AQShning yangi hujumlari boshlandi, Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopdi

Video tagso‘zi, Video: AQSh Eronga qarshi yangi hujumlar tasvirlarini e’lon qildi
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Eron kuchlari Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemaga zarba berganidan so‘ng, AQSh yana bir qator hujumlarni amalga oshirdi.

Amerika zarbalariga javob tariqasida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) mazkur suv yo‘li keyingi buyruqqa qadar yopilganini ma’lum qildi hamda mintaqadagi AQSh bazalari va uning ittifoqchilariga qarshi hujumlar boshladi.

IIMK bayonotiga ko‘ra, Iordaniyadagi AQSh bazasi nishonga olingan. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Quvayt va Bahrayn ham Eron tomonidan uchirilgan raketa va dronlarga qarshi chora ko‘rgan.

Bu voqealar hafta boshida uchta tijorat tankeriga qilingan hujumlardan keyin yuzaga keldi. Ushbu hujumlar AQSh va Eron o‘rtasida o‘zaro zarbalar almashinuviga sabab bo‘lgan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yakshanba kuni ertalab davlat ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Eron tasdiqlanmagan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan kemaga dengiz qanotli raketasi bilan zarba berganidan keyin Hurmuz bo‘g‘ozini keyingi buyruqqa qadar yopgan.

Davlat axborot agentligi tarqatgan bayonotda aytilishicha, kema takroran berilgan ko‘rsatmalarga amal qilmagani uchun "ogohlantiruvchi o‘qlar" bilan nishonga olingan va to‘xtatilgan.

Shu bilan birga, IIMK bo‘g‘ozning yopilishi munosabati bilan AQSh tomonidan har qanday "tajovuz" sodir etilsa, unga "qat’iylik bilan" javob qaytarilishini va mintaqadagi yangi bazalar ham nishonga olinishini ogohlantirdi.

Eron parlamenti raisi va shu bilan birga mamlakatning AQSh bilan muzokaralar bo‘yicha bosh vakili Muhammad Bog‘ir G‘olibov "X" ijtimoiy tarmog‘ida shunday deb yozdi: "Bir tomonlama kelishuvlar davri TUGADI. Biz sizlarga aytgan edik: va’dangizda turing yoki badalini to‘lang. Haqiqat eshigingizni qoqmoqda."

Hafta davomidagi uchinchi hujumlar to‘lqinini boshlar ekan, AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) IIMKni Hurmuz bo‘g‘ozida Kipr bayrog‘i ostida suzib yurgan kemaga "ochiqdan-ochiq hujum qilganlikda" aybladi.

CENTCOM ma’lum qilishicha, MV GFS Galaxy kemasining mashina bo‘limi jiddiy shikastlangani sababli u harakatini davom ettira olmagan. Shuningdek, ekipaj a’zolaridan biri bedarak yo‘qolgan.

Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari xizmati (UKMTO) harbiy idoralardan olingan ma’lumotlarga tayanib, ekipaj kemada qolish imkoni bo‘lmagani uchun uni tark etgani va hozirda qutqaruv qayig‘ida ekanini bildirdi.

"Eronga avvalgi tijorat kemalariga qilingan hujumlar uchun javobgarlikka tortilganidan keyin Memorandum talablariga amal qilish imkoniyati yana bir bor berildi, ammo u yana bu talablarni bajara olmadi", - deyiladi CENTCOMning "X" tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida.

Qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, AQSh zarbalari Eronning 140 ta harbiy ob’ektini nishonga olgan. Ular qatorida raketalar va dronlar joylashgan nuqtalar, aloqa tarmoqlari hamda sohil kuzatuv inshootlari bor.

Bu bayonotni AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset ham bo‘lishib, shunday yozdi: "Eron noto‘g‘ri tanlov qildi. Endi buning bahosini to‘laydi."

IIMK esa AQSh mamlakat janubiy sohillarida joylashgan "bir qator sohil bazalari va telekommunikatsiya minoralari"ga zarba berganini bildirdi.

Javob chorasi sifatida Eron o‘zining "javob hujumlarining birinchi bosqichi" doirasida Iordaniyadagi shahzoda Hasan aviabazasiga zarba berilganini ma’lum qildi.

Eron bayonotiga ko‘ra, mazkur hujum natijasida bazaning qo‘mondonlik va boshqaruv markazi hamda MQ-9 turidagi dronlar uchun mo‘ljallangan angarlar yo‘q qilingan.

“IIMK tomonidan e’lon qilingan Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakat yo‘nalishi” deb nomlangan xaritada Eron va Ummon o‘rtasidagi Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi qizil rangdagi taklif etilgan yuk tashish yo‘nalishlari ko‘rsatilgan. Yo‘nalishlar Eronning Qeshm va Larak orollari yaqinidan o‘tadi, soya bilan ajratilgan aylana shaklidagi “xavfli hudud”ni chetlab o‘tadi hamda Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi bilan bog‘laydi. Strelkalar kemalar harakatining ikki yo‘nalishda amalga oshirilishini ko‘rsatadi. Xaritada, shuningdek, Eron, BAA va Ummon kabi yaqin mamlakatlar hamda masofa shkalasi belgilangan.
Surat tagso‘zi, IIMK tomonidan e’lon qilingan Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakat yo‘nalishi

Hafta boshida uchta tijorat tankeri Ummon suv hududi orqali o‘tuvchi, AQSh tomonidan tavsiya etilgan yo‘nalishdan foydalanib bo‘g‘ozni kesib o‘tishga uringan paytda hujumga uchradi. Eron esa xavfsiz deb hisoblanadigan yagona yo‘nalish uning o‘z suv hududlari orqali o‘tuvchi alohida marshrut ekanini bir necha bor ta’kidlab kelgan.

Bu voqea AQSh tomonidan amalga oshirilgan bir qator zarbalarga sabab bo‘ldi. Eron rasmiylariga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida 17 kishi halok bo‘lgan, 115 kishi esa jarohat olgan. Eron bunga javoban Fors ko‘rfazidagi AQShning ittifoqchilariga qarshi zarbalar berdi.

O‘zaro hujumlar keskinlikni yanada kuchaytirdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning hujumlari sulhning tugaganini anglatishini bildirdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa AQShni kelishuvni buzganlikda aybladi.

Biroq AQSh rahbari muzokaralar baribir davom etishini va vositachilar jarayonni qayta tiklashga harakat qilayotganini aytdi. Amerika ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Eron amerikalik amaldorlarga tankerlarga qilingan hujumlar xato bo‘lganini va buning uchun mamlakat ichidagi nazoratdan chiqqan bir guruhni ayblaganini ma’lum qilgan.

Amerika rasmiylari vositachilar orqali Erondan Hurmuz bo‘g‘ozi — xalqaro dengiz yuk tashuvlari uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan suv yo‘li — ochiq ekanini omma oldida e’lon qilish va tijorat kemalariga o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha majburiyat olishni talab qilganliklarini aytdi.

Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiyning Mashhad shahridagi dafn marosimiga yig‘ilgan motam tutuvchilar. Ko‘pchilik arab yozuvlari tushirilgan qizil bayroqlarni ko‘tarib olgan. Tasvir markazidagi bir kishi o‘tirgan holdagi Xomanaiyning suratini ushlab turibdi, uning yuqori qismida esa o‘g‘li Mujtabo tasvirlangan.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ali Xomanaiyning Mashhad shahridagi dafn marosimlarida Donald Trampga qarshi suiqasd qilish chaqiriqlari yangradi.

Bo‘g‘ozning yopilishi Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Mujtabo Xomanaiyning qasos olish haqidagi chaqirig‘idan keyin sodir bo‘ldi. Bu uning otasi va avvalgi oliy rahbarning dafn marosimidan keyingi birinchi ommaviy bayonoti bo‘ldi.

Uning otasi Ali Xomanaiy 28 fevral kuni, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlangan birinchi kuni havo hujumi natijasida halok bo‘lgan edi. U juma kuni o‘zining tug‘ilgan shahri Mashhadda dafn etildi.

Davlat telekanali orqali o‘qib eshittirilgan bayonotda yangi oyatulloh qasos olishni "millat irodasi" deb atadi.

Uning so‘zlaridan iqtibos keltirilishicha: "Shahid rahbar va ushbu ikki urushda halok bo‘lgan barcha shahidlarning qoni uchun jinoyatchi va sharmandali qotillardan qasos olishga qasam ichamiz."

"Bu masala na mening shaxsiy mavjudligimga, na boshqa amaldorlarning mavjudligiga bog‘liq. Biz bo‘lamizmi-yo‘qmi, bu albatta amalga oshadi."

So‘nggi bir necha kun davomida o‘tkazilgan dafn marosimlarida qatnashgan ko‘plab eronliklar AQSh prezidenti Donald Trampni o‘ldirishga chaqiruvchi plakatlarni ko‘tarib yurdilar. Tramp esa shanba kuni bunday rejalar amalga oshirilsa, AQSh javob tariqasida Eronning "barcha hududlarini vayron qilib tashlashi va yo‘q qilishi" haqida ogohlantirgan edi.

Ushbu haftada The Wall Street Journal va boshqa Amerika nashrlari Isroil Vashingtonga Eron yaqinda AQSh prezidentiga suiqasd uyushtirish rejasini ishlab chiqqanligi haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etganini xabar qildi.

Biroq Tramp Tehron yangi reja tayyorlaganini ham, bunday razvedka ma’lumotlarining manbai Isroil bo‘lganini ham rad etdi. U New York Post gazetasiga bergan intervyusida o‘zini "ancha vaqtdan beri birinchi raqamli nishon" ekanini aytdi.