday hodisalar bo‘layaptiki, ularni ko‘rib Antixrist oramizda yurib yurgan bo‘lsa, bundan hayratlanmayman."

Biroq Vens asosiy e’tibori vitse-prezidentlik vazifasiga qaratilganini yana bir bor ta’kidladi.

"Hozir men e’tibor qaratayotgan narsa Xudoning irodasiga muvofiq ishlarni imkon qadar ko‘proq qilishdir", dedi u.

Vensning Antixrist haqidagi gaplariga munosabat bildirgan Dreer shunday dedi:

"Bu xristianlikdan tashqaridagi odamlarga g‘alati eshitilishi mumkin, ammo bu xristianlik doirasida juda-juda keng tarqalgan e’tiqoddir."

Uning aytishicha, do‘sti shunchaki sun’iy intellektning jadal rivojlanishi va davom etayotgan mojarolar tufayli dunyo "aqldan ozgandek" tuyulayotganini nazarda tutgan.

Vensning Katolik cherkoviga qabul qilinishi marosimida qatnashgan Dreerning aytishicha, AQShning sobiq prezidenti Ronald Reygan ham prezidentlik davrida shunga o‘xshash fikrlarni bildirgan va bu uning saylovchilari tomonidan "mutlaqo oddiy hol" sifatida qabul qilingan.

Vens 2019 yilda, o‘ttiz yoshlar o‘rtasida bo‘lgan paytida katoliklikni qabul qilgan. U Cherkov uning oilaviy va ijtimoiy qadriyatlari hamda konservativ siyosiy qarashlariga mos kelganini aytgan.

Vitse-prezident bo‘lganidan buyon u ayrim masalalarda, jumladan Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosati yuzasidan, Rim papasi Leo va undan avvalgi papa Frantsisk bilan fikriy tortishuvlarga kirishgan.